Mumtoz adabiyotimiz tarixida tasavvuf maslagi bilan bog‘liq ijodkorlar ko‘p. Biroq ham shoir, ham tariqat shayxi sifatida mashhur bo‘lish hammaga ham nasib etavermagan. Abdulaziz Majzub Namangoniy merosi shu jihatdan alohida ahamiyatga ega.
Majzub o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, tavallud sanasi ma’lum emas. Taxminan XVIII asr ikkinchi yarmida tug‘ilgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u tug‘ilgan joy Qo‘qon, ayrimlarida Qarshi deya ko‘rsatiladi. Vafot sanasida ham biroz ixtilof mavjud: Qori Qunduziyning “Tavorixi manzuma”sida hijriy 1256 (milodiy 1849) yil deyilgan bo‘lsa, Po‘latjon Qayyumiyning “Tazkirayi Qayyumiy” asarida hijriy 1273 (milodiy 1857) yil deb ta’kidlanadi.
Majzubning hayoti haqida ham ma’lumot juda kam. U Buxoro madrasalarida tahsil ko‘radi va shu yerda Xalifa Husayn Yangiqo‘rg‘oniydan tasavvuf ta’limini oladi. Mazkur shayx xonaqohidagi xizmat adosidan so‘ng, tariqat (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra ikki — qodiriya va naqshbandiya, ayrimlariga ko‘ra hatto to‘rt tariqat) peshvoligiga irshod oladi. Farg‘onaga qaytgach, Qo‘qonda yashaydi. So‘ngra Namangan shahriga borib, muqim bo‘lib qoladi. Muridlarga tasavvuf sirlaridan ta’lim berish bilan birga xalqni haqiqat va ezgulik sari targ‘ib qilib yashaydi. U Namanganda vafot etgan.
Shayx va shoir Majzubdan salmoqli adabiy meros qolgan bo‘lib, asarlari asosan diniy-tasavvufiy ruhda. Asarlari o‘z davrida va keyinchalik ham ko‘plab qo‘lyozma manbalardan o‘rin olgan. XX asrga yaqin, Turkistonda matbaachilik yo‘li bilan kitob nashr etish urf bo‘lgach, Majzub asarlari ham alohida to‘plamlar holida bir necha bor bosilgan va keng tarqalgan. Misol uchun, “Majzub Namangoniy” nomi ostida shoir she’rlaridan tanlangan namunalar Toshkentdagi Yakovlev matbaasida 1904 yili bosilgan.
Uning o‘zbek tilida alohida, fors tilida alohida “Devon”i bor bo‘lib, ularda g‘azal, muxammas, qasida, soqiynoma janrlari yetakchilik qiladi. Bu she’rlar asosan Haqni tanish va uni ulug‘lash, inson qalbini poklash, yuksak ma’naviy kamolot mavzulariga bag‘ishlangan.
