OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min. Mahorat izlanishlardan keladi (2011)

Hozirgi paytda adabiyotimiz yaxshi rivojlanib borayapti. Mustaqilligimizning yigirma yilligi arafasida, shu o‘tgan vaqt mobaynida ro‘y bergan o‘zgarishlarga sinchiklab qarasak, adabiyotimiz umuman boshqacha shakl ola boshlaganini his qilamiz. Bunga, eng avvalo, “tsenzura” degan rasmiy va qalbiy elakdan qutilganimiz sababchi. Yozuvchilarga hech kim palon mavzuda, piston qahramonni shakllantirib asar bitgin, deb ko‘rsatma bermaydi. Istaganingni yoz, faqat u mahorat bilan bitilgan bo‘lsin va o‘quvchining diliga kirsin, uning ma’naviyatini yaxshi tomonga o‘zgartirsin. Hozirgi kunlarda, nazarimda, asosan, uchta yo‘nalish yaqqolroq ko‘rinib turibdi, ya’ni tarixiy asarlar, maishiy hayotimizning o‘ziga xos jihatlari haqidagi yozilmalar va kriminal voqealar bayoni. Shaxsan, meni taassuf qildiradigan holat esa fantastik asarlarning deyarli yo‘qligidir. Bu janrni boshlab berganlardan Tohir Malik allaqachon kriminal olam haqida qalam tebratmoqda, Mahkam Mahmudov adabiyotshunoslik bilan band, eng sermahsul Xojiakbar Shayxov esa bevaqt vafot etdi. Umidli fantastlar Xasan va Xusan Tursunovlar murabbiylik daryosiga sho‘ng‘ib ketishdi, Sohiba Abdullaeva, Rustam Obidovlar qaerlardadir daraksiz yurishibdi. O‘zim ham keyingi davrda yozgan bir-ikkita hikoyadan tashqari hech narsa bilan maqtana olmayman, meni tarixiy jarayonlar ko‘proq qiziqtirib qoldi.

Lekin, bu adiblarsiz ham adabiyotimiz rivoji nazarimda yomon emas. Faqat, bir jihat bor: qalamkashlarning yangi avlodi, men aytib o‘tgan janrlarda, asosan, chet ellarda “pulp fiction” (“palp fikshn”) deb nom olgan shaklga moslashib, ijod qilmoqdalar. “Rulp fiction”ning ma’nosi, bir marta o‘qib, tashlab yuborsa bo‘ladigan to‘qima, deganidir. Har xafta chop etiladigan turli gazetalarda bunday to‘qimalar tiqilib ketgan. Lekin, jiddiy va yangi yo‘nalishda ijod qilayotganlar ham yetarli.

Keyingi paytda meni bir yozuvchimizning, Erkin Usmonovning ijodi qiziqtirib qoldi. U - o‘ziga xos adib. Uning asarlarini boshqa birovniki bilan adashtirib yuborolmaysiz. Darhol taniysiz. U 2008 yilda u “Ajal xiyoboni” to‘plamini chop etdirgan edi. Bu kitobni u sarguzasht-detektiv qissalar va hikoyalar deb nomlagandi. Ammo, undagi asarlar nomlangan janrga emas, ko‘proq mistika va triller yo‘nalishlariga mos kelardi. Bu yil esa “Marhum kech soat sakkizda keladi” nomli kitob chiqardi va avvalgisidan farqli o‘laroq, uni sarguzasht-mistik qissalar va hikoyalar to‘plami deb atabdi. Bu – ancha haqikatga yaqin. Chunki, yozuvchining dili faqat mistik asarlar bitishga moyil. U, istasa-istamasa, har bir asari g‘ayri tabiiy holatlarni aks etdira beradi. Bunday holatlar Erkin Usmonovning har bir asarida mavjud.

