Hazrati Alisher Navoiyning taqdirga bo‘lgan sobit iymoni va o‘chmas muhabbati uning barcha asarlaridan ayondir. U zotning bu ishonchi aslo tavakkuliga — har ishda Allohga qattiq tayanib ish ko‘rishiga, tadbir va sa’yu g‘ayratiga xalal yetkazmaydi, aksincha, adib shularning hammasini, hatto ishq jununini ham taqdirdan, deb biladi. «Allohga hamd bo‘lsinki, taqdir qalami azaldan peshonamda junun va ishqni yozdi», deydi shoir:
Bihamdillahki, ollimda azaldin
Jununu ishq yozdi kilki taqdir.
Oxirat va jamol oshig‘i ishqi ilohiy va vahdat mayi: Alloh taoloning yakka-yagonaligi shavqi azaldan sarnavisht — peshonaga yozilgan taqdir ekaniga shukrlar qilib, zavqu shavqlarga to‘ladi va bu ilohiy ishq ne’mati bois Allohning taqdirini sevadi; «Nechun, Tangrining taqdirini sevmas ekanman?», deb nido qiladi:
Ishqu may, ey shayx, azaldin sarnavisht ermish manga,
Vah, netib xush ko‘rmagaymen Tengrining taqdirini?
Taqdirni sevish iymon kamoli, tasavvufdagi rizo maqomi natijasi bo‘lib, taqdirni so‘kish, qarg‘ash yoki la’natlash aslo mumkin emas, degan qoidaga asoslangan.
«Taqdir qalami» degan ibora hazrati Imom Buxoriyning «Al-jomi’ as-sahih» kitobida kelgan hadisi sharifdandir: Hazrati Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam menga: «Alloh taolo senga muyassar qilgan narsani taqdir qalami yozib qo‘ygandir!», — dedilar.
* * *
Taqdir — o‘lchov, miqdor, andoza, qazo, qadar, azaldan belgilab qo‘yilgan, peshonaga yozilgan narsa, qismat deganidir. Qur’onda aytiladi: «Alloh hamma narsa uchun bir o‘lchov (bir had) muqarrar qilgandir» («At-taloq» surasi, 3-oyat).
Alisher Navoiy «Siroju-l-muslimiyn» asarida iymon qoidasining ijmolini bayon etib, balog‘atga yetgan aql sohibiga Alloh taolo farz qilgan birinchi narsa iymon ekanini aytadi, so‘ng iymonning ma’nosini bildirib:
Aning ma’nisidur til birla iqror,
Ko‘ngul birla inonmog‘lig‘ dag‘i bor —
deydi. Ya’ni kalimai toyyiba — poklovchi so‘z: «La ilaha illalloh, Muhammadun Rasululloh» — «Allohdan boshqa hech bir iloh yo‘q, Muhammad Allohning elchisidir», demoqdir. Iymon kalimalarini tili bilan aytib, dili bilan ham tasdiq etgan kishi mo‘‘min bo‘lib, pok hisoblanadi. Shundan so‘ng Navoiy mu’man bihlar tafsilini — ishonish shart bo‘lgan olti narsani zikr qilib, Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, qiyomat kuni haq ekaniga ishongandan keyin, taqdirga ham ishonish farz ekanini bildiradi:
Yana bilmakdurur bemakru tazvir
Ki, haqdindur yamon-yaxshig‘a taqdir.
Navoiyning taqdirga iymoni shu qadar quvvatliki, har ishda o‘zini to‘liq-to‘kis haq taologa havola etadi:
Ey Navoiy, bil nekim bo‘lg‘onni haq taqdiridin,
Mundin o‘zga amrdin ko‘nglingni uz, ilkingni yig‘.
Navoiy hikmati bejiz emas. Insonning ona rahimida paydo bo‘lib, odam shaklini olishidan to tug‘ilishigacha, tug‘ilishidan to o‘limigacha bo‘lgan muddatlar va unga yetadigan barcha yaxshi-yomon narsalar taqdirga doxildir.