Bundan tashqari, Majzubning fors tilida “Tazkirai Majzub Namangoniy” yoki “Tazkirat ul-avliyo” nomli kattagina asari ham bor. Adabiyotimiz tarixida Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asaridan so‘ng tasavvuf namoyandalari haqida Rushdiy tazkirasigina ma’lum. Majzubning tazkirasi Attor, Jomiy, Navoiy, Rushdiy va boshqa mualliflarning shu taxlit asarlaridan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu tazkira XVII — XIX asrlarda yashagan tasavvuf shayxlari, darveshlarning turfa hollari va ayrim tasavvufiy maqomlar, so‘fiyona istilohlar mazmuniga bag‘ishlangan nodir asardir. Unda, masalan, Alisher Navoiy tazkirasi kabi ismlar ko‘rsatilib, alohida shayx xususida izchil so‘z yuritilmaydi. Ammo biror tasavvufiy masala yuzasidan navbati bilan, mazmunli hikoyatu misollar yordamida fikr bildiriladi, ayrim o‘rinlarda (ko‘proq hikoyatlar oxirida) forscha yoki o‘zbekcha baytlar keltiriladi. Ko‘p hollarda “eshon”, “aziz”, “darvesh” deb nomlari ko‘rsatilmay, o‘sha zotning holati yoki u bilan bog‘liq biror voqea to‘g‘risida so‘zlanadi. Misol uchun, Maxdumi A’zam Kosoniy-Dahbediy, Musoxon Dahbediy, Sharif Xoja Toshkandiy, Mirmaqsud Xoja eshon, Ofoq Xoja eshon, Hazrat Imloi Buxoriy, Domla Iso Oxund, Xalifa Husayn, Mavlaviy Namangoniy, Mavlaviy Jabaliy, Xalifa Ashur, Mullo Lutfulloh Chustiy, Xalifa Abduqayum va boshqa yana ko‘plab zamonasining valiylari haqida hikoyalar qilinadi. So‘fi Olloyor, Mashrab, Mirzo Joni Jonon, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi mashhur shaxslar hayotidan keltirilgan voqealar asar mundarijasini boyitgan. Shuningdek, tazkirada ayrim shoirlar, asar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, faqat avliyo sifatida talqin qilinadi, she’rlari xususida so‘zlanmaydi. Misol uchun, Boborahim Mashrab tazkirada “Devona Mashrab” deya keladi va ba’zi o‘rinlarda u haqdagi voqealar hikoya qilinadi. Tabarrukan, Mashrab haqidagi bir o‘rin (tarjimasi)ni keltirsak:
“Bir kuni devona Mashrab bir nav daraxtga suyandilar. Daraxt engashdi, hamida bo‘ldi. Yonlarida o‘lturgan kishi aydiki: “Ey, devona, daraxt engashdi”. Mashrab aydilarki: “Engashsa ulug‘ bo‘lur.”... O‘shal nihol daraxti bayd, ya’ni tol daraxti erdi. Chunon ulug‘ bo‘ldiki, uning oldida bir katta tol bor erdi, o‘shal birlan barobar bo‘lib, (undan ham) o‘tdi. Hozir ham qurumagan, ko‘karib turubdi. Mavlaviy (Mavlaviy Namangoniy nazarda tutilmoqda — O.J.) aytadilar: — “Egilsa katta bo‘ladi, dedilar. Mashrab orifi billoh erdilar. Mazmuni hadisi payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamni shu ibora ila ado qildilar...”
Bu kabi go‘zal va chuqur mushohadaga sabab bo‘luvchi o‘rinlari bisyor mazkur asarni muallif umrining oxirgi yillarida yozgan ko‘rinadi. Chunki tazkirada keltirilgan ayrim shaxslar XIX asr birinchi yarmida yashaganlar. Umuman olganda, ushbu asar nafaqat tasavvuf nuqtai nazaridan, balki adabiy-tarixiy jihatdan ham alohida tadqiqotlarga mavzu bo‘la oladi.
Majzub tasavvufda zikri jahriya (oshkora zikr) yo‘lining o‘ziga xos uslubini tatbiq etadi. Unga ergashuvchilar XIX asrda Turkistonda ko‘pchilikni tashkil etgan.
Tasavvufdagi jazba holatida maqom va daraja hosil qiluvchilar “majzublar” deyiladi. Majzubiylik “jazba” (intilish) so‘zidan yasalgan bo‘lib, ruhiy tavajjuh qilmoqlikdir. Hol ilmida tug‘ma salohiyati bor solik (tariqat yo‘lchisi) majzubiy bo‘la oladi. Shuning uchun ayrim manbalarda ularni “majzubi solik” deb ham atalgan. Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarida ham ayrim majzublar haqida ma’lumot keltirilganligi fikrimiz dalilidir.
Majzubiylar favqulodda karomatlar ham sodir qila olganlar va xalq orasida alohida hurmatga sazovor bo‘lganlar. Ammo ko‘pgina tasavvuf shayxlari majzub soliklarning tariqat piri qo‘lida tarbiyalanishini shart deganlarki, bunda har qanday jazba ham tarbiya va biror yetakchi rahnamoga muhtoj ekanligi nazarda tutilgan.
