OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo Kenjabek. Ruhning ozuqasi ma’naviyat bozorlaridadur (2011)

Ko‘nglimda adabiyotga ilk muhabbat bolalik dav­rimdan uyg‘ongan. Hazrati Boyazid Bistomiy o‘z hollarini “onadan tug‘ma davlat” deganlar. Albatta, har bir shoirning shoirligi hali tug‘ilmasidan boshlanadi.

Yozgan she’rlarimdan ko‘ra yozmaganlarim ko‘proq.

Ota-onam faqat mehnat-mashaqqat ichida yashadilar.

Onam besh yoshda otalari, sakkiz yoshda onalaridan ayrilib, yetim o‘sgan g‘ariba ayol, akamni o‘ziga ota qilib olgan, meni aka, ukalarimni uka, amaki va tog‘alar qilib olgan edilar. Keyin singillarim: onam­ning ona va opalari tug‘ildi. Bu yuksak martabalarimiz dilimga g‘amginlik berib, ko‘zimni yoshlatar edi. O‘sha ilk g‘amlarim, ko‘z yoshlarim ko‘nglimda uyg‘ongan ilk she’rlar bo‘lsa, ajab emas.

Besh yasharligimda uch yashar singlim suvda oqib ketib, vafot bo‘ldi, onam tegirmon tagidan topib chiqdilar. Onamning o‘lik qizchani bag‘riga bosib far­yod chekkanlari, ehtimol, ilk she’rlarimdir.

Qishning uzun kechalarida akam ikkimiz onamga va biznikiga kelgan qo‘shni ayollarga xalq dostonlarini o‘qib berar edik. Eng g‘amgin joylarida akam chiqib ketar, men yig‘lab, davom ettirishga majbur bo‘lar edim. Masalan, Xolbikaning ikki o‘g‘li dorga osilyapti, u najot qidirib, bo‘zlab, dorning og‘ochiga salom beradi: “Assalomalaykum, dorning og‘ochi!” – deya zolimlar qalbiga shafqat solmoqchi bo‘ladi. Balki, o‘sha riyosiz yig‘ilar ilk she’rlarimdir.

Keyin zamona adiblarining roman va qissalarini o‘qiydigan bo‘ldik. Qaysi asarni o‘qisam, uzoq vaqt uning ta’sirida yurar va o‘zimni kitobning ijobiy qahramonidek his qilar edim. So‘ng maqolalar yozishni o‘rgandik. “Sariosiyo haqiqati” gazetasida “Dalalardan daraklar” ruknida Sirojiddin Sayyid bilan ikkimizning maqolalarimiz chiqa boshladi. Biz bir vaqtda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdik va tanishdik. Keyinchalik Sirojiddin bir she’riy kitobimga yozgan taqrizini “Yuraklardan daraklar” deb ataganida o‘sha bolalik davrlariga ishorat qilgan edi.

Islom degan do‘stim doimiy suhbatdoshim va sirdoshim edi. Biz har bir o‘qigan asarimizni kunlar bo‘yi muhokama qilar edik. Maktab davrimizdayoq Sergey Yeseninning “Zamin darg‘asi” kitobidagi ko‘p she’rlarni yod olgan edik. Men unga o‘zbek adabiyotining mumtozlarini bildirsam, u menga fors-tojik adabiyotining mumtozlarini bildirar edi. Shunday qilib, Hofiz Sheroziy, Sa’diy Sheroziy, Hiloliy she’rlarini o‘qiydigan bo‘ldik.

Ilk she’riy mashqlarim o‘sha davr (70-yillar) yoki maktab muhitiga mos bo‘lib, she’r degulik emasdi. Shuning uchun talabalik davrimdagi “Momojon” she’rimni ilk she’rim desam, bo‘lar. Bu she’rim bilan ustoz Abdulla Orifning nazariga erishgandirman. O‘shanda Milliy universitetning uchinchi kursida o‘qirdim. Talabalar shaharchasida taniqli shoirlar bilan erkin ijodiy muloqotlar ko‘p bo‘lar edi. Qishki imtihon vaqti, filologiya fakulteti yotoqxonasidagi bir anjumanda menga navbat berilib, “Momojon” she’rimni, kutilmagan olqishlardan keyin Loyiq Sheralidan tarjima qilganim – “O‘shanda yetarlar shoir qadriga” degan she’r­ni o‘qigan edim.

