Oftob yaxshimi,
Odob yaxshimi?
Oftob berar nur,
Odob-chi, huzur.
Lolalar uchun
Oftob yaxshidir.
Bolalar uchun
Odob yaxshidir.
Ushbu misralar muallifi jozibali she’rlari, qanotli qo‘shiqlari, ma’no va mazmunga boy dostonlari, g‘aroyib piesalari bilan katta-yu kichik kitobxonlarning quvonchlariga quvonch, shodliklariga shodlik ulashib kelgan bolalarning atoqli shoiri Po‘lat Mo‘mindir.
Aslida, bolalarga ijod etish, bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun birgina qobiliyat yoki istakning o‘zi kamlik qiladi. Belinskiy ta’rifi bilan aytganda, bolalar yozuvchisi bo‘lib tug‘ilish kerak. Bolalar yozuvchisidan nozik ta’b egasi, go‘dak tabiati va psixologiyasining bilimdoni, o‘z o‘rnida mehribon va bolajon, kamtarin va samimiy, bolalarcha soddadil bo‘lish hamda favqulodda donolik talab etiladi. Biz Po‘lat Mo‘min ijodida ana shunday xususiyatlar mujassamligini his etamiz. Bunday darajaga yetishish uchun shoir butun umrini bolalar orasida, o‘z kitobxonlari davrasida o‘tkazdi. Unga bolalar va maktab hayoti — ajoyib, jo‘shqin hayot juda yaxshi tanish, qadrli bo‘lgan. Shuning uchun ham shoir o‘z kitobxonlarining o‘y-fikrlari, orzu-umidlarini yaqindan bilgan, ularning dillaridagini tillarga chiqara olgan.
Shoirning tinimsiz ijodiy mehnati tufayli, “Hunardan unar”, “To‘g‘ri o‘sgan gul bo‘lar”, “O‘rinbosarlar”, “Oltin nay”, “Bir yarim Karim”, “Do‘sting qancha ko‘p bo‘lsa”, “Oftob va odob”, “Yaxshilarga o‘xshasam”, “Bu juda soz”, “Eson-omon”, “Oltmish olti oltin qo‘l”, “Ustozlar izidan”, “Bolalarning baxti kulgan”, “Bolajon, bolajonim”, “Bag‘ishlovlar-olqishlar” she’riy to‘plamlari, “Chanoqvoy bilan Qovoqvoy”, “Bahodirning botirligi”, “Oq fil yo‘qoldi”, “Suqatoy-konfetvoy”, “Ona bolam deydi” kabi ertaklari, piesalari yuzaga keldi. Bu kitoblarga kirgan eng yaxshi she’r va qo‘shiqlari, doston va ertaklari bolalar adabiyotimiz xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi, uni boyitdi, bir qanchasi jahon xalqlari tillariga tarjima qilindiki, bu faqat shoirning emas, balki o‘zbek bolalar adabiyotining ham yutug‘i, obro‘si hisoblanadi.
Ba’zan o‘quvchi-yoshlar orasida mug‘ombir, pismiq bolalar ham topilib qoladi. Shoirning “Qo‘l ko‘tarib qo‘lga tushdi” nomli asari ana shunday bolalarga bag‘ishlangan. Asar qahramoni aslida dangasa, ishyoqmas, qoloq o‘quvchi. U buni o‘qituvchisiga sezdirmaslik uchun har kuni dars paytida “Men aytaman, deb ko‘taradi qo‘l”. O‘qituvchi esa bolaning mug‘ombirligini sezmaydi, darsni yaxshi o‘zlashtiribdi, deb undan so‘ramaydi. Oxiri bir kuni: “Mayli, ayta qol”, deydi. Shunda haligi bola savolga javob bera olmay, o‘qituvchi va o‘quvchi do‘stlari oldida izza bo‘ladi:
Darvozasiga
Urilganday gol,
Qo‘lga tushgandi
U ko‘tarib qo‘l.
Shoirning “Yer chopildi, javob topildi” she’rida mehnatdan zavqlanish tuyg‘usi yorqin ifodalangan. Asar qahramoni dastlab uyga berilgan topshiriqni ishlay olmaydi. Shunda u jismoniy mehnat qilishga kirishadi — yer chopadi, terlab-pishadi. Natijada ko‘ngli yorishib, fikri oydinlashadi. Shundan so‘ng uyga berilgan misollarni ham yechadi.
Barcha savolga
Javob topildi.
Shu bahonada
Yer ham chopildi.
Po‘lat Mo‘min har bir asarining o‘qishli, ta’sirchan, bolalarbop chiqishi uchun tinimsiz mehnat qilardi. O‘ziga talabchan bo‘lgan shoirning mahorati barcha she’rlarida sezilib turadi. Bolalar hayoti, zamon, davr bilan hamohanglik she’rlarining o‘qishli, jozibali chiqishiga omil bo‘lgan. Buni shoirning “Ko‘ylagim”, “Eh, rosa shirin ekan” asarlari misolida kuzatish mumkin.
