Adabiyot olami deb atalmish sehrli dunyoga atak-chechak qadamlar bilan kirib kelayotgan paytlarimda kaminangizga madad qo‘lini cho‘zgan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan, ruhimni ko‘tarib turgan ustozlarimni bot-bot eslab turaman. Ular bergan maslahatlar hali-hamon quloqlarim ostida jaranglab turganday bo‘ladi. Masalan, ustoz G‘afur G‘ulom elliginchi yillarning oxirida «Sharq yulduzi» jurnalida bosilgan turkum she’rlarimni o‘qib ko‘rib, menga: «O‘zing ketmon sopidek bo‘lsang ham, ashulang katta ekan-ku. Menga qara shoir bola, intim lirika bilan o‘ralashib qolmay, dunyoga ko‘zingni kattaroq ochib qara, tushundingmi?» — degandi. «Tushundim», degan bo‘lsam ham, akademik shoir gaplari zamirida juda katta ma’no yotganini keyinchalik anglaganman.
Mirtemir biz yosh qalamkashlarni kipriklarim, deb atagandilar. Biz dumbulgina ijodkorlar haqidagi, «Kipriklarim» nomli mashhur she’rni kim bilmaydi deysiz! Gap-so‘zlari halimdekkina, xushtabiat, beg‘ubor ustoz biz yoshlarga yeng shimarib madad berar, she’rlarimizni tahrir etib, gazeta va jurnallarga tavsiya qilar, ilk kitoblarimizga muharrirlikni ham zimmasiga olardi.
Kaminangizga bag‘rikenglik bilan madad berib, badiiy ijodda qulochni kengroq yozish yo‘llarini ko‘rsatgan murabbiylarim Komil Yashin, Sobir Abdulla, Shuhrat, Turob To‘la, Ibrohim Rahim, Mirmuhsin, Asqad Muxtor, Hamid G‘ulom singari zabardast qalam sohiblari edi.
Biz ularning kipriklari edik!
Adabiyotimizda o‘zining muqim o‘rniga ega bo‘lgan ulkan qalam sohibi, ko‘p qirrali ijodkor Hamid G‘ulom ham yosh iste’dodlarga yo‘l ochib berish, ularni muntazam qo‘llab-quvvatlashda hamisha kamarbastalik qilganini yaxshi bilaman.
Adashmasam, o‘tgan asrning ellik to‘qqizinchi yili yozida men ilk she’riy to‘plamim qo‘lyozmasini Yozuvchilar uyushmasiga olib bordim.
She’riy to‘plam qo‘lyozmasi sakkiz-o‘n chog‘li tishli-tirnoqli, katta-kichik yoshdagi shoirlar, hatto adabiy tanqidchilarga ham tarqatilar, muhokamada kitobni «bo‘ladi» yoki «bo‘lmaydi» deguchi hakamlar mana shu odamlar edi.
Yaxshi esimda, to‘plam muhokamasida bir talay ijodkorlar qatnashdi. Yig‘ilish boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolganda xonaga ikki basavlat odam kirib keldi. Ularni ko‘riboq tanidim. Hamid G‘ulom bilan Shuhrat akalar!
Muhokamani Hamid G‘ulom boshlab berdi. She’rlarim haqida nima derkin deb, yengil qaltiroq ichida o‘tiribman. Yo‘q, Hamid akaning so‘zlari men kutgandan boshqacha bo‘ldi. U she’rlarimdan bir dastasini yig‘ilish ahliga ko‘rsatib dedi: “Mana, menga shoirning o‘nta she’ri berilgan ekan. O‘qib chiqib, sakkiztasining peshanasiga plyus qo‘yibman. Oxunjonning aksari she’rlari meni xursand qildi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, bugungi kunda she’riyatimizga dadil kirib kelib, faol ijod qilayotgan Husniddin Sharipov, Yusuf Shomansur, Xayriddin Saloh, Tesha Saydalievlar safiga yana bir umidli yosh shoir Oxunjon kelib qo‘shildi...”.