Xo‘sh, ushbu yozuvchini domiga tortgan janrning qanday o‘ziga xos tomonlari bor? Avvalo, mistika so‘zining mag‘zini chaqaylik. Bu ibora yunon tilidagi “mistikos”dan olingan bo‘lib, sirli, yashirin ma’nolarini beradi. Atrofimizdagi reallik, bir qaraganda oddiy ko‘rinadi. Odatda, inson o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, eshitgan va tanasining boshqa a’zolari bilan his qilgan voqelikkagina ishonadi. Qadimdan shunday bo‘lib kelgan va hozir ham deyarli shunday. Ammo, XXI asrda Yer yuzidagi taraqqiyot shu darajaga yetdiki, biz shu kunlarda ko‘zimizga ko‘rinmas elektromagnit to‘lqinlarning mavjudligiga ishonamiz. Aks xolda, radio, TV, uyali telefon aloqalari bularsiz vujudga kelmas edi. Bu – eng oddiy va yaqqol misol. Shuningdek, ko‘pchilik, o‘zga odamlar tomonidan sizga tilanadigan yaxshi yoki yomon tilaklarning kuchi mavjudligiga ishona boshlayaptilar. Chunki, odamning ongida ham fikr yuritish jarayonida elektromagnit to‘lqinlar tarqaladilar va atrof muhitga ta’sir ko‘rsatadilar – bu fanda juda ko‘p tajribalar vositasida isbotlangan. Zamonaviy tibbiyot maskaniga boring – u yerda sizga, eng avvalo magnit rezonansli tomografiya qilishingiz yoki ultratovushli tekshiruvga kirishingiz zarurligini aytadilar. Ushbu jarayonlar ham faqat tanamiz a’zolaridan tarqaluvchi ko‘zimizga ko‘rinmas to‘lqinlar va ularni “o‘qiy oluvchi” qurilmalar yordamida o‘tkaziladi. “Yo‘q, men bunga ishonmayman, chunki ularni his qilmayapman!” degan nodon o‘z sog‘lig‘iga noto‘g‘ri tashhis qo‘yilishiga sababchi bo‘ladi va uning sog‘ayishi albatta mushkulashadi. Demak, tanamiz, vujudimiz his qila olmaydigan tabiat sirlari mavjud ekan.

Men o‘zimdagi adabiyotlar va internetdagi axborotlar vositasida mistika janrining jihatlarini o‘rgangach, shunday xulosaga keldimki, bu yo‘nalishda bitilgan asarlarda bizning realligimizdagi voqeotlar, boshqa, to‘rt muchamiz bilan his qila olmaydigan sirli hodisalar bilan uyg‘unlashtirib bayon qilinadi. Demak, mistika zamonamiz rivojlanishi bilan birga odimlayotgan janr ekan, degan xulosaga kelish mumkin.

Hozirgi paytda mistika yo‘nalishi jahon adabiyotida va kino san’atida juda katta bo‘lakni egallagan. Shaxsan men tan olgan Alfred Xichkok va Jon Karpenterlarning yigirmanchi asrning 60 – 80 yillarida olgan filmlari hozir klassik asar bo‘lib qolganlar. Butun rivojlangan mamlakatlarda bunday san’atga qiziqish g‘oyat ulkan. Asosiy sabab, uning o‘quvchini sirli, g‘ayri oddiy voqealar qa’riga tushirib, ongiga qattiq turtki berishidir.

Men yana bir narsani aniqladim – mistika ikki xil bo‘lar ekan. Birinchisi, oddiy mistika. Bunda qandaydir sirli voqelar hikoya qilinadi, ular albatta o‘quvchini asar nihoyasiga yetguncha hayajonda ushlab turadilar. Ikkinchisi, falsafiy mistika. Bunisida, sirli va hayajonli voqealar falsafiy yechim bilan tugallanadi va o‘quvchiga qanday xatti-harakatlar falokatga olib boradi-yu, qanaqalari baxtga, ezgu maqsadga erishtirishini badiiy vositalarda ko‘rsatib beradi. Nazarimda, bu ikkala yo‘nalish ham yashashga xaqli.

