OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Xolbekov. Badiiy tarjima: muammo va yechim (2007)

Jahon sivilizatsiyasi tarixida XX asr tarjima asri degan nom oldi. Ming yillik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek tarjimachiligi ham o‘tgan asrda katta natijalarga erishdi, jahon adabiyotining shoh asarlari bilan xalqimizni tanishtirdi. Cho‘lponning Shekspirdan (“Hamlet”), Usmon Nosirning Lermontovdan(“Demon”), Oybekning Pushkindan(“Yevgeniy Onegin”), Erkin Vohidovning Gyotedan(“Faust”), Abdulla Oripovning Dantedan(“Do‘zax”), Qodir Mirmuhamedovning Homerdan(“Iliada”) qilgan tarjimalari adabiyotimiz tarixida muhim voqealar bo‘ldi.
Mustaqillik badiiy ijodning barcha jabhalari kabi tarjimaga ham keng yo‘l ochdi, tarjimonlarimiz uchun jahonga chiqish imkoniyati yaratildi. O‘tgan o‘n olti yil ichida ijodning tasviriy san’at, musiqa va qo‘shiq turlari bo‘yicha jahon maydoniga chiqdigu, badiiy va tarjima asarlari yaratish borasida jahon adabiy jarayonida hali o‘rnimizni topolganimiz yo‘q. Tarjima amaliyotidagi ayrim yutuqlar(“Jahon adabiyoti” jurnali faoliyati)ni hisobga olmaganimizda, kitobxonni quvontiradigan yirik asarlar tilimizga tarjima qilinmadi. Tarjimashunoslarimiz so‘nggi yillari FITning Moskva(1993), London(1995), Gyottengen(1996), Melburn(1998) kongresslarida ishtirok etmadi, tarjimaning nazariy muammolariga bag‘ishlangan yirik monografik tadqiqotlar yaratilmadi.
Xayriyat, sevimli gazetamiz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” tarjima amaliyoti va tarjimashunoslik ilmidan bahs yurituvchi “Davra suhbati”ni uyushtirib, ijod va ilm ahlini sergak torttirdi.
“Davra suhbati”da O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining (adibning “Ramayana” dostoni, R.Byorns va Bayron ijodidan qilgan tarjimalari kitobxonlar yodida) “Biz ham rejali ravishda o‘zbek adabiyotining xorijiy tillarga tarjima etilishi mumkin bo‘lgan asarlari ro‘yxatini tuzib, Yozuvchilar uyushmasida muhokamadan o‘tkazib, ularning xorijiy tillarga tarjimasini moddiy qo‘llab-quvvatlashni so‘rab hukumatimizga murojaat qilishimiz lozim”, degan taklifi o‘rinlidir. Darhaqiqat, Frantsiya, Olmoniya, Angliya, AQSh, Hindiston elchixonalari o‘z faoliyatlarini boshlagan dastlabki yillardanoq yurtida mashhur bo‘lgan adiblar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirish, o‘zbek maktablari uchun ingliz, nemis, frantsuz tillaridan darslik va lug‘atlar yaratish tashabbusi bilan chiqqandilar. Ayniqsa, bu borada Olmoniya elchixonasi qoshidagi Gyote instituti, Frantsiya elchixonasi huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti va Viktor Gyugo markazlarining tashabbuskorlik faoliyatini olqishlamoq kerak. Masalan, Toshkentdagi Frantsiya elchixonasining qo‘llab-quvvatlovi bilan o‘tgan yillar ichida mashhur frantsuz adiblaridan Volterning “Zadig”, F. Moriakning “Ilonlar changalida”, Monteskyoning “Fors nomalari”, Le Klezioning “Mondo va boshqa hikoyalar” va Sharl Perroning “Ertaklar” kitoblari o‘zbek tiliga tarjima qilindi; o‘rta maktablar uchun “Frantsuz