Hamid akadan keyin Shuhrat domla ham she’rlarim haqida iliq gaplar aytgani, kelajagimga umid bog‘lagani esimda. Ustozlar qusurlari bartaraf etilgach, qo‘lyozma nashrga tavsiya etilishi kerak degan fikrni bildirishdi.
Quvonchdan Farg‘onaga qanot qoqib uchdim shekilli. «Demak, qo‘limdan kelarkan, — derdim o‘zimga-o‘zim, — demak yaxshiroq yozsam bo‘larkan».
Hamid G‘ulom iste’dodli, ijodiy ko‘lami keng, serqirra qalam sohibi edi. U jiddiy, xalq ta’biri bilan aytganda, qandaydir siri bor odamday ko‘rinsa-da, dilkashgina, ochiq ko‘ngil kishi edi. Men ko‘p yillar Hamid akadan faqat yaxshilik ko‘rib kelganman. Shunga doir bir-ikki misolni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Aniq esimda, 1971 yilning dekabr oyi poyonlari edi. O‘sha paytlari Toshkentda, hozirgi «O‘zbekiston ovozi» gazetasining adabiyot va san’at bo‘limida ishlardim. Mo‘‘jazgina ish kabinetida o‘tirsam, xona eshigi ochilib, ostonada Hamid aka ko‘rindi. Darhol o‘rnimdan turib, yonlariga borib ko‘rishdim, o‘tirishga taklif qildim. Unamadilar.
— Gap bunday, Oxunjon, — dedi Hamid aka, — bilasiz, G‘afur G‘ulom nashriyotiga ishga yuborishdi. Ikki-uchta odam olishim kerak. Sizni poeziya bo‘limi mudirligiga mo‘ljallab turibman. Birga ishlaymiz, xo‘pmi?
Sira kutilmagan bu taklifni eshitib, Hamid akaga angrayib boqib turardim. Hamid G‘ulomdek odam meni shunday lavozimga taklif etayapti-ya!
— Demak kelishdik-a? Men hozir Maqsud Qorievning oldiga kirib, sizni nashriyotga o‘tkazishlarini so‘rayman. Yo‘q demaydi.
— Hamid aka, — dedim, — bu yog‘i g‘alati... Meni Farg‘onaga muxbir qilib jo‘natishayapti. Buyruq chiqqan...
— Muxbirlikka sizdan boshqa odam yo‘q ekanmi? — ensasi qotib so‘radi Hamid aka.
— Muharrir yurtingda biror ikki yil ishlab kel devdi, yo‘q deyolmadim. Shunaqa bo‘ldi.
Hamid G‘ulom indamasdan xonadan chiqdi. Men beixtiyor ortidan ergashdim. U zinalardan tez-tez tushib tashqariga chiqib ketdi. Picha ergashib bordim, lekin ovoz chiqarib “xayr” deyishga jur’atim yetmadi. Ustoz mendan ranjib ketdi. Axir, u kishi meni jurnalist emas, shoir deb bilardi-da.
Keyin ham shunday deb bildi. Eng nufuzli nashriyotga rahbarlik qilgan yillari bu dargohda mening bir necha kitoblarim chop etildi. Kaminangiz bu gaplarni “bergan xudoga yoqibdi”, degan ma’noda emas, aksincha, bu ulug‘ inson bizdaqa «radavoy»larga ham bag‘rikenglik, diyonat bilan qarardi, degan ma’noda aytayapman.
...Saksoninchi yillarning boshlari edi. Hamid G‘ulom Yo‘ldosh Sulaymonga telefon qilib, “Ertaga kechki reys bilan Farg‘onaga uchayapman. Ko‘rishamiz, Oxunjonga ham aytib qo‘y”, debdi. Yo‘ldoshali (xudo rahmat qilsin) menga qo‘ng‘iroq qilib, shundoq-shundoq, ertaga ustoz kelyaptilar, biror yoqqa daydib ketib qolmang, deb tayinladi. Quvonib ketdim. O‘sha kuniyoq katta-kichiklar bilan kelishib, viloyatning uch joyida Hamid G‘ulomning kitobxonlar bilan uchrashuvi rejalashtirildi.
