G‘afur G‘ulom otam Fayzullaxo‘ja bilan birgalikda 1916 — 1917 yillari Toshkentdagi rus-tuzem maktabida o‘qiganligini va ular bolalikdan do‘st bo‘lganligini yoshligimdan bilaman. Shu tufayli bo‘lsa kerak, u kishining faoliyati bilan hamma vaqt qiziqqanman.
1943 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ta’sis etilganda G‘afur G‘ulom akademik etib saylandi.
G‘afur G‘ulom akademiya ta’sis etilganidan to umrining oxirigacha — yigirma yildan ortiq vaqt davomida Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi. O‘sha vaqtlari akademiyaning barcha ijtimoiy-gumanitar fanlari sohasida doktorlik dissertatsiyalari yoqlanadigan ilmiy kengashining a’zosi edi. Institut va kengashdagi ilmiy muhokamalarda uning fikrlari anjumanlarni jonlantirib yuborardi.
G‘afur G‘ulom odamlar bilan ko‘risha boshlaganida, albatta, xursand qiladigan bir gapni aytardi. Misol tariqasida akademik Ibrohim Mo‘minovning hikoyasini keltiraman.
1945 yilning aprel oyi ekan. G‘afur G‘ulom va Ibrohim Mo‘minov akademiyaning ishlari bilan Moskvada “Moskva” mehmonxonasida bir necha kun yonma-yon xonalarda istiqomat qilishgan ekan. Oxirgi kuni G‘afur G‘ulom Ibrohim Mo‘minov xonasiga kirsa, Ibrohim aka yana o‘sha Bedil qo‘lyozmalari ustida ishlab o‘tirgan ekan. G‘afur aka so‘z boshlabdilar: “Kechayu kunduz Bedilning ustida o‘tiribsiz, Xislat kabi Majnun bo‘lib, shomu saharlar oh urib”. Ibrohim aka javob beribdilar: “Ne qilay, naylaram, bog‘u chaman sayri-la jonon bo‘lmasa”. Bu mushoiradan keyin ikkovlari Toshkentdagi mashhur bedilxonlik maktabining rahbari Xislat Eshon haqida o‘z mulohazalarini aytishibdi. Toshkentga kelishganida G‘afur aka Ibrohim aka bilan Xislat Eshonni tanishtirishga va’da beribdi.
Ibrohim aka bir suhbatda menga aytdilar: “G‘afur G‘ulom meni Xislat Eshonning Ko‘kchadagi hovlisiga olib bordi va uchalamiz ma’lum ma’noda bedilxonlik qildik. Avvallari Xislat Eshon she’rlarini Musa akamdan eshitar edim. U kishi nazariy fizika sohasida qandaydir formulalar yozib o‘tirib, Xislat Eshonning lirikasiga o‘tib ketar edilar.
Dastlabki ko‘rganlarim va bilganlarim. Men G‘afur G‘ulomni u kishining o‘ttiz yoshlarida uch marta ko‘rganman. 1933 yili Toshkent shahrining Chorsu chorrahasida Nodira nomidagi 11-maktab hovlisida shoir bilan uchrashuv bo‘ldi. U kishi bir necha she’r o‘qib berib, biz — o‘quvchilarni yaxshi o‘qishga chorladilar. Ha, o‘sha vaqtdayoq G‘afur G‘ulom taniqli shoir edi.
Ikkinchi ko‘rishim — otam Fayzullaxo‘ja, tog‘alarim — Sanjar Siddiq, Muhiddin Ziyoviddinov va Bashar Usta G‘afur G‘ulom bilan tengdosh, qadrdon do‘st edilar; ular qandaydir bir munosabat bilan biznikida yig‘ilishdi. Men choy quyib turuvdim, G‘afur aka gap orasida mendan so‘rab qoldilar: “Qaysi maktabda o‘qiysan?”. Men aytdim: “Nodira maktabida, o‘tgan hafta siz bizlarga she’rlar o‘qib bergan edingiz”. G‘afur G‘ulom: “Afsuski, maktabinglarning nomi o‘zgarib qolibdi, endi maktabingizning nomi Roza Lyuksemburg emish”. Bu adolatsizlikdan boshqa o‘tirganlar ham bilinar-bilinmas afsuslanishdi. Gap shundaki, ochiqdan-ochiq baralla norozilik bildirish sovet hukumatining milliy siyosatiga qarshi chiqish bo‘lib qolardi, ishtirokchilarning hammasi shu kechasiyoq hibsga tushib qolishi xavfi borligi uchun o‘zlaricha ehtiyotgarlik qilardilar.
Uchinchi ko‘rishim — amakim, mashhur shoir Xislat Eshon uylarida Abdulla Qodiriy, Sulaymon Xo‘jaev va G‘afur G‘ulomni uchratganman. Ular do‘st, she’riyat va san’atda hamnafas edilar. Xislat Eshon bilan G‘afur G‘ulom ota-boladek qadrdon edilar. 1941 yili Nizomiy yubileyiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan davrda bu buyuk shoirning she’rlarini o‘zbekchaga tarjima qilishni Xislat Eshonga topshirishni tavsiya etgan G‘afur G‘ulom bo‘ladi.
