Sayohatda gap ko‘p. Sayohat insonning qulfi dilini ochadi, bilmaganlarini bildiradi, ayni paytda ongi, tushuncha doirasini kengaytiradi. Shu bois tafakkuri, fe’li keng, fazilatli insonni xalqimiz «dunyo ko‘rgan odam” deydi. Pokiston Islom Respublikasida uzoq muddatli xizmat safarida bo‘lganimda (1994-1997 yillar) sayohatning bu hikmatiga yana bir bor imon keltirdim.
Gap shundaki, Pokiston poytaxti Islomobodda har 2-3 oyda dam olish kunlari diplomatik korpus vakillari uchun turli-tuman sayohatlar tashkil etilardi. Bu tadbirlarning tashkilotchisi Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bo‘lib, mamlakatning taniqli tarixchi olimi, yirik jamoat arbobi, professor Ahmad Hasan Doni gidlik vazifasini bajarardi. Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha bu jonkuyar olim o‘z yurti har bir go‘shasi, tarixiy obidalari haqida zavq-shavq bilan so‘zlab berardi.
Islomoboddan unchalik uzoq bo‘lmagan Taxsila shahridagi sobiq Angliya gubernatori qarorgohi, Budda yodgorliklari, mamlakat Shimoliy-G‘arbiy (Sarxat) provintsiyasiga qarashli Abbatobod, Mansehra shaharlariga, xususan, Mansehradagi Sayyid Hamadoniy (asli ko‘loblik, Najmiddin Kubroning shogirdi, hozirgi Pokiston hududi va Kashmirda Kubraviylik tariqatini targ‘ib qilgan mashhur alloma, qabri Xatlonda N. G‘.) xotirasiga qurilgan maqbara majmuiga qilgan sayohatlarimiz ana shunday ko‘ngilli va taassurotli bo‘ldi.
Navbatdagi yana bir sayohatimiz Islomoboddan 100 kilometr chamasi uzoqlikda bo‘lib, Nathiagali deb ataladigan go‘shada edi. U Pokistonda mashhur Mari kurort zonasi tomonda, Kashmir o‘lkasiga tutash, Marg‘ala tog‘ tizmasining cho‘qqisida, bulutlar makonida ekan.
Sayohatga boruvchi guruhimiz katta: bolalar, tibbiyot xodimlari, turli idoralar xizmatchilari ham anchagina. Oltita o‘rtacha kattalikdagi avtobuslarga joylashib, Mari tomon yo‘lga chiqdik.
Marigacha bo‘lgan 35-40 kilometrlik yo‘l bizga tanish edi. Chunki undan bir necha bor yurib, Marida uyushtirilgan ko‘p tadbirlarda ishtirok etganmiz. Yo‘l xalqaro standartlar maqomida qurilgan: barcha imkoniyat va qulayliklarga ega. Shu sabab bu masofani ko‘z ochib-yumguncha bosib o‘tdik.
Lekin Maridan Nathiagaligacha bo‘lgan qariyb 60 kilometrlik yo‘lning ishkali ko‘p ekan. Yo‘l uzoq muddat davomida g‘oyatda og‘ir tabiiy sharoitda mashaqqatli mehnat evaziga ochilgan bo‘lib, yaqin o‘rtada chala-yarim ishga tushirilgan. Shu sabab u toshloqlikdan iborat, asfalt yotqizishga ulgurilmagan, yo‘l chekkasida xavfsizlik to‘siqlari yo‘q. Yo‘lning eniga faqat bir transport sig‘adi. Mabodo, qarshi tomondan avtobus u yoqda tursin, otliq yoki eshak mingan yo‘lovchi kelib qolsa ham bizning avtobuslarimiz to‘sig‘idan o‘ta olishi amrimahol. Buning ustiga Marigacha bo‘lgan yo‘l qirliklar, tog‘ yonbag‘irlaridan o‘tgan bo‘lsa, endigi yo‘limiz g‘oyatda ilonizi, balandga qarab tik ko‘tarilib ketgan edi.
Bu yo‘lga tushishimiz hamon avtobuslarimiz tezligini keskin kamaytirdi: og‘ir yuk tortib kelayotgan singari zo‘riqib balandga «emaklay» boshladi. Yon tarafimizda tog‘ xarsanglari «devor” bo‘lib turibdi, chapda esa xuddi jahannamning o‘zidek — tubsiz jarlik. Yon-verimizda inson zoti yashashi mumkin bo‘lgan hatto biror kapa ham yo‘q...
