OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Xolbekov. Badiiy adabiyotda modernizm tavsifi (2011)

So‘nggi yillar o‘zbek adabiy tanqidchiligida modernizm va modern adabiyoti haqida ko‘p yozishayapti, bahs-munozaralar bildirilmoqda. Aslida, o‘tgan asr G‘arbiy Yevropa va Amerika adabiyoti va san’atida yetakchi oqim sanalgan modernizm tanqidiy realizm, xususan sotsialistik realizm aqidalariga qarama-qarshi pozitsiyada turgan adabiy oqim bo‘lib, asrning oltmishinchi yillarida o‘z umrini yashab bo‘ldi va o‘rnini postmodernizm deb ataluvchi yangi oqimga bo‘shatib berdi. XX asrning oxiriga kelib postmodernizm ham inqirozga yuz tutdi. Endilikda jahon adabiyotidagi avangard doiralar yana yangicha uslublarni kashf etishga urinmoqdalar.

Modernizm XX asr g‘arb adabiyoti va san’atining umumiy tavsifi tarzida bir necha o‘lchovlarda mavjud bo‘lib, bizningcha ularni quyidagi mazmunda xulosalash mumkin.

Birinchidan, modernizm – bu zamonlar ora­lig‘idagi tafovutni, «eskilik» va «yangilik» o‘rtasidagi ix­ti­loflarni o‘z g‘oyaviy qarashlari bosh mezoni qilib olgan yuz yillikning ma’naviy qiyofasidir. Uning ortida F.Nitsshening «xudolar o‘limi» falsafasi, Yevropa xaritasini qayta tuzgan siyosiy inqiloblar va ilmiy kashfiyotlar, totalitar tuzumga asoslangan diktaturalar, xunrezlik urushlari, informatsion port­lashlar, tsivilizatsiyaning koinotga chiqishi kabi g­­­­lobal o‘zgarishlar yotibdi. Yanada aniqroq qilib ay­tadigan bo‘lsak, uning ortida «markazsiz dunyo» (U.B.Yeyts)ning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan ob’ektiv borliq qonuniyatlarining insoniyat tarixida chuqur ildiz otolmaganligi, mustahkam o‘rnashib ololmagani, epis-temologik dudmolligi hamda muayyan shaklga keltirilgan utopik (ilmga asoslanmagan, amalga oshmaydigan, xomxayol) orzu-umidlar bilan shaklsiz, noaniq antiutopik voqelik o‘rtasidagi hal qilib bo‘lmaydigan ziddiyatlarning mavjud ekanligida edi.

Dastavval bashariyatni ocharchilik va qashshoqlikni yengishga da’vat qilgan yigirmanchi asr vaqt o‘tib o‘zining insonparvarlik, yuksalishga intilish, jamoatchilikka tayanish, ilmiy-texnika taraqqiyotining cheksiz ri­vojlanishiga xayrixoh bo‘lish kabi tamoyillariga qarshi turdi, amalda «eskirgan» bo‘lib chiqdi. Ayni paytda, umuminsoniy tamoyillarning g‘ayriinsoniy tuzum qonunlari oldida erksizligi, voqelikning hardamxayolligi, siyosiy yolg‘on safsatalar, jamiyatning haddan tashqari himoyasizligi va hattoki be’maniligi ro‘parasida tizilgan odamlarning fojeaviy yolg‘izligi zamoni bo‘lib qoldi.

XX asrning halokatga yuz tutishi muallifning “metafizikaga ishtiyoqini» kuchaytirgan, yakka tartibda ijod qilishga undagan bo‘lsa, ushbu idealizmning dardu g‘amini ham shu alfozda belgilab berdi. Bun­day muhitda «she’riyatga o‘rin yo‘qligi»(G.Adamovich)ni jahon urushlarida halok bo‘lgan, totalitar tuzum tarafidan otib yuborilgan yoki surgun etilgan, aqldan ozib o‘z hayotiga suiqasd qilgan, alamzada holatda ijoddan voz kechgan qator qalamkashlarning fojiali qismatidan, deb tushunmoq lozim bo‘ladi. Asrning shu kabi ruhini nemis faylasufi T.Adorno quyidagicha ta’riflangandi: «Osventsimdan keyin she’r yozish – bu badaviylik (varvarlik) hisoblanadi...» (Minima Moralia. Majruh hayot haqida o‘ylar, 1951).

