OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurboy Abdulhakim. Zamon evrilmoqda. Sen-chi zamondosh? (2004)

Vaqt hech qachon kutib turmaydi. U mudom olg‘a intiladi. Uning har bir lahzasidan unumli foydalana olsagina inson o‘z umrini abadiyatga muhrlashi mumkin. Aks holda...
Shayx Sa’diyning «Guliston» asari muqaddimasida insonning har bir nafasida ikki ne’mat mavjudligi ta’kidlanadi. Ya’ni, inson birgina nafasni ichga yutar ekan, bu unga hayot bag‘ishlaydi. Xuddi o‘sha nafasning qaytib chiqishidan esa nafsimiz xursand bo‘ladi. Mabodo, Xudo saqlasin, o‘sha nafasni ololmasak yoki olgan nafasimiz chiqmay qolsa... inson hayotiga nuqta qo‘yiladi.
Shuning o‘ziyoq bu ikki ne’matning nechog‘lik ulug‘ ekanligiga dalolat qiladi. Bir nafas uchun ikki marta shukr aytish haqidagi Shayx Sa’diy o‘gitining hikmati ham shunda.
Shukr aytish nima bilan bo‘ladi? Tabiiyki, «shukr» degan so‘zning o‘zi bilangina emas. Bu ne’matning shukronasi, birinchi navbatda, umrning har bir lahzasini INSON degan sharafli nomga munosib tarzda o‘tkazish bilan belgilanadi. Inson deganlari esa shunchaki yeb-ichish, ko‘payish, maishat uchungina yaralmagan. Yaralmishlarning mukarrami sifatida uning zimmasida muayyan mas’uliyat ham mavjud.
Mutaxassislarning aniqlashicha, kishi bir kunda o‘rtacha yigirma ming qadam yuradi. Bu uning o‘rtacha 70 yillik umrida 420 million qadamni tashkil qiladi. Bu miqdordagi qadam bilan inson oyga bemalol piyoda borishi yoki yerni ekvator bo‘ylab to‘qqiz marta aylanib chiqishi mumkin. Xo‘sh, bunchalik katta quvvatni inson nimaga sarflayapti? U aziz umrni o‘ziga berilgan imkoniyat, deb bilyaptimi? Uning har bir lahzasidan unumli foydalana olyaptimi? 
Odam Ato va Momo havo davridan buyon falak necha aylandi, zamon necha evrildi. O‘tgan zamonlarda ajdodlarimiz bashariyatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiysiga ulkan hissa qo‘shdilar. «Ro‘yi zaminning sayqali» ham, «dini islomning quvvati» ham bizda bo‘ldi. Lekin XVI asrdan millatimiz hayotida tanazzul jarayoni boshlandi. Zamon evrildi-yu biz evrilmadik. Taassuflar bo‘lsinki, buning ta’siridan hanuz to‘la qutula olganimiz yo‘q. 
Mustaqil taraqqiyotning o‘tgan o‘n uch yilida, shubhasiz, ulkan yutuqlarga erishdik. Bu muvaffaqiyatlar bizniki. Lekin, tabiiyki, buning bilan qanoatlana olmaymiz.