Ertasiga kechki payt Yo‘ldoshali ikkimiz Hamid akani aeroportda kutib oldik. Tabiatan ehtirosli, serhayajon Yo‘ldosh Sulaymon ikkimiz Hamid aka atrofida girdikapalakmiz. Ustozga o‘z sadoqatimizni ko‘rsatmoqchi edik-da.
— Bitta ko‘k choy bo‘lgandaydi, — dedi Hamid aka kresloga joylashib o‘tirarkan.
Yo‘ldosh Sulaymon dupur-dupur qilib yugurib tashqariga chiqib ketib, tezda choy olib keldi. Hamid aka tirsagini qo‘yib o‘tirgan pastakkina yaltiroq «jurnalniy»ga choynakni qo‘yib, choyni bir-ikki qaytardi. Uchinchi qaytarishda bo‘lsa kerak, sira kutilmagan voqea ro‘y berdi. Yuqorida aytganimdek, serhayajon Yo‘ldosh Sulaymonning panshaxani eslatuvchi barmoqlari bexosdan choynakni turtib yubordi. Endigina damlangan choy ne ko‘z bilan ko‘raylikki, Hamid akaning tuflisi ustiga ag‘darildi. Menimcha, o‘shanda uch kishining tomog‘idan uch xil sado chiqib, o‘rnimizdan irg‘ib turdik. Mehmonimizning tuflisi ustida choy shamasi do‘ppayib turar, choynak yerda dumalab yotardi...
Men shosha-pisha egilib, choynakni olib, shamalariga qo‘l cho‘zayotgan edim, nogahon Hamid aka:
— Ikkoving ham naryoqqa chiqib turinglar, — deb o‘rnidan turdi.
Boshimiz quyi, itoatkorona narigi xonaga chiqdik.
Yo‘ldosh Sulaymon chuqur “uh” tortib yubordi. Gapning ochig‘i, bu holat ham ayanchli, ham kulgili edi. Men Yo‘ldosh Sulaymon bilan qirq yillik qadrdon edim. Doim birga yurardik. Suhbatlarimiz ko‘pincha badiiy ijod, adabiy jarayon haqida bo‘lardi. Ikkovimiz ham hangomatalab bo‘lganimiz uchun kunlarimiz hazil-huzilsiz o‘tmasdi. Shu bois bo‘lsa kerak, garchi xijolat ichida bo‘lsam-da, Yo‘ldoshalining qitig‘iga tekkim kebqoldi.
— Tavba, qatorlatib qissa-yu romanlar yozib hammani qoyil qilib yurgan odam eplab choy quyolmasa-ya! E, qo‘poldan to‘ngak o‘rgilsin! Sizning qadamingiz yetgan joyda albatta ag‘dar-to‘ntar bo‘lmay iloj yo‘q...
— Bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘ysangizchi yuragimni siqmay, — Yo‘ldoshali to‘ng‘illab mendan nariroq ketdi.
Ataylab yoniga bordim.
— Hali mening gapim bo‘lmag‘ur bo‘pqoldimi? Tunov kuni to‘yda yoningizda o‘tirib qolgan ko‘hlikkina ayolga xushomad qilib, tarelkasiga lavlagi salat solib beraman, deb oppoq ko‘ylagini lolaqizg‘aldoq qilib qo‘yganingizni hamma ko‘rdi. Buyam bo‘lmag‘ur gapmi? Shunaqa misollarni yana keltiraymi?
— Bo‘ldi-da endi! Hamid aka kechirimli odam. Kechirsa kerak-a? — tasalli beruvchi gap istab menga umidvor boqqandi o‘shanda soddagina qadrdonim Yo‘ldosh Sulaymon.
