O‘zbek adabiyotshunosligida Xolid Said Xo‘jaev haqida ustoz N.Karimovning “Abdulla Qodiriy va Xolid Said” maqolasi bu sohadagi ilk maqolalardan bo‘ldi.[1] Maqolada olim Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini ozar tiliga Xolid Said tomonidan ilk bor tarjima etilishi, ularning o‘zaro munosabatlari, Hayoli va Hayo taxalluslari bilan she’r yozgan ijodkorning hayoti va ijodiy faoliyatiga to‘xtaladi.
Xolid Said XX asr turkiy xalqlar adabiy hayotida ulkan ishlar qilgan bo‘lishiga qaramasdan, uning ilmiy-ijodiy merosi hamon o‘zbek olimlarining nazaridan chetda qolib kelmoqda. Biz mazkur ma’lumotlarni to‘ldirish, uning aslida qanday shaxs ekanligi haqidagi ma’lumotlarni boyitish maqsadida turkiyalik, ozarbayjonlik olimlarning ishlariga suyandik. Turkiyalik olimlar Mustafo Toker va Ufuk Dengiz Ashchi hamkorlikda Anqarada 2006 yilda Xolid Said Xo‘jaevning “Yangi alifbo yo‘llarida eski xotira va tuyg‘ularim” kitobini qayta nashr qilishdi.[2] Mazkur kitob nashriga “Xolid Xo‘jaevning hayoti va asarlari” maqolasi ilova etilgan, unda shunday deyiladi: “Ahamiyatli olim bo‘lishiga qaramasdan, Turkiyada, hatto bir umr yashagan yurti Ozarbayjonda ham shu kunga qadar hech tanilmagan, tadqiqotchilarning nazaridan chetda qolgan, yozilgan bo‘lsa-da, juda oz, batafsil yoritilmagan Xolid Said Xo‘jaev, asli O‘zbek turkdir”.[3]
“Xolid Said Xo‘jaev 1888 yil Toshkent viloyati Baytqo‘rg‘onda tug‘ilgan. Maktab ta’limini shu qishloqda olgach, Toshkent madrasasida olti yil tahsil oladi. Madrasada arab va fors tillarini o‘rganadi. 1914-1918 yillari Istanbulda Adabiyot fakultetini tugallaydi. 1918 yilda tahsilni tugatib, ona yurtiga qaytib keladi. Bu paytda Turkistonda oktyabr to‘ntarishi voqealari bo‘layotgan davr edi. Shuning uchun Xolid Said Ozarbayjonga qaytib keladi, maktabda o‘qituvchilik qiladi. Ammo bu yerda ham ichki ixtiloflar tufayli yana Toshkentga qaytib keladi. 1920-22 yillar orasida Toshkentda o‘qituvchilik va mudirlik lavozimlarida ishlaydi. Sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmaganligi uchun, 1922 yil oktyabrda Bokuga qaytib keladi. U 1922-1926 yillar orasida Balaxani muhandislik fakultetida va Gusar texnik ta’lim maktabida o‘qituvchilik qiladi; Bokudagi samarqandlik harbiy askarlar yotoqli maktabida va O‘zbekiston Konsul mehmonxonasida mudir lavozimida ishlaydi.
1926-1934 yillar orasida Ozarbayjon Yetuk o‘qituvchilar tayyorlash institutida, Ozarbayjon Davlat universitetida va boshqa o‘quv tashkilotlarida; Ozarbayjon Til va adabiyot fakultetida arab, fors tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. 1934 yil sentyabr oyidan professor Vali Hulufluning yo‘llanmasi bilan Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining tilshunoslik bo‘limiga ishga qabul qilinadi va 3 iyul 1937 yilda hibs etilgunga qadar shu yerda ishlaydi.
Xolid Saidga quyidagi siyosiy ayblar qo‘yiladi: 1916 yildan beri panturkizm faoliyati bilan shug‘ullangan, 1925 yilda Ozarbayjonga kelgach, Aziz Gubaydullinning panturkist tashkilotiga kirgan; ayniqsa, yosh o‘quvchilar orasida zararli g‘oyalar tarqatgan; Vali Huluflu, Gulom Bag‘irov, Zifeld, Jabbar Mammadzoda, Hanifi Zeynallilar bilan panturkistik aloqada bo‘lgan; 1918 yilda Istanbul universitetidan bir guruh talabalar bilan Nuri Poshoning qo‘mondonligi ostida faoliyat olib borgan, “josusligi”ni bo‘yniga olishga majbur etiladi.