TIL – MILLATNING RUHI


Millatning millatligini belgilovchi bosh omil – til. Til bo‘lmasa, millat ham mavjud bo‘lolmaydi. Modomiki shunday ekan, o‘z tilining mavqeini ko‘tarish har bir millat uchun hayot-mamot masalasidir.
Sir emas, bugun juda ko‘p millatlar zamonaviy kompyuterlarni o‘z tillarida yaratilgan dasturlar bo‘yicha boshqarish imkoniyatiga ega. Bunga bizda ham katta ehtiyoj mavjud. Mustaqillik sharofati bilan bu borada ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti huzurida ochilgan «Kompyuter lingvistikasi» kafedrasi o‘z oldiga shunday ezgu maqsadni qo‘ygan (To‘g‘ri, mutaxassislar kafedra nomlanishi haqida turlicha fikrdalar. Kafedrani «Amaliy tilshunoslik» deb atash tarafdorlari ham bor. Lekin hozir gap bu haqda emas).
Bugungi kunda jahon miqyosida kechayotgan integratsiya va globallashuv jarayonida o‘zbek tilini dunyoviy tillar darajasiga olib chiqish hayotiy zaruriyatdir. Mazkur katta, mas’uliyatli, o‘ta muhim maqsadni amalga oshirishda kompyuter texnologiyalariga, xususan, kompyuter lingvistikasiga bo‘lgan ehtiyoj yana ham oshadi. Chunki aynan kompyuter lingvistikasi o‘zbek tilining jahon miqyosiga chiqishida, ona-tilimizning ham dunyoviy tillardan biriga aylanishida, uni o‘rganish va o‘rgatish ishlari optimallashuvida hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, kompyuter lingvistikasining o‘zi nima? Mazkur kafedra mudiri professor Abdumajid Po‘latovning fikricha, kompyuter lingvistikasining asosiy maqsadi tilshunoslikka oid masalalarni yechishning kompyuter dasturlarini yaratishdir. U amaliy tilshunoslikning bo‘limi bo‘lib, matnga kompyuter yordamida ishlov berish bilan bog‘liq vazifalarni bajaradi. Uning asosiy vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
— tillarga o‘qitish;
— bilimlarni tekshirish (baholash);
— matnlarni turli jihatdan avtomatik tahrirlash;
— mashina tarjimasi uchun mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish;
— lug‘atlarni va kompyuterdagi matnni statistik tahlil qilish va h.k.
Ko‘rinadiki, katta hajmdagi axborotni qayta ishlash zaruriyati kompyuter lingvistikasini taqozo etadi. Bularni mazkur sohaning o‘ziga xos yo‘nalishlari deb ham atash mumkin. Agar ushbu yo‘nalishlarning mohiyatiga chuqurroq e’tibor berilsa, ularning har biri o‘zbek amaliy tilshunosligi uchun naqadar hayotiy, zaruriy ahamiyat kasb etishi ayon bo‘ladi. Shunga ko‘ra kompyuter lingvistikasining ayni vazifalari asosida bugungi kunda o‘zbek tilshunosligining kompyuter bilan bog‘liq holda hal etish lozim bo‘lgan quyidagi masalalarini ta’kidlab ko‘rsatish mumkin:
— O‘zbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish.
— Axborot matnlaridagi qoliplilik, qisqalik, aniqlik mezonlarini ishlab chiqish.
— Internet saytlarini yaratish me’yorlarini belgilash.
— Kompyuter izohli va tarjima lug‘atlarini ishlab chiqish.
— O‘zbek tili va adabiyoti darsliklarining elektron versiyalarini ishlab chiqish.
— Kompyuterda inglizcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-inglizcha tarjima dasturlarini tuzish.
— Yozma matnlarni tahrirlash dasturlarini yaratish.
— Ta’kidlash joizki, ushbu muammolarning eng ahamiyatlisi — o‘zbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish. Chunki bu masala sanalgan barcha muammolarning asosi, aytish mumkinki, yechimi bo‘lib hisoblanadi. Zero, jahon andozalari talablariga javob beruvchi, har tomonlama mukammal, qulay va ommabop axborot (kompyuter) uslubi yaratilganidan so‘nggina yuqoridagi muammolarni hal qilish mumkin bo‘ladi.
Kompyuter uslubi jahon andozalari talablariga monand holda fikrning aniq, qisqa, lo‘nda, qayta ishlashga mos bo‘lishini taqozo etadi. «Shunday uslubni yaratmas ekanmiz, — deydi professor A.Po‘latov, — Respublikamizda o‘zbek tilida to‘liq ish yuritishga o‘ta olmaymiz. Ushbu uslubni maktablarda ham o‘qitishni boshlash zarur».
Yaqinda «Dunyoviy o‘zbek tili» kitobi bosmadan chiqdi. Unda o‘zbek tilidagi birgina «ishlamoq» fe’lining taxminan yuz ming shakli (leksik grammatik paradigmalari) rus va ingliz tillariga o‘girilgan. Ingliz tilida esa bu fe’lning bor yo‘g‘i 100 ta shakli borligi ma’lum. Mana sizga qiyos: 100 000 ta va 100 ta.