“Yoshlik” almanaxiga she’r berib, aziz ustoz Erkin Vohid yo‘qloviga erishdim. Shoir Mirpo‘lat Mirzo meni Erkin Vohid qidirayotganini aytdi, “Yosh gvardiya” nashriyotiga kelganimda bosh muharrir bo‘lmish ustoz huzuriga boshlab kirdi. She’riyatimizning haqli darg‘alari bo‘lmish ikki buyuk ustoz nazaridan har kim ham ruhlanar edi.

To‘rtinchi kursligimda yosh ijodkorlarning sog‘­lom minbari bo‘lgan “Guliston” jurnalida ikki she’rim chiqdi, keyinroq bir turkumim tayyorlandi. Bosh muharrir Asqad Muxtor: “Hech so‘lmas bahorlar tilayman senga!”, degan satrimni turkumga o‘z qo‘li bilan sarlavha qilib tanlagan edi. Shunda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tashkil topib, Asqad Muxtor unga muharrir bo‘ldi, “Guliston”ning yangi muharriri 4-sondan bir yarim sahifalik she’rimni olib tashladi. Qo‘lyozmani tahririyatdan olib, Asqad Muxtorga kiritib berdim. Fidoyi ustoz turkumni gazetada chop etdi. O‘sha “Hech so‘lmas bahorlar tilayman senga!” – degan yozuvni rahmatlik Asqad Muxtorning ezgu duosi deb bilaman.

1982 yilda “Maktublarim” nomli ilk kitobim chiqdi. Albatta, u mahaldagi hayajonlarning tavsifi yo‘q. Nomi asli “Adashgan maktublar” edi, nashriyot kengashida kitob nomiga e’tiroz bo‘lib, “Maktublarim” bo‘lib qoldi. Lekin muqovaga ishlangan rasmdan to hanuz uyalaman.

Kitob haqida kelgan maktublar ichida Tursunboy Adashboevning O‘shdan yo‘llagan xati eng ruh­lantiruvchi, mag‘zi to‘q e’tirofnoma edi. Bu mitti kitobcha va “Quyoshga qaragan uy” nomli ikkinchi kitobcham korrekturasi bilan Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindim.

Xoh ijodda, xoh ilmda bo‘lsin, izlanishdan to‘x­tagan yoki hayotda biror dovonga yetgan kishi o‘tmish xotiralarini so‘zlovchan bo‘lib qoladi. Men o‘zimni izlanishda deb hisoblayman. Lekin ko‘pchilikka ibrat bo‘lgulik xotiralarim ham yo‘q. Hayotim tengdosh qalamkashlar hayotiga o‘xshash: deyarli butun bolaligim paxta dalalarida o‘tgan. Buning ustiga, so‘z san’atida qoilmaqom kashfiyotim ham zohir emas.

O‘tmishimga nazar tashlasam, faxrlangulik, yupan­gulik bir holni ko‘rmayman. Bolalik davrimizda diyorimizda, yaqinlarimizda qancha ulug‘ zotlar, shayxlar, valiylar, allomalar bo‘lgan, lekin biz ularning ilmu ma’rifati olamidan bebahra o‘sganmiz. Behisob shuk­ronam shundaki, keyinchalik Alloh ta’olo menga go‘zal ma’naviy ne’matlarini ato ayladi.

Hayotda ko‘p yaxshi odamlar va yaxshi ustozlarga duch keldim. She’riyat sirlarini birov boshimda turib o‘rgatmagan bo‘lsa-da, hayot o‘zi muallimlik qildi.

7-8-sinfda o‘qirdik, bir kuni Saidqul degan sinfdoshim hovliqib Abdulla Orifning kitobini to­pib keldi, hayajonlanib, “Onajon” degan she’rini o‘qidi. She’riyat haqidagi ibtidoiy qarashlarim barbod bo‘ldi. She’rda inson qalbini, dardini, rost gapni yozish mumkinligini, ehtimol, ilk marta o‘shanda his qilgandirman.