Xo‘jaev 1937 yil 13 oktyabrda Bokuda qatl etildi.
Xolid Saidning turmush o‘rtog‘i Sora Rizo qizi ham “siyosiy mahbus”ning rafiqasi sifatida 14 yilga Sibirga surgun qilinadi. Sora xonim Surgundan so‘ng, 1955 yil 16 aprelda turmush o‘rtog‘ining oqlanishini talab qiladi.1956 yil 16 mayda Xolid Said Xo‘jaev ishi qaytadan ko‘rilib, uning vafotidan roppa-rossa 20 yil o‘tib oqlanadi”.[4]
Xolid Said 1926 yilda Bokuda tashkil etilgan “I. Turkologlar qurultoyi”da katta rol o‘ynaydi. Olim bu qurultoyda alifbo, adabiy til masalalari haqida dadil fikrlar bildiradi. Xolid Saidning manbalarda ko‘rsatilgan kitoblari: “Usmonli, o‘zbek, qozoq tillarining qiyosiy sintaksisi” (Boku, 1926), “Yangi alifbo yo‘llarida eski xotira va tuyg‘ularim” (Boku, 1929), “Muxtasar uslubiyot” (A.Tag‘izoda bilan hammualliflikda, Boku, 1933, 1934), “Ozarbayjon maktablari uchun rus tili” (Boku, 1934), “O‘tgan kunlar” (Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanining ozarbayjon turkchasiga tarjimasi, Boku, 1928, 1929), “Uslubiyot nazariyasi” (yo‘qolgan), “Turk tillarining tarixiy grammatikasi” (yo‘qolgan), “Devoni lug‘atit turk” (tarjima, yo‘qolgan), “Chig‘atoy adabiyotidan muhoziralar” (noma’lum), “Turkiston tarixining qisqa tarixi” (noma’lum), “Turk adabiyoti nazariyasi” (noma’lum), “Eron tillarining grammatikasi” (noma’lum), “O‘rxun obidalarining tarjimasi” (noma’lum).
Turkiya-Ozarbayjon-Tataristonda mashhur bo‘lib ketgan dastlab 1929 yilda nashr etilgan Xolid Saidning “Yangi alifbo yo‘llarida eski xotira va tuyg‘ularim” kitobiga Boku universiteti Sharq fakulteti professori Aziz Gubaydullin qisqa kirish so‘zi yozgan: “Xolid Saidning kitobxonlarga taqdim etayotgan bu asari ko‘p jihatdan ahamiyatlidir. Bu sayohatnoma ikki jihatdan ahamiyatga molik. Birinchisi, yangi alifbo yo‘lidagi buyuk madaniy va inqilobiy harakatning ilk davrini ko‘rsatishi bilan turk-tatar xalqi tarixining muhim sahifasidir. Ikkinchisi, bu asar adabiyotimizda davrimiz turk-tatar ziyolilarining ruhiyati va ahvolini ko‘rsatishga harakat qilgan ilk asardir.
“Ozarbayjon Turk adabiyotida sayohatnoma janrida yozilgan asar yo‘q edi” – desak yanglishmaymiz. Shu bois, asarni Ozar-Turk adabiyotining ilk sayohatnoma asari, deya qabul etish mumkin. Asar, badiiy jihatdan ham ahamiyatli. Yangi alifbo asoschilaridan bo‘lgan Xolid Said, bu madaniy harakatdan ilhomlanib asarda go‘zal manzaralar, badiiy tasvirlar va tarixiy ma’lumotlar yozgan. Bu tasvirlarning ichida, yangi alifboning asosiy tashkilotchisi Samad og‘aning ruhiyati, faoliyatini tasvirlagan qismlar ayniqsa, muhim”.[5]
Xuddi shunga o‘xshash ta’rifni ozar adabiyotshunosi Ali Shomil Husayn o‘g‘li ham bildiradi: “Harf inqilobi haqida qimmatli ma’lumot beruvchi asarlardan biri Xolid Said Xo‘jaevning 1929 yilda Bokuda nashr etilgan “Yangi alifbo yo‘llarida eski xotiralarim va tuyg‘ularim” nomli kitobidir. Bu asarni, harf inqilobining ilk tarixi, deb atasak to‘g‘ri bo‘ladi. Kundalik shaklida yozilgan bu kitob, muhim gaplarni bugungi kun o‘quvchisiga yetkazadi. Kitobda harf inqilobining amalga oshishini qo‘llaganlar Ozarbayjon, Qrim, Tatariston, Orenburg, O‘zbekiston va boshqa joylarga qilingan sayohatlardan va shu mavzuga aloqador insonlar bilan o‘zaro muloqotlardan bahs etadi”.[6] Olim Xolid Said Xo‘jaevning 1934 yil 26 aprelda o‘z qo‘li bilan rus tilida yozgan tarjimai holini Ozarbayjon Fanlar akademiyasi arxivida №39 inventar raqam bilan saqlanayotgani haqida xabar beradi va o‘z maqolasiga ilova etgan[7]. Ali Shomil Xolid Saidni “Harf inqilobining solnomachisi”, deb ta’riflaydi.
