Ogahiy tavalludining 200 yilligi oldidan “Ta’viz ul-oshiqin” devonining Sayfiddin Sayfulloh tomonidan nashrga tayyorlanayotganligi tahsinga sazovor. Olim “O‘zAS”ning 2009 yil 4-sentyabr sonida Ogahiyning hozirga qadar chop etilmagan g‘azallaridan bir nechtasini e’lon qildi. Biz ularni qoniqish bilan mutolaa qildik. Shu bilan birga, g‘azallar matnidagi nuqson va ishtibohlarni ko‘rib, biroz tashvishlandik: bir necha g‘azalda ahvol shu bo‘lsa, devonning yalpi matnida sifat qanday bo‘larkin? Zero, devonning imkon qadar nuqson va ishtibohlardan xoli, yuqori saviyada chop etilishi tarafdorimiz. Shu bois, e’lon qilingan g‘azallar matni yuzasidan mulohaza va takliflarimizni bayon etishni lozim topdik.
G‘azallar matnidagi kamchiliklar, asosan, forsiy izofali birikmalarni to‘g‘ri qo‘llamaslikda, forsiy “yo”larni bir-biridan farqlamay ishlatishda, oddiy o‘zbekcha so‘zlarning arab yozuvidagi shaklini yanglish o‘qishda, matnni hozirgi yozuvga ko‘chirishda aruz vaznining qat’iy talablarini inobatga olmaslikda, o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ayrim so‘zlarni hozirgi o‘zbek imlosi qoidalari me’yorlariga muvofiq aks ettirmaslikda, mumtoz g‘azal matnining zamonaviy muxlisga tushunarli bo‘lishi uchun tinish belgilari qo‘llash imkoniyatidan yetarli foydalanmaslikda ko‘rinadi.
Davlatiy vaslidin el ichra Sulaymonlig‘ topib,Halqai baxti qavi ilkimda xotamdur manga.Ushbu baytda “davlati vasl” forsiy izofali birikmasi noto‘g‘ri qo‘llangan. Keyingi yillar matnchiligida paydo bo‘lgan izofani shunday yozish tamoyili bu o‘rinda ham sezilib turibdi. “Davlat-i vasl” — (vasl davlati)dagi “-i” qaratqich-qaralmish munosabatini ifodalashga xizmat qiladi. Uning oxiriga “-y”ni qo‘shib yozish xatodir. Chunki bu “-y” — “-i” izofasi bilan birikib, nisbiy sifat qo‘shimchasi “-iy” shaklini oladi va muxlisni chalkashtirib, matnni noto‘g‘ri o‘qib tushunishga olib boradi. Demak, forsiy izofa eski o‘zbek yozuvida “yo” bilan yozilsa ham, hozirgi o‘zbek yozuvida “-iy” shaklida emas, balki “-i” tarzida yoziladi. Ikkinchi misrada to‘g‘ri yozilgan “hal- qai baxt” izofali birikmasi fikrimizning dalilidir.
Izofani aks ettirishning nozikligi shundaki, u aksariyat hollarda eski o‘zbek yozuvida ifodalanmaydi, ya’ni uni ifodalash uchun izofali birikma tarkibida “yo” yozilmaydi. Izofaning bunday ifodasi tushunib o‘qishga mo‘ljallangan. Muxlis yoki mutaxassis birikmada izofa borligini matn mazmunidan kelib chiqib, bilib o‘qishi yoxud ko‘chirishi lozim. Bu hol matnchilarni adashtiradi. Natijada, ular birikmani izofasiz o‘qib ko‘chiradilar. Quyidagi baytda ana shunday hol yuz bergan:
Jaholat bir davosiz dard erur johilg‘a, bilgilkim,Quloq solmas iloj dardiga gar ochsa Luqmon lab.Biroq kasalni isitma oshkor qilganidek, ikkinchi misrada izofa yetmay turganini ohang saktaligi sezdiradi. Misrada izofaning yo‘qligi mazmun aniqligini xiralashtirib turibdi. Misra tarkibida “iloj-i dardiga” izofali birikmasi bor. Izofa joyiga qo‘yib o‘qilishi bilan mazmun ravshan tortadi.
Matnlarda izofaning “-i” belgisini “vov” – “u” harfi bilan almashtirish hollari bor.