tili” darsliklari yaratildi. Ayniqsa, so‘nggi yillari taniqli frantsuz tilshunosi Rumi Dor rahbarligida yaratilgan “O‘zbekcha-frantsuzcha lug‘at” va “Frantsuzcha-o‘zbekcha lug‘at” muhim voqea bo‘ldi. Demoqchimanki, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari ham atoqli adiblarimizning asarlarini chet tillariga tarjima qilinib nashr etilishiga qiziqsalar, ishga xorijdagi adabiyotimiz ixlosmandlarini jalb etsalar, ko‘ngildagidek bo‘lardi. Elchixonalarimizning bu yo‘ldagi sa’y-harakati esa, munaqqid Suvon Meli ta’kidlaganidek, adabiyotimizning xorijda ham o‘z bo‘y-bastini ko‘rsata olishiga imkon yaratgan bo‘lardi.
“Davra suhbati” ishtirokchilari “Jahon adabiyoti” jurnali faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganlar. Bu — to‘g‘ri. So‘nggi o‘n yil ichida jurnal o‘zbek o‘quvchilarini jahon adabiyoti namunalari bilan tanishtirishda samarali faoliyat ko‘rsatdi. Shu o‘rinda atoqli adabiyotshunos va mohir tarjimon, ustoz Ozod Sharafiddinovning tashabbuskorligini ta’kidlab o‘tmoq joizdir. Bundan buyon sevimli jurnalimiz jahon adabiy jarayonida kechayotgan muhim o‘zgarishlar, avangard oqim va maktablar, tarjima amaliyoti va nazariyasiga doir maqolalarni ham o‘z sahifalarida e’lon qilib borsa ma’qul bo‘lardi. Jurnal o‘z nomi bilan “Jahon adabiyoti”, shunday ekan, u o‘z sahifalarida dunyo adabiyotida nom qoldirgan, bugungi adabiy jarayonda yalovbardorlik qilayotgan, qolaversa, adabiyot sohasida xalqaro Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan adiblar asarlarining asliyatdan tarjimalarini muntazam berib borishi darkor. Ba’zan biz o‘z vatanida tanilib ulgurmagan, jahon adabiyoti maydonida nomi chiqmagan yozuvchilar asarlarining tarjimalarini ham o‘qib qolamiz. Vaholanki, bugungi o‘quvchi, ayniqsa, talaba-yoshlar ingliz, frantsuz, nemis adabiyotilari klassik adiblarining, lotin amerikasi adabiyoti namoyandalari Xorxe Luis Borxes, Garsia Markes, Umberto Eko, Xulio Kortasar asarlari tarjimalarini o‘qishni istaydi. Qaniydi, jurnalda Gegel, Kierkegor, Nitsshe, M.Baxtin, R.Bart, Xose Ortega-i-Gasset, M.Haydegger, A.F.Losev va boshqalarning adabiyot, adabiy jarayon haqidagi fikrlari ham berib borilsa.
Yana bir gap. O‘tgan yili “Jahon adabiyoti” jurnalida o‘rta asr frantsuz shoiri Fransua Viyon, ingliz va amerika romantizm adabiyoti yalovbardorlari Jorj Bayron va Edgar Po ijodidan namunalar berildi. Asliyat va ruscha tarjima matnlaridan bexabar o‘quvchi yuqoridagi tarjimalarni o‘qib Viyon, Bayron, Edgar Po shunday yozgan ekan-da, deya ko‘nikma hosil qildi. Biroq bu tarjimalarni asl nusxa va ruscha tarjima matnlari bilan solishtirganimizda shoir-tarjimonlarimizning nechog‘li erkin harakat qilganliklarini, asl nusxadan naqadar uzoqlashib ketganliklarini kuzatamiz. To‘g‘ri, she’riyat tarjimasida tarjimon muallifning raqibiga aylanadi, degan gap bor. Lekin buni tarjimon ona tilida asl nusxa matniga hamohang she’r yozsa bo‘ldi, qabilida tushunmaslik kerak.
Edgar Poning “Buyuk Temur”(Tamerlan,1827) poemasi rus shoiri Valeriy Bryusov tarjimasida quyidagicha jaranglaydi:

Zakata sladkaya uslada!
Otets! ya ne mogu priznat,
Chtob vlast zemnaya — razreshat
Mogla ot pervoy kazni ada.
Kuda poydu za gordost ya
Chto sporit nam: slova pustыe!

Miraziz A’zam tarjima qiladi:

Taskin, jon taslimin
engillatolmas.
Otaxon, shu topda
yupatish nega?
Sizning bu, Yerdagi so‘zlar
kelmas bas
Jahannamning
odil jazolariga.
Bilaman, do‘zaxbop
takabburligim,
Qo‘ying, o‘git bermang,
meni ko‘p qiynab.

Jorj Bayronning “O‘ttiz olti yoshga to‘lgan tavallud kunimda” (On this Day  complete my Thirty-sixth year, 1824) she’ri Z. Morozkina tarjimasida bunday jaranglaydi.
            
Drugix ne vlastnыy volnovat,
Ya sam besstrasten doljen bыt
No i bez otklika, opyat
Xochu lyubit.

Tarjimon Abdul Hamid yuqoridagi satrlarni quyidagicha o‘girgan:
 
Kundan-kunga yaqin intiho,
Esar fasli xazon yellari
Qaro qabr kutar och, yuho,
Bag‘rimda tek armon unlari.

Shoir Miraziz A’zam tarjimani rus tilidan qilgan. Biroq Abdul Hamid she’rni qaysi tildan o‘girganini aytmagan. Har ikkala tarjima ham asl nusxa o‘rnidagi ruscha matndan naqadar uzoqlashib ketgani ko‘rinib turibdi. Biz, balki Abdul Hamid o‘z tarjimalarini asliyatdan qilganmikan, degan fikrga borib yuqoridagi to‘rtlikni ingliz tilidagi matn bilan solishtirdik. Biroq uning inglizcha matndan ham yiroqligi yaqqol ko‘rinadi. Inglizcha matnda ham she’r xuddi ruscha tarjimadagi mazmun va ko‘rinishga ega:

“This time this heart
should be unmoved,
Since others it hath
ceased to move:
Yet, though  cannot
be beloved,
Still let me love!

