OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Tasavvurga dosh bersang bo‘ldi...

San’at tilsimlangan qo‘rg‘onga o‘xshaydi. Uning eshigi «sim-sim» degan kalitni topmaguncha ochilmaydi. Har qalay, tilsimlangan qo‘rg‘onning eshigini topguncha qancha qosimlar bu qo‘rg‘on oldidan o‘tib ketishgan. O‘tib ketishadi ham. Lekin ba’zi-ba’zida kimningdir och qolgan «tuyasi» o‘z sohibini beixtiyor eshik oldiga boshlab keladi. Biroq shunda ham eshikni faqat xayolparast Alibobo ochadi. Bitta ertak tilsimini ochish uchun bitta qahramon kifoya qiladi. Agar mazkur tilsimni hamma ham topaolganda edi, unda ertakning hech qanday mohiyati qolmasdi. Ertak esa mohiyatni tugun ichidagi tugunga yashirib qo‘yadi. Hamma ham tugunni yechishga hafsala qilavermaydi.
Mohiyat tassavvur chizig‘idan so‘ng boshlanadi. Uni topish uchun oldin «tassavvurga dosh berish» ham kerak bo‘ladi. Tasavvur – san’atning kirish eshigi. Bu eshikni topolmagan kishiga, har qalay, yer tugul, xazinani izlab topish osonroq. Qo‘lidan ketmon dasta hidi kelib turgan ijodkor san’at eshigini topish uchun «xarita» bilan «qazish»ning o‘zi kifoya desa, xato qiladi. «Qazish» – bu ter hidi. Tasavvur esa idrok, zakovat hididir. Bu hid hammaning ham dimog‘iga ufuravermaydi. Biroq faqat shu hidgina san’at ostonasigacha yetaklab boradi.
«...O‘lim qo‘rqinchlimas,
Faqat kechinmaga chidab bersang bas,
Faqat tasavvurga dosh bersang bo‘ldi...»
O‘limdan kuchlimikin tasavvur? Nega shoir «o‘lim» va «tassavvur»ni qiyosning ikki qutbiga joylashtiryapti? O‘lim tasavvurni o‘ziniki qila olarmikin? Tassavur esa o‘limni o‘ziniki qila oladi. Hatto uni ijodning vositasiga aylantirishi mumkin. Hazrat Navoiy Farhod, Shirin, Layli, Majnunni ajal qo‘liga topishirarkan, o‘limni o‘ziniki qiladi. Demak, tasavvur o‘limni yengadi. Moziy ham, kelajak ham tasavvur hosilasi bo‘lib ko‘z oldimizga keladi. Tassavvur – ilohiy qudratni his eta olishdir, bu san’atni tushuna va anglay olishdir. Shoir Faxriyorning ushbu kitobi oldingi «Ayolg‘u» to‘plamining uzviy davomi. Faqat oldingi kitobdagi ayrim she’rlarning ushbu kitobga kiritilgani bilanmas yoki shoirning navbatdagi kitobi chiqayotgani bilanmas bu uzviylik. Balki shoir bu safar ham «Ayolg‘u» dagi she’r, so‘z, obraz borasidagi o‘ziga xos qarashni mustahkamlaydi. Ya’ni bu marta ham shoir she’r ixlosmandlarining tasavvur chegaralarini buzishga harakat qiladi, to‘g‘rirog‘i, ularni shunga undaydi. Umuman, adabiyotga, obrazga, fikrga qarash dastlab bu haqdagi tasavvurni o‘zgartirishdan boshlanadi. Biz ko‘nikib qolgan she’rlar bir paytlar o‘z davrining tasavvurini buzgandi. Aslida, adabiyot yangilanmaydi. Tasaavvur, so‘zga, insonga, fikrga, go‘zallikka bo‘lgan tasavvur yangilanadi.
«Osmon yonboshlaydi hovuz chetiga...»
«Cho‘milayotgan oyni
tomosha qilgisi kelar osmonning...»
«Bahor bo‘yi qulday ishlagan chiroy
yozga yetmay qarib qoladi...
«...suv tekkan oy o‘chib qolar hovuz tubida...»
«Yana bir navro‘zga yetgan bobolar
sevinchdan yayrab
tushlarin dalaga qo‘yib yuborar...»
Metafora tushunchalarning tasavvurdagi uyg‘unligidir.