Xullas, o‘zbek adabiyotshunoslari Xolid Saidni Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanining ozarbayjondagi ilk tarjimoni sifatidagina bilishar edi. Vaholanki, uning turkiy xalqlar hayotida “harf inqilobchisi” sifatida nom qozonganidan bexabar edik. Bugungi kunda Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Xolid Said tarjimasidagi Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani nodir kitoblar fondida saqlanmoqda.
1928 yilda Ozarbayjonda nashr bo‘lgan “O‘tgan kunlar” romaniga tarjimon Xolid Said kirish so‘zi yozadi: “Yangi O‘zbekiston jumhuriyati Turkiston o‘lkasining eng boy qismida tashkil etilgan. Bu yerdagi xalq inqilobgacha Chor Rossiyasi, Rossiya kapitalistlari zulmi ostida ezilgan, o‘z huquqlaridan mahrum etilgan holda yashashar edi. Oddiy mehnatkashlar, mahalliy aholi eski xonliklar davrida ilmdan, madaniyatdan qay holda mahrum etilgan bo‘lsalar, Chorlik davrida ham xuddi shu ahvolda yashadi. Inqilobgacha Turkiston xalqining (tom ma’noda) matbuoti yo‘q edi. Bori ham chor hukumatining tashviqotchisi edi. O‘zbek adabiyoti tarixida birinchi bo‘lib hayotiy, tarixiy roman – o‘zbek ijtimoiy hayotini, o‘zbek xalqining maishiy hayotini o‘zida aks ettirgan bir asar yozildi va bu bilan o‘zbek adabiyotida yangi davr boshlandi. Asarning muallifi O‘zbekistonning mahoratli yozuvchilaridan bo‘lgan Abdulla Qodiriy (Julqunboy) zamonasining odamlaridandir, oldinroq proletar mafkurasini xushlamagandi, proletar hayotiga ishtirok etmagan ziyolilardan edi. U madrasada o‘qigan, bir necha vaqt prikazchik vazifasida savdo ishlari bilan shug‘ullangan, inqilobdan so‘ng “Mushtum” jurnalida “Toshpo‘lat tajang”, “Kalvak mahzum” taxalluslari bilan tanilgan. Yangi milliy ruhdagi ziyolilar qatorida turadi. “O‘tgan kunlar”ning qiymati xonlar davridagi qonli fojialar, xunrezliklar, ichki ixtiloflarni aks ettiradi. Muallif bu asarda o‘tgan unutilgan kunlarni ko‘z oldimizda jonlantiradi. Asar nafis o‘zbek adabiyotining birinchi romanlaridan sanaladi: asarda bir tarafdan o‘zbek hayoti, xotin-qizlarning hayoti, ularning nozik tabiati, sadoqati, go‘zal odatlari tasvir etilarkan, ikkinchi tarafdan kishilarning zulm ostida qul kabi umr kechirishi, oilaviy mojarolar nafis tarzda ko‘rsatiladi. Romanning zaif jihatlari ham bor. Ozarbayjonchaga o‘girish jarayonida shunday o‘rinlar qisqartirildi, o‘tkir qalam bilan yozilgan roman holiga keltirish uchun harakat qilindi. ...Asarning uslubi o‘zbeklarning butun sajiyasini o‘zida aks ettirgan. Uslub chiroyli, ...qahramon eng og‘ir daqiqalarda ham o‘zini yo‘qotmaydi, qonli to‘qnashuvlardan so‘ng ham o‘zini sovuqqon tutadi. Qahramon o‘zbek xalqining butun sajiyasini o‘zida mujassam etgan bir o‘zbekdir. Asar realist, ba’zi joylarda naturalistchasiga yozilgan. Shunga asosan, “realizm unsurlari o‘zbek adabiyotiga shu asar orqali kirib keldi”, deyish mumkin. Abdulla Qodiriy o‘zbeklarning Mirza Fatalisidir. Bu roman O‘zbekistonda har bir xat-savodli vatandosh tomonidan sevila-sevila o‘qilmoqda. O‘zbekiston nashriyotlarida uch marta chop etildi. O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlariga bir-birlarining yashash tarzlari bilan tanishtirish uchun bu asar nashri lozim ko‘rindi. O‘zbekiston sho‘rolar bayrog‘i ostida madaniy taraqqiyotda ilgarilab ketgan.