Xulosa shuki, endilikda bevosita asliyatdan tarjima qilishga o‘tmog‘imiz kerak. O‘tgan asrning so‘nggi choragida ilk bevosita tarjimalar paydo bo‘lgandi. Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” va B.Apitsning “Qashqirlar changalida” romanlari Yanglish Egamova, “G‘arbu Sharq devoni” Sadriddin Salimov, Viktor Gyugoning “Sharq kuylari” to‘plami Sharofat Botirova tomonidan bevosita tarjima qilingandi. Shoirlarimiz Jamol Kamol va Abdulla Sher ham Shekspir va Bayron dramalarini tarjima etishda asliyatdan imkon qadar foydalanib ish ko‘rgan edilar. XX asrga qadam qo‘ygan ekanmiz, bu boshlangan xayrli ish juda sust kechayotgandek nazarimizda. Vaholanki, tarjimashunos Zuhriddin Isomiddinov so‘zi bilan aytganda, chet el adabiyotidan tarjima qilish eng avj oladigan zamon keldi.
Davra suhbati ishtirokchilari ikkitilli lug‘atlar va tarjima amaliyotiga doir darslik hamda qo‘llanmalar tanqisligi haqida aytgan fikrlar ham tilshunos olimlarimiz faoliyati bilan bevosita bog‘liq, deb o‘ylayman. Ingliz, nemis, frantsuz tilshunosligi bo‘yicha respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida leksikografiya (lug‘atshunoslik) sohasining bilimdonlari ham bor. Biroq so‘nggi yillarda professor Qudrat Musaevning “Tarjima nazariyasi asoslari”(2005) darsligini, professor Jamoliddin Bo‘ronov tahriri ostida chiqqan “Inglizcha-o‘zbekcha lug‘at” (2001) va professor M.Umarxo‘jaev rahbarligida yaratilgan “Nemischa-o‘zbekcha frazeologik lug‘at”ni hisobga olmaganimizda, boshqa yirik hajmdagi lug‘at yoki darslik yaratilmadi. Oliy o‘quv yurtlarida hamon V.K.Myuller (“Anglo-russkiy slovar”), K.A.Ganshina (“Frantsuzko-russkiy slovar”) va O.I.Maskalskaya (“Nemetsko-russkiy slovar”) rahbarligida tuzilgan yirik hajmli lug‘atlar ingliz, frantsuz, nemis tillarini o‘rganish va o‘rgatishda asosiy manba vazifasini o‘tab kelmoqda.
Yozuvchi Omon Muxtor va munaqqid Suvon Meli o‘zbek adabiyoti salaflari Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Oybek asarlarining jahon tillarida mukammal tarjimalari yo‘qligi haqida kuyinib aytganlar. Haqiqatan ham, “milliy adabiyotimiz dahosi Alisher Navoiy ijodini jahon badiiy va ilmiy kontekstida o‘rganish payti keldi”(Suvon Meli). Bu ishni esa xorijiy tillarni mukammal biluvchi tarjimon hamda navoiyshunos olimlar ishtirokidagina amalga oshirish mumkin. Darvoqe, hazrat Navoiy “Xamsa”si ham o‘tgan asrlarda Homer, Firdavsiy, Rustaveli, Dante, Servantes, Rable, Shekspir, Gyote va Pushkin asarlari singari jahon tillariga xo‘b va ko‘p tarjima qilinganda edi, bobokalonimiz asarlari ham dunyoga keng yoyilgan bo‘larmidi. Masalan, gruzin shoiri Shota Rustavelining jahon adabiyoti maydoniga chiqishida akademik Sh.I.Nutsubidzening xizmati katta bo‘lgan. Olim shoirning “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonini gruzin tilidan ruschaga qoyilmaqom tarjima qilish bilan birga, o‘zining “Shota Rustaveli i Vostochnыy Renessans” nomli mazmundor monografiyasini ham nashr ettirgan edi. Meningcha, ishni dastlab hazrat Navoiy shaxsiyati va badiiy merosi bilan jahon adabiy jamoatchiligini yaqindan tanishtirishdan boshlamoq lozim. Buning uchun, avvalo, V.V.Bartold, Ye.E.Bertels, V.Zohidov, H.Sulaymon, S.N.Ivanov, A.Hayitmetov singari olimlarning Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan tadqiqotlarini ingliz, nemis, frantsuz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilib, nashr ettirmoq kerak. Zero, xorijda ham hazrat Navoiy merosining badiiy qimmati va mohiyatining tub ildizlarini tushunib yetsinlar.
Yana bir masala. “Davra suhbati”da tilshunos Abbos Irisqulov ta’kidlaganidek, “universal, hamma janrni bir xilda puxta biladigan, bu janrlardagi asarlarni professional darajada tarjima qila oladigan tarjimon”ning yetishib chiqishi mumkin emas. Bas, shunday ekan, tarjimon va tarjimashunoslarni asosan ikki yo‘nalishda: badiiy va kasbiy(aniq) tarjima(ilmiy-texnik matnlar tarjimasi, sinxron tarjima, tilmoch va hokazo) ixtisosligi bo‘yicha tayyorlashga e’tiborni qaratmoq lozim. Respublikamiz universitetlarining filologiya fakultetlarida birinchi yo‘nalish (filologiya dasturi), Jahon tillari universiteti, Samarqand chet tillar va Andijon tillar institutida esa ikkinchi yo‘nalish(lingvistika dasturi) bo‘yicha tarjimon va tarjimashunoslar tayyorlashga kirishmoq maqsadga muvofiqdir.
“Mana, yangi XX asrning ilk yillaridamiz. O‘jar bir savol ko‘ndalang turadi: yangi asrda o‘tgan asrda egallangan cho‘qqilarni egallay olamizmi... Vaholanki, egallangan cho‘qqilarni qayta egallash u qadar zavq bermaydi. Vazifa — shu yuksaklikka tayangan holda yangi cho‘qqilarni zabt etish”, deb yozadi adabiyotshunos Suvon Meli. Darhaqiqat, bu ijodiy muvaffaqiyatlarga erishuvda tarjimaning o‘rni naqadar biqiyosligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Qolaversa, bugungi kunda tarjima tillararo va madaniyatlararo kommunikatsiyaga kirishuvning asosiy omillaridan biridir. Bir so‘z bilan aytganda, “tarjima millatni jahonga tanitadi”, xalqaro globallashuv jarayonida bevosita ishtirok etishimizga keng yo‘l ochib beradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 29-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.