Maktab sahnasida mushoira va musobaqalar ko‘p bo‘lar edi. Bir anjumanda bizdan quyiroq sinfdagi Ergash Salimov degan maktabdoshim Erkin Vohidning “O‘zbegim” she’rini jaranglatib o‘qib qoldi. Hammani hayratda qoldirdi. “Bu she’rni qaerdan topding?” desam, “Akam Toshkentdan olib kelgan kitobda bor”, dedi. (Akasi Muhammadqul Salimov qishlog‘imizdan ToshDUning filologiya fakultetida o‘qiydigan yagona shaxs edi, so‘ng harbiy sohani tanladi.) Bu she’r bizning ko‘plab soxta tantanali she’rlarimiz va mahdud qarashlarimizni barbod qildi. O‘z milliy Vatanini kuylash, millatini sharaflash sho‘ro siyosatiga xilof sanalar edi.

Shunday qilib, ikki ulug‘ shoir she’rlari o‘z sohiblarining g‘amgin va jasur qalbini sharaflagan holda ilk marta Surxon vohasidagi chekka, eski Ashurjiylon (hozirgi Mehnat) qishlog‘iga kirib keldi.

Universitetdagi ta’lim ta’sirlari fikr-o‘y­la­rimizni o‘zgartirdi. Najmiddin Komil, G‘aybulla as-Salomlardan faqat tarjima saboqlarini emas, hayot darslarini o‘rganar edik. Yozgi ta’tillarda, Xufar tog‘lariga chiqib ketgan chog‘larimda ham ular nashr etgan “Tarjima san’ati” kitobi yonimda bo‘lar edi. Vohid Abdullaev, Anvar Shomaqsudov mehribon ustozlar edi. Vohid Ablullaev meni ilm yo‘liga tortishga uringanlar. Keyin bilsam, oldin Tohir Malikni ham ilmiy ishga undagan, O‘tkir Hoshimovning matbuotda chiqqan asarini kurs ishi o‘rnida qabul qilgan ekanlar. Qobiliyatni payqash shu’urlari bor edi. To‘g‘on Ernazarov bilan kam ko‘rishsak-da, yaxshi taassurot olganmiz, doktor, professor domlaning shoirligini bilib quvonganmiz. Saydi Umirov shogirdlar fikrini hayot bilan bog‘lashga harakat qilsa, Boybo‘ta Do‘stqoraev tarixni hayot bilan bog‘lashga urinar, Cho‘lpon satrlari, Usmon Nosir she’rlaridan o‘qib berib, biz yoshlarda sog‘lom fikr va g‘oyalar uyg‘otar edilar. Kurs rahbarimiz Nazira Abduazizova kuyunchak, mehribon himoyachimiz edilar, so‘ng jurnalistika tarixi sohasida ayollardan chiqqan birinchi fan doktori bo‘ldilar.

Biz garchi jurnalistika fakultetida o‘qisak-da, filologiya darsxonasida kechadigan adabiy anjumanlardan ko‘proq bahra olar edik. Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov va boshqa olimlarning so‘zlari biz yoshlarga yoqar edi.

Bir gal Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirov bilan muloqot bo‘ldi. “Ulug‘bek xazinasi” asari chop etilib, Chingiz Aytmatovning adibga maktubi “shov-shuv” bo‘lgan, Boburshoh haqidagi “Yulduzli tunlar” kitobi hali nashr bo‘lmay, ovozasi tarqalgan kezlar. Bir notiq ikki adibni qiyoslab: “Pichoqni qayroqda qayragandek”, degan iborani qo‘llagan edi, Pirimqul Qodirov o‘zini kamsitilgan sezib, achchiqlandi: “Pi­choqni faqat qayroqda qayramaydi, pichoqni pi­choqda ham qayraydilar!” – deya e’tiroz bildirdi. Bu daqiq ibora hammaga yoqib, olqishlandi. Darvoqe, muhitdagi shoiru yozuvchilar bir-biri bilan qayralib yurgan musobaqadoshlar edi.