ODAMLARNING ENG BOYI KIM?


Insoniyat uchinchi ming yillikning boshida axborot asriga qadam qo‘ydi. Minglab yillar davomida rivojlangan inson tafakkuri uchun bugungi kunda dastlabki manba, ya’ni axborot olish hayotiy zaruratga aylandi. Shuning uchun jahon bozorida ma’lumot oltindan ham qimmatliroq baholanadi. Mazkur axborotni topish, saqlash, qayta ishlash va boshqalarga yetkazishning qulay usullariga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin oshib bormoqda. Demak, kimki mazkur qulay usullarni ishlab chiqsa, ularga egalik qilsa, mana shu odam dunyodagi eng boy odam bo‘ladi. 
Ma’lumki, dunyodagi eng boy-badavlat kishi Billi Geyts hisoblanadi. Nima uchun dunyodagi eng boy kishi kompyuter, ya’ni axborotni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash sohasining vakili? Nega savdo xodimi, bankir yoki neft, paxta, avtomobil zavodining xo‘jayini emas, aynan axborot bilan bog‘liq sohaning rahbari sayyoraning eng boy odamiga aylandi? Bu savolga Billi Geytsning o‘zi shunday javob beradi: «Kim axborotga ega bo‘lsa, u hamma narsaga ega bo‘ladi» yoki uning yana bir mushohadasi dunyoga mashhur: «Axborot dunyodagi eng katta, eng qimmat moddiy boyliklardan ham ustun turadi, chunki ushbu boyliklar axborot vositasida qo‘lga kiritiladi». Ko‘rinadiki, inson muayyan bir sohada – biznes, ta’lim, qurilish, umuman, hayotning har bir jabhasida biror yutuqqa erishish uchun, avvalo, axborotga ehtiyoj sezadi: nima? qachon? qaerda? (necha puldan?) kabi savollarga javob topish uchun aynan axborotga murojaat qiladi. (Ya’ni mahsulotlarning barcha xususiyatlari: sifati, hajmi, narxi kabilarni bilishda axborotning roli kattaligi tufayli axborot sohasi moddiy boyliklardan ham ko‘proq foyda beradigan sohaga aylanadi). Shu tariqa axborot olmosu tillo, kumushlardan ham zaruriylik, qimmatbaholik kasb etadi.