— Bilmadim, — dedim jo‘rttaga mujmal qilib, — ishqilib... chiqay-chiqay deb turgan romaningizning boshiga o‘zingiz suv quymagan bo‘lsangiz bo‘ldi. Endi... Vsyo!
— Bo‘ldi deyapman! — zarda qildi suhbatdoshim, — sizdan birorta ma’nili gap chiqadimi o‘zi?
Shu payt Hamid aka turgan xona eshigi ochilib, u kishining boshi ko‘rindi. Haytovur, chehrasi ochiq edi.
— G‘idi-bidilaring tugagan bo‘lsa, bu yoqqa kiringlar.
Boshimiz quyi, itoatkorona xonaga kirdik. Jiddiy, siri bor Hamid aka qarshisida yer suzib o‘tiribmiz.
— Yo‘ldoshali, — deb sukutni buzdi Hamid G‘ulom, — avvalo sizni quvontiradigan gap. Romaningiz to‘rtinchi kvartalning o‘rtalariga chiqadi. O‘ttiz ming tiraj yoniga yana o‘ttiz ming qo‘shib qo‘ydim.
— Ie, yaxshi, yaxshi! — deb irg‘ib o‘rnidan turib ketdi Yo‘ldosh Sulaymon, — tiraj katta bo‘b ketibdiku! Yaxshi! Yaxshi!
— O‘qiladigan kitobning tirajiyam katta bo‘ladi! — degandi o‘shanda Hamid aka o‘ziga xos salmoq bilan. Keyin menga qarab: — Oxunjon, turing, choyni bu gal o‘zingiz obkelib, o‘zingiz quyasiz, — deb qoldi kulimsirab. Yo‘ldosh Sulaymon o‘ziga sig‘may o‘tirardi.
Darhol choy keltirdim. O‘sha oqshom Hamid aka bilan miriqib gaplashgandik.
U kishi bilan xayrlashib tashqariga chiqishimiz hamon rahmatli Yo‘ldoshali menga yopisha ketgandi:
— Siz boyagina «romaningizning boshiga o‘zingiz suv quydingiz» deb, o‘takamni yoruvdingiz. Hamid aka meni qanaqa quvontirganini ko‘rdingizmi!
— Bo‘lmasachi! — deyman beparvo, — Hamid aka sizning choynak bilan bog‘liq boyagi hunaringizga javoban...
Yo‘ldosh Sulaymon biqinimga turtib, «qitmir», deb qo‘ygandi o‘shanda. Mana endi bir qop yong‘oqdekkina Yo‘ldosh Sulaymon ham oramizda yo‘q. Dunyoning ishlari shunaqa. Ustozlarning kipriklari to‘kilyapti. Bevaqt to‘kilgan kipriklardan biri talantli adib, hammaga yaxshilik qilgisi keladigan beg‘ubor inson Yo‘ldosh Sulaymon edi. Na chora...
Biz, Hamid akaning ijodini ko‘p yillar o‘qiganmiz va o‘qiyveramiz. Istiqlol yillarida Hamid G‘ulom yana bir ochildi. Umrining oxirigacha adib mustaqilligimizni olqishlab ajoyib she’rlar yozdi, ko‘plab o‘tkir, ehtirosli publitsistik chiqishlar qildi. Qisqasi, so‘nggi nafasigacha ustoz Hamid G‘ulom o‘tkir qalamidan ayro nafas olmadi.
Bir vaqtlar bizning boshimizni silab, qatorga qo‘shgan ustozlarimiz dunyoni tark etishgan, joylari jannatlardan bo‘lsin. Ularni eslab, xo‘rsinib qo‘yasan kishi. Lekin, taskin beradigan narsayam bor. Bu shu ulug‘ zotlar yaratib ketgan asarlar.
Qalbimizdan ham, kitob jovonlarimizdan ham joy olgan asarlari!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 7-sonidan olindi.