Shijoatli adib Shuhrat bilan uchrashuv bo‘lganda, urush davrini eslab: “Oydin kechalarda jangga xalal yetar va biz osmondagi oydan koyinar edik”, degandi. Angladikki, tun malikasi – oy she’riyatga yarashar ekan, urush qonuniyatiga muvofiq kelmas ekan.

Atoqli adib Said Ahmaddan choy damlashni va ko‘p daqiqliklarni o‘rgandim. Ba’zan sinchkov kuzatuvlar ham saboq bo‘lar ekan. 1988 yili Polshaga – san’at va she’riyat festivaliga jo‘nash oldidan Said Ahmadning duosini olay dedim. “Sheriklaring kimlar?” – deb so‘radi. “Leningrad va Belorussiya shoirlari, yana Dog‘istondan Fazu Alieva”, dedim. “Fazuni taniysanmi?” – dedi. “Yo‘q”, dedim. “Dunyodagi hamma temir-taqalarni o‘ziga taqib olgan ayolni ko‘rsang, o‘sha Fazu Alieva bo‘ladi!” – dedi. Moskvada, Sheremetevo aeroporti nazoratidan o‘tib, kutish zaliga kirgach, uzoqdan ko‘p yaltiroq taqinchoqlarni taqib olgan ayolni ko‘rdim. Tabassumdan o‘zimni tiyolmay, oldiga borib: “Siz Dog‘istonning mashhur shoirasi Fazu Alievasiz!” – dedim. “Ha, menman, nega kulyapsiz, yigit?” – dedi. “Sizni ko‘rib, xursandligimdan kulyapman”, dedim. Holbuki, meni kuldirgan Said Ahmadning latif ifodasi edi.

Shukur Xolmirzaev va Rauf Parfidan vatansevarlik saboqlarini o‘rgandik. “Ilhom” klubi, Usmon Azim, Erkin A’zam, Xurshid Davron, Muhammad Rahmon suhbatlari va xonadonlari bizning harakatdagi ochiq adabiy muhitimiz edi. Murod Muhammad Do‘stning Moskvadan o‘qishni bitirib Toshkentga qaytishi bizga quvonch baxsh etgan, go‘yo hayotimiz rangi bir oz o‘zgargan. Uning suhbatini topgan kishi: iste’dodiga munosib asarini hali yozgan emas, deb ishonadi. Yo‘ldosh Eshbek “Guliston” jurnalidagi bir turkum she’ri bilan mashhur shoirga aylangan.

Mir’aziz A’zam: “Ko‘p shoirlar faqat qat’iy intizom bilangina yuksaklik darajasiga yetgan”, deb ta’kidlar edi. Bas, yoshligimdan hayotimda mustahkam ish intizomini o‘rnatib olishga intildim.

Adabiyot gazetasida xizmat qilganimda obuna ishlari bilan Nukusga safar qilgandim. To‘lepbergan Qaipbergenovning uyida uning ish nizomidan hayratda qolganman: ertadan kechgacha, tafakkur qilar, o‘tirib ham, yotib ham yozaverar edi.

Shukur Xolmirzaevni yozishdan xoli topish qiyin edi. Boshqa ish qilayotganda ham xayoli yozuvida bo‘lar edi. Ma’lum bo‘ladiki, so‘z san’atining talabi tinimsiz mehnatdir.

Abduqahhor Ibrohim: “Hayotda tarozining ikki pallasidan biriga tosh qo‘yish zarur bo‘lgan hollar duch keladi. Hamisha tarozining yaxshilik pallasiga tosh qo‘ying, agar yaxshilik pallasiga tosh qo‘yish qo‘lingizdan kelmasa, bir iloj topib, yomonlik pallasiga tosh qo‘yishdan saqlaning”, der edi. Bu so‘zni yashash shiori qilib olishga urindim.