— Axborot asri bo‘lgan XXI yuzyillikda, - deydi professor A.Po‘latov, — oltindan qimmatroq bo‘lgan ma’lumotni zarar yetkazmay qabul qilish, ishonchli saqlash va eng qulay tarzda savodli qilib boshqalarga yetkazib berish til bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun til va biznes chambarchas bog‘liq sohalardir. Meni bir narsa juda o‘ylantiradi, taajjubga soladi: nima uchun bizning tilchi olimlarimiz, dunyodagi boshqa mamlakatlar olimlaridek, biznes bilan, yaxshigina moddiy manfaat ko‘rish bilan shug‘ullanmaydilar? Qaysi olim bilan suhbatlashsangiz, kitob yozganini, lekin uni chop etishga mablag‘ topa olmayotganligini aytadi. Mablag‘ni, biz olimlar, o‘zimiz topishimiz zarur. Buning uchun esa lingvistlar ham biznes olamiga chuqurroq kirib borishi kerak. Nima uchun tilchilar biznesda qatnashmayaptilar? Chunki ular yangi borliqqa – zamonaviy hayotga tayyor emaslar. Ularning reklama, biznesda ishtirok etishlari uchun dasturlari mavjud emas. Bu bizning katta kamchiligimiz. Hozirgi jo‘shqin hayotdan – biznes, reklamadan chetda turishimiz noto‘g‘ri hol. Bundan tilchilar tashqarida qolganligining salbiy oqibatlarini ko‘rib turibmiz: Toshkentda naridan beri yozilgan, o‘zbek tilining ichki qonuniyatlariga, uzoqqa bormaylik, oddiy valentlik — so‘zlarning birikuv qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan jumlalar, imloviy xatolarga to‘la reklamalar ko‘payib ketgan. Ularni kim yaratmoqda? O‘zbek tilini chala-chulpa biladigan boshqa millatga mansub professional bo‘lmagan reklama mutaxassislari. Ularni nazorat etish, reklamalarni savodli, tushunarli qilish va shu orqali moddiy manfaatdorlik ko‘rish qo‘limizdan kelmaydimi? Keladi, albatta. Faqat buning uchun eskicha, tor fikrlashdan voz kechishimiz, «Olim – bu faqat olim» degan qarashlarni o‘zgartirishimiz zarur. Buning uchun, menimcha, bir vaziyat muhim ahamiyat kasb etadi. Tilshunoslar o‘zbek tilining faqat nazariy jihatlarini tadqiq qilishdan biroz chekinib, uning amaliy tomonlariga ham ko‘proq e’tibor berishsa. Ya’ni quruq nazariy fikrlarga to‘la tadqiqotlarni salgina cheklab, xalqimiz uchun foyda keltiradigan kompyuter dasturlari — matnlarni tahrirlash, avtomatik tarjima qilish, tillarga o‘rgatish kabi dasturlarni ishlab chiqishda faol qatnashishsa, maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Zero, bu ishlarni amalga oshirishda kompyuter dasturchilari lingvistik ta’minotga ehtiyoj sezadilar. Uni esa filologlar yaratib berishi zarur bo‘ladi.

