OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Ko‘tarinki ruh (2009)

Buyuk rus fiziologi Ilya Ilich Mechnikovning “Inson tabiati haqida lavhalar” (“Etyudы o prirode cheloveka”) va “Ko‘tarinki ruh lavhalari” (“Etyudы optimizma”) nomli ilmiy tadqiqotlarida odamning turfa xil ruhiy holatlari tahlil etiladi. Xususan, “Ko‘tarinki ruh lavhalari” kitobining “Gyote va telbalik” bobida ruhiy parvoz va inqirozning tub ildizlari ochib ko‘rsatilib, aslida bir-biriga batamom zid bu ikki holatning, yuzaki qaraganda, naqadar o‘xshashligi alohida ta’kidlanadi. Mazkur kitobda va, umuman, g‘arb fanida optimizm bilan pessimizm o‘rtasidagi keskin farqni ko‘rsatishda shunday muqoyasa qo‘llanadi: biron idishning yarmini tashkil etuvchi obi hayotga qarab optimist idishning yarmi to‘laligini, pessimist esa, aksincha, yarmi bo‘m-bo‘shligini ko‘radi. Ayni shu ko‘zqarashga ko‘ra, optimist bizning tilimizda “nekbin”, pessimist esa, “badbin”, deb ataladi. Sharqda dunyoni ko‘tarinki ruhda nekbinlarcha idrok etish va inson hayotini butun ranginligi bilan aslida qanday bo‘lsa shunday ko‘rish hamda ko‘rsatish fanning ham, dinning ham, adabiyotning ham pirovard maqsadi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qolaveradi.

Ruhshunos olimlar odam bolasining botini, ya’ni muayyan ruhiy holatini, avvalo, ikkiga bo‘lib tasnif qiladilar: ko‘tarinki ruh va tushkun ruh. Odatda, har ikki ruhiy holat, tabiiyki, nihoyatda behisob tashqi va ichki sabablarga ega bo‘ladi. Deylik, balog‘at yoshidagi yigit-qizning tushkun kayfiyatda va, aksincha, yetmish yashar cholning ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi alohida zohiriy va botiniy sabablarga ega holatlardir. Ko‘tarinki ruh, intilish-ishtiyoq, g‘ayrat-shijoat, hayotga muhabbat, yashashga chanqoqlik, “ko‘ngilning yoshligi”ni umrining so‘nggi lahzalariga qadar yo‘qotmasdan saqlab qolish istagi odam bolasining qonida azaldan mavjud. Aytish mumkinki, fan ham, din ham, adabiyot ham, avvalo, ayni shu istakni imkon qadar ro‘yobga chiqarish, tushkun kayfiyatga o‘rin qoldirmaslik va ko‘tarinki ruhni qaror toptirishga hamisha intilib keladi. Ayni shu mushtarak maqsad yo‘lida bu uch ijtimoiy hodisa — o‘ziga xos “uch og‘a-ini botirlar” hamisha sobitqadam va bir-birlariga yelkadoshdir. Shu boisdan, Yassaviy va Yugnakiy hazratlaridan boshlab Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lponga qadarlik eng ulug‘ adiblarimiz shunchaki yozuvchi-voqeanavis emas, ruhiyat dunyosini ne bir olimu dindordan teranroq bo‘ylay oladigan ruhshunos hamdirlar. Nafaqat bu ulug‘ ajdodlarimiz ijodi, butun mumtoz og‘zaki va yozma adabiyotimiz, aslini olib qaraganda, tinglovchi-yu o‘quvchida tushkun emas, aksincha, ko‘tarinki ruhni tarbiyalab kamol toptirish, inja ko‘ngillarni cho‘ktirish emas, aksincha, xira ko‘ngilni suv ichgandek ravshan torttirish, xullas, ruhni poklash va yuksaltirishga qaratilgandir. O‘zbek xalq eposi — “Alpomish” dostonidagi Hakimbek va yo buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodni “afsonaviy qahramon”, “ideal (xayoliy) qahramon” deya talqin qilish, ularni asl hayot haqiqatidan birmuncha yiroq havoyi-balandparvoz qahramonlar sifatida tushuntirish sho‘ro adabiyotshunosligida anchagina keng tarqalgan edi. Bu, aslida, mustabid mafkura talabi edi, albatta. Holbuki, Alpomish ham, Farhod ham tamomila hayotiy qahramonlar edi va hamisha shunday bo‘lib qolaveradi. To‘g‘ri, ular sho‘ro tuzumi zo‘r berib talab qilgan “oddiy odamlar” emas, tom ma’nodagi qahramonlar, komil inson timsollaridir. Bu mayda tashvishlarga o‘ralashib umrguzaronlik qilayotgan mayda kimsalar — “kichkina odamlar” emas, YIRIK ShAXSlar, ASL QAHRAMONlarning jonli qiyofalarini yorqin chizib ko‘rsatishda mubolag‘a, tashbeh va boshqa badiiy tasvir vositalarini qo‘llashdan maqsad haqiqatdan chekinish emas, balki uni zarrabindek bo‘rttirib-qavartirib, yiriklashtirib, kamalakdek ranginligi bilan yorqinroq ko‘rsatish hisoblanadi. Chunonchi, qahramonning go‘yoki oldidan tog‘ chiqsa kemirib, daryo chiqsa simirib, har qanday to‘siqlardan mardonavor oshib o‘tishi, qaytmasligi, botirligi, bukilmas irodasi, yengilmasligi, ulug‘ maqsad yo‘lida sobitqadamligi va boshqa ibratli insoniy fazilatlari tinglovchi-yu o‘quvchida ko‘tarinki ruh hosil qilish, unga ruhiy quvvat, yangi shiddat-shijoat baxsh etish, uni buyuk ishlarga ruhan chog‘lashga qaratilgandir.

Agar o‘zbek romanchiligining favqulodda mustahkam asos-poydevorini tashkil etuvchi ikki mumtoz asar — “O‘tkan kunlar” bilan “Kecha va kunduz”ni qiyosiy tahlil qilib qarasak, har ikkisida yorqin milliy qiyofaga ega haqqoniy qahramonlarning insoniy qismatlari ibratli tarzda ochib berilganini ko‘ramiz. Yana shunisi ham borki, har ikki asarning bosh qahramonlari — Otabek ham, Miryoqub ham — savdogarlar, tijorat sohasining vakillari. Lekin ular bir-birlariga batamom zid insoniy tabiat va fe’l-atvorga ega savdogar-ishbilarmonlardir. Otabek tijorat ishini har bir odam va butun boshli xalqning sog‘lom ruhiyati, yuksak ma’naviyatini ta’min etuvchi muhim omil deb biladi. O‘zi mansub xalqning ma’naviy yetukligi va ruhiy barkamolligi, inja ko‘ngillarning obodligi-charog‘onligi yo‘lida jon kuydiruvchi komil inson hisoblanadi. Miryoqub epaqa esa, aksincha, ruhiy tubanlik, razolat va fahsh botqog‘iga botib, bu beomon botqoqdan qutulib chiqishga, o‘zligini anglab yetish va ruhini poklashga jon-jahdi bilan urinayotgan baloyi nafs bandasidir. Asardagi Noyib to‘ra ta’riflaganidek, “Chakki shu Sartiyada tug‘ilib qolgan amerikacha biznesmen”. Agar o‘zbek kitobxonidan “Bu ikki qahramon (Otabek va Miryoqub) va, umuman, ikki roman(“O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”)dan qay biri sizga sevimliroq va ruhan yaqinroq?”, deb so‘ragudek bo‘lsangiz, shubhasiz, u Otabek bilan “O‘tkan kunlar”ni tilga oladi. Chunki bular kitobxonda ko‘tarinki ruh, narigilari esa, aksincha, tushkun ruh hosil qilib, biri ko‘ngillarni suv ichgandek ravshan torttirsa, ikkinchisi ko‘ngilni xira qilib, g‘am-g‘ussaga chulg‘ab, tushkun kayfiyat hosil qiladi. Odam bolasining bu qadar ruhan tubanlashib, razolat, xudbinlik, baloyi nafsga asir bo‘lib qolishi o‘quvchining yuragini baayni o‘rtab yuboradi. Ajablanarli hol shundaki, zamonaviy o‘zbek adabiyotida to‘laqonli va kiroyi qahramonlarning jonli qiyofalari ko‘tarinki ruhda chizib ko‘rsatilgan dastlabki asar ne bir orzular bilan adabiyot olamiga qadam qo‘ygan 22 yashar Abdulhamid Cho‘lpon qalamiga mansub edi! Beqiyos ijodiy salohiyatga ega bu yozuvchining xalq rivoyati asosida 1920 yilda yaratgan “Yorqinoy” dramasining mohiyatini jiddiyroq bo‘ylab qarang! Bu asardagi bitta-ikkita emas, biryo‘la to‘rtta kiroyi qahramon — Yorqinoy, Momo, O‘lmas botir, Po‘lat botir o‘zlarining oti bilan ham, zoti bilan ham havas qilsa arzigulik ibratli qahramonlar. Yangi davrning yangi umumlashma qahramonlari, o‘ziga xos timsollar edi ular! Ushbu dramada yorqin ifodalangan