Badiiy so‘zning maqsadi azaldan kitobxonni kamolot dunyosiga da’vat etishdan iborat bo‘lgan. Shu bois, adabiyotga chinakam xizmatni taqdir deb bilganlarni jamiyat ardoqlaydi, izzat-ikrom qiladi. Zotan, rost va raso so‘zi bilan ijodkor jamiyatning ravnaqu rivoji yo‘lida mehnat qiladi, izlanadi, ayni paytda, badiiy so‘z o‘z ijodkorini ham, adabiyot muhibini ham ma’nan yuksaltiradi, boyitadi. Ana shunday mahoratli va el e’tirofiga sazovor ijodkorlardan biri Abdusaid Ko‘chimov o‘zining betakror badiiy so‘zini kamolotga yetkazgan taniqli adib, shoir, publitsist, ijtimoiy hayotda ham faol insondir.
Ilk she’ri va maqolalari maktab davridayoq matbuotda bosilgan Abdusaid Ko‘chimov bundan qirq yil burun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini bitirgan. Qirq yil mobaynida so‘zga ixlos va sadoqat, muntazam mehnat, tinimsiz izlanish asnosida ijodkor toblanib, havas qilsa arzigulik e’zozu e’tibor topdi.
Uning dastlabki faoliyati bolalar gazetasi bilan bog‘liq. Shu gazetada u oddiy muxbirlikdan bosh muharrirgacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni halol mehnati, tinimsiz izlanishi bilan bosib o‘tdi, shu ulug‘ va mo‘‘tabar dargoh havaskor qalamkashga yozishni o‘rgatdi, jurnalistika olamiga olib kirdi. Bolalarga atalgan beg‘ubor so‘zni topishday mushkul san’atni, bolalarning o‘ziday iddaosiz ijodining tamallari ham shu dorulfununda shakllandi, ayni chog‘da, tashkilotchilik qobiyaliyati ham xuddi shu dorulfununda kamolga yetdi.
Abdusaid akaning gazeta maketi ustida ishlash jarayonlarini ko‘p bor kuzatganman. Bunda mening diqqatimni tortgan jihatlardan birini aytay. Materiallarni joylashtirishdagi mantiqiy tanosibni topishdan tashqari, so‘zning ichu tashini ko‘ra bilgan mohir sinchi singari u turli shriftlar, shakllar va boshqa tipografik vositalar orqali fikrni bola shuuriga teranroq va osonroq yetkazish imkonlarini topish payidan bo‘lardi. Uning so‘zni go‘yo qo‘lida salmoqlab, chamalab ko‘rib, gazetaning eng ko‘rinadigan joyiga qo‘yadiganday harakatlariga men, gazeta ishidan unchalik xabardor bo‘lmagan, ammo oliy maktabda tildan, aynan so‘zdan dars beradigan odam, juda katta havas va hayrat bilan qarardim.
Bir kuni xonasida suhbatlashib o‘tirgan edik. U ona tili, tilimizning paydo bo‘lishi, yozuvning yuzaga kelishi, tilimizdagi so‘zlar tarixi kabi masalalarni bolalarbop tilda tushuntiradigan kitob yoki maqolalar yo‘q darajada ekanligini, ammo bu mavzu bolalar uchun nafaqat qiziqarli, balki ularning ma’naviy-ma’rifiy kamoli uchun favqulodda zarurligini kuyunchaklik bilan aytib, gazetaga shunday kichik-kichik maqolalar yozib berishimni so‘radi. Men bolalar uchun biron-bir narsa yozmagan edim, shu ishtibohimni aytdim. Abdusaid aka bolalarbop materiallar bayon uslubining o‘ziga xos jihatlar borasidagi maslahatlarini berdi. Ana shu da’vat va maslahatlar asosida “Til qanday paydo bo‘lgan?”, “O‘zbek tilining paydo bo‘lishi”, “Yozuv qanday paydo bo‘lgan?”, “Tilimizdagi o‘z so‘zlar tarixi”, “O‘zlashgan so‘zlar tarixi” kabi ixcham maqolalardan iborat bir turkum bolalarbop materiallar yozdim va ular gazetada bosildi.
Abdusaid Ko‘chimov o‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili sifatida ham nasrda, ham nazmda barakali ijod qilib kelmoqda. Uning “Kashfiyotchi bolalar”, “Mening O‘zbekistonim”, “Toshburgut”, “Mening yulduzim”, “Chanoq”, “Halqa”, “Ikki bahor”, “Umid daraxtlari” kabi ko‘plab kitoblari bolalar dunyosining badiiy inkishofi, daqiq va dilbar ko‘zgulari sifatida adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan, o‘zbek bolalar adabiyoti xazinasidan munosib joy olgan. Bu asarlarida sobiq sho‘ro davridagi jamiyat hayotining og‘riqli muammolari bola tafakkuri elagidan o‘tkazilib, ko‘rsatilgan.
Faol ijodkor so‘nggi yillarda kattalar uchun ham bir qator nazmiy va nasriy asarlar, haroratli publitsistik maqolalar yozdi. Istiqlol tufayli xalqimiz qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlarni, O‘zbekistonni, unga adoqsiz muhabbatning farzligini yoniq hayajon bilan tarannum etgan badiiy so‘z namunalarini yaratdi. “Baland tog‘lar”(2002), “Ko‘zlarimning qarog‘idasan”(2006) kabi kitoblariga kirgan, shuningdek, matbuotda e’lon qilingan bir qancha she’rlarida buni yaqqol ko‘rish mumkin.
