OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabijon Boqiy. Mo‘jizaga ishongan shoir (2006)

Shavkat Rahmonni eslab

Chamasi, 90-yillarning boshlarida endigina o‘rta maktabni tamomlayotgan to‘ng‘ich qizi Nodiraga shoir Shavkat Rahmon yetti moddadan iborat fikr-mulohazalarini rus tilida yozib qoldirgan. Nodira Diplomatiya universitetida o‘qishga qaror qilgani uchun ingliz tilini bosib o‘rganardi, darsliklar esa rus tilida edi. Shu bois Shavkat aka qiziga rus tilidan saboq berardi. Lekin hozir biz tarjimasini keltirmoqchi bo‘lganimiz fikr-mulohazalarni nima uchun aynan rus tilida yozganini, nega og‘zaki aytib qo‘ya qolmaganini bilmaymiz.

Yanglishmasak, qo‘shma korxona tuzish ilinjida idorama-idora yugurib yurib, qaysidir qabulxonada o‘tirib vaqtini behuda o‘tkazmaslik uchun “Ro‘yxat” orqasiga fikrlarini qoralab qo‘ygan bo‘lsa kerak. Mana, o‘sha qoralama (tarjimasi):
“1) Biz ko‘pdan buyon barcha yetishmovchiliklardan xalos etadigan qandaydir mo‘’jiza ro‘y berishini kutyapmiz. Vaholanki, eng baxtli onlarimiz o‘tmishga sho‘ng‘ib ketayotir.
2) Nahotki, inson turmushi muammolarini hal etib Insonni baxtli qilish mumkin bo‘lsa? Axir u Xudo yaratgan mavjudot, baxt esa mangu izlanishdir; inson ko‘z ilg‘amas ufqlarga, anglanmagan sir-sinoatlarga, nuri hidoyatlarga, o‘lmas go‘zallikka doimo talpinib yashaydi.
3) Hozirgi davrda barcha xalqlar sobiq siyosiy tuzum qoldirgan jarohatlarini ko‘rsatmaslik uchun bir-biridan yuz o‘girdi. Shunday paytda oniy soniyalarda g‘uncha bo‘lish, g‘uncha zabonida shivirlash qanchalar go‘zal!
4) 90-yillarning boshlarigacha davom etgan murakkab siyosiy va iqtisodiy hodisalar munosabati bilan dunyo buyuk sho‘ro saltanatining parchalanishini ochiq-oydin kuzatib turdi.
5) Har yili bahor kelishi bilan tuyg‘ularimiz yangilanadi, bahor tufayli hayot ham jozibador tuyuladi.
6) Yarim kechasi bepoyon binafsha osmonda, har xil yuksaklikda birdaniga no’malum nurlanish ro‘y berdi.
7) Asr boshidayoq safdoshlari: “Rossiyada emas, eng taraqqiy etgan kapitalistik mamlakatlardagina sotsializm barpo etish mumkin!” deb uni ogohlantirgan edi”.
Bu Shavkat Rahmonning 90-yillarning boshlaridagi fikr-mulohazalari. Shundan ham teran aql-idrok, bedor qalb nafasi sezilib turibdi.
Hozir Shavkat Rahmonni hamkasblari, tengdoshlari tez-tez eslab turadi. “Shavkat birdaniga dovdirab qoldi... Bunaqa bo‘lishini sira-sira kutmagan edi... Osmonlarga havoiy qasrlar qurishni yaxshi ko‘rardi, o‘zining go‘zal xayollari bilan yashardi. Xayol boshqa, hayot boshqa, afsuski, torta-tortlarga ko‘nika olmadi...”
Regarlik Erkin Shukur degan dovdirroq shoir ukaxonimiz bor, o‘zi “barlosman!” deb sal-pal maqtanishni kanda qilmaydi. Beg‘ubor yigit, halol — birovning haqqiga xiyonat qilmaydi. Ilgari Toshkentga tez-tez kelib turardi, Shavkat Rahmonning chinakam muridi edi.