“O‘tgan kunlar” romani tatar tiliga Mustafo Nu’mon tarjimasida 1959 yilda, turk tiliga Ahsan Botur tarjimasida 1993 yilda, nemis tiliga 1968 yilda Arnold Shpext tomonidan o‘girildi. Kuzatayotganimizdek, ozar tiliga “O‘tgan kunlar”ning Xolid Said tomonidan tarjima etilishi boshqa turkiy tillar va nemis tiliga o‘girmadan 30-60 yil oldin sodir bo‘ldi. “O‘tgan kunlar”ning roman yozilganidan ikki yil o‘tib, 1928 yilda ozar tiliga zudlik bilan tarjima etilishi, nima bo‘lganda ham, o‘ta tezlashgan jarayon edi. Buning sabablaridan biri esa taqdir taqozosi bilan Ozarbayjonga borib, yashab qolgan Xolid Saidning “o‘zbek” ekanligi bilan izohlansa, ikkinchi tarafdan, Abdulla Qodiriy ijodiga mutarjimning ulkan muhabbati deb tushunish mumkin. Xolid Saiddan so‘ng, “O‘tgan kunlar” romani ozar yozuvchisi Ishoq Ibrohimov tomonidan qaytadan tarjima etilib, Bokuda uch marta nashr etildi.
Turkiyada Xolid Said hayoti va ijodi bo‘yicha Atalay Besim, Temur Ko‘ja o‘g‘li, Mustafo Toker, Ufuk Dengiz Ashchi, Fatih Erbay, Aycha Ergunlarning ilmiy maqola va taqrizlari e’lon etilgan.[8] O‘zbek adabiyotshunosligida esa Xolid Said adabiy shaxsiyati hamon yetarlicha o‘rganilmay turibdi. Vaholanki, Qodiriy va Xolid Said munosabatlarini, xususan, Ozarbayjondagi Qodiriy ijodining ilk targ‘ibotchisi sifatida Bokuda ikki marta nashr etilgan “O‘tgan kunlar” romanining ozarcha va asliyat variantlarini qiyosiy planda o‘rganish, qolaversa, olimning tilshunoslik sohasidagi tadqiqot va esse-xotira kitoblarini o‘zbekchalashtirish galda turgan vazifalardan biridir.
O‘zbek adabiyotining ozarbayjondagi faol targ‘ibotchilaridan yana biri Almaz Ulvi Qosim qizi Binnatovadir. Almaz xonim 1960 yil OzarbayjondaGo‘ycha mahallasining Kasaman kentida ziyoli-muallim oilasida tug‘iladi. U ilk ta’limni kentda oladi, oliy ta’lim tahsilni esa 1978-1984 yillarda Boku Davlat universitetida davom ettiradi, ayni paytda ikki yillik fors tili sho‘‘basini ham tugallaydi. 1990 yili shahid shoir Ulvi Bunyodzodaning xotira muzeyiga asos solgan. Hozirgi kunda muzeyning faxriy direktori. 1995 yilda “Demokratiya va milliy mustaqillik davrida kurash motivining she’riyatda aks etishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 2010 yilda “XX asr ozarbayjon adabiyotshunosligida o‘zbek klassiklarining mahorati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Bundan tashqari, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Milliy munosabatlar institutining yetakchi ilmiy xodimi. Almaz Ulvi 20 ga yaqin ilmiy, publitsistik kitoblar muallifi. Uning “Ozarbayjon-o‘zbek (chig‘atoy) adabiy aloqalari” ilmiy monografiyasi davrlar, siymolar, janrlar va tamoyillar masalalarini o‘rganishga bag‘ishlangan.[9] Mazkur kitobning 3-bobi “Realist chig‘atoy o‘zbek nasri” faslida olima Abdulla Qodiriy biografiyasi, roman va hikoyalari, hajviy she’rlari haqida qisqacha ma’lumot berib, “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining ozar tiliga tarjima etilish tarixiga ham to‘xtalib o‘tadi. Shuningdek, tadqiqotchi A.Qodiriyning “Obid ketmon”, “G‘irvonli Mallaboy” asarlariga ham alohida to‘xtaladi. Ammo chuqur tahlillarga kirishmaydi. Almaz Ulvining Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi bo‘yicha “Go‘zal realist o‘zbek shoiri (Abdulla Qodiriy)”, “Go‘zal realist o‘zbek nosiri (Abdulla Qodiriy)”, “Abdulla Qodiriy ijodi zamondosh o‘zbek adabiyotshunoslar talqinida” (Bahodir Karimning qodiriyshunoslik sohasidagi tadqiqot va kitoblariga taqriz) maqolalari nashr etilgan.
