1988 yilning tirahmoh fasli edi. Aniqrog‘i, 1 oktyabr kuni Kasbi tumani Xo‘jahayron qishlog‘idagi yangi qurilgan maktabga adib Abdulla Qahhor nomi berilishi munosabati bilan shahri azim Toshkentdan Kibriyo Qahhorova, «Sharq yulduzi» jurnali bo‘lim mudiri, adabiyotshunos Ortiqboy Abdullaev, shoir Ma’ruf Jalil Qarshi shahriga tashrif buyurishdi. Safarda mehmonlarga hamrohlik qilish Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari sifatida kaminaga yuklatilgandi.
Bir tomoni yaydoq dashtga tutash maydon, unga zeb berib turgan, hali bo‘yoq hidi arimagan yangi maktab binosi ostonasida bizni karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. Kibriyo opa anvoyi gullar og‘ushida qoldi... Tuman rahbari tabrigidan so‘ng, maktab ro‘parasidagi gulzor o‘rtasida o‘rnatilgan adibning bronzadan ishlangan byusti ustidagi parda ko‘tarildi. Yig‘ilganlar ko‘z o‘ngida (mahalliy haykaltarosh Baxtiyor Anvarov ishlagan) Abdulla Qahhorning o‘ychan va jiddiy qiyofasi namoyon bo‘ldi. Olqish sadolari yangradi. Dastlab adabiyotshunos olim Ortiqboy Abdullaev va shoir Ma’ruf Jalil adib ijodi va hayoti bilan bog‘liq xotiralaridan so‘zlab berishdi.
Nihoyat, kutilgan daqiqalar keldi. So‘z navbati taniqli tarjimon, adabiyotshunos, adibning rafiqasi Kibriyo Qahhorovaga berildi.
Odmigina, did bilan kiyingan yetmish besh «bahorni qarshilagan» bo‘lsa-da, ammo yoshiga nisbatan tetik Kibriyo opaning talaffuzidan hayajon og‘ushida ekanligi yaqqol sezilib turardi:
— Muhtaram ustoz adib Abdulla Qahhorning adabiyotga mehrli shunday muhiblari borligidan azbaroyi boshim ko‘kka yetdi, — dedi samimiy tarzda Kibriyo opa. — Qalbimda mavj urgan yana bir tuyg‘u shundan iboratki, siz bilan ayni ustoz vafotiga 20 yil to‘lgan pallada uchrashib, ul zoti muborakning ruhlarini shod qilib o‘tiribmiz. Ochig‘i, men aziz insonimdan ajragach, bu yog‘iga uzoq yashay olmasam kerak, deb o‘ylagandim. Ammo Abdulla Qahhordek so‘z san’atkori bilan o‘tkazgan chorak asrlik umrimning nurli xotiralari meni shu yoshgacha olib keldi. Qalbim to‘rida saqlab kelayotgan zarif xotiralarni odamlarga aytib berish, lozim bo‘lsa qog‘ozga tushirish uchun ham yashashim kerak, deb o‘yladim...
Albatta, yigirma yil muqaddam o‘tgan bu muloqotda boshdan-oyoq, «nima gap-nima so‘z bo‘lgani»ni bugun to‘laligicha bayon etishim mushkul. Ammo «Kundalik» tutganligim uchun qog‘ozda muhrlanib qolgan ayrim tafsilotlarni keltirish imkoniyatiga ega ekanligimdan mamnunman. Kibriyo opaning o‘sha anjumanda izhor qilgan fikrlari keyinchalik yuzaga kelgan u kishining «Chorak asr hamnafas» kitobida aks etdi.
— Ezgulikning katta-kichigi bo‘lmaydi. Sizlarni ishontirib aytamanki, hali yillar keladiki, ustoz, benazir so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning nomi munosib tarzda o‘z qadrini topadi, — degandi qat’iy ishonch bilan u .