Ikkinchidan, o‘tgan yigirmanchi yuz yillikda kechgan adabiy jarayon ko‘pgina raddiyalarga qaramasdan modernizmni inkor etib, bir chetga surib tashlagani yo‘q, aksincha, uni inkor qilish orqali yanada davom etishiga yordam berdi va o‘z doirasiga «modernizmdan tashqaridagi modernistlar» deya hisoblagan mual­liflar. S.Kerkegor, H.Ibsen, G.Melvill, Sh.Bodler, A.Rembo, S.Mallarme, F.Nitsshe, F.Dostoevskiy, G.Jeyms, A.Strindberg, J.Konrad va boshqalarning asar­larini og‘dirib oldi. Aksincha, ayrim buyuk nomlar (V.Skott, V. Gyugo, A.de Vini, Ch.Dikkens, A.Tennison, G.Longfello)ning badiiy ijoddagi qadr-­­­­qimmati pasaytirildi, boshqalari (G.Flober, E.Zolya, J.Elliot, U.Uitmen, P.Verlen) esa asos-is­botsiz jahon adabiyoti peshsahnasiga chiqarib qo‘yildi. Eng muhimi, modernizm XX asrning asosiy ijodiy kashfiyoti – sub’ektivlikni tadqiq qilishda davom et­di va tezis-antitezis, «modernizm»-«kont­rmo­dernizm» vositasida individual uslubning stilistik imkoniyatlarini amalga tadbiq qildi. Postmodernizm davriga kelib u uslubdan ko‘ra ko‘proq sifat ko‘rinishiga ega bo‘ldi.

Uchinchidan, modernizm – aslida bu bir-biri bilan kurash olib borgan, o‘zicha mustaqil harakat qilgan alohida modernistik uyushmalar, manifestlar, das­turlar (masalan Lotin Ame­rikasida simvolizm o‘zicha modernizm nomini ol­gan­di) majmuasidir. Modernizmning bir jabhasi avangardizmga, ya’ni lingvis­tika nuqtai nazaridan ilmiy tajribalar o‘tkazishga, san’atlar va diskurslar sinteziga, polistilistika (futurizm, dadaizm, syurrealizm, imajinizm, vor­titsizm, fran­tsuz «antiromani», Lotin Amerikasi «sehrli realizm»)ga moyillik bildirgan bo‘lsa, boshqa bir ko‘rinishi ekspressionizm tarafdorlarini barokko va romantizm an’analari bilan, ingliz-amerika modernizmini (J. Joys, V.Vulf, E.Paund, T.S.Elliot, U.Stivens) simvolizm bilan, J-P.Satr va A.Kamyu prozasini ekzistentsializm falsafasi bilan yaqinlashtirishga intildi. Bizningcha, faqat modernizm va uning taraqqiyoti kontekstida u inkor etgan «realizm», «sotsialistik realizm» (A.Barbyus, L.Aragon, I.R.Bexer, M.Andersen-Neksyo, A.Zegers) va postmodernizm fenomenlari adekvat baholanishi mumkin, xalos. Ayni paytda shuni ham ta’kidlash joizki, modernizm adabiyoti matni o‘zining sti­­listikasi jihatdan ham ko‘p qiyofalidir. Bir jihatdan, u XIX asr adabiy oqimlari (romantizm, naturalizm, simvolizm va hokazo) dan uzoqlashgan bo‘lsa, ikkinchidan ularga yangi urg‘u va ohanglar (J.Romen, J.Dyuamel) olib kirdi, naturalistik, ya’ni voqelikni tasvirlashda maishiy tafsilotlar, ikir-chikirlar bilan cheklanib, umumlashmalardan qochadigan tasviriy uslub (J.-P.Sartr)ni singdirdi, zarurat tug‘ilganda esa, biroz to‘g‘rilab naturalizmni (R.Marten dyu Gar, J.Steynbek) yanada sayqallashtirdi. Shu taxlit traditsionalizm (an’anaviylik)ning turli ko‘rinishlari modernizm bilan olib borgan bahsida modernizmga zarardan ko‘ra ko‘proq foyda keltirdi, shuningdek undagi strukturaviy o‘lchovlar: “klassika” va “romantika”, “realizm” va “abstraktsiya”, “milliy” va “baynalmilal”, “shimoliy” va “janubiy” kabi tamoyillarning mavjudligiga diqqat-e’tiborni qa­ratdi.