Har tun kelib qoshimg‘a ochib yuzing guliniJannat kibi yeturgil bazmimg‘a zebi oro.Ushbu baytda “zebu oro” bog‘lovchili birikmasi “zebi oro” izofali birikmasiga aylantirilgan. “Zeb” bilan “oro” so‘zlari orasida eski o‘zbek yozuvida “vov”, hozirgi o‘zbek yozuvida “u” harfi borki, u izofani emas, balki teng bog‘lovchi “va”ni ifodalaydi. Bu ham matnchiligimizdagi tipik xatolardan biri bo‘lib, unga ba’zan qo‘lyozmalarda izofa o‘rnida “vov” harfini yozib, kotiblarning o‘zlari ham sababchi bo‘ladilar. Lekin matn tadqiqotchisi mazmunga zarar yetkazuvchi bunday qusurni nuktasanjlik bilan ilg‘ab olishi va yangi matn yaratishda uni isloh etishi lozim.
Fors tilida sakkiz xil “yo” bo‘lib, matnchilik va matnshunoslik ularning ma’nolari hamda qo‘llanish xususiyatlarini yaxshi farqlashini taqozo etadi. O‘zbek mumtoz matnlarida eng ko‘p qo‘llanadigan “yo”lardan biri izofa “yo”si bo‘lsa, yana boshqa biri “yo”-yi vahdat va “yo”-yi nakare”, ya’ni “birlik va noaniqlik “yo”-yi”dir. Ushbu “yo” ham so‘z oxirida kelib, so‘z ifodalayotgan narsa-tushunchaning birligini, yagonaligini, ayrim hollarda, “qandaydir bir” ma’nosida noaniqligini bildiradi. Jumladan, u quyidagi baytda “zamone” so‘zida qo‘llangan bo‘lib, “qandaydir bir zamon” ma’nosini anglatishga xizmat qilgan:
Kerakdur xizmat ahlig‘a zamoni qilmasa ta’xir,Na xizmat amrig‘a tebratsa gar har goh sulton lab.Mazkur “yo”ni Porso Shamsiev kabi atoqli matnshunoslarimiz izofa “yo”sidan farqlash uchun ham, e’lon qilingan matndagidek “-i” shaklida emas, balki “e” shaklida ifodalashni maqsadga muvofiq, deb topganlar.
Mumtoz matnlarimizda “xo‘y”-“xay”, ”kibi”- “kebi”, “o‘yla”- “uyla” singari turli shakldagi so‘zlar ko‘p uchraydiki, ularning qaysi shaklini qo‘llash ma’qulligi haqida matnchiligimiz va matnshunosligimiz hamon yagona hamda qat’iy to‘xtamga kelgan emas. Ularni turlicha qo‘llash esa, mumtoz adabiyotimiz matnlarini tushunishda qiyinchilik tug‘diradi. Tahlil etilayotgan matnlardan quyidagi baytdagi “xo‘y” so‘zining qo‘llanish xususiyatlariga to‘xtalaylik:
Kulbam sari, nigoro, kelgilshitob aylab,Guldek uzoring uzra xo‘ydin gulob aylab.Baytdagi “xo‘y” so‘zi “ter” ma’nosini anglatadi. Bu so‘z mumtoz matnlarimizda “xay” shaklida ham qo‘llanadi.
Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab,
Xiromi sur’atidin gul uza xaydin gulob aylab.
Garchi so‘z “xoyi xutti” (x), “vov” (v) va “yo” (e) harflaridan tarkib topib, “xuy” yozilsa ham, ma’lum sababga ko‘ra, u “xo‘y” va “xay” deb o‘qiladi. “Navoiy asarlari lug‘ati”da ham so‘zning “xo‘y” va “xay” shakllari berilgan (671-bet). Buning sababi shuki, so‘zning aynan shunday yoziladigan – “xo‘”, “xo‘y” paronimi bor. U odat, fe’l-atvor, tabiat ma’nolarini anglatadi.
Lahza-lahza chiqtimu chektimyo‘lida intizor,Keldi jon og‘zimg‘ayu, ul sho‘xi badxo‘ kelmadi.“Badxo‘” so‘zi “yomon fe’l-atvorli”, ya’ni “va’da berib, va’dasiga vafo qilmaydigan” ma’nosini ifodalab turibdi. Matnshunoslikda “ter” ma’nosidagi “xo‘y”dan “fe’l-atvor” ma’nosidagi “xo‘y”ni farqlash maqsadida “xay” shaklini qo‘llash tajribasi yuzaga kelgan. Biz mumtoz matnlarimiz nashrida unifikatsiya, ya’ni bir xillikka erishish maqsadida ham “ter”ni ifodalovchi so‘z o‘rnida “xay” shaklini qo‘llash ma’qul, degan fikrdamiz.