ko‘tarinki ruh bilan “Kecha va kunduz” romanida yorqin ifodalangan tushkun ruh qiyosiy tahlil qilinsa, shu ikki asar oralig‘ida o‘tgan o‘n olti yillik beshafqat davrda bir ulug‘ so‘z san’atkori fojiasini, uning har bob bilan ayovsiz cho‘ktirilgan va qayta yuksalishdan umidi uzilayozgan bezovta ruhini teran his qilgandek bo‘lasiz. “O‘tkan kunlar” romani bilan “Obid ketmon” qissasini qiyosiy tahlil qilganingizda ham shunga yaqin ruhiy holatni kechirasiz. Bu, albatta, har qanday ko‘tarinki ruhni tushkun ruhga aylantirishga qodir, ne bir qat’i e’tiqod va ulug‘ maqsadda sobitlarning ham irodasini sindirib, ko‘nglini cho‘ktirib, ruhini tushkunlikka mahkum etishga ustasi farang bo‘lgan mustabid sho‘ro tuzumining shafqatsizligini, bu tuzumda ruhiy inqiroz va ijodiy tanazzul muqarrarligini ayon ko‘rsata oladigan ko‘ngilsiz hodisalardir.

Adabiyotimiz Cho‘lponning “Yorqinoy” dramasi bilan Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida go‘zal ifodalangan ko‘tarinki ruhdan tobora chekinib borayotgandek, nazarimda. Romanchilikda Cho‘lpon maktabidan Qodiriy maktabiga o‘tish, ya’ni ruhni yana bir karra cho‘ktiradigan emas, aksincha, yuksaltiradigan, ko‘ngillarni to‘q, dillarni ravshan qilib, o‘quvchini ulug‘ ishlarga ruhan chog‘laydigan, havas qilsa arzigulik kiroyi qahramonlar siymolari haqqoniy yoritilgan barkamol romanni amalda yaratish anchagina mushkul kechmoqda. To‘g‘ri, necha ming yillik shonli tariximizni yangicha idrok etish bobida, ayniqsa, O‘zbekiston davlat mustaqilligi yillarida faxrlanib tilga olsak arzigulik yutuqlar qo‘lga kiritildi. Muhammad Alining O‘zbekiston davlat mukofoti bilan taqdirlangan “Ulug‘ saltanat” roman-dilogiyasi, Sa’dulla Siyoevning “Yassaviyning so‘nggi safari” va Asad Dilmurodning “Pahlavon Muhammad” tarixiy romanlari ruhan naqadar boy va ma’naviyati naqadar yuksak pokdomon zoti shariflarning qonuniy vorislari ekanimizni teran anglab, ko‘tarinki ruh hosil qilishimizda beminnat ko‘makdosh bo‘la oladi, deb o‘ylayman. Chunonchi, “Ulug‘ saltanat” asarida sohibqiron bobomizning o‘z o‘g‘illari Jahongir Mirzo va Umarshayx Mirzo bilan muloqotlari, jahonshumul ota va bunday otaga yarashug‘li o‘g‘il munosabatlari, aytish mumkinki, Yusufbek hoji va Otabek munosabatlari qadar havas qilsa arzigudek darajada, ibratli tarzda ta’sirchan qalamga olinadi. “Yassaviyning so‘nggi safari” romanida ulug‘ ruhoniy piri komilimiz, hazrati Sultoni Orifin Ahmad Yassaviyning chinakamiga bepoyon ruhiy olami mahorat bilan yoritiladi. Ayni shu mahoratga ko‘ra mazkur asar, nazarimda, “Navoiy”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar”, “Ko‘hna dunyo”, “Avlodlar dovoni” kabi mumtoz tarixiy romanlarimiz qatoridan mustahkam o‘rin olishi mumkindek. “Pahlavon Muhammad” tarixiy romanida esa, uch do‘sti sodiq — qalam pahlavoni Alisher Navoiy, saltanat pahlavoni Husayn Boyqaro va mardona kurash maydonining tom ma’nodagi asl pahlavoni Muhammad o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ta’sirchan lavhalarda jonli chizib ko‘rsatiladi. Ushbu romanda Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirovdek ustoz adiblarimizning bir qator asarlarida qalamga olingan uch do‘st munosabatlari o‘ziga xos tarzda, tarixiy siymolar misolida yangicha badiiy talqin etiladi. Har uch asar o‘quvchi ruhini boyitib, unga yangi ruhiy quvvat baxsh etib, ulug‘ ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga astoydil da’vat etishi bilan alohida qadrlidir.