Keyinchalik G‘afur G‘ulom bilan ko‘p marta uchrashganman va bu allomaning boshqalardan ajralib turadigan xislatlariga alohida e’tibor berib borganman.
Gazetaning tayanchi. Men “Qizil O‘zbekiston” gazetasida urushdan keyingi vaqtlarda fan bo‘yicha adabiy xodim bo‘lib ishlaganman. Muharririmiz Sharof Rashidov gazetaning har jihatdan mavqeini ko‘tardilar. Tahririyatda taniqli ijodkorlar ishlardilar. Gazeta faoliyatida ularning xizmatlari katta bo‘lgan, albatta. Lekin, “do‘ppi tor” kelib qolganda, ya’ni ertaga gazetada bosilib chiqishi zarur bo‘lgan dolzarb she’r yoki muhim bir maqola yozish kerak bo‘lganida xodimlar darrov G‘afur G‘ulomga murojaat qilishardilar. G‘afur G‘ulom bunday vazifani bajarishda hamma vaqt hoziru nozir edi.
G‘afur G‘ulom va Sadriddin Ayniy suhbati. Elliginchi yillar bo‘lsa kerak, O‘zbekiston Fanlar akademiyasida qandaydir bir majlis tanaffusi vaqtida G‘afur G‘ulom bilan Sadriddin Ayniy anhor tomon suhbatlashib borishdi. Sadriddin Ayniy savol berib qoldi: “Bu suvning nomi nima?” G‘afur G‘ulom: “Anhor”. Sadriddin Ayniy: “Iy-e, Anhor, bu — katta ariqqa beriladigan umumiy nom-ku?” G‘afur G‘ulom: “Gapingiz to‘g‘ri. Lekin bu yerda...”
G‘afur akaning javobini to‘la eshitolmaganimdan hanuz afsuslanaman.
Farzandlar otalarining nomlaridan foydalanmasinlar. G‘afur aka o‘g‘illaridan biri maktabda o‘qib yurgan paytlarida geografiyadan Majid Muborakov degan muallim dars bergan ekan. Bu muallim maroq bilan bir voqeani hikoya qilib bergandi bizlarga. Bir kuni G‘afur aka maktabga kelibdilar-da, shu geografiya muallimiga aytibdilar: “Men o‘g‘limni geografiyadan imtihon qilib ko‘rdim. U ba’zi mamlakatlarni xaritadan ko‘rsatib berishga qiynaldi. Geografiyadan bahoing qanday desam, “5”, dedi. Sen, Majiddin, mening nomim uchun “5” qo‘ydingmi?” “Men aytdim, — deydi Majid aka, — yo‘q, hamma savollarimga javob bergani uchun “5” qo‘yganman”. G‘afur aka shunda bunday debdi: “U holda, sening savollaring, binobarin, o‘zingning geografiya sohasidagi biliming sayoz ekan. Mening senga geografiyadan bahoim shu. Yaxshilab o‘qib va uqib ol: bolalarga chuqurroq bilim ber. Bolalarga, bu falonchining o‘g‘li, deb baho qo‘yma. Xayr”. Nihoyat, Majid aka aytdilar: “G‘afur akaning bu maslahati va nasihati dars berish uslubimning yanada yaxshilanishiga ancha ta’sir qildi...”
Yana bir misol. G‘afur akaning katta o‘g‘li Ulug‘bek fizika-matematika fanlari doktori, professor, Fanlar akademiyasining a’zosi, Yadro fizikasi institutining direktori edi. (Joyi jannatda bo‘lsin.) U kishi bir hikoya aytib bergan edi. G‘afur aka uzoq safardan qaytib, Toshkentga kelgach, o‘g‘li Ulug‘bekdan: “Qaysi institutga o‘qishga kirish uchun hujjatlaringni topshirding”, deb so‘rabdilar. Ulug‘bek javob beribdi: “Filologiya fakultetiga”. G‘afur aka: “Chakki qilibsan, har qanday filologiya professori bo‘lsang ham, baribir, mening soyamda qolib ketasan. Hali kech emas, hujjatlaringni boshqa fakultetga topshir”. “Men, — degandi Ulug‘bek, — hujjatlarimni filfakdan olib, fizfakka topshirdim. Endi bunday o‘ylasam, otam to‘g‘ri qilgan ekanlar. Men fizik ekanman, hech qanday soya ostida qolmadim, o‘zim o‘zimning yo‘limni topdim”.
Olimlarga munosabatidan ikki shingil. 1966 yil iyun oyida G‘afur akaning hovlisida u kishining jiyani Muzaffar Xayrullaev doktorlik diplomini olishi munosabati bilan ziyofat berildi. Bu ziyolilar yig‘inidan mening xotiramda ikki voqea qolgan.