Erkin Usmonovning yangito‘plamida ana shunday ikki xillik bor. Masalan, “Ko‘zoynak” qissasi, “Uzuk ko‘zidagi jodu”, “Marhum kech soat sakkizda keladi”, “Kapalak”, “Txarad”, “To‘rtinchi hodisa” kabi hikoyalari birinchi yo‘nalishga mos kelsa, “Liftga chiqqan besh kishi”, “Do‘stim Goratsio”, “Panja orasidagi tilsim”, “Lain”, “Yog‘iy” va boshqa asarlar ikkinchi yo‘nalishga mansublar. Lekin, bu kitobdagi har bir ijod namunasi har qanday sharoitda o‘quvchining diqqatini mahkam ushlaydi. Ayniqsa, men ba’zi hikoyalarni o‘qib juda qo‘rqdim. Yo‘q, voqealardagi sirlilik va g‘ayritabiiylikdan emas, hayotida razillik qilayotgan, shaytonga bo‘ysunayotgan, nafsiga egalik qilolmay ozgina foyda uchun vijdonini, yaqin va uzoq odamlarni sotgan kimsalarning oxir-oqibatda qanday ahvolga tushganlarini, olayotgan jazolarini his qilib qo‘rqdim. Men, beixtiyor, nogahon shunday ish qilib qo‘ysam, shunday ayanchli holatga tushamanmi, degan hayollarga ham bordim... Axir, haqiqiy adabiyotning vazifasi shu emasmi? Har bir asar bizni faqat to‘g‘ri yashashga, insofli, diyonatli bo‘lishga o‘rgatishi kerak emasmi?!                  

Men “Marhum kech sakkizda keladi” kitobini o‘qir ekanman, ayrim hikoyalar zamonaviy mistika prozasi ustalari Stiven King, Maykl Krayton va Din Kuntslarning darajasida bitilgan ekan, degan hayollarga ham bordim. Ayniqsa, “Liftga chiqqan besh kishi” hikoyasi ma’qul bo‘ldi. Bu – haqiqiy falsafa yo‘g‘rilgan asar. Sal soddaroq bitilgan-ku, ammo inson qalbiga yetib boradi. Xuddi shuningdek, “Lain” ham tahsinga loyiq. U – ogohlantiruvchi hikoya.

Lekin, barcha asarlar bir xilda sifatli emas. Masalan, “Ko‘zoynak” qissasini olaylik. Asosiy personaj – bir omadsiz, landavur, hayotida noto‘g‘ri yo‘l tanlagan odam. Ilmiy xodim bo‘lib xizmat qiladi. Unga, atrofdagi barcha odamlar qarshi ish qilaberayotgandek tuyulaberadi. Domlasi daraja yoqlashga yo‘l bermaydi. Rahbarlar yangi lavozimga ko‘tarishmaydi. Xotini bilan ham munosabatlari yomon. Farzandi yo‘q. Nihoyat, ular ajrashadilar. Xullas, butun borliqning yomonliklari unga yomg‘irdek yog‘ib turaveradi. Nihoyat, bir kuni u ko‘zoynak topib oladi. Egasi chiqmagach, uni taqadi va dunyo unga kulib boqa boshlaydi. Natijada, u ma’lum muvaffaqiyatlarga erishadi. Kattayu kichikning havasi keladi. Uylanadi, qizchali bo‘ladi. Obro‘-e’tiborga ega bo‘ladi. Lekin, tasodif tufayli o‘sha ko‘zoynakni sindirib qo‘yadi va yana asl, ayanchli holiga qaytadi... Bunday asarlar adabiyot tarixida juda ko‘p yozilgan. Ingliz fantast-yozuvchisi Herbert Uellsdan tortib to yaqin o‘tmishdagi adiblargacha. Bu qissada men o‘zim uchun hech bir yangi voqea, falsafiy fikr va ibrat bo‘la olarli holat topa olmadim. Asar, o‘tilgan darsni boshqatdan berishdek bo‘lib qolgan.  