* * *
«Kilki qazo», «xomai taqdir», ya’ni taqdir qalami zikri Navoiy g‘azaliyotida komil iymon va ta’kid bilan takrorlanadi:
Har ne yozmish ollingga kilki qazo, ko‘rmak kerak,
Ey Navoiy, qochmoq o‘lmas Tengrining taqdiridin.
Yana:
G‘am o‘lsa, solma girihlar qoshingg‘akim, qilmas
G‘aliz o‘lub bu qaro man’i xomayi taqdir.
«G‘am yetsa, qoshingni chimirib, uni burishiq, chigal qilmagin, chunki qoraligi badtar quyuqlashadi-yu, ammo zinhor taqdir qalamining yozuvini taqiqlay olmaydi».
Chun ne taqdir o‘lsa, tag‘yir o‘lmas ermish sa’y ila,
Qayg‘u qismim bo‘ldi deb ortuqsi nevchun qayg‘uray?
«Neki taqdir qilingan bo‘lsa, u sa’yu harakat bilan o‘zgarmaydi, bas, qayg‘u menga qismat bo‘ldi, deb nechun ortiqcha qayg‘urayin?!»
Bu hikmatlar Qur’on va hadisga asoslanadi. Hazrati Imom Buxoriy «Taqdir kitobi»ning 5-bobiga: «Banda nazrga emas, taqdirga ishonmog‘i kerak», deb sarlavha qo‘yganlar. Unda hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhudan ushbu hadisi sharif bayon qilinadi: ...Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Nazr berib, taqdirdan qutulib bo‘lmaydi...», — dedilar.
Yana u zotdan ushbu hadisi sharif bayon etiladi: «Nazr Odam bolasiga hech qanday manfa’at bermaydi, uning peshonasiga yozilganini o‘zgartira olmaydi. Lekin azaldan taqdir qilingan narsalarni taqdirning o‘zigina unga nasib aylaydi, xolos!»
Boshqa hadisi shariflar ma’nosiga ko‘ra, sadaqa (jazr) balo-ofatni qaytaradi, xususan, yashirin sadaqa xunuk o‘limni daf’ etadi (Imom Termiziy). Ammo bu natijani Allohning taqdiridan deb bilmoq lozim.
Demak, inson sa’yu harakati bilan erishadigan yaxshiliklar ham aslida taqdirdandir. Navoiy kuylagan ma’no ana shu. Majoz ortidagi haqiqat ana shu.
* * *
«Kishiga azaldan taqdir qilingan narsa bilan unga ta’na-malomat qilishdan foyda yo‘q. Bemavrid o‘git-nasihat ham behudadir. Birovdan aybu nuqson izlagandan ko‘ra, o‘z aybingni taftish et, chunki inson uchun o‘z nuqsonini ko‘rishdek ma’rifat bo‘lmagay». Bu ma’no Navoiyning bir qancha baytlarida aks etgan.
Ne voqi’ o‘lsa, chu taqdirdin emas xorij,
Bas, o‘ktadur qiluridin kishiga bermak o‘gut.
«Insonda qanday yaxshi yoki yomon ish sodir bo‘lsa, bu taqdirdan tashqari emas. Bas, shundoq ekan, kishining qiladigan ishidan unga o‘git-nasihat berib, ta’na-malomat qilmoq behudadir».
Dayr aro usruk ko‘rub, zohid meni ayb aylamish,
Bilmamish miskinki, hech ish xoriji taqdir emas.
«Dunyoda meni (Allohning zikri, ishqi, fayzi va jazbasidan) mast, sarxush holda ko‘rib, zohid meni ayblabdi, u bechora bilmabdiki, hech bir ish taqdirdan tashqari emas».
Bu baytlardagi ma’no insonlarni yomonlikdan qaytarib, yaxshilikka buyurish mo‘‘minga farz ekanini aslo xaspo‘shlamaydi, chunki bu farziyat hech qachon hech kimdan, ayniqsa, ilm ahlidan soqit emas. Shuningdek, bu ifoda ilmi kalom sohasida Moturidiy (hazrati Imom Abu Mansur al-Moturidiy-Samarqandiy) ta’limotida mashhur bo‘lgan juz’iy ixtiyor masalasini ham zinhor taomildan chiqarmaydi. Ya’ni taqdir haq, bandalarning fe’lini, shubhasiz, Alloh yaratgan, ammo Haq taolo iymon va kufrni, yaxshilik va yomonlikni yaratib, bularni tanlashda bandaga juz’iy (bir qism) ixtiyor ham berib qo‘ygan. Chunonchi, Navoiy aytadi:
Chu topmas har neki taqdirdur bu dayr aro tag‘yir,
Adab ermasturur qilmoq har ishni muddao gustoh.
