OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Bevaqt uloqtirilgan stul yoxud “Otello” maktabining tugashi

Mahalladagi bir yig‘inda Yahyo aka degan kishi bilan tanishib, anchagina hamsuhbat bo‘lib qoldim. U uzoq vaqt “O‘zbekfilm” studiyasida, san’at sohasida, madaniyat vazirligida ishlagan ekan. Shinavanda suhbatdoshimga anchadan beri o‘ylab yurganim bir savolni berdim: “Qachonlardir bir voqea haqida eshitgan edim. Emishki, Hamza teatrida “Otello” tragediyasini qaytadan qo‘yish taklifi tushganida Shukur Burxonov “Bizda Abror aka o‘rnini bosadigan aktyor yo‘q, shuning uchun bu spektaklni qo‘ysak, uyalib qolamiz”, deb e’tiroz bildiribdi. Shunda kimdir unga stul uloqtirgan ekan. Shu gaplar rostmi?” Suhbatdoshim: “Ha, shunday voqea bo‘lgan edi, lekin keyinchalik stulni uloqtirgan kishi Shukur akadan kechirim so‘ragan”, deya javob berdi.
 “Otello” spektaklini bizning aktyorlarimizdek mahorat bilan qoyilmaqom ijro eta oladigan aktyorlar guruhi balki endi hech qachon bo‘lmas. Shekspir Otello rolini bir necha asr oldin aynan Abror Hidoyatov uchun yozgandek go‘yo. Afsuski, Abror Hidoyatov ishtirokidagi ushbu spektaklni ko‘rish, necha marta imkoniyat bo‘lsa-da, menga nasib qilmagan. 1956 yili 5 sinfda o‘qiyotgan damlarim edi. Bir kuni maktabimiz direktori rahmatli Hikoya opa menga ushbu spektakl uchun bilet berib qoldilar. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra, o‘sha kuni uydan chiqolmay, spektaklga borolmaganman...
 50-, 60-yillarda talaba va o‘quvchilar orasida biror kecha yoki bayram tadbiri o‘tkaziladigan bo‘lsa, ko‘pincha Abror Hidoyatovga taqlid qilib Otello monologini va Olim Xo‘jaevga o‘xshatib Alisher Navoiy monologini ijro etish an’anaga aylangan edi. Bunday monologlarni mohirona ijro etadigan yigitlarimizni o‘sha paytlarda juda ko‘p uchratish mumkin edi. Men hanuzgacha shunday talantlarning bir qanchasini bilaman.
 Albatta, Abror Hidoyatov vafotidan so‘ng bu rolni o‘ynash qiyin edi. Lekin mana hozir “Otello” spektaklidagi boshqa aktyorlarning ham betakror ekaniga guvoh bo‘lib turibmiz. Kim Yago rolini Nabi Rahimovchalik qoyillatib o‘ynay oladi? Bu rolni Abror Hidoyatov ham Nabi Rahimovdek sahnaga olib chiqolmas edi. Dezdemona rolini Sora Eshonto‘raeva singari talqin etadiganlar ham boshqa uchramadi hisob. Bu aktrisa o‘z o‘rnida betakror edi...
 Spektakl ishtirokchilari faqat sahnadagi aktyorlardan iborat degan qarash noto‘g‘ri tushuncha deb bilaman. “Otello” spektaklining yaratilishi nafaqat Abror Hidoyatov kabi aktyorlar, balki teatr o‘rindiqlarini to‘ldirib o‘tirgan, ushbu spektaklni qayta-qayta tomosha qilish uchun kelgan va kelishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan tomoshabinlar bilan bevosita bog‘liq edi. Albatta, bosh rolni katta mahorat bilan ijro etgan Abror Hidoyatovdan ajralish og‘ir yo‘qotish bo‘lgan. Lekin misli yo‘q mahorat bilan ijro etgan “Otello” spektakli maktabini yo‘qotish yanada qayg‘uliroq edi. Ushbu maktabning davomiyligini saqlab qolish choralari ko‘rilmagani esa teatr tarixida tuzatib bo‘lmas xato bo‘lib qoldi.
 Fikri ojizimcha, zarur chora-tadbirlar ko‘rilganida Abror Hidoyatov kabi mohir aktyorlarni kamolga yetkazib, “Otello” maktabini saqlab qolish mumkin edi. Buning uchun Shukur Burxonovga qarata otilgan stul o‘sha paytlar boshqa kimsaga qarata uloqtirilishi kerak edi. Ana o‘shanda stulni o‘z vaqtida otgan kimsa ming marta haq bo‘lar edi. Bu xato bois faqat Abror Hidoyatovlardangina emas, yuksak saviyali tomoshabinlardan ham judo bo‘ldik.
 Futbol muxlislari 60-yillardagi mashhur “Paxtakor” jamoasini yaxshi eslashadi. Albatta, “Paxtakor” jamoasi faqatgina o‘n bir o‘yinchi emas, balki ushbu o‘yinchilar hamda stadionni to‘ldirib o‘tiruvchi futbol ishqibozlari ham edi... Afsus, u jamoa aviafalokatga uchrab, halok bo‘ldi. Ehtimol shuning uchun hamdir “Paxtakor” ishqibozlarini jipslatirib turuvchi kuch qolmadi.
 “Otello” maktabining sardori vafot etdi. Maktabning o‘zidan esa xato nishonga uloqtirilgan stul qoldi...
 Abror Hidoyatov davridan 30-40 yil o‘tgach, o‘z sahnasida “Otello” spektaklini qo‘yish uchun Hamza teatri Moskvadan maxsus rejissyor chorlab, til bilmaydigan kishining imo-ishoralariga muhtoj bo‘ldi. Afsus, bu yangi spektakl muvaffaqiyat qozona olmadi. Chunki endi unda nafaqatgina Abror Hidoyatovni, balki Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘raeva kabi aktyorlar o‘rnini ham bosish talab qilinar edi. Bu borada Shukur Burxonov ming karra haq edi. Agarda “Otello” maktabi o‘z davrida saqlab qolinganida bormi, bu maktabning oddiy sahna ishchisi ham Moskvadan kelgan ustozga ko‘p narsalardan saboq bergan bo‘lardi. Chunki kuchli maktabda kuchsiz odamlar bo‘lmaydi. Kuchli maktablarning o‘z an’analari bo‘ladi. Kuchli maktab bo‘lmasa, Abror Hidoyatov ham hech narsaning uddasidan chiqa olmagan bo‘lur edi.
 Yahyo aka bilan suhbatimiz asnosi ikkimiz bir fikrga keldik. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q. Ot bosmagan izlarni toylar bosadi. Lekin toylarga ham vaqtida e’tibor berilmog‘i lozim. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak...

“7 iqlim” gazetasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.