Ko‘p personajlar omadsiz, bilimi kam va to‘g‘ri qaror chiqarishni bilmaydigan kimsalar. Ular hayotdan mo‘‘jiza kutib umr sovuradilar. Shunday mo‘‘jizalarga duch keladilar ham. Ba’zan, bu hodisotlar ularga yordam beradi, goho halokat girdobiga tashlaydi. Bundan tashqari, turli hikoyalardagi odamlarning qiyofalari, fikrlashlari bir-birlariga o‘xshashdek tuyuladi. To‘plam boshqa kamchiliklardan ham holi emas. Lekin, ularni adabiyotshunoslar tahlil qilganlari durust. Men faqat ijodkor sifatida o‘z fikrlarimni bayon etdim.

Yuqorida eslatganim - “Ajal xiyoboni” bilan “Marhum kech soat sakkizda keladi”ning badiiy farqi bor. Oxirgi kitobni mutolaa qilar ekanman, yozuvchining mahorati o‘sganligini his qildim. U vaqtini bekor o‘tkazmay va harakatdan to‘xtamay ijodiy izlanishlar borayapti, degan xulosaga keldim.

Erkin Usmonov o‘zbek adabiyotida yangi yo‘nalish – milliy va zamonaviy mistika janrni rivojlantirmoqda. Ayrim kamchiliklarga qaramay, bu ishi uchun, uni faqat qo‘llab-quvvatlash va tabriklash kerak. Xali, uning orqasidan ko‘p izdoshlar chiqishiga ishonaman. Qani, fantastikani ham kimdir shu adib kabi keng targ‘ib etsa. Shunday keng ko‘lamda ijod qilsa.

Darvoqe, ba’zilardan o‘zbek adabiyotiga mistika kerak emas degan gaplarni eshitdim. Shu haqda ham o‘z fikrimni bildirmoqchiman. Ma’lumki, insoniyat rivojlanishi turli bosqichlardan iborat bo‘lgan. Aytaylik, ibtidoiy jamoa bo‘lib yashash vaqtida kitoblar u yoqda tursin, tuzukroq ov va ish qurollari ham bo‘lmagan. Odamzot o‘ziga berilgan ongni ishlatishi orqali asta-sekin, bir qancha ming yillar davomida hozirgi darajaga yetdi. Agar, u miyasini ishlatmaganda, harakat qilmaganda, bizga yangi ov va ish quroli kerak emas, tinchgina yashayapmiz-ku, deb o‘tirganda, shu kunlarda ham g‘orlarda yashayotgan bo‘lardi. Taraqqiyotga qarshi chiquvchilar doim bo‘lib kelgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Ular kimlar? Men bunday kimsalarni dunyoqarashi tor, dunyoviy adabiyot u yoqda tursin, o‘zbek adabiyotini ham yaxshi bilmaydigan, yangilikka intilmaydigan, o‘ziga kichik bir kavakdek g‘or yasab olib, o‘sha yerda kunlarini o‘tkazayotgan neandertal odam sifatida tasavvur qilaman. Bunday kimsalar O‘zbekistonimizning buyuk kelajagiga xizmat qilmaydilar, balki rivojlanish g‘ildiragiga tayoq tiqadilar. Nega buyuk halqimiz jahon ayvonida neandertal odamlar jamoasidek yashashi kerak? Bizning tariximiz, adabiyotimiz tarixi shunchalar boyki, ochilmagan konki, bilimsiz kimsa uning ko‘lamini tasavvur ham qila olmaydi. Men bu yerda o‘tmishdagi buyuk adib-u shoirlarimizdan, folklorimizdan, ertaklarimizdan ancha-muncha mistikaga oid misollar keltirishim mumkin, lekin istamayman. Xayf bilaman. Ular baribir o‘zlarinikini ma’qul qilaveradilar va bundan uyalmaydilar ham. Unday “adabiyot”chilarga faqat o‘z kavaklari bo‘lsa bo‘ldi. Ularning noqis onglari ishlashni va zamonaviy jarayonni tushunishni xohlamaydi. Bizning rivojlanishimiz va taraqqiyotimiz esa bunday neandertal kimsalarsiz ham davom etaveradi.

28 iyul 2011 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.