«Har neki taqdir qilingan bo‘lsa, bu dunyoda u aslo o‘zgarmaydi, demak, har ishni qilishni muddao etmoq, orzu qilmoq, istamoq adabdan emas, baski, gustoh bo‘lmang — adabsizlik qilmang, haddingizni biling, adabga muvofiq ishlarni qilishga urining, odatlaning!»
* * *
Hazrati Navoiy iymon-e’tiqodi, butun ijodi, umri mazmuni va faoliyatining xulosasi bo‘lmish «Munojot» asarida orifona e’tiqod va valiyona tavozu’ bilan aytadi:
«Ilohiy, Odam xilofot taxtining mustavjibi o‘zimu bo‘ldi, Sening taqdiring bo‘lmay, shayton muxolifatining so‘zimu bo‘ldi?..
Ilohiy, inoyating‘a ummidvormenkim, gunohim behaddur va rahmating‘a sazovormenkim, xatovu sahvum beadaddur».
Navoiy ijodida taqdir tushunchasi teran va mustahkam, sog‘lom islomiy e’tiqodga, asl ilm va pok ma’rifatga asoslangan.
Bir tarji’bandida Navoiy jahon go‘zali (va go‘zalligi)ning foniyligini aytib, u tufayli sodir bo‘lgan fitnalardan ranj-o‘kinchini bayon etadi, so‘ng darhol e’tiqod tamoyiliga qaytib:
G‘alat qildim, bu tuhmatdin bariydur
Jahon ra’no arusi — dilsitoni;
Ki haq taqdiridindur olam ichra
Yamonu yaxshining yaxshi-yomoni, —
deydi. Ya’ni «Dunyoda yaxshi-yomon insonlarda bo‘ladigan yaxshi-yomon ishlarning hammasi haq taoloning taqdiridandir».
Hech ish o‘lmas ayru Xoliq amridin,
Iltijo maxluqqa kelturma ko‘p.
Shuningdek, biror insoniy ehtiyojni ham bandadan talab qilish, biror zarur yumush yechimini maxluqotdan – yaralmish insonlardan kutish tavakkulga muvofiq emas. Chunki barcha ishlar faqatgina Allohning amri, izni bilan bajo bo‘ladi. «Bir yaproq uzilib tushmas, magar Alloh uni bilur», deyiladi Qur’onda. Inson qalbi salim sohibi bo‘lib, ichi Haqqa to‘g‘ri, niyati tuz bo‘lishi, u — umid va qo‘rquv orasida yashashi, ya’ni so‘nggi nafasdagi holini o‘ylab, Allohdan qo‘rqqan holda, Allohning rahmatidan umid ham uzmasligi kerak. Chunonchi, Navoiy «Munojot»da aytadi: «Ilohiy, agar xislatim egridur, niyatim tuzdur, bu jihatdin agar qo‘rqunchim bordur, ammo ummidim birga yuzdur».
* * *
Navoiy majoziy baytlarida aytadi:
Bori har taqdir ilakim, bor men labtashnag‘a
Tutmas ermish zahri g‘amdin o‘zga dahri dun qadah.
«Bu past dunyo men labi qaqroq, tashna insonga g‘am zahridan boshqa qadahni tutmas ekan, bas, buning hammasi taqdir bilandir».
Hadding ermastur mening ishqim debon yozg‘urmakim,
Men ham anglarmen, vale ne choradur taqdir ila?
«Menga ishq bog‘lash sening hadding emas» deb, meni ayblamagil. Ishqingga loyiq emasligimni o‘zim ham anglayman, ammo bu pok ishq taqdir qilingan bo‘lsa, men netayin, taqdirga ne chora bor!»