— Mustaqillik bilan tabriklab ketay, deb Toshkentga kelsam, Shavkat akamni ishxonalaridan topa olmadim. Asqar akamdan so‘rasam: “Uyini remont qilyapti”, dedi. Uyiga izlab bordim. Borsam, balkon polining bo‘yog‘ini oyna sinig‘i bilan qirib tozalayotgan ekan. Yoz edi, issiq. Poldan quyuq chang ko‘tariladi, Shavkat akam o‘qtin-o‘qtin yo‘talib qo‘yadi, terlab-pishib ishlaydi. Yordamlashdim. Birpas “perekur” qildik. Shavkat akam gazeta parchasiga olti tiyinlik moxorkani o‘rab chekdi, og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarib: “Urush paytida partizanlar ham moxorka chekishgan”, dedi kulimsirab. Menga ham taklif qildi. Chekmayman, dedim. Chekishni o‘rganmaganman. Shavkat akam moxorka chekyapti-yu, buyoqda men quv-quv yo‘talayapman... Oxiri moxorkani o‘chirib kuldonga solib qo‘ydi. “Qoldig‘ini keyin chekaman”, dedi. Hayron bo‘ldim. “Prima” yoki “VT” cheksangiz bo‘lmaydimi, deb so‘radim. Miyig‘ida kulibgina qo‘ydi. O‘zim xijolat bo‘ldim, — deydi Erkin afsuslanib.
Shavkat Rahmon qanday yashayotganini yonida yurgan odamlar yaxshi bilmasdi. Har kim o‘zining g‘am-tashvishi bilan ovora edi. Shavkat aka esa o‘zining yog‘iga o‘zi qovurilib yurardi, keyingi paytlarda g‘alvadan boshi chiqmay qo‘ydi. “Bir guruh” ijodkorlar Markazqo‘mga, Bosh prokurorga arznoma yo‘llaydi:
“G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotining original va tarjima she’riyati bo‘limi ishidan norozimiz. Chunki mazkur bo‘limda tanish-bilishlik, oshna-og‘aynigarchilik juda avj olgan. Bo‘lim mudiri Shavkat Rahmon shoirlarga ijod mahsuli nuqtai nazaridan emas, shaxsiy munosabati yuzasidan muomala qiladi. Bu ahvol uning ish faoliyati birinchi kunidayoq namoyon bo‘la boshlagan edi... Noqonuniy yo‘l bilan o‘n ming so‘mlab davlat pulini o‘zlashtirgani uchun Shavkat Rahmonni jinoiy javobgarlikka tortilishini so‘raymiz. Sh. Rahmon Polsha shoirlarini tarjima qilaman, deb aldab 1988 yilda G‘. G‘ulom nomidagi nashriyotdan 2700 so‘m pulni yeb yuborgan. Biroq hanuzgacha tarjimadan darak yo‘q.
Sh. Rahmon nashriyotning she’riyat bo‘limini shaxsiy tomorqaga aylantirib olgan... Tanqidchi Ahmad A’zam ham Sh. Rahmonning Lorka, Himmens kabi shoirlarga taqlid etishini va ulardan turli variatsiyalar (taqlidiy she’r yasash, ohang o‘g‘irlash) yo‘li bilan she’r ko‘chirishini yetarli,  ishonarli dalil-isbotlar bilan matbuotda fosh etgan... Sh. Rahmon o‘z manfaatlari uchun mansabidan foydalanib boshqa ijodkorlarga ham ma’naviy, ham moliyaviy zarar yetkazganligi uchun ishdan chetlashtirilishini talab qilamiz...”
Qator imzolar qo‘yilgan: T. M. H. A. va boshqalar. “Va boshqalar” keyinchalik bu arznomani o‘qimasdan, aldov yo‘li bilan imzo chektirilganini, imzolar o‘ziniki emasligini maxsus “tushuntirish xati”da alohida ta’kidlab o‘tadi. Jumladan, shoir Sayyor (Xudo rahmat qilsin!) bunday tushuntirish beradi: “Men Shavkat Rahmon haqida yozilgan noqobil xatni ko‘rgan emasman va imzo chekkanim yo‘q. Avvalgi yil 7 oy shifoxonada bo‘ldim. Bu yil 5 yanvardan 27 fevralgacha kasalxonada edim. Bular isbot uchun yozilgan. Shavkat Rahmonni eng ajoyib o‘zbek shoiri deb bilib, qalbimni ato etishga doim tayyorman! Sayyor! (imzo)”.