Erkin Vohid: “Shoir so‘zda ham, she’rda ham issiq nafas qilishi kerak. Farishta omin deydi, degan gap bor. O‘limdan yozgan shoirlarning ko‘pi yosh o‘lgan. Asqad Muxtor: “Ko‘nglim sezib turar, uzoq bo‘lar umrim”, deb yozgan, mana uzoq umr ko‘rmoqda”, deya yaxshi niyat taqdirotning yaxshiligidan xabar berishini aytar edilar.

Abdulla Orif bir bolalar shoiri haqida: “Falonchining og‘zini sakkiz yil poyladim, og‘zidan bir hikmatli gap chiqmadi”, derdilar. Albatta, bular hayot saboqlaridir.

Kitoblarimni, shu’uran bilib tursam-da, sanama­ganman (sanagulik ham emasdir), umumiy adadini ham hisoblamaganman. Sanashni va bir narsaning ko‘pligi bilan faxrlanishni yoqtirmayman. Ularning hammasidan ham ko‘nglim to‘lgan emas. Navoiysi bor qalamkashning o‘z ijodidan ko‘ngli to‘larmidi! Ham­mamiz u buyuk tog‘ning etagida ovunib yurganlarmiz.

Menga qo‘ysa, xalqimiz va Vatanimiz erku ozodligi yo‘lidagi kurashlarim va publitsistik maqolalarimni boshqa ijoddan ustun qo‘ygan bo‘lar edim.

She’riy kitoblarimdan “Bahorim yellari” (hamma she’rlar emas), ma’rifiy asarlarimdan “Termiz tazkirasi”, tarjimalarimdan “Omoliy”, “Tazkiratul-avliyo”, “Sunani Termiziy”, “Tasavvuf va go‘zallik”, Maxtumquli “Saylanma”si ko‘nglimga taskin beradi.

* * *

Adabiyotning jamiyatdagi o‘rni, agar u haqiqiy adabiyot bo‘lsa, tanadagi ruh kabidir. Albatta, adabiyotni ma’naviy va axloqiy jihatdan tartibga solish yaxshi va bu har bir ijodkorning o‘z iymoni va vijdonida bo‘lishi kerak. Lekin shaxslarni sindirish, xalqning ruhini o‘ldirish, so‘zni, ijodni, ilmu fanni, tafakkurni, hatto tuyg‘ularni va qalbni siyosiylashtirish mustabid tuzumning majburlovchi uslubi edi. Badanning ozuqasi bo‘lganidek, ruhning ham ozuqasi bor. Badanning ozuqasi tabiat bozorlarida bo‘lsa, ruhning ozuqasi ma’naviyat bozorlaridadir.

Sho‘ro davrida ruh ozuqasi bo‘lgan ma’rifat, milliy tarix xazinalari, ilohiy haqiqatlar, Qur’oni karim, hadisi shariflar taqiqlanib, xalqning birgina ma’naviy tayanchi adabiyot bo‘lib qolgan edi. Hatto hind kinofilmlari, o‘ta sodda bo‘lishiga qaramay, xalqimizning milliy tuyg‘ulariga muvofiq tushar, qaynoq insoniy hislarni saqlashga sabab bo‘lib, yoshlar o‘zaro tabriknomalarida bir-biriga “hinduyona muhabbat” tilar edi.

Shuning uchun istiqlolning ilk davrida asl ilohiy manba’larga yo‘l ochilgach, Rahmoniy ma’rifat natijasi bo‘lgan haqiqiy adabiyotga ehtiyoj ortdi va shaytoniy ilhom mahsuli bo‘lgan asarlar bozori kasod bo‘ldi. Yangi fikrli, zakovatli, salohiyatli, talabchan kitobxonlar zumrasi paydo bo‘ldi. Ba’zi qalamkashlar buni hisobga olmayaptilar va eski falsafiy qoliplarda yuribdilar.