BIZ KIMNING AVLODIMIZ?


Biz musulmon farzandlarimiz. Bu e’tiqod qon-qonimizga singib ketgan. Xudosizlik tuzumi har qancha tashviq etmasin, nechog‘lik urinmasin, bu e’tiqodni qalbimizdan sug‘urib ololgan emas. Bugun o‘zga e’tiqoddagi olimlar ham Qur’oni karimni ilmiy manba sifatida e’tirof etadilar. Taassufki, kechagi moddiyunchilik, ateistik qarashlar ta’siridan qutula olmagan o‘z olimlarimizdan ayrimlari buni tan olgisi yo‘q.
Yaqinda bir maktab o‘qituvchisidan eshitib qoldim. U o‘zi rahbar bo‘lgan sinfga bir sabab bilan biologiya darsida borib qolibdi. O‘qituvchi o‘quvchilarga: «Odam maymundan yaralgan» deb, maymunlarning qay tarzda odamga aylangani to‘g‘risida so‘zlab berayotgan emish. Eshitib hayratda qoldim. Axir kommunizm nazariyotchilarining odamning paydo bo‘lishi haqidagi g‘oyalari o‘z isbotini topmagani kunday ravshan-ku! Ulardan meros qolgan saqichni qachongacha chaynash mumkin? 
Vaholanki, Qur’oni karimda va muborak hadislarda insonning qanday yaratilgani ochiq zikr etilgan-ku! Jumladan, «Insonlar Odam alayhissalom farzandlaridir. Odam safiyulloh esa tuproqdan yaratilgandir» deyiladi hadislardan birida. 
Qul Xoja Ahmad, toat qil, 
umring bilmam necha yil,
Asling so‘rsang obu gil, 
yana gilga ketaro —
deydi Xoja Ahmad Yassaviy. Nosiriddin Rabg‘uziy bobomiz o‘zining «Qisasi Rabg‘uziy» asarida Odam yaratilishini, har bir fikrini Qur’on oyatlari bilan dalillab, mufassal bayon etib bergan. Bizga bundan ortiq yana qanday isbot kerak? Millatimiz quyoshi hazrat Navoiy:
Bordur inson zotig‘a oncha sharaf,
Kim bo‘la olmas onga gavhar sadaf —
deb tursa-yu, biz qandaydir maymunlar haqidagi safsataga ishonib o‘tirsak. Buni qanday izohlash mumkin?!
Yaqinda «O‘zAS»da (2004 yil, 28 may, ?21) «Odam tuproqdan yaralganmi?» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Uning mazmuniga ko‘ra, yapon olimlari Qur’oni karimdagi inson tuproqdan yaratilganligiga oid fikrni yangi ilmiy dalillar bilan isbotlashibdi.
«Darvin nazariyasi allaqachon o‘zining asossizligini ko‘rsatdi, — deyiladi maqolada. — Hozir urf bo‘lgan frantsuz biofizigi Marsel Lavuantega tegishli gipotezaga ko‘ra, hozirgi odam koinot yaralishining uch asosiy bosqichi paytida yuzaga kelgan yulduzlar changi va bazaviy elementlardan tarkib topgan. Frantsuz olimlari odam organizmi asoslarini chuqur kimyoviy analiz qilishgach, mana shunday kutilmagan xulosaga kelishgan. Odam tanasining taxminan o‘n foizi vodoroddan iborat bo‘lib, u Olamning paydo bo‘lishiga olib kelgan ulkan portlashdan keyingi ilk lahzalarda yuzaga kelgan. Bundan tashqari, odam organizmi tarkibida uglerod, azot, kaltsiy, fosfor ham borki, bularning paydo bo‘lishi sayyoralarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Odam organizmining uchinchi kimyoviy asosi yulduzlar markazida yadrolarning paydo bo‘lishi bosqichi bilan bog‘liq. Demak, odam organizmida, qo‘rg‘oshin, kumush borligi, nikel, kobalt, qo‘rg‘oshin va molibden izlari uchrashi aniqlangan. Xullas, ilmiy kimyoviy tadqiqotlar muqaddas kitoblardagi odam tuproqdan yaralgan, degan ta’limotni to‘la tasdiqlaydi».
Dunyo olimlari bobolarimiz allaqachon yozib ketgan haqiqatlarni zamonaviy tadqiqotlar asosida isbotlab berayotgan bir paytda umrini o‘tab bo‘lgan, haqiqatga zid, g‘ayriilmiy qarashlarga yopishib olish qanchalik to‘g‘ri?! Kechirasiz-u, bu xalqimizning «Kar eshitganini qo‘ymaydi, ko‘r tutganini» degan parma’no naqlini yodga soladi.
Mustaqillik bizga ilmiy haqiqatlarni aytish borasida ham katta imkoniyatlar berdi. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, qotib qolgan dogmatik qarashlardan voz kechib, dunyoga, inson va uning mohiyatiga yangicha ko‘zqarashni shakllantirish millat ziyolilari oldidagi burchdir.

