OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurilla Choriyev. Ijodkor or-nomusi (2010)

Shu yurtda, shu tuproqda yashab o‘tgan ko‘pdan-ko‘p ulug‘ zotlarning hayot yo‘liga, ma’naviy merosiga ko‘z yugurtirganimizda, o‘ziga xon, o‘ziga bek shu el qalbiga quloq tutganimizda ayon bo‘ladiki, biz or-nomusini, sha’nini toju davlat bilgan zotlarning avlodimiz. Sodda va samimiy, dili tili bilan bir, donishmand el yetti o‘lchab bir kesib, katta xulosalar yasaydi — naql qiladi. Naqli esa, Asqar tog‘ning “boshini olgan” yoyday o‘tkir. “Bor borini yeydi, uyatsiz — orini” yoki “Hayo ketdi — balo yetdi”, deydi xalqimiz.
Muddao — ayni or-nomus nuqtai nazaridan kaminaga tengqur ayrim qalamkashlar mashqlariga e’tibor qaratmoq. Darvoqe, “O‘zi sening tengquring kimlar?”, deb so‘rashingiz mumkin. “Adabiyot bo‘stoniga oyoqqinani artib” (Abdulla Oripov so‘zi) kirmoq umidida qo‘liga qalam tutib, uch-to‘rt hikoya qoralagan qalamkash borki, menga safdoshdir.
Nazarimda, ushbu mavzu millatning kechagi kuni, o‘tmishi va badiiy haqiqatlarini yodgaolishni, salaflardan o‘rganishni taqozo etadi. Jaloliddin Manguberdi “omon chiqib yovlar qahridan, otda kechib keng Sind nahridan” (Nosir Muhammad satri) o‘tdi. Najmiddin Kubro yurt kori uchun: “Yo hayot, yo mamot!”, deb hayqirdi. Ulug‘ zotning iti ham bobolarga madat bag‘ishlab, Vatanga oyoq bosgan g‘anim etiga oziq tishini botirdi. Yoki “Alpomish” dostoni or talashgan, nomusu sha’nini ulug‘lagan elning badiiy tafakkuri mahsuli emasmi? O‘ylab ko‘rsak, hech bir singil o‘rtada or turmasa, akaga qarata: “Toy-talashda qolgan yorin olmagan, Jahonni sayl etib bunda yurmagan, Nor-modalar sendan ortda bo‘lmagan?” deyishiga tili boradimi? Yo‘q, albatta.
Keling, ko‘p uzoqqa bormaylik, biz o‘qib ulg‘aygan asarlarda bu masala qanday aks etganini kuzataylik. Shukur Xolmirzaev hikoyalari zamiridag‘urur, sha’n, nomus, or yotadi. Adib qahramonlari halol, dangal, cho‘rtkesar, chapani. “O‘zbek xarakteri”da Ergash — tuzliqqa tupirmaydigan yigit: “O‘zimni ishtahasi yo‘qqa urdim-da... Juda bo‘lmagandan keyin: “Hammalaringdan jirkanaman!”, deb chetga chiqdim”, “Nuqul yig‘lagim keladi, ukkag‘ar. Botir akaga, ayoliga achinardim...”. Bu o‘zi bilan o‘zi kurashib tolmayotgan, boshqalar qilgan o‘g‘irlik uchun vijdoni qiynalayotgan o‘zbek-ku! “Arosat” hikoyasida keksa o‘qituvchi Zokir O‘rin sobiq o‘quvchisi Xo‘jamyorning tadbirkor, uddabiron va ishbilarmon bo‘lib ketganini boshqalardan ko‘ra kech eshitadi. Negaki, u birovlarning mol-mulki, yegan oshi, kiygan kiyim-boshiga e’tibor qilmaydi. Umri maktabda bolalarga saboq berish bilan o‘tmoqda. Tabiiyki, keksa o‘qituvchini o‘quvchilari orasidan chiqqan fozil ham, xotamitoy ham g‘ururlantiradi. Ustoz “Xo‘jamyorning tadbirkor ko‘rish, ko‘rishish va himmatli ishlariga baror tilash onlarining jozibasidan charchog‘ini ham unitib”, shogirdni ziyorat etadi.
“ — Mana, salkam chorak o‘tiribmiz... Him, siz istihola qilib aytmagandan keyin men nima qilay?
— Nimani-nimani? — zo‘riqib so‘radi Zokir O‘rin. — Men hech narsani istihola qilganim yo‘q. Mutlaqo!.. Istiholani o‘ylasam, hatto...
— Nima? 
— Bu yerga kelmas edim.
— Kelibsizmi, so‘rang-da endi, — dedi Xo‘jamyor undan ko‘z o‘zmay” Shogird ustozini bir manfaatparast, xushomadgo‘yga teng ko‘rib qattiq adashadi. Zokir O‘rin egni yamoq bo‘lsa-da, oriyatli odam, hayot sinovlari oldida mo‘rt ketmaydi. Shu bois g‘urur bilan deydi: “ — Hoy, beznesmen! Tilanchi emasman, xudoga shukur. Seni o‘quvchim deb... Be’mani, odobsiz!..”. Adib hikoyalarida g‘ururli kishilarning qo‘li doimo baland keladi.