Endi bir fikr tug‘iladi: Adabiyotning jamiyatdagi o‘rni-ku, ma’lum. Adibning jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Adib, ba’zilar kabi, eski maddoh, eski zamonasoz, eski latifago‘y, eski mukofotparast, eski ichib bijg‘ib yuruvchi kimsa bo‘lib qolaverishi kerakmi? Yoki o‘zini isloh qilishi kerakmi? Adibda subut bo‘lmasa, izzati ham qo‘ldan ketadi. Sho‘ro davrida o‘zini puch, yolg‘on va o‘tkinchi g‘oyalarga bog‘lab bergan adiblarning ahvoli ne bo‘ldi? Bu kattayu kichik hamma ijodkorlarga tarix sabog‘idir.

Navoiyning qomusiy dahosiga qarasak, hayotimiz mahdud, ma’rifatsiz bir ravish bilan o‘tayotgandek tuyuladi. O‘tmish manzaralari: oddiy hayotiy masalalarda siyosiy aybnomalar taqash, vasvasa bilan xalq ichidan dushman qidirish, bir yog‘du ko‘rganda yong‘indan bong urish, ayniqsa, muqaddas din ahllarini kamsitish, dushman deb bilish va jamiyatdan chetlatish, odamlarga ko‘tarinki hayot baxsh etish o‘rniga, ruhni o‘ldirish, shaxslarni parchalash, soxtakorlik – istibdod davridagi hayot tarzimiz ana shu edi.

Maktab faqat uchinchi sinfdan iborat emas. Bosh­qaruvchi ustoz birinchi sinfga ham, beshinchi va o‘ninchi sinfga ham layoqatli, qamrovli, farosatli, zakovatli va kengfe’lli bo‘lishi shart.

Ijodkor nekbin va tirikqalb bo‘lishi kerak. Istibdod davrida hayotni “bugun”dan iborat deb bilganlar aldanib qoldi. Ularning sandig‘idan kelajak uchun yozilgan haqiqat asarlari ham chiqmadi. Ular zulm va nohaqlik poydevori ustiga qurilgan sho‘ro saltanatini hargiz yemirilmaydi, deb gumon qildilar. Lekin bir buyuk ibrat, bir buyuk sabr va sabot namunasi bor: biz darsliklardan bilgan va tanigan mashhur yozarlardan tashqari, hayotning pinhon qatlamida yana bir toifa zamondosh shoir va adiblar zumrasi bor ediki, ularning nomlari va asarlari istiqlol davridagina xalqqa ma’lum bo‘ldi. Alixonto‘ra Sog‘uniy, Faqiriy Shahrisabziy, Yo‘ldoshxo‘ja Dog‘iy, Nazrullohxon G‘aribiy, Dadaxon Qori Suhayliy, Qul Aziz Turkistoniy shular jumlasidandir. Istibdod davrida “mulla” va “eshon” degan tamg‘alar bilan xaspo‘shlangan bu aziz zotlar ijodini adabiyot darsliklariga kiritish vaqti endi kelgandir.

Adibning hayoti tiriklik davridan iborat emas. O‘lim ba’zi taqiqlarni buzadi. Ba’zan adiblarning hayotda man etilgan asarlari vafotidan keyin hayot­ga yo‘l topadi. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” asari tarixiy-hujjatli adabiyotning eng yuksak namunasidir. Bu “roman” adib vafotidan keyin dunyo yuzini ko‘rdi. Chunki adib zulm saltanatining barbod bo‘lishini anglagan va kelajakka ishongan edi.

* * *

Mumtoz adabiyotda “majoz tariqi”, “haqiqat tariqi” degan tushunchalar bor edi. Bu kun buni ang­laydigan insonlarning o‘zi oz. Menimcha, sharq xalq­larining, o‘zbek xalqining adabiyoti muayyan axloq va hayo pardalariga o‘ralgan bo‘lishi shart. Dengiz ortidagi hurriyatni (demokratiyani) yoki g‘arb va ovro‘po hurriyatini aynan bir mamlakatga, masalan, O‘zbekistonga ko‘chirish mumkin bo‘lmaganidek, ba’zi adabiy mezonlarni ham aynan ko‘chirish mumkin emas. Chunki ularda hamma narsaga – haromga, fasodga, buzuqlikka ham hurriyat bor. Islom madaniyati tarqalgan o‘lkalarda esa haqqa hurriyat bor, botilga, fasodga, buzuqlik va behayolikka hurriyat yo‘q.

