OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazzora Bekova. “Ibodatingga yangi oy bo‘lib xam…” (2008)

Alisher Navoiy Halloq qudratu salohiyati, sifatu siyratini Qur’oni karim oyatlari asosida ifodalagan bo‘lsa, olam go‘zalligini Sharq falsafasida keng o‘rin tutgan tasavvuf aqidalari, g‘oyalari zaminida talqin etadi. Shuning uchun hamd g‘azallarda Ollohni vasf qilish bilan bir qatorda, uning yaratuvchilik xususiyati ulug‘lanadi. Mutafakkir shoirning yaratish va yaralish to‘g‘risidagi falsafiy qarashlari mazkur g‘azallarda yuksak badiiy talqinini topgan. Bu mavzuga daxldor g‘azallarda Olloh mo‘‘jizaviy siymosi markaziy o‘rinda turadi. Jamiki mavjudotning go‘zalligiyu barkamolligi Haq jamoli latofatining in’ikosi tufaylidir:

Ibodatingga yangi oy bo‘libxam o‘ldi musalli,
Sipehr atlasidin solibonhavog‘a musallo.
Chu sandin o‘ldi quyoshpanjasi aro oltun,
Socharg‘a dog‘i sen ettinganga karam yadi tulo.

Qur’oni Karimning “Haj” surasi 18-oyatida: “(Ey Muhammad), Siz osmonlardagi va yerdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog‘lar, dov-daraxtlar va (barcha) jonivorlar hamda ko‘pdan ko‘p insonlar (yolg‘iz) Ollohga sajda qilishini ko‘rmadingizmi?” — deyiladi.

Yuqoridagi parchada ham Olloh ibodatiga xam bo‘lib, namoz o‘qiyotgan yangi Oy tasviri o‘z ifodasini topgan. Shoir bunda insonga xos xususiyatni Oyga ko‘chirib, tashxis san’atining ajoyib namunasini vujudga keltirgan. Oy go‘yo ruku’ga ketgan kishidek namoz o‘qimoqda, ko‘k atlasi esa unga havoda joynamoz vazifasini o‘tamoqda. Ushbu bayt shoir tafakkur olamining nihoyatda kengligidan dalolat beruvchi so‘z san’ati namunasidir. Navoiy yangi oy shaklida ohori to‘kilmagan tashbih namunasini yaratgan. Mumtoz she’riyatda ko‘pincha hilol ma’shuqaning kamon qoshiga qiyoslangan bo‘lsa, ulug‘ shoir unga yangicha yondoshish asosida ilohiy kitobga tayanib, Tangrining buyukligini yuksak nafosat bilan tasvirlashga muvaffaq bo‘lgan. Keyingi baytda ishtirok etgan quyosh timsoli orqali yana shunday go‘zal manzara chizilgan. Go‘yo Sening (Olloh nazarda tutilmoqda) marhamating tufayli quyosh panjasi oltin bo‘ldi, ya’ni Sen nur sochish uchun unga uzun qo‘llarni ehson qilding. Shoir quyosh nurlarini uzun qo‘llarga o‘xshatib, ularda mavjud bo‘lgan oltin rangni Ollohning inoyati ekanligini ta’kidlash bilan bunday yaratishga faqatgina qudratli, buyuk zot qodir ekanligini jonli misollar orqali badiiy tasvirlagan:

Zihi mazohir aromehri orazindur nur,
Quyoshdin o‘ylaki zarrotixayli ichra zuhur.
Vujuding ayladi kavnumakon vujudin fosh,
Hamul sifatki quyoshqildi zarrani mashhur.
Xirad gar a’mo esa gunohzoting ichra ne tong,
Quyoshni ko‘rmasa xuffoshbordurur ma’zur.