To‘rtinchidan, modernizm – bu J.Joys va G.Stayn, F.Kafka va G.Kayzer, L.Pirandello va Yu.O'Nil, T.Mann va U.Folkner, A.Dyoblin va J.Dos Posos, B.Brext va E.Ionesko, X.L.Borxes va G.G.Markes, A.Myordok va G.Grasslarning modernizm ruhidagi matnlaridan iboratdir. Ularning barchasi moder­nizm nuqtai nazaridan o‘ziga xos, boshqalarga o‘xshamaydigan, ularning har biri alohida yondashishni, modernizmning butun tipologiyasiga, terminologik va stilistik tavsiflariga aniqlik kiritishni taqozo etadi. J.Joys qalamiga mansub «Uliss» romani ham simvolizm, ham avangard, ham «yuksak modern», ham «postmodern» qolipidagi asardek o‘qilishi mumkin. Shunga yarasha mazkur romanning adabiy jarayondagi mavqei va tutgan o‘rni unga hamohang o‘zgarib borishi ham muqarrardir.

Alhosil, beshinchidan, modernizm – bu parallel ravishda mavjud bo‘lgan matnlarning polifoniyasi (ko‘povozliligi)dir. Ushbu inkor etishlar va tas­diqlarning o‘ta murakkabli maydoni noklassik bo‘l­gan masofani hosil qiladi, o‘z makoniga oid chegaralarini doim aniqlab turuvchi qandaydir bir o‘ziga xos adabiy jarayonga o‘xshaydi. Uni shartli ravishda sub’ektivlikdan uzil-kesil ozod etuvchi, markazdan qochiradigan kuch, ya’ni girdibod bilan qiyoslash mumkin. Jamiyatning barqaror muvozanatdan chiqqanligi, undagi sub’ekt va ob’ektning bir-biriga mos kelmasligi, his-tuyg‘ular ta’sirida yashayotgan shunday ramziy faollikning dastlabki ko‘tarilib tushishi frantsuz adabiyotining XIX asr oxiriga to‘g‘ri keladi. Aslida milliy adabiyotlar nazdida mavjud bo‘la turib, ma’lum ma’noda ularning hal qiluvchi, muhim voqea va hodisalarini o‘zaro qorishtirib yuboradigan ushbu «to‘lqin» o‘zini goh XX asr boshlaridagi nemis ekspressionizmi, goh 20-yillar ingliz-amerika modernizmi, goh 1930-1940-yillar frantsuz ekzistentsializmi andozasidagi proza, goh 1950-yillar «absurd teatri» orqali namoyish qilib, 1960-yillarda Lotin Amerikasigacha yetib bordi-da, o‘sha yerda inqirozga yuz tutib, o‘z kuchini yo‘qotdi. Modernizm yo‘riqlarining «ko‘tarilishi» va «pasayishi» kabi holatlarni o‘zida jamlagan bu kabi inqilobiy harakatning davrlarga bo‘linishi o‘ta darajada shartlidir. Qolaversa, modernizm taxminan uch ijodiy muhit bilan vobasta kechdi. Bular: postsimvolizm va avangardizm (1910-1940 y.); ekzistentsializm (1940-1960 y.) va postmodernizm (1980-2000 y.)dir. Ularning har birida o‘z tipologik belgilarining o‘zaro uyg‘un birikmasini, o‘z faollari va mushohada qiluvchilarini, oshkor va nooshkor «modernist»larini, «modernizm» zamondoshlari va «kontrmodernist»larini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.

XX asr adabiyotida modernizmdan ustun turuvchi yana biror ijodiy oqim mavjudmidi, degan savolning bo‘lishi tabiiy. Bu savolga ijobiy yoki salbiy ma’noda javob topish osondek tuyulsa-da, fikrimizcha, modernizm adabiyotni o‘rganish doirasidan chiqib ketdi. Aslida modernizmning o‘zi va uning qonun-qoidalari aniq kashf qilinmagan bir holatda XX asr qalamkashlarining qariyb barchasi u yoki bu taqlidda “modern kasali”ga mubtalo bo‘ldilar.