EVRILMOQ AYNIMOQ DEGANI EMAS


Bugun dunyo biz bilan hisoblasha boshladi. Jahonning eng taraqqiy etgan davlatlari bilan hamkorlik qilyapmiz. Ular bizdagi, biz ulardagi yutuqlarni o‘rganyapmiz. Bundan ular ham foydalanyapti, biz ham naf ko‘ryapmiz. Bu yaxshi. Lekin... Hamma gap mana shu «lekin»da.
Yaqinda bir xorijiy firmada ishlaydigan tadbirkor bilan suhbatlashib qoldim. Ta’kidlash kerakki, chet elliklar bilan hamkorlik qilayotgan bu tanishim eng so‘nggi markadagi mashinada yuradi. Uylarini ham ovrupocha ta’mirlatgan. Xotinida alohida mashina. O‘zining davlatmand ekanligini sezdirib turishni xush ko‘radi.
— Men chet elliklardan yaxshi bir odatni o‘rgandim, - dedi u. – Ular qanchalik boy bo‘lishmasin, hech kimga qarz berishmas ekan. Firmamiz rahbarining aytishicha, bir muhtojga qarz berib, har gal qarzni qaytarishni so‘raganda xafa qilguncha, bermasdan bir marta ranjitgan afzalroq. Juda dono fikr. Shunday emasmi?
Tadbirkor chet ellikdan juda zo‘r odatni o‘rganganiga zarracha shubha qilmasdi. Bu gaplarni aytar ekan, uning ko‘z qarashlaridan «Qoyilmisanlar!» degan fikrni uqib olish qiyin emasdi. Hatto suhbatdoshlarning ayrimlari ham uning «dono» fikrini ma’qullasha boshladilar. Chiday olmadim.
— Bu odat o‘sha xorijlikning mentalitetiga xos. Axir bizning ajdodlarimiz bunday bo‘lmaganlar-ku! Ular boylikni Olloh taolo ato etgan omonat, deb tushunishgan. Bu omonatning egasi boyning o‘zigina emas. Bu boylikda qo‘ni-qo‘shnining, yetim-esirlarning qo‘yingki, yonma-yon yashaydigan ko‘plab insonlarning haqqi bor, deb hisoblashgan.
Xondamir «Makorim ul-axloq»da yozishicha, «Ixlosiya» madrasasi huzuridagi «Xalosiya» xonaqohida har kuni minglab yetim-esir, beva-bechora, faqir-miskinlarga laziz taomlar tortilgan. Bu hazrat Navoiyning xususiy mablag‘i evaziga amalga oshirilgan. Bobolarimiz inson dilini ranjitish og‘ir gunoh, deb bilishgan. Shuning uchun, muhtojga qarz bermasdan bir marta xafa qilish to‘g‘risidagi «yangi g‘oya» bizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. 
Boyagina tadbirkorni qo‘llab-quvvatlagan hamsuhbatlar endi mening fikrimni ma’qullasha boshladi... 
To‘g‘ri, biz zamon taraqqiyotidan orqada qolmasligimiz kerak. Lekin bu degani to‘g‘ri kelgan har qanday qarashni zamonaviy hisoblab, qabul qilaveramiz, degani emas. Prezidentimiz joriy yilni «Mehr va muruvvat yili» deb atadi. Buning zamirida ulkan ma’no bor. Xalqimizga, millatimizga xos muhim qadriyatlarni mudom yodimizda saqlashimiz, bugina emas, ularga har doim amal qilishimiz zarurligiga ishora bor bunda. 
Biz barcha sohada zamon bilan hamnafas, hamqadam bo‘lish tarafdorimiz. Lekin zinhor necha ming yillik qadriyatlarimizni unutmoqchi, ulardan voz kechmoqchi emasmiz. Yangi zamonni o‘zimizda xalqimizga, millatimizga xos barcha fazilatlarni tarbiyalagan holda qarshilamoqchimiz. 

 * * *

So‘zimizni inson va uning mohiyati, har bir nafasni g‘animat bilish haqidagi hikmatlarni eslash bilan boshlagan edik. Darhaqiqat, umrning har lahzasi Vatan va millat xizmatini qilish uchun, mansub bo‘lganimiz xalqqa naf keltirish uchun berilgan imkon. Bu imkondan iloji boricha to‘laroq foydalanishga burchlimiz. Bu borada hazrat Navoiyning quyidagi so‘zlari bizga mudom ibrat bo‘la oladi:

Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Bilki, bu naf’ o‘zungg‘a ko‘prak durur.

Nurboy Abdulhakim
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 32-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.