Muhtaram kishilar tarjima qilgan ba’zi romanlar borki, garchi ularda “burjua” razolati, fohishabozlik fosh etilgan bo‘lsa-da, odamlar, yoshlar ulardan yaxshilikni o‘rganadi, deyish qiyin. U kitoblardan yoshlar o‘sha jirkanch hayotni, buzuqlikni, behayolikni o‘rganmasmikin, degan qo‘rquvdaman. Televideniedagi ba’zi seriallar ham shunga doxildir. Qadim sharq madaniyatida gunohni yozish tugul, gapirishga ruxsat bo‘lmagan. Chunki gunoh gapirilsa, insonlar unga ko‘nikib qoladi, jirkanch ishdan hazar qilmaydigan, uni to‘xtatmaydigan bo‘ladi.

Sahna asarining ham, qo‘shiq san’atining ham, badiiy filmlarning ham tayanchi so‘zdir – adabiyotdir. Ba’zi estrada qo‘shiqlari san’at namunasi emas, shahvat namunasi bo‘lsa, bas, o‘sha so‘z san’at asari emas, shahvat asaridir.

Adabiyot azal-abad ezgulikni, odamiylikni, mehr-muhabbat va do‘stlikni, poklikni, oliy insoniy fazilatlarni ustun tutadi. “O‘zimdagi hamma yaxshi xislatlar uchun kitobdan minnatdorman”, deganda atoqli adib KITOBning mohiyatini ochib bergan. Kitob muborak va mo‘‘tabar narsadir. U sharmandali hayot majmu’i bo‘lib qolmasligi kerak. Shukur Xolmirzaev Tolstoy tilidan: “San’atning eng ulug‘ vazifasi esa – insonlarni birlashtirish, bir-biriga birodar qilishdan iborat», deydi.

Bas, adabiyotimizda mumtoz, asliy go‘zal an’analar davom etib, noxush illatlar barham topishini istayman.

* * *

Hayotda ham, adabiyotda ham xilma-xillik, rang-baranglik yaxshi. “Ikki kuni bir-biriga o‘xshagan kishining holiga voy bo‘lsin” degan hadisi sharif bor.

Hayotda hamma narsa yangilik bo‘lgani kabi, hech narsa yangilik ham emas. Biz uchun yangilik bo‘lgan ba’zi she’riy oqimlar boshqa o‘lkalarda allaqachon o‘z umrini tugatib bo‘lgan.

Ijodkor o‘z qalb xazinalarini turli shakllarda oshkor etaveradi. Haqiqiy ijod namunasiga bir nomni andaza qilish shart emas. Yangilik, zamonaviylik mazmun va mohiyatdadir: hayotda ham, adabiyotda ham shunday.

Uzoqdan kelgan bir narsaga ergashganda birov ep­lab ergashadi, birov epsiz ergashadi. Iste’dod ahli o‘z so‘zini aytishga imkoniyat qidiradi va topadi: hayotda­gi hamma narsa unga imkoniyat omili bo‘laveradi.

Bu kungi zamonaviy adabiyotning eng yuksak namunalari qadimiy turk bitiktoshlarida mavjud edi. “Oltin yoruq”, “Xo‘bi bitik” toshlaridagi yozuvlar zamonaviy she’riyatning oliy namunalaridir. Dunyodagi hamma “modernchi”lar birlashsa, Navoiyning “Munojot” asariga yetadigan zamonaviy bir asar yoza olmaydi. Chunki u faqat sarbast emas, u faqat fikr mahsuli emas, pok qalb, komil iymon, nurli ma’rifat, ilohiy ishq mahsulidir. Demak, gap ma’naviy ahvoldadir.