O‘sha paytlarda yosh shoir bo‘lgan Shukur Sodiq esa: “Imzo meniki emas. Mening nomimdan imzo qo‘ygan shaxsni topib qattiq jazolanishini va jamoatchilikka ma’lum qilinishini qat’iy talab qilaman”, deydi.
“Tushuntirish xati” yozish borasida taniqli bolalar shoiri Qambar O‘taev (Qambar ota) original yo‘lni tanlagan: “Xatdagi hamma faktlar Shavkat Rahmon jinoyatlarini bir zarrasi xolos. Lekin, afsuslar bo‘lsinki, xatdagi imzo meniki emas”.
Yugur-yugur, mish-mishlar boshlandi. Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Adolat” komissiyasi (a’zolari: O. Sharafiddinov, N. Karimov, Sh. Usmonxo‘jaev) maxsus tekshirish o‘tkazib, quyidagicha xulosaga keladi:
“Sh. Rahmon bugungi o‘zbek she’riyatida “ochiq xat” mualliflariga qaraganda yuksak vakili sifatida ijod qilib kelmoqda. Undan g‘ayrli niyatda nuqsonlar axtarish samarasiz ishdir... Tekshirish shu narsani aniqladiki, uyushmaning bir guruh xodimlari, birinchidan, o‘zlarining g‘ayrli niyatlarini yashirib, “xalq manfaati yo‘lida” degan bahona bilan xat mazmunidan tanish bo‘lmagan ba’zi bir o‘rtoqlarga ham qo‘l qo‘ydirganlar; ikkinchidan, ularning Sh. Rahmonga qo‘ygan qariyb barcha ayblari yolg‘on faktlarga asoslangan; uchinchidan, ular o‘zlarining real asosga ega bo‘lmagan “ma’lumotlari” va “xulosalari” bilan Markaziy Komitetning yangi sarkotibini chalkashtirmoqchi bo‘lganlar”.
O‘sha ig‘vo xati munosabati bilan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ham maxsus komissiya tuziladi (a’zolari: Nizom Komilov, S. Azimova, X. Mansurova). Bu komissiya xulosasida diqqatga sazovor parcha bor: “Shikoyat mualliflari Sh. Rahmon Polsha shoirlarini tarjima qilaman deb 2700 so‘mni yeb yuborgan, biroq hanuzgacha tarjimadan darak yo‘q, deb da’vo qilishgan. Tekshirish natijasida bu da’voning ham asossiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Sh. Rahmon tarjimani o‘z vaqtida nashriyotga topshirgan, qo‘lyozma tahrirdan ham chiqqan. Ishlab chiqarish bo‘limiga topshirish arafasida Polshada siyosiy vaziyatning o‘zgarishi tufayli (“Birdamlik” kasaba uyushmasi Lex Valensa boshchiligida kommunistlarning yakkahokimligiga qarshi yalpi namoyishlar uyushtiradi, aksariyat shoir va yozuvchilar ularni qo‘llab-quvvatlaydi: N. B.) rasmiy tashkilotlar tomonidan kitob nashri keyinga surilgan. Qo‘lyozma tayyor holda redaktsiyada yotibdi”.
Bu ishga Toshkent shahar ichki Ishlar boshqarmasi BXSS boshlig‘ining muovini Sh. K. Karimov xulosasi uzil-kesil nuqta qo‘ydi: “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sh. Rahmonov o‘z vazifasini suiste’mol qilayotgani to‘g‘risidagi kollektiv shikoyat Toshkent shahar ijroqo‘mi UVD BXSS tomonidan o‘rganib chiqildi. Tekshirish natijasida Sh. Rahmonov o‘z vazifasini suiste’mol qilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi”.