Lekin, afsuski, zamonaviy mavzudagi romanlarimizda bunday ibratomuz hodisalar hali-hanuz kamdan-kam!.. Jahon adabiyoti, ayniqsa, g‘arb romanchiligi, deylik, Joys, Kafka, Borxes, Apdayk, Markes va boshqa romannavislar tajribalarini puxta o‘zlashtirib, o‘zimizda yangicha ruhiy quvvat va ijodiy imkoniyatlar hosil qilishga intilish mumkin va shart, albatta. Lekin shuni ham nazardan qochirmasligimiz kerakki, muazzam Sharq adabiyotida azaldan ko‘tarinki ruh, hozirgi g‘arb romanchiligida esa, aksincha, tushkun ruh — odam bolasining ruhiy tanazzuli va ma’naviy qashshoqlashuv jarayonlarini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlab ko‘rsatish ustivorlik qiladi. O‘zbekiston davlati jahon xalqlari hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, chinakamiga alpomishona qaddi-bastini tobora rostlab kelayotgan shu kecha-kunduzda esa, tabiiyki, bizga, qanchalik yorqin badiiy bo‘yoqlarda va ming bir jilvalarda kifti keltirilib taqdim etilmasin, g‘arbona tushkun ruh ifodasi, oldi-qochdi, ur-sur, qotillik, zulm-zo‘ravonlik, giyohvandlik, odam savdosi, fohishabozlik, absurd va hokazolar qalamga olingan asarlar ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ruhiy yuksalishimizga yordam berish o‘rniga, aksincha, xalaqit berishi tabiiydir. Holbuki, ayniqsa, bugungi kunda sharqona ko‘tarinki ruh tasviri bizga har qachongidan ham ko‘proq beminnat ko‘makdosh bo‘lishi shak-shubhasiz. Odatda, har bir davr o‘zining adabiy qahramonini talab qiladi. Bugungi kunimizning kiroyi adabiy qahramoni esa, mening tushunishimcha, Hakimbek, Farhod va Otabekdek tom ma’nodagi komil insonlarning munosib vorislari, bugungi kunimizning komil insonlari bo‘lmog‘i kerak. O‘z qalblarida saxovat, matonat, bunyodkorlik, or-nomus, diyonat, adolat, andisha, tavfiq, subut, lafz va boshqa ko‘pdan-ko‘p ruhiy ganjinalarimizni asrab-ardoqlab yashayotgan asl qahramonlar qiyofalari haqqoniy yoritilgan asarlar baayni suv bilan havodek zarur. Muhtaram Yurtboshimiz alohida ta’kidlab aytganlaridek, “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” ekan, avvalo, ruhimizda ulug‘ ajdodlarimiz shakllantirgan yuksak ma’naviyatni yana-da boyita oladigan, o‘quvchida ko‘tarinki ruh hosil qila oladigan asarlargina bugungi kunda ham, kelajakda ham yengilmas ruhiy kuch-quvvat va ma’naviy qadriyat bo‘la oladi. Nizomiy va Navoiy, Jaloliddin Rumiy va Farididdin Attor, Hofiz va Sa’diy, Dante va Gyote, Stendal va Xeminguey, Tolstoy va Tagordek umumbashariy ruhiyatning ulug‘ darg‘alari qoldirgan eng ibratli tajriba mana shu!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 12-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.