Bugungi o‘zbek adabiyotini rivojlantirish uchun fikri va ruhiyati sog‘lom avlodlarni yetishtirish, shoir va yozuvchilarni avvalgilar mubtalo bo‘lgan balolardan qutqarish kerak. Ilmu ma’rifati zaif ijodkor, har qancha iste’dodli bo‘lsa-da, mahdud bo‘lib qolaveradi

O‘rni kelganda bir hasratimni aytib o‘tay. Bir qancha qalamkashlar umrini ichkilik barbod qildi. Ular, shubhasiz, sog‘lom va ongli faoliyatdan mahrum bo‘ldilar. Chunki shoirning yumushi faqat she’rdan, yozuvchining mashg‘uloti faqat nasrdan iborat emas. Xalq uchun, Vatan uchun qilinadigan aqliy mehnat turlari behisobdir.

Adabiyot rivojida til va lug‘atning o‘rni be­qiyosdir. Mustamlaka davrida o‘zbek lug‘atlari uchun “inqilob” (1917 yil) deb atalgan davrdan bu yoqdagi asarlar asos qilib olingan. Hozir yangi lug‘atlar, bir muncha boyitilib, jild-jild nashr bo‘layotgani yaxshi, lekin o‘sha sho‘ro qolipi hamon saqlanib turibdi. Navoiy asarlari lug‘ati alohida, to‘rt jildligi alohida (juda oz nusxada chiqqan), mumtoz devonlar oxiriga ilova qilinayotgan lug‘atlar alohida, shevalar lug‘ati alohida, go‘yo ularning hozirgi zamon adabiyotiga aloqasi yo‘qdek! O‘zbek adabiyotiga davriy chegara qo‘yib, ikkiga ajratishga kimning haqqi bor? Qadimiy bitiktoshlardan to shu davrgacha bo‘lgan yozma asarlar yaxlit, bir butun o‘zbek adabiyotidir! Bas, lug‘atlar ham barcha davr so‘z boylik­larini jamlagan bir butun lug‘at bo‘lishi kerak.

Nihoyat, oilam haqida aytsam, shukr, ikki o‘g‘il, ikki qizim, nabiralarim bor. Oilada tinchi bo‘lgan adibning ijodda rivoji bo‘ladi. Mening temir intizomimda, inshoalloh, endi xalqimizga yetib boradigan bir qancha kitoblarning yozilishi va tarjima qilinishida oilamning yordami beqiyosdir.

ShOIR HAQIDA

Shoir, tarjimon, jurnalist Mirzo Kenjabek 1956 yilda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni shu yerda (1963-1973) tamomladi. 1974-1979 yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida, so‘ng 1999-2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida ta’lim oldi. 1982 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

She’riy kitoblari: «Maktublarim», «Quyoshga qaragan uy», «Munojot», «Sharq tili», «Bahorim yellari».

Ma’rifiy kitoblari: «Termiz tazkirasi», «Dunyoning murshidi», Hazrati Xoja Ubaydulloh Ahrorning «Risolai Volidiyya» asari, Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub nazmiy tarjimasining qisqa sharhi, «E’tikof», «Qabriston ziyorati odobi”.

Jahon adabiyotidan tarjima qilgan asarlari:

1. A.S.Pushkin: «Yevgeniy Onegin», Farididdin Attor: «Tazkirat ul-avliyo» («Valiylar yodnomasi»), Maxtumquli: Saylanma, Sirojiddin Usmon O‘shiy: «Omoliy» manzumasi, Hofiz Sheroziy, Sa’diy Sheroziy, Yunus Emro va I.V.Gyote ijodidan namunalar.

Tarjima qilgan ilmiy-ma’rifiy kitoblari: Mahmud As’ad Jo‘shon: «Haqiqiy sevgi», «Tasavvuf va go‘zallik», Abu Iyso Muhammad at-Termiziy: «Sunani Termiziy» («Al-jomi’ as-sahih»), Muhammad Zohid Qo‘tqu ibn Ibrohim al-Bursaviy: «Ahli sunnat val-jamoat aqoidi» (Sog‘lom islomiy aqida), Shayx Mavlono Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy: «Jomi’ ul-mutun» («Ahli sunnat e’tiqodi»), Qutbiddin Iznikiy: «Murshidi mutaahhiliyn», Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy: «Risolai sujudi sahv».

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.