Yo‘l bo‘ylab cho‘zilgan pastu baland daralar qalin archa daraxtlari bilan qoplangan taygani eslatardi. Daraxtlar g‘oyatda tig‘izligidan archalar osmon tomon tik o‘sgan. Ayrimlarining bo‘ylari ilonizi yo‘ldan 2-3 halqa yuqori ko‘tarilsangiz ham siz bilan birgalikda cho‘zilib ketaveradi.
Shu zayl balandga qarab ko‘tarilib boryapmiz. Onda-sonda yo‘l quruvchilari, tog‘ muyulishlarida tik qotib chest berib turgan politsiya xodimlari ko‘rinib qoladi. Avtobusda keta turib, iloji boricha, yo‘lning chap tarafiga qaramaslikka harakat qilamiz. Lekin ba’zan buning ilojiy bo‘lmay qoladi. Bexosdan ko‘zimiz jarlikka tushsa bormi, yuragimiz orqaga tortib, vujudimizni sovuq bir hissiyot chulg‘ab oladi. Shunda beixtiyor nimaga ham shu safarga chiqdim, degan afsus xayolingizdan o‘tadi. Lekin so‘nggi pushaymon o‘zingga dushman, dadil bo‘lish kerak, sabrning tagi oltin, deyman o‘zimga o‘zim.
Darvoqe, ko‘p o‘tmay ermak ham topildi. Chap yonginamizda yo‘l chetiga taqalib kelayotgan daraxtzor shoxlarida maymunlar to‘dasi paydo bo‘ldi. Balandga ko‘tarilganimiz sayin ularning to‘dalari ko‘payib, hash-pash deguncha avtobuslarimiz maymunlar qurshoviga kirdi-qoldi.
Maymunlarni hayvonot bog‘larida ko‘rgan boshqa-yu, tabiiy sharoitda ko‘rgan boshqa ekan. Birovi kulrang, birovi qora, yana birovlari sarg‘ish, ko‘kimtir, olachipor, xullas turli-tuman tusda. Katta-kichik, qosh-ko‘zlari chimirilib, o‘zini vazmin tutib turgan «mo‘ysafid”laridan tortib yaqindagina dunyo yuzini ko‘rgan jajji maymunchalargacha — hammasi jamuljam bo‘lib, bizga qarab termuladi. Go‘yo biz ularni emas, ular bizni tomosha qilayotganday.
So‘ng, kutilmaganda, maymunona o‘yinlar boshlanib ketdi. Birovi dumi bilan shoxga osilib “uddaburroligini”ko‘rsatsa, birovi bir qo‘lida shoxdan shoxga sakrab, ayni paytda ikkinchi qo‘li bilan boshini qashlayapti. Yana birovi mushtdekkina farzandini bag‘riga bosib, bolasiga bo‘lgan mehrini ko‘z-ko‘z qilsa, boshqalari uzun-qisqa qiyqiriqlar bilan shoxdan shoxga sakrab, bir-birlarini quvlashar, ayrimlari esa bizga qarab basharalarini bujmaytirib, allaqanday harakatlar qilardilar. Bizni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, betartibdek tuyulgan tomosha «mo‘ysafid” maymun tomonidan doimiy nazoratda bo‘lib, u qavmining bu harakatlaridan bir daqiqa ham ko‘z uzmay, jiddiy kuzatib turardi.
Maymunlarning yo‘l bo‘ylab «tsirk» tomoshalari anchagacha cho‘zildi. Bundan, ayniqsa, bolalarning xursandligini aytib ado qilib bo‘lmasdi. O‘zimiz ham yo‘l boshida chirmashgan tundlikdan chiqib, ruhimiz tetiklashdi, oldingi xafaqonlik o‘rnini dadillik va xursandchilik egalladi.
Xursandchilik xursandchilikni yetaklab keladi, degan naql to‘g‘ri ekan. Maymunlar «bazmi»ni ortda qoldirishimiz hamono boshqa bir g‘aroyib tabiiy hodisaga duch keldik. Endi avtobuslarimiz shundoqqina yo‘limiz sathida suzib yurgan pag‘a-pag‘a bulutlar to‘dalari ichiga kirib bormoqda edi.
Momiqdek oppoq bulut parchalari goh u yonimizdan, goh bu yonimizdan sizib oqib o‘tar, avtobus oynaklaridan qo‘l cho‘zib ularni hatto ushlab olish mumkin edi. Bu ish, ayniqsa, bolalar uchun g‘oyatda zavqli ermak bo‘ldi. Biroq bolalar harchand harakat qilmasinlar, ushlab qololmas, bulut parchalari ularning panjalari orasidan sekin sizib chiqib ketar edi.