Olima “O‘tgan kunlar” romanini shunday baholaydi: “Abdulla Qodiriy tarixiy mavzuga murojaat etarkan, uning mahorati shundaki, u o‘z xalqi tuzumini, mehnatkashligini, qahramonlik tarixini, xalqining o‘z ozodligi va mustaqilligi yo‘lida kurashini ochiq ko‘rsatishga erishgan, mavjud davrda muammolarni hal etish o‘ta mushkul bo‘lganligini kitobxonga go‘zal tarzda yetkazgan”[10].
Ozarbayjon-o‘zbek adabiy aloqalarining ming yillik tarixi bor. Bu tarix ichida olimlar, tarjimonlar, yozuvchi-shoirlar har biri alohida o‘ringa ega. Xususan, ozarbayjonlik o‘zbekshunoslar Hamid Arasli, Xalil Rizo, Abboszoda Husayn, Aziza Jafarzoda, Yoqut Dilbozi, Oydin Abilov, G‘ulomhusayn Aliev, Panoh Xalilov, Mirza Ibrohimov, Yashar Qosimov, Mirzaog‘a Qulizoda, G‘ulom Mammadali, Ahad Muxtor, Jannat Nag‘ieva, Ozod Nabiev kabi yigirmaga yaqin olimlarni sanash mumkin. Ammo so‘nggi yillarda bu sohada eng “ko‘p” va “xo‘p” yozgan, Ozarbayjonda o‘zbek adabiyotini faol targ‘ib etayotgan olima Almaz Ulvidir. Xususan, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodining ozarbayjonlik olimlar ishlarida o‘rganilishini tadrijiy, mavzuiy tadqiq etish navbatda turgan ishlarimizdan.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son
---------------------------------------
[1]Karimov N. Abdulla Qodiriy va Xolid Said // Poetik tafakkur va talqin muammolari. Toshkent: TDPU Rizograf, 2014. – B. 35-45.
[2]Halid Said Hocayev. Yeni alifba yollarında eski hatıra ve duygularım. Ankara: Türk dili kurumu. 2006. 131 s.
[3]O‘sha asar. S.7.
[4]Halid Said Hocayev. Yeni elifba yollarında eski hatıra ve duygularım. Ankara: Türk dili kurumu. 2006. S. VII -VIII.
[5]Aziz Gubaydullin takdimi / Halid Said Hocayev. Yeni elifbf yollarında eski hatıra ve duygularım . Ankara: Türk dili kurumu. 2006. S. 2.
[6] Ali Şamil Hüseyinoğlu. Harf inkılabının salnamecisi – Halid Said Hocayev // I. Uluslararsı Kitle iletişim Araşlarında Türkçenin kullanımı bilgi şöleninin bildirileri: 2011. S. 675-686.
[7]Ali Şamil Hüseyinoğlu. Harf inkılabının salnamecisi – Halid Said Hocayev // I. Uluslararsı Kitle iletişim Araşlarında Türkçenin kullanımı bilgi şöleninin bildirileri: 2011. S. 675-686.
[8]Atalay Besim. Dıvanü Lüğatit Türk Tercümesi. Ankara.
[9] Almaz Ülvi. Azərbaycan – özbek (ciğatay) ədəbi əlaqələri. Baki – Qartal. 2008. 328 s.
[10] O‘sha asar. 193.