OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Irodasiga qoyil qolganman (2009)

O‘tgan asrning 60-yillari. Endilikda ko‘rkam shaharchaga aylangan Chilonzor misli ko‘rilmagan ulkan qurilish maydoniga aylangan. Ko‘p qavatli binolar misoli qo‘ziqorinday g‘ovlab, osmonu falakka bo‘y cho‘zgan. Undan ham muhimi — bu uylardan yozuvchilar, olim va san’atkorlar ham bahramand bo‘la boshlagan. Shunday kunlarning birida:

— Uyimizga Ozod Sharafiddinov degan olim ko‘chib kelyapti. Buyumlaridan kitoblari ko‘p. Bir mashinaga sig‘maydi! — degan gaplar qulog‘imga chalindi.

Men Ozodni bilardim. U Moskvada yaqinda dissertatsiya yoqlab, diplom olib kelgan. Kelishi bilanoq Yozuvchilar uyushmasida tuzilgan yosh adiblar seminarida ishtirok eta boshlagan edi.

Shosha-pisha hovliga tushdim. Ozod bo‘y-basti kelishgan, xushqad, xushsurat yigit edi. Faqat sochlari to‘kilib, boshi yaltirab qolgan. Ozod bu haqda:

— Aqlli sochlarim tentak boshimda o‘sishni istamay, uni tark etyapti. Ne chora? — deb kulib gapirardi. Keyin bilsam Ozod kulgi deganda o‘zini tomdan tashlaydigan quvnoq insonlar toifasiga kirarkan.

U meni ko‘rib:

— E, siz ham ko‘chib kelganmisiz? Yaxshi bo‘pti. Qo‘shnichilik qilar ekanmiz, — deb kuldi-da, shu zahotiyoq uyga taklif qildi.

O‘shanda Ozodga ko‘p farzandli oila ekanini hisobga olib, uch xonali uy berilgan ekan. Biz chiqqanda Ozodning rafiqasi Sharofatxon bilan farzandlari Muhabbatxon, o‘g‘illari Farhod va Alisherlar kitoblarni javonlarga terayotgan ekan, Ozod rafiqasi Sharofatxonga:

— Mana, qo‘shnimiz Odil bizni tabriklab kelibdi. Dasturxon yoz. Bu yigit Yozuvchilar uyushmasida katta mansabda. Bizga asqotadi hali! — deb gapirdi-da, o‘zi darhol dasturxon yoza boshladi...

Keyinchalik “Jahon adabiyoti” jurnali ta’sis etilganda Prezidentimiz Islom Karimov bosh muharrir lavozimiga Ozodni taklif etgani adiblar davrasida ko‘pchilikka ma’lum.

Shunda Ozod Islom akaga:

— Tanqidchilik juda qiyin soha-ku, Islom Abdug‘anievich, balki mendan boshqa odamni toparsizlar, — deganda Prezidentimiz:

— Men bilaman, siz ishning ko‘pligidan emas, aksincha, ish ozligidan aziyat chekadigan insonlar toifasiga kirasiz. Siz ishni boshlayvering, sog‘lig‘ingiz haqida biz o‘ylaylik, — deganini Ozod ko‘p eslab:

— Bunday gapdan keyin men Prezidentimizning bu taklifini qanday rad etardim, — dedi.

Haqiqatan, Ozod “Jahon adabiyoti” jurnaliga butun aqlu zakovatini bag‘ishlab ishladi. Hatto og‘ir kasallik xippa bo‘g‘a boshlaganda ham u taslim bo‘lavermadi, aksincha, ishga qattiq sho‘ng‘idi, ishdan halovat qidirdi. Hech yodimdan chiqmaydi, bir kuni u telefon qilib:

— Odil, bugun kechqurun men Rossiyaning elchisini taklif qilganman. Maryamxonni olib kel, yaxshi odamga o‘xshaydi, gaplashib o‘tiramiz, — deb qoldi.