“Tafakkur” nashriyotida 2009 yil chop etilgan Surxon Bo‘rievning “Qalb siri” kitobi mutolaasi bilan mulohazalarimizni davom ettikrask (kitobda “Yig‘layotgan kim” romani va sakkizta hikoya bor). Kitobni qo‘lga olar ekanman, “Surxon Bo‘riev oddiy odamlarning ruhiyatidagi jilolanishlarni hamda inson qalbining nozik, anglami yo‘q tuyg‘ularini o‘z asarlariga mohirona singdirishga va adabiyotda an’anaviy yo‘nalish bilan psixosentimental (I. V. Gyotening «Yosh Verterning iztiroblari» romani usuli — t’akid bizniki N. Ch.) usulini uyg‘unlashtirishga intiladi”, deya berilgan ta’rif e’tiborimni tortdi. Inson va uning ruhiy olami, ma’naviy qiyofasi, voqelikni yuzaga keltirgan ijtimoiy holatning badiiy ifodasi hamda psixosentimental shakl haqidagi tasavvurimni boyitish maqsadida kitobni qiziqish bilan o‘qidim...
Endi esa, hafsalam pir bo‘lib dardimni aytib turibman. “Unitilgan odam” hikoyasi qahramoni Hamdam Zebo bilan turmush ostonasini hatlab o‘tganiga besh yil bo‘lganicha yo‘q. Zeboning har kuni “aka”lari ko‘payib boradi. Anglashimcha, Hamdam to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa-da, otarchilar raqqosi bo‘lmish Zeboning qo‘liga qarab o‘tiradigan mardum. Bir o‘rinda Hamdam: “Nomussiz xotiningni bemaza qiliqlariga chek qo‘y!”, — deb tutaqib tarmashmaganida edi, hech qachon akam bilan sen-menga bormagan bo‘lar edim”, deya akasi bilan bo‘lgan nizoga va qishloqdan chekka dashtga ko‘chib chiqqaniga oydinlik kiritadi. Yana bir o‘rinda esa “Zebo ham inson-ku, u ham yayrashi kerak. Nega hech kim tushunmaydi?”, deganiga hayron bo‘lasiz.
Hamdam qo‘shnisi Shodmon bilan birga uning hovlisiga beda ekish uchun yer tayyorlaydi va birgalikda aroq ichishadi. So‘ng Shodmon Hamdamni uyiga olib borib qo‘yadi:
“ — Aka, ochig‘ini aytsam, — Hamdam mastligiga qaramay, ko‘nglidagi gapni aytishga jur’at qilolmagandan biroz hayajonlanar, tomog‘i qaqrab, tez-tez yutinardi. — Men istar edimki... Zebo duch kelgan erkak bilan emas, faqat bir kishi bilan...
— Nima?! — tajjub va hayrat bilan so‘radi Shodmon.
— Ha. Men uni faqat sizdek yaxshi odam bilan, siz bilan...”.
Buni o‘qib yoqa ushladim. Milliy adabiyotimizda o‘z xotinini boshqalarga in’om etadigan qahramon paydo bo‘lgani o‘ta achinarli holdir. Og‘ziga kelganni so‘zlash — nodonning ishi, deb ayuhannos solmang, dersiz? Ammo shunday “hikoya” joy olgan kitobga ustoz adabiyotshunos olimlardan biri (Umarali Normatov) taqrizchi ekani... Taskin shundanki, muhtaram domlamiz yuqorida nomi zikr etilgan kitobga taqrizchi ekanini bilmas-ov?! Nega? Gap shundaki, muallif haqida ma’lumot berilib , “Uning “Tush ko‘rayotgan qari qiz”, “Abadiyatga aylangan tiriklik”, “G‘ilmindi”, “Falokatdan ochilgan fol” nomli bir qancha hikoyalari respublikamiz jurnallarida chop etilgan”, deyladi. Vaholanki, kamina Surxon Bo‘rievning birorta bitigini adabiy-badiiy jurnallarda ko‘rgan emas.
Tengqurlarimizdan yana biri Azamat Qorjovovning randalangan taxtadek silliq “Farzandlar” hikoyasi qahramoni Guljon momoning o‘g‘li Ahmadqul qari onasini tashlab, shaharga ketib qolgan. Sababini qalamkash Ahmadqul tilidan shunday izohlaydi: “Qishloq podasini boqmasam oq qilar emish! Momongning esi joyidami, o‘zi?! Nima qilgan bo‘lsa, o‘ziga-o‘zi qildi. Seni deb boshqa turmush qurmadim, dedi. Qursin edi... Nima, endi men qishloq podasini boqib yurishim kerakmidi?!” Otadan erta yetim qolgan bola bir kun kelib onasini boshqa er qilmaganlikda ayiblab turishini qanday tushunish, izohlash mumkin. Muallif yo‘l qo‘ygan bir kamchilik ikkinchisini tuqqan: “Manavi kampir o‘lsa, — pichirladi Ahmadqul, — uyi menga qoladi. So‘ngra bittasini topib, uylanaman”. Nomard o‘g‘il tayyoriga ayyor bo‘lishni istab, qari onadan, vatandan kechib yuribdi... Qolganini o‘zingiz mulohaza qilib ko‘ring.
Maqola avvalida Shukur Xolmirzaev ijodining ibrati haqida gapirdik. Ustoz adibning hikoyalari avtobiografik xarakterga egaligi bois yozuvchining ko‘rgan-kechirganlari bilan badiiy to‘qimasini farqlash qiyin. Bu esa, shunday xulosalar chiqarishimizga imkon beradi: biz og‘a-ini bo‘lib yashayotgan kishilar or-nomusini toju davlat biladi; orsiz kimsa doimo oyoq ostida; yozuvchi oriyatli bo‘lishi shart. Zotan, yozuvchi o‘zi yozgan har qanday asarning ishtirokchisi va, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zi yaratgan badiiy olamning homiysidir.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.