Uchrashuv o‘rtalariga kelib sochini boshiga chambarak qilgan, odmigina chit ko‘ylagi nozikkina qomatiga mos tushgan qiz shahdam qadamlar bilan davraga chiqib kelgancha adibning rafiqasiga guldasta taqdim etdi.
— Uzr, opa... Dalada ushlanib qoldim. Keyin, kechikmay deya ot choptirgancha kelyapman! Yo‘l-yo‘lakay cho‘l gullaridan atayin sizga...
Qiz biroz tin oldi. So‘ng ko‘zlaridan uchqunlar sachratgancha so‘radi.
— Kibriyo opa... Ayting-chi, meni kimga o‘xshatyapsiz?
Kibriyo Qahhorova bir guldastaga, bir qizga sinchkov tikilarkan, mayin kulimsiradi.
— Shijoatingiz, nozik-niholliligingiz... ot choptirib yurishingiz... o‘zi aytib turibdi-ku! Albatta, Saida... «Sinchalakxon» — siz-da!
Yosh-yalanglar turgan orqa tarafdan gurros kulgi ko‘tarildi. Qiz ularga qarab qo‘l silkitib qo‘yarkan, sho‘x-shondonligining taxini buzmadi.
— Qoyil, topdingiz! Faqat ismim Saida emas, uyqash... Saygul! Orzu-niyatim, kelajakda sevgan ana shu qahramonim singari hayotda har qanday qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan jasur va shijoatli bo‘lish... Sizdan iltimos, bugun dala shiyponimizda mehmon bo‘lsangiz. Qizlarimizning sizga aytadigan siru-sinoatlari bir dunyo!
Saygulning raftori tansiq hislarni qo‘zg‘ab yubordimi, Kibriyo opa zavq bilan eng totli xotiralarini esladi, bir soatdan ko‘p tinglovchilarni o‘ziga qaratib o‘tirdi.
Uchrashuv nihoyasida ko‘ksi orden-medalga to‘la, keksa kishi minbarga ko‘tarildi-da:
— Kibriyoxonim, singlim... Mening yoshim saksondan sakragan. Keksa maorifchi pedagog, urush qatnashchisiman. Adib Abdulla Qahhorning pamflet, feletonlarini jangohlarda o‘qib ruhlanganman. Hayotga muhabbat, insonlarga mehr ko‘rsatishga undagan tuyg‘uni ham ana shu sevimli yozuvchimiz asarlaridan olganman. Ammo biz bugun Abdulla Qahhorni qaytadan kashf etdik. Bularning barchasi, albatta, siz tufayli. Yana shunga imon keltirdikki, taqdir sizday umr yo‘ldoshini tuhfa etib, Abdulla Qahhorga bebaho baxt ato etgan ekan! Poyqadamingiz xosiyatli, farishta ayol ekansiz! Umringizdan baraka toping..., — dedi hayajon bilan.
«Umr deganlari — oqar suvdek gap», deb bejiz aytishmagan-da. O‘sha uchrashuvda muxlislariga ko‘pdan-ko‘p ibratli hikoyalar, dilbar she’rlar o‘qib bergan ustoz Abdulla Qahhorning umr yo‘ldoshi, adabiyotshunos Kibriyo Qahhorova ham xokisor shoir Ma’ruf Jalil ham bugun hayot emaslar. Ammo o‘sha uchrashuv hamon mening yodimda. O‘ylaymanki, unda ishtirok etganlar ham unutishmagan.
Kezi kelganda ta’kidlash lozim, Kibriyo Qahhorova uchrashuvda bashorat tarzida aytgan: «Buyuk so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning nomi munosib tarzda o‘z qadrini topadigan kunlar»ga yetib keldik. Bunga isbot sifatida shu yil adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanalarni eslash kifoya.
Muhammad OCHIL,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi.
uyushmasi a’zosi.
"Hurriyat" gazetasidan olindi.