Yana «Munojot»da aytadi:
«Ilohiy, necha musalsal zulf savdosidin bo‘ynumda zanjir bo‘lg‘ay va muanbar xol xayolidin ko‘nglum asir, sanga taqdir bu nav’ ersa, manga ne tadbir?»
Bular oshiq bandaning haq taologa bir arzi muhabbati, oshiqona nozi, orifona erkaligidir.
* * *
Xulosa. Navoiy ijodida taqdir istilohi yuzlab o‘rinlarda qo‘llangan. Barchasidan chiqadigan xulosa shuki, taqdir haq, unga ishonish iymondandir. Ammo taqdirning muqarrar ekani insonni xayrli, savobli ishlardan, g‘ayrat-shijoatdan, sa’yu harakatdan aslo to‘xtatmaydi. Inson uch hol bilan taqdirga peshvoz yurmog‘i lozim: 1) tavakkul qilmog‘i – barcha ishlarida butkul Allohga tayanmog‘i bilan; 2) samimiy duo-iltijolari bilan; 3) duoga muvofiq go‘zal sa’y-harakatlari bilan. Navoiy bu xulosasida ham Qur’on va hadisga tayanadi. Chunki Alloh taolo aytadi:
Kimki Allohga tavakkul qilib tayansa, U zot unga yetarlidir! (At-taloq» surasi, 3-oyat).
Yana aytadi: «U o‘limni va hayotni ish-amal jihatidan qaysi biringiz eng yaxshi (harakatda) ekaningizni imtihon etmoq uchun yaratdi. U mutloq g‘olib va benihoyat mag‘firatli-kechirguvchidir» («Al-mulk» surasi, 2-oyat).
Navoiy hikmatlaridan: «Taqdirdagi narsani qaytara oluvchi omil bormi?», degan savol tug‘iladi. Bu o‘ta nozik savolga Navoiy ma’rifatidan o‘rin olgan hadisi shariflardan javob topamiz.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda hazrati Payg‘ambar alayhissalom, jumladan: «Qadarni duodan o‘zga hech narsa qaytara olmaydi, umrni yaxshilikdan o‘zga hech narsa ziyoda qila olmaydi», deganlar.
Ahmad ibn Hanbal, Tabaroniy va Abu Ya’lo o‘z kitoblarida keltirgan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: «Ehtiyot bo‘lmoq qadardan qutulmoqqa foyda bermas. Lekin duo boshga tushgan va hali boshga tushmagan musibatni qaytarishda foyda berur. Bas, ey Allohning bandalari! Sizlar duoga yopishingizlar» («Ramuz al-ahodis», 354-sahifa, 3-hadis).
Yana hokim «Mustadrak» kitobida bayon etgan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom aytganlar: «Duo qazoni qaytaradi (baloni daf’ etadi). Yaxshilik rizqni orttiradi. Banda gunohi tufayli rizqidan mahrum bo‘lishi mumkin». (E’tiqodga ko‘ra, rizq ham taqdir qilingan narsadir, o‘zgarmasdir).
Ana shu sabablarga ko‘ra, hazrat Navoiy duoga e’tiborni kuchaytirganlar, u zotning tavakkuli, yoniq duo-iltijolari va shunga muvofiq sa’y-harakatlari o‘z taqdirini yaxshilik bilan ziynatlashda muhim ahamiyat kasb etganiga shubha yo‘q.
Navoiy xoksorlik bilan aytadi:
“Ilohiy, Sendin yomonlig‘ kelmas va mendin yaxshilig‘, Sen yaxshisen va men yomon. Har kimga o‘ziga munosibdur qilig‘...
Ilohiy, agar af’olimg‘a boqsam, uyot ulturur va Sening karamingni sog‘insam, ummid tanamg‘a jon kelturur».
Hazrat Navoiyning taqdir haqidagi tushunchasi ana shunday nurli va hayotbaxshdir. U zot shijoatli faoliyati va hayotbaxsh ijodi bilan o‘z taqdiriga peshvoz yurgan zotdir. U zotning insoniyat tarixida qoldirgan tengsiz ma’naviy me’rosi o‘z taqdiridan nurli yodgordir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 37-sonidan olindi.