Yo‘ldagi manzara va tomoshalarga mahliyo bo‘lib, manzilga yetganimizni bilmay qolibmiz. Baland shoti-narvon zinalarini bir-bir bosib, lik etib tomga chiqqandik, avtobusimiz tep-tekis maydonga ko‘tarildi-yu, to‘xtadi. Nathiagali deb nomlangan ulkan plato shu yerdan boshlanar ekan. Erta tongdan beri 2,5-3 soat jonimizni hovuchlab tepaga tirmashib, nihoyat tep-tekis maydonlikka yetib kelganligimiz hammamizni quvontirdi, baralla qarsak chalib yubordik. So‘ng yana biroz yo‘l bosib, Sarxat provintsiyasi boshlig‘ining yozlik qarorgohiga kirib keldik.
Mezbonlar bilan salomlashib bo‘lganimiz hamon bizning kelishimizga shaylanib turgan etnografik badiiy guruh kontsertiga taklif qilindik. Kontsert dasturi tarixan shu atrofda yashagan tog‘lik el-elatlar kuylari, qo‘shiqlari, raqslaridan tashkil topgan, ijrochilarning kiyim-boshlari, pardoz-andozlari ham tarixiy o‘tmishni eslatar edi.
Qizlarning kiyimlari, ayniqsa, antiqa. Ajabtovur bichimdagi rango-rang uzun va keng ko‘ylaklar, ularga solingan xilma-xil kashtalar, bu yerlarda o‘sadigan mango va boshqa daraxtlar mevalari katta-kichik danaklaridan tizilgan uzun-qisqa turfa taqinchoqlar, qo‘l va oyoqlarni bezab turgan baldoqlar, qo‘yingki — barcha-barchasi biz tamoshabinlar ko‘z o‘ngida o‘sha atrof tog‘lik qavmlar obrazini jonlantirib turardi.
Musiqa sadolari har bir qo‘shiq yoki raqs mazmuniga qarab o‘zgaradi. Kuylar nisbatan uzunroq hamda ma’lum darajada bir maromda bo‘lsa-da, yoqimli edi. Yigit bilan qiz ijro etgan raqs va laparlar, ayniqsa, go‘zal. Xullas, 30-40 daqiqalik kontsert dillarimizga yoqib tushdi: ijrochi – artistlarni samimiy qarsaklarimiz bilan olqishladik.
Kontsertdan so‘ng erkin holda plato maydonini aylanishimiz mumkinligi aytildi. Hammamiz ikkita-uchta yoki oila-oila bo‘lib maydon oralab ketdik. Maydon keng, adog‘i ko‘rinmaydi. Daraxtlar siyrak. Shu sabab uzoq-uzoqlar ham ko‘z o‘ngingizda oynaday ko‘rinib turibdi.
Bizdan 10-15 metr naridan jarlik o‘tgan. Uning narigi tomoni Kashmir o‘lkasining yerlari ekan. Jarlikning tubi chuqur, eni esa tor bo‘lib, bir butunlikni shart bo‘lib turgan kesmaga o‘xshardi. Shu sabab, biz turgan yer, vertolyotda balandga ko‘tarilib pastga qarasangiz, ulkan bir tort yoki pirogning bir chekkasidan kesib qo‘yilgan parchasini eslatardi.
Bu yerlarni ko‘rib tabiatning biz bilmas sirlariga qoyil qolasan, kishi. Atigi 2-3 soat oldin surunkasiga xarsang toshlar, toshloqlar, qayroqlar iskanjasida yo‘l bosib kelgan bo‘lsak, endi tep-tekis va soz tuproq “to‘shalgan” ulkan maydon ustida turibmiz. Go‘yoki qaysi bir zamonda, kimlardir o‘sha zamonning afsonaviy samosvallarida bu yerlarga tuproq tashitganu, allaqanday qudratli buldozerlar oynadek tekislagan.
Butun atrof, jumladan qo‘shni Kashmir yerlari ham bir xil ulkan gilam to‘shalgandek ko‘m-ko‘k maysazor. Maysalar mayin, toza, bir tekis bo‘lib taralgan. Bizni hayron qoldirgan narsa yana shu bo‘ldiki, maysalar orasida birorta ham yovvoyi o‘t yo‘q. Pastda, vodiylarda, hatto kichkina maydonchalarda bunday toza maysazorni maxsus bog‘bon saqlab ham o‘stirish mushkul. Lekin, qarangki, bu yerda, baland platoda, ulkan maydonlarda bunday o‘ta injiq yumushlarni tabiatning o‘zi boshqarib borgan.