Tasavvurni yangilamay turib na metaforani, na so‘zni yangilab bo‘ladi. Tushunchalar voqelik turgan joyda faqat ismdir. Voqelik tasavvurga aylangach esa uning evrilish jarayoni kuchayadi. Tasavvur tushunchaga erkinlik beradi. Demak, tushunchalarni mujassam etayotgan tassavvur ham falsafaga daxldordir. Tushuncha yasharkan, tasavvurning mazmuni bor. Tushning dalaga qo‘yib yuborilishi voqelik nuqtai nazaridan eng mantiqsiz ifoda. Voqelikning mantig‘i tushunchalarni o‘ziga qul qilib qo‘yadi. Shu ma’noda tasavvur tushunchalar erkinligi hamdir. Tushda ko‘rilayotgan dala bilan dalaga qo‘yib yuborilgan tushning bunday paytda hech qanday farqi yo‘q. Bu yerda faqat tasavvur chizig‘ining makoni kengayyapti, xolos. Demak, tasavvur chizig‘i bu erkinlik chizig‘i, biz mantiqsiz deb o‘ylagan ifodaning mantiqqa aylanish chizig‘idir. Shu ma’noda tasavvur, Kamyu aytmoqchi, «absurd erkinlik» dir. Bu «erkinlik» anglanmas ekan, yuqoridagi satrlarning hech qanday mohiyati qolmaydi. Chunki bu yerda mantiq mantiqsizlik chegarasini buzib, mantiqsizlikdan mantiqqa aylanyapti. Biz xayol deb o‘ylagan va ko‘nikkan tushuncha so‘zlar qiyofasida voqelik tusiga kiryapti. Tasavvur mantig‘i mavjud mantiqni inkor qilaroq o‘z mantig‘ini, ya’ni o‘z mavjudligini ifoda etyapti. O‘z mavjudligini ifoda etish isyondir. Har qalay, Kamyu shunday deydi. Agar she’r o‘zining mavjudligini isbotlashga urinayotgan, tasavvurni yangilanayotgan ekan, demak, bu isyondir. O‘zini ifoda etmaslik qullarga xosdir. Qullik – o‘zini unutish, isyon – o‘zini tanitish. Tasavvufchilar buni boshqacharoq ifodalaydi: so‘fiylardagi o‘zini unutish qullikka dav’at emas, aksincha, o‘ziga, botinga tasavvurga qaytish sifatida talqin etiladi. Biroq har ikkala qarashda ham ayni holatni inkor etishga da’vat bor. Shu sababli san’atni tushunishdagi ikki xil nuqtai nazar alal-oqibat bir xulosa bilan yakun topaveradi. Hayotda ham, adabiyotda ham hech narsa yangi emas. Har qanday yangilik eskining takrori. Shu ma’noda «yangi adabiyot» iborasi unchalar mos ibora emas. Adabiyotmas, adabiyotdagi qarash yangilanadi. Yangi qarash yangi tasavvurni paydo qiladi.
«Oyna kabi shaffof shamol
yo‘lida uchragan
narsalarga urilib sinar.
Chumchuqlarga aylanar shamolning siniqlari
daraxtlarga qo‘nmoq uchun
yaproqlar o‘rniga...»
Bargsiz daraxt etsiz ustixonga o‘xshaydi. Daraxtning bor mazmuni uning meva va barg qilishida. Yalang‘och daraxt bilan yalang‘och odam o‘rtasida farq yo‘q. Shoir bu fayssizlikka qarshi isyon qiladi. Shamolni sindirib, barglar o‘rniga chumchuqlarni ekadi. Go‘yo shu bilan fayssizlikni yengganday bo‘ladi, shu bilan go‘zallikning kemtik joyini to‘ldiradi. Buni boshqacharoq qilib yaratish deyishadi. Inson o‘zi yaratgan go‘zallikdan zavq oladi. O‘zining tassavuridagi go‘zallikdan zavq oladi.
«Menga do‘st kerakmas dushmandan boshqa
muhabbat kerakmas nafratdan boshqa...»
Falati talqin. Qahramon biz ko‘nikkan she’riyatdagi kabi «menga do‘st kerak» deyotgani yo‘q. Qahramon do‘st o‘rnida dushman, muhabbat o‘rnida nafrat turishini talab qilyapti. Nega? Bu nigilizmmi yoki alamzadalik? Bu satr xalq ichdagi maqolga qurilgan so‘z o‘yiniga o‘xshaydi. Lekin gap so‘z o‘yini haqida emas. Fikr o‘yini haqida. Dushmanning do‘stga aylanishi, nafratning muhabbatga aylanishi dialektik jarayon. Bu yerda ham inkor qonunlari bor. Odamning o‘zi o‘ziga do‘st ko‘zi bilan qarashi fikr turg‘unligiga olib keladi. Dushman ko‘zi bilan qarasa-chi? Muhabbat qo‘yilgan tushunchalarga nafrat bilan qaralsa-chi? Nafratni his etmagan yoki nafratni o‘ziga singdirmagan muhabbat to‘la muhabbat emas, muhabbat haqidagi havasdir. Muhabbatning azobi va lazzati nafrat bilan to‘yingandagina biz voqelikni to‘laroq tasavvur etamiz. Muhabbatning nafratga aylanishi fojiadir. Fojia esa ruhni yangilaydi, qarashlarni o‘zgaritradi, yangi voqelikni yaratadi, eskini inkor qiladi, yangi tushunchalarga makon yasaydi. Odam ruhiyati koinot qadar keng ekan, undagi jamiki yangilanishlar, evrilishlar ayni shu jarayonning qutblarida sodir bo‘ladi. Tunning kun kabi, kunning tun kabi cheksizligi bu jarayondagi evrilishlarning bepoyonligi va abadiyligini ko‘rsatadi. Inson shu abadiylik ichida yasharkan, o‘ziga makon yasab olishga urinadi. Bu makon uning tushunchalari makonidir. Buni boshqacha ham ifodalash mumkin. Kamyu buni ijodkor dunyosi deb ataydi. Ijodkorning dunyosi o‘zini ifoda etish, o‘zini inkor etish orqali qayta kashf etish oqibatida paydo bo‘lgan tushunchalar va tassavvur olamidir. Har bir asar tasavvurning metofarsidir. Metafora fikrning badiiy ifodasidir. Fikr qilinayotgan metafora o‘zini izlayotgan idrokdir. Badiiyat his etiladimi yoki fikr qilinadimi? Sharq his etiladi deydi, G‘arbda fikr qilinadi deydi. Lekin hissiz fikr, fikrsiz his hech qachon badiiyat bo‘lolmagan. Bir-birini inkor etuvchi tushunchalar hamisha bir-birini to‘ldirib kelgan.