Elchi haqiqatan ham vazmin va kamtarin inson ekan. Ozod mendan tashqari Matyoqub bilan Pirimqul va Erkinjonni ham chaqirgan ekan. Yaxshi davra bo‘ldi. Yaxshi gaplardan gapirishib, kulishib o‘tirdik. Faqat mehmondorchilik davomida Ozod uch-to‘rt marta tashqariga chiqib-kirib turdi. Men uni dasturxondan ko‘ngli to‘lmay, Sharofatxonga ko‘rsatma berib kirib-chiqib turgandir-da, deb o‘yladim. Ertasiga Ozodga telefon qilib:

— Ozod, kecha juda bezovta bo‘lding-ku? Yo dasturxondan ko‘ngling to‘lmadimi, — deb so‘ragan edim, Ozod “uf” tortib:

— E, do‘stim, nimasini so‘raysan? Mana bu yomon kasal kecha yana xuruj qilib qoldi. Har safar yegan-ichganlarimni qayt qilyapman. Tomog‘imdan ovqat o‘tmayapti, — deb qoldi. Shunda men aziz do‘stimning chidami va irodasiga yana bir bor qoyil qoldim. Ne chora? Bu ko‘rgulik ham bor ekan-da, boshimizda. Boshga tushganini ko‘z ko‘rar deydi-ku xalqimiz.

Ozod she’riyatni yaxshi ko‘rar, yaxshi bilar, u yaxshi ko‘rgan she’rlarini yodga olib, davralarda o‘qib yurardi. Abdulla Oripov va Erkin Vohidov she’rlarini yoddan o‘qib, aytib yurardi. Ayniqsa, Abdullajonning “Birinchi muhabbatim”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” degan she’rlarini yoddan aytib berishni yaxshi ko‘rardi. “Ura-ura”chilik ruhiga to‘lib-toshgan she’rlarni esa ensasi qotib eslardi...

Ozod, umuman, dabdababozlikni, boshqalardan ajralib turishni, izzattalablikni jini suymas edi. Bir safar kasalxonaga tushganida Sharofatxon ikkisini hukumat shifoxonasidagi alohida xonaga yotqizishgan ekan, bu joylar Ozodga juda zerikarli tuyulibdi.

— Kechasi bilan uxlay olmadim, — dedi Ozod nolib. — Tong otsin, hamma yotadigan xonalarga o‘tib olamiz. Ko‘pchilik bilan birga bo‘lganga ne yetsin!..

Ozod ustoz Abdulla Qahhorni o‘z otasiday hurmat qilar, u kishining ijodini yuksak baholar edi. Lekin shunday bo‘lsa ham, u kishining eng so‘nggi asari “Sinchalak”ka berilgan yuksak bahoga qo‘shilavermas, asarning eng nozik nuqtasi — mushtdekkina qiz qudratli rais bilan bo‘lgan kurashda g‘olib chiqishini hayot haqiqatiga zid, soxta konflikt, deb hisoblar edi. U o‘z fikrini yozgan maqolasida aytmasa ham, klassik yozuvchi bilan bo‘lgan suhbatlarida ustozning o‘ziga ham bemalol aytaverar, ustoz esa uning bu fikriga qo‘shiladimi-yo‘qmi, buni tushunib bo‘lmas:

— Ha, endi biz yoshlar hayoti va ichki dunyosini yaxshi bilmaymiz. Sizlar haq bo‘lishlaring ham mumkin, — deb qo‘ya qolardi. Hayot keyinchalik bu bahsda buyuk klassigimiz emas, Ozod haq ekanini ko‘rsatdi. Ozod do‘stlikni nihoyat qadrlar, do‘stlar boshiga biror musibat tushsa, darhol yetib borib, ko‘nglini ko‘tarshiga urinar edi.

Sira esimdan chiqmaydi. Onaizorim olamdan o‘tganlarida Ozod yoniga shogirdlari Umarali, Ibrohimjon va yana bir-ikki do‘stlari bilan Turkistonning uzoq qishlog‘ida o‘tgan dafn marosimiga yetib borgan va ular marosim tugaguncha yonimda bo‘lishgandi.

Ozod, umuman, yosh olim va adiblarni yaxshi ko‘rar, yoshlar ham uni juda ardoqlar edi. U vafot qilganida motam marosimiga kelgan yoshu keksa odamlar ko‘chalarga sig‘may ketdi. Ular shunchaki kelib-ketishmay, Chig‘atoy qabristonigacha marhumni kuzatib borishdi... Biz, do‘stlari, har yili Ozod vafot etgan kuni uning xonadoniga yig‘ilamiz, marhumni xotirlaymiz. Shunda yana bir marta uning bir uyga sig‘maydigan kutubxonasiga qarab, bu xonadonda o‘tgan marosimlar, bo‘lgan samimiy suhbatlarimizni, eng muhimi — Ozodning o‘z xalqiga qilgan ulkan xizmatlarini eslab, hayratga tushamiz. Ozod oramizda, u barhayot.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.