Go‘zal ko‘rinish aro ma’shuqaning quyoshvash yuzidan nur taraladiki, bu quyosh zarralari ichidagi nurlar guruhini anglatadi. Ko‘rinadiki, baytda ikki manbaning muvoziy qo‘llanilishi orqali badiiylik oshirilgan. Birinchi badiiy ishorani “mehri orazi”dan nur taratayotgan ma’shuqa ma’nosida talqin qilish mumkin. Uning yuzidan taralayotgan nur quyoshdan paydo bo‘layotgan zarrachalarday serjilodir. Ikkinchi baytdagi “Vujuding ayladi kavnu makon vujudin fosh” misrasi buyuk yaratuvchanlik xususiyatiga ega Zot haqidadir. “Kavnu makon” deganda borliq, butun olam, koinot nazarda tutiladi. Misrada Haq taolo vujudi koinot vujudining oshkor etgani, ya’ni bunyod qilgani haqidagi islomiy ta’limot o‘z in’ikosini topgan. Navoiy ilk baytda qo‘llagan uslubini davom ettirib, quyoshning xuddi o‘sha sifat bilan zarrani mashhur qilganligini Haq taoloning olamni vujudga keltirganiga yondosh qo‘llaydi. Bu esa, Ollohni vasf etish bilan birga quyosh sayyorasi vositasida koinotning yaratilishi to‘g‘risidagi ilohiy-falsafiy qarashni tasavvurga keltirish uchun zamin hozirlaydi. G‘azalning dastlabki baytidagi obrazni nazarda tutib, shoir ilohiy ishqni tarannum etmoqdami yoki majoziy ishqni, shaklida savol qo‘yish u qadar muvofiq emas. Chunki baytlardagi botiniy ma’nolar, ilk baytda qo‘llangan ma’shuqa jamoli vasfiga doir ishoralar inson va Xudo ishqi qorishiq kelayotganligi haqida muayyan qo‘nimga kelish imkonini beradi. O‘rinli e’tirof etilganidek: “Navoiy ishq nomi bilan insonni ulug‘lovchi ilohiy sirlarni tadqiq etadi, buyuk shoir tasviridagi haqiqiy ishq kechinmalari Inson va Xudo orasidagi ruhiy yaqinlik, birlik tuyg‘ularini ifodalaydi” (Haqqulov I.Tasavvuf va she’riyat. T, 1991). Ana shu ruhiy yaqinlik Navoiy g‘azallarida badiiy ifodasini topgan Ollohga daxldor lavhalar zaminida vujudga kelgan. She’riy satrlardagi tafakkur esa bekamu ko‘st yaratilgan olam va uning Bunyodkori xususidadir. Shoirning borliqqa mehri balandligi bois uning yaratuvchisiga ham sevgisi cheksizdir. Shu sabab Navoiy “Haq subhono taolo hamdi yo rusul alayhis-salom na’ti” yoki har ikkalasi “dalolat qilurdek bir amrdin har bir amrda bir lahza” muyassar bo‘lmoqlikni saodat deb biladi. Shoir ko‘zlagan maqsadiga Olloh madh etilgan yuqoridagi baytlar vositasida erishgan, deyish mumkin. Chunki uchinchi baytdagi Inson va Xudo orasidagi munosabat tasviri mutafakkir shoirning teran mulohazalari mahsulidir. Unda qo‘llanilgan quyosh timsoli baytda ilgari surilgan g‘oyani she’rxonga aniq yetkazish va misralar badiiyatini oshirish nuqtai nazaridan yuksak ahamiyatga molik. Navoiy: “Agar xirad (bilim ahli) ahlining ko‘zi ojiz bo‘lsa, gunoh zotning ichida bo‘lishi ajablanarlimas, chunki ko‘rshapalak quyoshni ko‘rmasa ham ma’zur bordir, ya’ni kechirarlidir”, — deydi. Bunda shoir xirad deganda insonni nazarda tutib, uning ko‘zi ojizligini Haqning sir-asrorlaridan voqif emaslikda deb biladi va buni gunoh sanamaydi.

Ikkinchi baytda ifodalangan ko‘rshapalak va quyoshga doir lavhalar o‘shanday mayldan darak beradi. Haqiqatdan ham, xuffosh quyoshni ko‘rishdan mahrum. Shunday ekan, inson ham Haq taoloning butun yaratiqlari va zotini anglashdan a’modir.

Hamd g‘azallarda Olloh va banda munosabatlari ham chuqur falsafiy mushohadalar tarzida bayon qilingan. Shoir yozishicha, Olloh o‘z bandasining har qanday gunohini kechira oluvchi beqiyos shafqat sohibi, ayni vaqtda hech bir inson Uning qahru g‘azabidan emin bo‘la olmaydi. Butun umrini mayxonada o‘tkazgan gunohkor banda ham Yaratganning lutfu marhamatidan umidvor bo‘lishi mumkin, ammo bor hayotini taqvoyu ibodatga baxshida aylagan zot bo‘lsin, Uning qahru g‘azabiga duch kelishi ham qiyin emas:

Chu bahre rahmating mavj ursapaydo bo‘lmag‘ay xascha,
Necha jurm ahlidinki,bo‘lsa yuz ko‘hu xato paydo —

baytida shunday fikrlar o‘z aksini topgan. Binobarin, odamlarning yaxshi insonlar haqidagi malomatlariyu, yomonlar to‘g‘risidagi madhu sanolari Olloh oldida hechdir. Adolatli Xalloq har kimga o‘ziga munosib baho beradi. Shunday ekan, har qaysi inson Yaratganning haqiqat qilishiga umid qilib yashashi mumkin. Mehribon Olloh bor ekan, yaxshi inson hech qachon xor bo‘lmaydi, degan muhim fikr ifodalanadi yuqoridagi baytlar zamirida.