Xo‘sh, Shavkat Rahmon nima uchun “yoppatalar” iskanjasiga tushib qoladi? Bu haqda o‘zi jo‘natilmagan xatida bunday deydi: “Ikki yildirki, Uyushma raisi atrofidagi g‘alamislar menga qarshi uyushtirayotgan tuhmatlar bo‘yicha matbuotga, tashkilotlarga, komissiyalarga tushuntirish xatlari yozaverib charchadim. Yuragimni ochib gapiray desam, biror plenum yoki majlisda so‘z ololmadim, maqolalar yozdim — bosilmadi. Imonimni o‘rtaga qo‘yib aytamanki, bu bedodlikning ildizi 1987 yilning 1 oktyabriga borib taqaladi. O‘sha kuni o‘tkazilgan Yozuvchilar uyushmasining tashkiliy plenumida demokratik saylov printsiplari buzildi. Biz — bir guruh adiblar o‘shanda saylov tartibiga, qolaversa, demokratiyani xo‘rlagan ba’zi rahbarlarga qarshi chiqqan edik. “Menga qarshi ovoz berganlarga tazyiq qiladigan bo‘lsam, uch oydayoq ariza berib ketaman”, degan rais bir oy o‘tar-o‘tmas va’dasini buzdi. Shaxsan meni chaqirib suhbatlashganda o‘z fikrimda qolganim uchun: “Biz ham siz bilan boshqacha gaplashib qo‘yishimiz mumkin”, degani esimda. Keyinroq “boshqacha” gaplashib qo‘ydi ham...”
Darhaqiqat, “Yosh leninchi” (1987 y. 20 oktyabr), “Qishloq haqiqati” (1988 y. 30 yanvar) gazetalarida Shavkat Rahmonga qarshi maqolalar uyushtiriladi. Keyin yillar davomida tuhmatlar davom etaveradi. Shoirning toqati toq bo‘ladi, sillasi quriydi. Oxir-oqibat moxorka chekib, uyini o‘zi remont qilishdan boshqa mashg‘ulotga aralashmay qo‘yadi.
“G‘am-anduh odamni kasal qiladi”, deydi bitta akamiz. Tomchi toshni yoradi...
Bir kuni Shavkat Rahmonni eslashib o‘tirganimizda yozuvchi do‘stimiz bunday dedi: “Shavkat aka yakkalanib qoldi, atrofida haybarakallachilari yo‘q edi. U o‘zini himoya qilishni bilmasdi, shuning uchun unga osilishardi. Boshqasiga osilsa, yuziga chang solardi; bittasi tevaragiga shogirdlarini to‘plab qo‘rg‘on yasab olgan edi; yana bittasi hammaga birdek “lyubimchik” edi. Ularning ichida eng to‘g‘riso‘zi, so‘zi bilan amali bir xil bo‘lgani Shavkat aka edi...” Bu voqealarga ham ancha yil bo‘ldi.
Kuni kecha shoirning vatani O‘sh shahrida Shavkat Rahmon tavalludining 55 yilligi tantanali ravishda nishonlandi.
Mustaqillik yillarida Prezident Farmoni bilan unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berildi.
Muhimi — shoir xotirasi ardoqlanayotgani emas, muhimi — shoir she’riyatining barhayotligidir. Qolaversa, Shavkat Rahmon tavallud kunlarini nishonlashni yoqtirmasdi. U mayda-chuyda gaplardan doim yuqori turardi (maqola boshida keltirganimiz fikr-mulohazalar ham buni isbotlab turibdi).
Shavkat Rahmon mo‘’jizaga ishonardi, Istiqlolni u mo‘’jiza deb bilardi...
Shoir hamon ezgu tilaklarini izhor etayotir:
“Osmonday dalani to‘ldirib nurga
bebaho tilsimlar o‘stirgan do‘stim,
yuz ming yelkalarim,
yuz ming qo‘llarim,
yuz ming yuraklarim seniki bo‘lsin”.
Nabijon BOQIY
"Hurriyat" gazetasidan olindi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.