OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murod Jo'ra. “He... bratishka, qalaysan?” (2006)

Yoki bugungi sotilayotgan daftarlarning ahvoliga nazar
Yangi o‘quv yili arafasida zarurat tufayli Toshkentga borishga to‘g‘ri keldi. “Qo‘yliq” buyum bozori tashqarisidagi maydonchada “Maktab bozori” tashkil etilibdi. G‘oyat aqlli tadbir bo‘libdi. Kuniga bozorga kelib ketuvchi minglab, ehtimol o‘n minglab xaridorlar maktabga boradigan bolalari uchun uyga qaytayotib shu yerning o‘zidayoq maktabga zarur narsalarni xarid qilinyapti.
Rang-barang bezatilgan kitob-daftaru qalam-ruchkalarni va boshqa yuzlab nomdagi o‘quv buyumlarini olmasangiz ham qiziqib tomosha qilasiz.
Mening e’tiborimni tortgan narsalar judayam chiroyli ishlangan umumiy daftarlar bo‘ldi. Muqovasi chet elda chiqarilgan jurnal yoki otkritkani eslatadi. Asosan o‘zimizda, Turkiya va Rossiyada ishlab chiqarilganlari ham bor ekan. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” deb yozilgan umumiy daftarlar muqovasi asosan biz kuniga televizorda bir necha marotaba ko‘radigan yoki radiodan ovozini eshitib turuvchi estrada yulduzlarining suratlari bilan bezatilgan. Eng qizig‘i, muqovaning 4-sahifasida siz ushbu estrada qo‘shiqchisini yaxshi tasavvur qilishingiz uchun uning bitta qo‘shig‘i matni ham berilibdi. Jumladan, Sardor Rahimxon, Shohruh va Shahzoda, Sharof Muqimov, Rayxon, yana Shahzoda, Shoxrux...
Hammasi esimga kelmadi. Estrada osmonida paydo bo‘lgan, men bilgan va hali bilmagan yulduzlar ham ko‘p ekan degan fikr o‘tdi miyamdan.
Ajab emaski, bugun maktabda o‘qiyotgan talabalar orasidan 4-5 yil o‘tib, muqovadagi qo‘shiqlar ta’sirida o‘nlab, balki yuzlab yulduzlar chiqsa.
Sizga ma’lum bo‘lsa kerak, biz qo‘shiqni, ayniqsa, estrada kuyiga jo‘r bo‘lib kuylanayotgan qo‘shiqni ting­layotganimizda qo‘shiq ma’nosiga ko‘p-da e’tibor beravermaymiz. Bizni ko‘proq musiqa va kuylanayotgan qo‘shiq ohangi jalb etadi. Mana endi umumiy daftar sotib olib, uning muqovasidagi matndan qo‘shiqning nima haqdaligini bemalol o‘qib olish, o‘quvchilar esa uni yodlab olib xirgoyi (darsda emas, albatta, tanaffusda) qilishlari mumkin.
O‘sha kuni bozorda sotilayotgan umumiy daftar muqovasining so‘nggi betida yuqorida nomlari keltirilgan xonandalarning “Ishonmasman”, “Kim, ayt”, “Netay”,  “Yodingdami?” va boshqa qo‘shiqlari berilgan.
Ayrimlari lotin, ba’zilari kirill alifbosida chop etilgan matnlarning shriftlari shu qadar turli-tumanki, birini lupa bilan o‘qish mumkin bo‘lsa, boshqa birini ko‘zoynaksiz bemalol o‘qisa bo‘ladi.
Ko‘zoynaksiz o‘qisa bo‘ladigan matnlardan biri Rayhonaning “Yodingdami?” deb nomlangan qo‘shig‘i edi. Garchi, qo‘shiqchining nomi lotincha harflar bilan yozilgan bo‘lsa-da, qo‘shiq matni kirill alifbosida yozilgan.