Mazkur baytlarda Ollohning Ash-shohid (har narsani nozikligi bilan ko‘rib turuvchi), Al-G‘ofur (gunohkorlardan istaganini ziyodasi bilan avf etuvchi), Al-Adlu (chin adolat sohibi), Al-Xofidu (qullaridan ba’zilarining darajasini tushiruvchi), Ar-Rofiu (qullaridan ba’zilarini yuksaltiruvchi), Al-Muzidlu (istaganini nochor va haqir qiluvchi) kabi ism va sifatlari ulug‘langan.

Alisher Navoiy turli dunyoqarashdagi kishilarni kuzatish, ular fe’l atvoridagi jihatlarni umumlashtirish orqali qanday odamlarning ibodatu duolari Ollohga yetib brishini yashirin ichki bir tuyg‘u bilan (yashash tajribasi orqali) his qilgan va tasvirlagan. Chunki bu ulug‘ ijodiy dard shoir qalbiga bolaligidan — “Mantiq ut-tayr”ga ishqi tushganidan boshlangan edi.

Alisher Navoiyning ma’rifiy-badiiy hamdlari ruhiy-ma’naviy riyozat bosqichlari Haqni tanish usulining asosi ekanligini badiiy ifodalashga ham qaratilgan. Hamd g‘azallarida har bir ma’naviy-kamolot bosqichida solikning Haq sifatlarini tobora ko‘proq va chuqurroq anglab borishi, Iloh ma’rifatini aynan qaysi nuqtagacha ilg‘ashi yaqqol tasvirlangan.

Solik va Haq orasidagi munosabatlarni bosqichma-bosqich tasvirlab borish, har bosqich (Haq ma’rifatini anglash jarayoni)da suluk ahlining ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksalib, Haqqa yaqinlashib borishi va xuddi shu jarayonda Haqning unga munosabatini ma’rifiy asoslash, gavdalantirish Alisher Navoiy hamd g‘azallari mavzu va g‘oyalar olamining mundarijasidir.

Kamolotga riyozat yo‘li orqali boriladi. Ruhiy-ma’naviy kamolot bosqichidan o‘tish jarayonida jismning imkoniyatlari qisqarib, ruhning yukasalishi uchun to‘siq o‘zlik (jism, nafsm), “menlikdan nishon” mahv bo‘ladi. Natijada inson Iloh va Hayotning, ya’ni o‘zining asl mohiyatini anglaydi. Bu esa komillik mezonidir. Xuddi shunday xolis dunyoqarash jamiyat va odamlarda ustuvor bo‘lsa, xudparastlik, zuhdfurushlik, nohaq qon to‘kish, turli qarama-qarshi guruhlar, mazhablar o‘rtasidagi kelishmovchilik o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Shuning uchun Navoiy hamd g‘azallarining qahramonlari oddiy mo‘‘minlik darajasi bilan cheklanib qolmay, Haq siru sinoatiga yetishishga bel bog‘lagan komil inson bo‘lish ishtiyoqida “o‘zni maqsud manziliga boshlagan” tolib, Haqning ulug‘ qudrati oldida o‘zini xoru xas kabi his qilib, “iksiri a’zam” ishq olovida poklangan oshiq, ilmi ilohiyda barchadan bilimdon orif, faqr, Haqdan o‘zga narsaga qiziqmaydigan majzublik holatidagi g‘aniydir. Shariat hukmlaridan, Qur’oni karim va Hadisi sharif asosida Olloh va uning cheksiz sifatlaridan xabardorlik, o‘zining mohiyatan shu qudrat sohibi bilan birligini payqash natijasida oddiy hukmlar ijrochisi bo‘lish bilan qanoatlanmay, ichki ruhiy hurlikka, ilmi g‘aybga ehtiyoj sezgan solik Alisher Navoiy hamd g‘azallarining umumiy qahramonidir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.