Bulutlar xususida shuni aytish kerakki, hali yo‘lda uchratganimiz bulutlar halvo ekan. Ba’zan boshimiz uzra, pastroq daraxt balandligida ola-bula bulutlar paydo bo‘ladi-yu, goh sepalab, gohida esa mashinadan suv sepganday yog‘ib o‘tib ketaveradi. Shu sabab havoda gard yo‘q, osmon tiniq. Quyosh “pastginada” charaqlab nur sochib turibdi.
Shu yo‘sin platoning sof havosidan chuqur-chuqur nafas olib turibmiz. Shu payt tushlik nonushtaga taklif etishdi. Bizga qolsa, tushlik ham qilmay sayr etgan ma’qul. Lekin bizning bu yerda bo‘ladigan vaqtimiz daqiqalarigacha o‘lchovli.
Xayriyatki, nonushta maydonning eng so‘lim joylaridan birida, ochiq havoda uyushtirilibdi. To‘rtta-to‘rtta bo‘lib stollarda joylashib tushlik qilyapmiz. Oyoqlarimiz ostida, stolimiz ustida yana o‘sha bulut “qayiq”chalari, ularga endi e’tibor ham bermaymiz. Lekin bir mahal qayoqdandir shimoliy muzliklarda uchraydigan bahaybat oq ayiqlardek bir bulut paydo bo‘ldi-yu, oyoqlarimizdan tortib bo‘yinlarimizgacha qoplab oldi; o‘tirgan stol-stullarimiz, yemish-ichimliklarimizni ham «yutdi-qo‘ydi”. Bulutlar ustida faqat to‘rtovlon — safardoshlarning boshlari liqillab ko‘rinib turardi. Go‘yo to‘rttalamiz ham dengizda cho‘milayapmizu, boshimizni suvdan chiqarib, gaplashib turibmiz. Aksiga olib, hadeganda bulut o‘tib ketmas, yer uzra imillab sudralib borardi. Nihoyat, o‘tib ketdi, qayta nonushtaga kirishdik.
Nonushtadan so‘ng qo‘l hunarmandligi san’ati, undan keyin Sarxat provintsiyasi hayotiga doir rasmlar ko‘rgazmalarini tomosha qildik. Shubhasizki, bu ko‘rgazmalarda namoyish etilgan eksponat va axborotlar bizda yaxshi taassurotlar qoldirdi.
Sayohatdan va bu yerda ko‘rganlarimizdan ko‘nglimiz ko‘tarilib, kayfiyatimiz chog‘. Buning ustiga bu yerga qadam qo‘yishimizdan hozirgacha maydonning bir chetida harbiy orkestr tinimsiz ravishda yoqimli marsh kuylarini chalib, kunimizga bayramona tus berib turibdi.
Shu asnoda orqaga qaytish vaqti ham yaqinlashdi. Qorong‘u tushmasdan Marigacha yetib borish maqsadida soat to‘rtlarda ertalabki tartib bo‘yicha avtobuslarimizga joylashdik va pastga qarab yo‘l oldik.
Barchamizning o‘yimizda pastga tushish osonroq bo‘lsa kerak, degan fikr hukmron. Lekin, qayoqda deysiz, bu ham yuqoriga ko‘tarilganday oson hunarlardan emas ekan. Harqalay, ertalabki tajriba va kun bo‘yi ko‘rganlarimiz qo‘l kelib, yaxshi kayfiyatda Islomobodga yetib keldik...
... Shundan beri 11 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Lekin to hanuz osmonda oq bulut parchalariga ko‘zim tushsa, o‘sha sayohatni eslayman...
Yana shuni aytishim joizki, shunday go‘zal tabiatli go‘shalarda yurgan chog‘larimda ham yurtimiz tuprog‘ini, havosini dildan o‘tkazib, yurakdan Vatan mehrini qo‘msaysan. Chindan o‘zimizning O‘zbekistonimizdek jannamakon yurt — olamda yo‘q. Men ko‘p yurtlarda sayohatlarda bo‘lib, anglab yetgan haqiqat shu bo‘ldi.
Naim G‘OYIBOV
"Hurriyat" gazetasidan olindi.