Nafsilamr, badiiy adabiyot 1930-yillarda inson intellektual hayotidagi bo‘sh vaqt ustidan yuz yillab davom qilgan o‘z hukmronligini kinematografiyaga bo‘shatib bera boshladi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng kitob egallab kelgan ijtimoiy o‘ringa texnik san’at turlari: televidenie, mass-medialarning turli shakllari da’vogar bo‘lib chiqdi. Asr oxiriga kelib esa bunga kompyuter ham qo‘shildi. Endilikda gap jiddiy mafkuraviy davlat tangligi haqida emas, o‘z manfaatlari yo‘lida badiiy qadriyatlar bilan hiyla va nayrang qilayotgan mafkuralar tangligi haqida emas, borgan sari eklektizmga asoslanayotgan, mutaxassislarga, universitet professor-o‘qituvchilariga, gumanitar fakultet talabalariga mo‘ljallangan jiddiy mazmunli adabiyot haqida emas, balki adresat tangligi, kitob bilan shaxsiy munosabat tajribasini yo‘qotayotgan kitobxon inqirozi xususida bormoqda. Shuningdek, adabiy jarayonda chinakam informatsion bosim, ya’ni majburiy plyuralizm va relyativizm (lot. relativus - nisbiylik) o‘taketgan zamonaviylik oqibatida paydo bo‘layotgan xiraxondon hissiyotlar ostida qolib borayotgan kitobxon tanqisligi yuzaga kelmoqda.

Axborot kommunikatsiyalarining qudratli kuchi xususida 1960-yillardayoq amerikalik tanqidchilar qayd qilganidek, endilikda eng topqir yozuvchining ham gazetada bosilgan, televidenieda berilgan, internet orqali uzatilgan axborot bilan bellashishga qurbi yetmaydi, bu uning ko‘lidan ham kelmaydi. Gazeta, televidenie va internet xabarlari istalgan to‘qima va uydirmadan iborat bo‘lsa-da «shubhasiz to‘g‘ri», «mohirona ishlangan», odamlarda «kuchli taassurot qoldiradigan» yangilik bo‘lib bormoqda.

Darvoqe, XX asr oxirlashib qolgan bir paytda uning yana o‘z boshiga qaytganidan darak beruvchi alomatlar sezila boshlagandi. Ya’ni yuz yil burun aytilgan «G‘arb tsivilizatsiyasining poyoniga yetganligi» mavzusiga yana qaytildi. Frantsuz shoiri Sharl Bodlerning «Biz hammamiz go‘yoki abadiy dafn marosimida qatnashayotgandekmiz» mazmunidagi hikmatli so‘zlarini anglab olishga, mag‘zini chaqishga qaytganligimiz bilinib qoldi. Ayrimlari, J.Papini qalamiga mansub «Oxirgi odam», O.Shpenglerning «Yevropa zavoli», A.Blokning «Gumanizm halokati», P.Valerining «Ruh tangligi», E.Gusserlning «Yevropa odami va falsafasining tangligi» boshqa nomlar, ya’ni Romano Gvardini qalamiga mansub «Yangi zamon oxiri», Daniel Bellning «Mafkura intihosi», Rolan Bartning «Muallif o‘limi», Ixab Xasanning «Orfey halokati», F.Fukuyamaning «Tarix xotimasi va oxirgi odam», Semyuel Xantingtonning «Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi» bilan almashdi. Baribir ham, Zigmund Freyd aytganidek, shartli ravishda «madaniyat qanoatlanganligi» deb nom olgan tamoyil o‘zgarmasdan eskicha holida qolaverdi. Gap shundaki, ilg‘or g‘arb madaniyati o‘zi­ning liberalizm ruhidagi ideallariga sodiq qolib, kelajak loyihalarini tuzishni, tarixning u yoki bu «xato»larini tuzatishni davom ettirgani bilan, ayni vaqtning o‘zida, inson erkinligi muammosi bilan bog‘liq ziddiyatlar hal qilinmaganligi tufayli, baribir orqaga qaytishga majbur bo‘ldi.

Shunday qilib, XX asr modernizm adabiyoti ham xuddi XIX asr romantizm adabiyoti singari madaniy ma’no doirasiga aylandi, uning ichida g‘arb dunyosi qadriyatlari tanqidiy jihatdan tekshiruvdan o‘tkazildi. Ular jahon adabiyoti tarixida yashab qolishga, XX asr adabiyotida yalovbardor bo‘lishga loyiqmi yoki yo‘qmi – buni kelajak ko‘rsatadi.

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.