Sharqda, xususan, O‘rta Osiyoda majzubiylik o‘rta asrlardanoq mavjud bo‘lgan. Lekin uning tartibli va keng tarqalgan shakli esa aynan XIX asrga to‘g‘ri keladi va u Abdulaziz Majzub Namangoniy nomi bilan uzviy bog‘liq. Uning “Devon”idagi ko‘pgina she’rlar maxsus maqom yordamida so‘fiylarning zikr majlislarida navha qilingan. Mana shu zikr majlislarini “majzubxonlik” va unga ergashuvchilarni “majzubiylar” deya atalgan. Shoirning irfoniy mavzudagi g‘azal, murabba’, musaddas va, ayniqsa, soqiynomalari o‘ziga xos uslubga ega. Shu bois uning “Soqiynoma”si so‘fiylar suhbatlarida maxsus maqom bilan o‘qilgan. Po‘latjon Qayyumiy ham bu soqiynomaning 181 sahifalik qo‘lyozmasi haqida o‘z tazkirasida ma’lumot beradi.
Mazkur soqiynoma mutolaasi, o‘z navbatida, zikr vazifasini ham o‘tagan. Aytish kerakki, bu ijroda hech qanday musiqa asboblari ishtirok etmagan. Maxsus ohang bilan kuylovchi xonaqoh hofizlari asosan Majzub she’rlarini, ba’zi hollarda Xoja Ahmad Yassaviy, Huvaydo va keyingi davralarda Haziniy asarlarini ham aytishgan.
Majzubxonlik quyidagi shaklda bo‘lgan: pir (yoki xalifa) shoirning ma’lum g‘azal yoki soqiynomasini zikr yo‘lidagi maxsus maqom bilan ijro etgan. Halqa qilib o‘tirgan soliklar she’rning ma’lum joyiga yetganda yoki ayrimlarining oxirida kerakli zikr tasbehlarini keltirganlar. Aksar hollarda halqa ishtirokchilarining ko‘p qismi muhabbat va ilhomning kuchidan jazba hosil qilib, bexud bo‘lganlar. O‘zini yo‘qotmagan, hushyor solik Qur’on oyatlaridan tilovat qilgan va oxirida pir duo qilib majlisni tugatgan. Majzubxonliklarda o‘qilgan she’rlarga misol tariqasida Majzubning “Nisoring bo‘lay, soqiyi dilrabo” deya boshlanuvchi yuqorida ta’kidlangan katta hajmli soqiynomasini, yoki:
Mashg‘ul etib o‘zingga, ayla meni qalandar
Ul Naqshband valiyga ayla g‘ulomi chokar —
deya boshlanuvchi g‘azalini keltirish mumkin.
Majzubiylik XIX asrning ikkinchi yarmidan Turkistonning ko‘p shaharlarida, xususan, Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan. Majzubiylikning bir ko‘rinishi hozirgi kunlarda ham vodiyda saqlanib qolgan.
Abdulaziz Majzub tasavvuf arbobi va shoir sifatida o‘sha davr ma’naviy hayotida katta mavqe tutgan. Mashhur shoir va shayx Ziyovuddinxon Haziniy Xo‘qandiyning piri Muhammad Hakimxon xalifa aynan Majzub Namangoniyning muridi bo‘lganligi va uzoq yillar uning dargohida yashaganligi ham ushbu fikrni quvvatlaydi. Furqat, Haziniy va boshqa ijodkorlar asarlarida Majzubning ulug‘ligi va “majzubxonlik”lar fayziga ishoralar mavjud.
Ushbu dalillar ham ko‘rsatib turibdiki, Majzubning hayoti va ijodiy merosini atroflicha o‘rganish ma’naviy merosimizning uzviyligi va mukammalligini to‘ldirishga xizmat qiladi.
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 25-sonidan olindi.