Odatda, inson bayramlarni, ulug‘ ayyomlarni katta tayyorgarlik bilan, ayniqsa, yangi liboslar kiyib olib kutib oladi. Buni shoir “Ko‘ylagim” asarida quyidagi quvnoq misralar vositasida shunday ifodalaydi:
Atlas ko‘ylak tikdilar,
Ayajonim bayramga.
Sevinchimga sig‘mayin,
Rahmat dedim ayamga.
Qizaloqni xursand qilgan, quvonchiga quvonch ulashgan ona obrazini she’rda juda hayotiy chizib beradi. O‘zbek ayolining chevarligi, qo‘li gulligi qizcha tilidan zo‘r mamnuniyat bilan bayon etilgan. Bu sevinchda faqat onaning mehnati emas, balki qurt boquvchi — pilla yetishtiruvchilarning, ip yigiruvchilarning, pilladan atlas to‘quvchilarning ham hissalari borligini yosh kitobxon qiynalmay sezib oladi.
Qo‘lidan ish keladigan odamning ortiqcha g‘ami, tashvishi bo‘lmaydi, bunday inson g‘iybat, hasratlardan ham xoli, chunki u doim o‘z yumushi bilan band. Shu bilan birga, hunarli kishining tirikchiligi yaxshi o‘tadi, oilasi to‘q, farovon bo‘ladi. Qo‘lida hunari yo‘qning holiga voy. Bundaylarning qadam tashlashi og‘ir, gap-so‘zi sovuq bo‘ladi. “Hunarli va hunarsiz” she’rida shoir ana shu tarbiyaviy mavzuni qalamga olgan:
Bittasining qo‘lida
g‘ayrati bor,
Bittasining ko‘nglida
hasrati bor.
Bittasining gap-so‘zi
iliq bo‘lar,
Bittasining har so‘zi
sovuq bo‘lar.
Bolalar, odatda, taqlidchi bo‘lishadi, kattalarning yurish-turishlariga, kasb-hunarlariga taassub qilishadi. Ulardagi bu xususiyat shoirning “Xolning jiyron velosipedi” she’rida qalamga olingan.
Xolga dadasi velosiped sovg‘a qiladi. Xol saxiy, ko‘ngli ochiq, odobli. U velosipedini oshnalaridan qizg‘anmaydi:
Qo‘ni-qo‘shni, oshnalar
Galma-gal uchishardi.
Biri minsa boshqalar
Ortidan ko‘chishardi.
Biroq bolalarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmaydi. Velosipedni kattaroq yoshdagi “yurishi alpon-talpon” bir bola ularning qo‘lidan tortib oladi:
— Qani, minib ko‘ray bir,
Nari turlaring, axir,
Deb mindi egariga
Yarim metr nariga —
Yurmasdan shartta sindi
Uchchala g‘ildiragi...
Shodining bu qilig‘i ahil bolalarning kayfiyatlarini buzadi. Shoir esa voqeani davom ettiradi: ahil bolalar velosipedni ko‘tarib, payvandchi Asqar akanikiga borishadi. Uning velosipedni payvandlab sozlab berganiga guvoh bo‘lgan bolalar qalbida bu hunarga havaslar jo‘sh uradi.
Po‘lat Mo‘min dostonchi-shoir sifatida ham juda qadrlidir. Uning “Oltin nokli bog‘”, “Ko‘cha — ko‘pchilik uchun”, “Eh, rosa shirin ekan”, “Ko‘ngil istar yaxshilik” dostonlari allaqachon kichkintoylarning sevimli asarlariga aylanib ulgurgan. Shoirning dostonlarida bolalar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘qituvchi va jonajon maktabga mehr-muhabbat, birlik, ahillik ilgari surilgan. Bolalar hayotida sodir bo‘ladigan yutuq va kamchiliklar badiiy bo‘yoqlarda, qiziqarli epizodlarda chizib berilgan. Bir so‘z bilan aytganda, maktab o‘quvchilarining hayoti zavq-shavq bilan tasvirlangan.
Atoqli bolalar shoiri Po‘lat Mo‘min bir umr bolalarni sevdi, ular uchun ijod qildi. Yosh kitobxonlarni ozod va obod o‘lkamiz, jonajon O‘zbekistonimizni sevishga chorladi. Olamda kindik qoni to‘kilgan joydan ko‘ra e’zozli, qadrli, mo‘‘tabar maskan yo‘qligini quyidagicha quvnoq, shirali, ta’sirli misralar bilan kuylab o‘tdi:
Paxta ekib dong taratgan,
Mehnat bilan baxt yaratgan,
Bog‘laringga gul yarashgan,
Ozod o‘lkam,
Obod o‘lkam,
O‘zbekiston, O‘zbekiston!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 50-sonidan olindi.