Birinchisi — mehmonlar kelguncha hovlining o‘rtasidagi so‘ri karovatga solingan ko‘rpachalarda 5-6 kishi o‘tirishardi. Ular: Habibiy, Sobir Abdulla, Charxiy va san’atkorlar edi. Karovatning chap tomonida o‘tirgan Habibiy choy quyib turganligi hanuz ko‘z oldimda. Sal beriroqda, Muhammadjon aka bilan men zilzilaning mexanikasi haqida suhbatlashib turuvdik, G‘afur aka: “Muhammadjon, zilzilaning otasi sensan, deb eshitaman, menga tushuntirib ber-chi, zilzila nima qilmoqchi o‘zi”, dedilar-da, o‘sha karovat oldidagi stulga o‘tirishga taklif qildilar. Shu joyda aytish joizki, G‘afur aka Qori Niyoziydan boshqa hamma akademiklarga “sensirab” gapirardi. Muhammadjon aka yer qimirlash sabablari haqidagi hozirgi zamon seysmologiya ilmining yutuqlari va kamchiliklarini tushuntirib berdilar-da, “Bu — mening soham emas, men shug‘ullanayotgan narsa — imoratlarning, inshootlarning zilzilaga chidamliligini oshirish muammosi”, dedilar.
Men suhbatga qo‘shildim-da aytdim: “Muhammadjon aka yaqinda bu sohada bir qonuniyatni kashf qildilar...” G‘afur aka: “Nima ekan u?” — dedi. Men: “Zilzila kuchliroq bo‘lganida bino devorlarining pastidan tepaga hisoblaganda asosiy zo‘riqish 2/3 qismda sodir bo‘lishini domla matematik-dinamik jihatdan aniqlab berdilar va bu ilmiy natija amaldagiga mos keldi”, dedim.
Gapga boshqalar ham aralashdilar. G‘afur aka xulosa qilib aytdilar: “Ha, bunaqangi hodisalarda har kim o‘z sohasidan kelib chiqib, yanada tuzukroq, faol ishlamog‘i, ijod qilmog‘i talab qilinadi-da, axir. Mana biz — shoirlar, yozuvchilar, san’atkorlarning vazifamiz xalqqa tasalli beradigan ishlar qilishdir”.
Ikkinchi esimda qolgani — mehmonlar kelayotganida G‘afur G‘ulom bilan Ibrohim Mo‘minov bir-birlarini quchoqlab, apoq-chapoq bo‘lib, juda quyuq va uzoq vaqt davomida ko‘rishganliklari hanuz ko‘z oldimda. Men bu diydor ko‘rishish manzarasini ko‘rib, ko‘p narsani o‘yladim.
Avvalo, oldinroq bo‘lib o‘tgan bir voqea esimga tushdi. Ibrohim Mo‘minov bir suhbatimizda G‘afur akaning respublikamizga, xalqimizga vatanparvarlik xizmati nihoyatda katta, degan edilar. Meningcha, Ibrohim akaning shu kundagi G‘afur akaga ko‘rsatgan munosabati o‘sha fikrning amalda namoyon bo‘lishi bo‘lsa ajab emas. G‘afur akaning Ibrohim akaga nisbatan ko‘rsatgan qalbdan hurmatining asosiy sababi — mana shu Ibrohim Mo‘minovning Amir Temur bobomizni qaytadan tiriltirishda vatanparvarlik xizmati va bu murakkab kurashda tortgan jabri bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
Alloma ruhini e’zozlash. 1967 yili Dushanba shahrida O‘rta Osiyo fani va texnikasi tarixiga bag‘ishlangan konferentsiya bo‘ldi. Bu anjuman ishlarida O‘zbekistondan 25 olim faol ishtirok etdi. Ibrohim Mo‘minov, Sa’di Sirojiddinov, Yolqin To‘raqulov, Ulug‘bek G‘ulomov, Muzaffar Xayrullaev va men kechqurun gaplashib o‘tirgan edik, o‘sha shaharlik ikkita odam kirib keldi-da, G‘afur G‘ulomning o‘g‘illari kim bo‘ladi, deb so‘radilar. Ulug‘bekjon, men, deb javob berdilar. Ularning kattarog‘i: “Biz sevimli shoirimiz G‘afur G‘ulomni dafn etishda qatnasha olmadik. Bugun eshitdikki, u allomaning o‘g‘illari shu yerda ekan. Darrov, mana keldik. Allomaning ruhlari shod bo‘lsin”, dedi-da, Ulug‘bekjonga to‘n kiygizdi.
Bizlar ular kim, ism-shariflari nima ekanligini surishtirishga ham ulgurolmay qoldik. Harholda, ular shoir yoki adib emas edilar, G‘afur G‘ulom she’riyatining oddiy muxlislari edilar.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 4-sonidan olindi.