Oddiygina o‘zbekcha so‘zni yanglish o‘qish holati quyidagi baytda namoyon bo‘lgan:
Olmashgali nechakim dilkashdurur,Bo‘lmadi sebi zanaxdoningcha xo‘b.“Olmashgali” so‘zi baytning mazmunini mavhumlashtirib turibdi. Mazmun va mantiq nuqtai nazaridan diqqat bilan mutolaa qilinsa, ikkinchi misrada “sebi zanaxdon” – ma’shuqaning silliq, nafis, do‘mboq bag‘baqasi haqida tavsif bor. Bundan birinchi misrada shunga monand bir narsa qiyosan tahlilga tortilganligini anglash mumkin. Matnga shu nuqtai nazar bilan sinchiklab razm solsak, “olmashgali” aslida “olma shakli” deb yozilganligini ko‘ramiz.
Olma shakli nechakim dilkashdurur,Bo‘lmadi sebi zanaxdoningcha xo‘b.Mana, endi bayt sahih holatga keldi. Undan: “Olma shakli har qancha dilkash bo‘lsa ham, go‘zallikda sening bag‘baqangchalik diltortar bo‘la olmadi” mazmuni to‘g‘ri va to‘liq anglashildi.
Ishtibohli o‘rinlarga kelsak, “Bo‘lg‘on duosi maqbul arbobi faqr haqi” misrasida vazn oxirgi so‘z yana bir “q” qo‘shib, “haqqi” yozilishini talab qiladi.
Husn ichra sen quyoshsen, tegrangda ul dilrabolar,Sargashta zarradurlaryuz iztirob aylab —baytida “ul” so‘zi ortiqchaligi seziladi. “Xirom aylardahu so‘zlarda chun qaddu labin ko‘rdum” misrasida “hu” o‘rnida “vu” yoki “va” bog‘lovchilari qo‘llanishi to‘g‘ri bo‘lardi.
“Kim mu’iyn ul sarfarozi nasli odamdur manga”, “Toki yor ehsonidin sha’ni mu’azzamdur manga” hozirgi imlo qoidalari me’yoriga muvofiq yozilsa, “Kim muayyan ul sarafrozi nasli Odamdur manga” va “Toki yor ehsonidin sha’ni muazzamdur manga” kabi tushunarliroq holatga kelardi. Bunda asliyatdagi mazmun va badiiyat ham to‘liq tiklanardi.
Quyidagi misralarda undalma bilan bog‘liq tinish belgisi qo‘llash qoidasiga rioya qilinmagan:
Ogahiy, ul oy qilibmu iltimosimni qabul...Holimg‘a qil tarahhum,ey soqiyi diloro...Qil Ogahiy duosin maqbul,Kirdikoro.Kulbam sari, nigoro, kelgil shitob aylab...Rahm etmas, Ogahiy, ul zolim agar yo‘lida...Zidlovchi bog‘lovchilardan oldin vergul qo‘yish qoidasi quyidagi misralarda unutilgan:
Nazokat maxzanida og‘zidur durri adam, lekin...Oshiqing ko‘bdur, vale ermas bari...Matnlarda yana boshqa turdagi tinish belgilarini qo‘llamaslik yoki o‘rinsiz qo‘llash holatlari mavjud. Kerakli o‘rinlarda tinish belgilarini, albatta, ishlatish matn mag‘zini chaqish va o‘zlashtirishga yordam beradi.
Keyingi paytlarda sohaning qilni qirq yoradigan mutaxassislaridan maslahat olmay kitoblar chiqarish tamoyili paydo bo‘ldi. Bu ilm kishilariga yarashmaydigan hol.
Rafiddinov Sayfiddin Sayfullo o‘g‘li keyingi yillarda o‘nlab kitoblar nashr ettirib, jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Uning o‘tgan yili chop ettirgan Atoyi “Devon”i ham matnshunosligimizda sezilarli hodisa bo‘ldi. Umidvormizki, Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devoni ham yuqori sifat va saviyada kitobxonlarimiz qo‘liga yetib boradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 43-sonidan olindi.