«...Shayton ham o‘zingsan, rahmon ham o‘zing...»
Shoirni bu yerda xohlagancha shakkoklikda ayblash mumkin. Bizning ko‘nikmamizda bir-biriga zid ikki qutbni bir-biriga nega qorishtiryapti? Bu isyondan maqsad nima? Biz maqsadni tushunguncha shoir hali tinib ulgurmagan mantig‘imiz ko‘liga boshqa bir tosh otib loyqalatadi.
«...Ajr arosatdir
jazo – arosat...
...mag‘zi butun bo‘lgan aqida
...toshbaqaning kosasiday bo‘m-bo‘sh yotibdi...»
Bu uchta muchal yoshiga yetgan aqlning xulosalari. Aql o‘tmish va kelajakning xarobasi ustida – shayton va rahmon bir qiyofaga kirgan joyda o‘tiribdi. Uni didaktika bilan aldab bo‘lmaydi. U mazkur xulosaga kelguncha barcha jarayonni bosib o‘tgan. Bosib o‘tgan yo‘lining xulosasi shu. Uning aynan shu xulosaga kelishining o‘zi isyon. Aql shu isyon bilan chegaralanadi. Uning boshqasiga qurbi yetmaydi. Atrof javonib do‘zaxiy manzara. Har bir tushunchada, har bir so‘zda tanazzul hidi bor. Aql bu tanazzulga taslim bo‘ldi. Zavq o‘ldi. Zavqsizlik esa jahannamdir. Muhit tanazzuli aqlni ham tanazzulga olib keldi. Dimog‘ida tanazzul kuyindilari hididan boshqa hid qolmadi. Lekin shuur bu tanazzul orasidan o‘zini qutqaradigan bitta so‘zni topib oldi:
«...Endi bu ko‘ngil
pushti kuyib ketgan bir mozor
G‘o‘ro‘g‘li maqsad
tug‘a olmay qiynalar...»

Ana shu bitta so‘z tassavurning yashab qolish imkoniyatini beradi va bir zamonlar xuddi shu nomdagi doston orqali xalq o‘zining idroki va ulug‘vorligini saqlab qolgani kabi tasavvur ham shu so‘z orqali o‘zi mavjudligini saqlab qoladi. Ko‘ngil va aql mozoristonida Go‘ro‘g‘li tug‘iladi. U tanazzulga mahkum jasadini tashlab, yuqoriroq ko‘tariladi.
«Uning bir istagi (Mayli qay kimsa,
Sha’niga nomaqbul so‘z aytsa, aytsin.)
Ko‘kdan tusholmagan biror-bir xumsa
She’riy zinalardan zaminga qaytsin...»
Bu tasavurning dastlabki bosh ko‘tarishi edi. U o‘zini qutqarishga ko‘kdan kimdir yoki nimadir tushadi deb umid qiladi. Umid zavqni tiriltiradi. Zavq esa xuddi shilliqqurtdek tasavvurga yopishib oladi. Zero, u tasavvursiz, uning ko‘zlarisiz yasholmaydi. Tasavvur esa endi tepadan kimdir tushishiga bo‘lgan umid bilan cheklanmaydi. Agar bu zinalardan kutgani tushmasa, uning o‘zi o‘sha zinalar orqali ko‘kka ko‘tariladi va shu yo‘l bilan o‘zini «mozoriston» hididan xalos qiladi. U endi bemalol o‘zi mozoriston ufunotida g‘arq bo‘lgan dunyoga qasdma-qasd o‘zi dunyo va go‘zallik yaratishi mumkin:
«Ko‘ksingni yoradi g‘am kurtaklari,
yonib yozging kelar jigarxun baytlar,
yurakni aldaydi ishq ertaklari...»
Yurak do‘zaxiy uqubatdan xalos bo‘lib, yangi ishq, yangi muhabbat, yangi isyon bilan to‘ladi. Tasavvur isyoni yangi so‘zni, yangi nomni, yangi matlabni yaratadi. Bu yaratishni biz soddagina qilib «iste’dod» deymiz... Faxriyorning ushbu kitobi she’riyatimizda o‘zini o‘zi inkor etib, o‘zini o‘zi kashf qilayotgan, she’r, so‘z haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirishga majburlayotgan iste’dodning paydo bo‘lganidan darak beradi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.