Vatanparvarlik, Vatanga sadoqat, millatning birligi va birodarligi, yurt hurligiga posbonlik kabi nodir tuyg‘ularning badiiy tasviri Abdusaid Ko‘chimov she’riyatida alohida o‘rin tutadi. Uning bu turkumdagi she’rlarining har birida “Bu muqaddas Vatan sizu biznikidir – Biznikidir bu ulug‘ yurt, biznikidir” tarzidagi faxr-iftixor manaman deb turadi. Vatanning, millatning rasoligi va ravnaqiga rahna soluvchi illatlarning ichini, mohiyatini ochishda ham shoir tilimizning teran imkoniyatlaridan mohirona foydalanadi. “Iltijo” nomli she’rida shunday satrlar bor:
Guzartaloshliklar,
Xontaloshliklar
Necha bor so‘ldirdi Turonimizni,
“Sen — qipchoq”, “sen — o‘g‘iz” –
Qontaloshliklar
O‘ldirdi imonu imkonimizni.
Shukrkim, talangan,
Toptalgan Vatan
Tug‘u tug‘rosini, baxtini topdi.
Parchadagi guzartaloshlik, xontaloshlik, qontaloshlik so‘zlarini o‘z badiiy maqsadiga uyg‘un ravishda shoirning o‘zi yasagan. Bu so‘zlar tarixda millat qismatida mudhish oqibatlarga sabab bo‘lgan mahalliychilikning siyrati va suratini ta’sirchan bayon etish imkonini bergan. Kishilik jamiyati rivojiga daxl qiladigan qusurlardan yana biri xushomadgo‘ylikdir. Shoirning bu haqda shunday mag‘zi to‘q bir to‘rtligi bor:
— Odamzod hech qachon bo‘lmas mukammal,
Xushomadgo‘ylikni tiqmasa go‘rga!
— Do‘stim, buning uchun hammadan avval
Kafan tikish zarur xushomadxo‘rga.
Shoir xushomadgo‘yning “adresati” – xushomadni qabul qiluvchi, xushomadning iste’molchisini ifodalash uchun xushomadxo‘r shaklidagi so‘zni yasagan. Bu so‘z esa shoirning badiiy maqsadiga favqulodda xizmat qilgan. “Talab bo‘lmasa, taklif bo‘lmaydi” tarzidagi bozor iqtisodiyotining azaliy qoidasidan shoir ustalik bilan foydalangan va xushomadgo‘ylikni yo‘qotish uchun xushomadga ehtiyojmandni gumdon qilish aqlning ishi ekanligi haqidagi badiiy xulosani go‘zal shaklda ifoda etgan.
Abdusaid Ko‘chimov o‘z she’rlarida tilimizning ana shunday tuganmas lingvopoetik imkoniyatlarini tugal ishga solish salohiyatiga ega hassos shoir ekanligini alohida ta’kidlash joiz. U nafaqat yangi so‘z yasaydi, balki mavjud so‘zlarni xilma-xil badiiy ma’no-mazmun bilan yukuntiradi, so‘z bilan shoir o‘rtasidagi muhabbatning tabiiy javobi o‘laroq “ipaktan” misralar tug‘iladi. Mana bir misol. Uning “Egasiz uy” nomli juda chiroyli ramziy she’ri bor. Undagi qissadan hissa shuki, “Egasi yo‘q uyga, egasiz uyga Sichqonlar, ilonlar bo‘ladi hokim.” She’rda shunday misralar borki, ularda so‘zning lingvopoetik zamzamalari betakrorligi, ohorliligi, quyuqligi bilan o‘quvchini tamoman rom etadi:
Shu-shu o‘t-olovni tush ko‘rar o‘choq,
O‘t-o‘lan qoplagan supa parishon.
Chakalak-o‘rmonga aylangan chorbog‘,
Shikasta o‘y surar zanglagan ketmon...
Abdusaid akaning hassos shoir, nuktadon nosir, tajribali jurnalist sifatidagi ulkan ijodiy salohiyati “El suv ichgan daryolar” (2009) nomli kitobida bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lgan. Unda adibning o‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligida o‘zlarining muhtasham, muqim o‘rinlarini topgan ijodkorlar bilan muloqotlari va bu muloqotlar ta’sirida tug‘ilgan adabiy-ijtimoiy o‘ylar, hamkasblari, turfa voqealar haqidagi xotiralari samimiy esselar shaklida jamlangan.
Bu yil Abdusaid Ko‘chimovning “Saylanma”si bosmadan chiqdiki, bu zahmatkash, katta ishtiyoq bilan muntazam ijod qilayotgan adib umrining muhtasham bir bekatida ko‘targan xirmonning zalvori va salmog‘ini namoyon etadi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov ana shu “Saylanma”ga yozgan so‘zboshisida shunday bir o‘xshatish bilan tilak bildirgan: “Abdusaid Ko‘chimov o‘sayotgan mevali daraxt: ko‘rkam, basavlat; shig‘il-shig‘il mevasi, quyuq soyasi bor daraxt. Bu daraxt baland bo‘lib o‘sgani sari mevalari barakali, shirin va yirik bo‘lib boraverishini tilayman”.
Badiiy so‘zga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan, rost so‘zga adoqsiz ixlos bilan yashayotgan do‘stimning ijod bog‘idagi mevalar hamisha shig‘il-shig‘il va shirin bo‘laversin.
Nizomiddin Mahmudov,
filologiya fanlari doktori,professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 20-sonidan olindi.