Qiziqib o‘qiy boshladim:
“Ming afsus hamma aytgan
                  suzlaring
aldab meni sozligicha
                  qoldi umrbod
shahlo kuzlaring
xayotimni kildilar barbod
Shildiragan tinik
                            bulokdan men
Seni deb chankoq bosmadim
Aldamagin desalar
                      yonib karamadim
                  kuloq osmadim
Yodingdami, tunlarimda
                       oy bulib mening
Yodingdami, yularimni
                      yoritmokchi yeding
Yodingdami, kunduzinda
                          bulib kuyoshim
Yodingdami, jamolimda
                 xop tuymokchi yeding”
Men to‘rtta verguldan boshqa tinish belgisini topa olmagan, o‘zbekcha h, o‘, q, e harflarining daragi ham bo‘lmagan, imloviy va grammatik xatolar to‘lib ketgan matn bosilgan ushbu daftarni o‘zini bilgan odam maktab ostonasidan ham olib o‘tmasligi kerak deb hisoblayman. Qo‘shiqning mazmuni haqida gapirish esa ezmalik bo‘ladi, xolos.
Xonanda Shoxrux ijro etgan qo‘shiq matnini o‘qib ko‘rdim.
Siz ham bir o‘qib ko‘ring:
“He Sarvar bratishka qaleysan?
O baratan tinchmi?
O’y salom qani???
Sekin-sekin de oka...”
Xullas, qo‘shiqning qolgan qismida ham bundan aqlliroq (mazmunliroq) gap topa olmaysiz.
Bu umumiy daftarlarni ishlab chiqarganlar nima uchun aynan shu qo‘shiqlarni muqovada chop etishgani meni xo‘p o‘ylantirdi. Ammo biror jo‘yali sabab topolmadim.
So‘nggi yillarda ma’naviyat haqida gapiraverib, ushbu so‘zning ham siyqasini chiqarib yubordigov. Ma’naviyat tushunchasini har kim o‘zicha talqin etib, tushuntiradi, izoh beradi. Ammo, negadir hech kim ma’naviyat so‘zining o‘zagi “ma’no” so‘zi ekaniga e’tibor berganini eshitganim yoki o‘qiganim yo‘q. Ehtimol, ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qiluvchi qo‘shiqlardagi ma’nosizlik, boshqacha aytganda bema’nilikning sababi shudir.
Yuqorida umumiy daftarlarning o‘zimizdan tashqari Rossiya va Turkiyada ishlab chiqarilganini ta’kidlab o‘tgan edim. Rossiyada ishlab chiqarilgan daftarlar muqovasida tabiat manzaralari, sportchilar, texnika vositalari — asosan avtomobillar aks etgan bo‘lsa, Turkiyadan keltirilgan umumiy daftarlarda asosan artistlar — Hollivud yulduzlari va o‘zimizning estrada qo‘shiqchilarimizning suratlari bosilgan. Turkiyada tayyorlangan ana shunday umumiy daftarlardan birining muqovasida qo‘shiqchi va akrtisa Britni Spirs surati bosilganki, uni o‘quvchilar odam anatomiyasi darsida ko‘rgazmali qo‘llanma sifatida foydalanishsa ham bo‘ladi.
Maktab bozorida 12 varaqli oddiy o‘quvchilar daftarlari ham sotilayotgan edi. Negadir bu daftarlar Rossiyada, Belorus va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan, o‘zimizda chiqarilgan 12 varaqli daftarni ko‘zim tushmadim. Chetdan keltirilgan o‘quvchilar daftarlarining muqovasi maktab nomi va raqami, sinf o‘quvchisining ismi, familiyasi fan nomi yoziladigan tarzda tayyorlangan bo‘lib, muqovaning 4-betida xal­qaro o‘lchov birliklari va karra-karra jadvali berilgan.
Bizning maktablarimizda bu ma’lumotlarga ehtiyoj yo‘qmikin?
Yaqinda bir oshxonada ovqatlanib o‘tirib, qo‘shni stoldagi to‘rtta xo‘randaning yegan ovqati haqini hisoblay olmay, 2 ta hamkasb dugonasini yordamga chaqirgan ofitsant qizning ahvoli yodimga tushdi. O‘rta maktabda o‘qib yurganida “men matematik bo‘larmidim” degan xayolda na ko‘paytirish jadvalini, na qo‘shish, ayirish va bo‘lish amallarini o‘rganmagan ofitsant qiz o‘shanda maktabda tuzukroq o‘qimaganiga ich-ichidan afsuslanganiga mening imonim komil edi. Ammo, so‘ngi pushaymondan foyda yo‘q-da!
Xullas, bu haqda gapiraman desam, gap keltiraman desam, misol ko‘p. Gapni qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, qilayotgan ayrim ishlarimiz, gapirayotgan gaplarimizga har doim mos emasday, nazarimda.
Murod JO‘RA
"Hurriyat" gazetasidan olindi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.