Janob Salmon Rushdi!
Men «Shayton oyatlari» degan asaringiz vajidan bo‘lgan mojarolar tufayli birinchi marta nomingizni eshitgandim. O‘shanda shariat sudining siz to‘g‘ringizdagi hukmi avvaliga menda norozilik uyg‘otgan edi, lekin asaringiz bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng sizni oqlash uchun yetarli asos topa olmadim. «Shayton oyatlari» har qanday musulmonning eng muqaddas diniy tuyg‘ularini tahqirlaydigan asar ekan. O‘shanda siz shariat hukmidan qochib, Angliyada boshpana topdingiz. Menda esa ortiq boshqa asarlaringiz bilan tanishishga ishtiyoq qolmadi.
Oradan yillar o‘tdi. Yaqinda «Nyu-York tayms» gazetasida maqolangizga ko‘zim tushdi. Oradan shuncha suvlar oqib ketdi. Shu odamda ham qandaydir o‘zgarishlar sodir bo‘lgandir, degan o‘y bilan maqolangizni qo‘lga oldim. Afsuski, unday bo‘lib chiqmadi: «shafqatsiz, toshbag‘ir islom»ni fosh etish jazavasi hamon sizni tark etmapti. Maqolada Nigeriyada yaqinda «Jahon oyim» tanlovi atrofida bo‘lib o‘tgan voqealar, zino qilgan nigeriyalik musulmon ayolning toshbo‘ron qilishga hukm etilgani, Eronda yuqori rutbalik din arbobi to‘g‘risida qaltis gapsiyatgani uchun o‘limga hukm qilingan yigit, gollandiyalik musulmon ayolning erkaklar zulmidan shikoyat qilgani uchun ta’qibga uchragani tilga olingan. Maqolada misr¬lik Muhammad Subhining yaxudiylarga qarshi kayfiyatdagi ko‘p seriyali filmi ham e’tibordan chetda qolmagan. Tabiiyki, islom zulmidan jabr ko‘rgan odamlar safiga o‘zingizni tirkab qo‘yishni ham unutmabsiz. Ha, bularning hammasi fakt. Aftidan, ularning sonini yanada ko‘paytirsa bo‘ladi. Ular bir ipga tizilib, bugungi «yovuz, g‘addor, butun dunyoni besaranjom qilib turgan islom»ning yoqimsiz siymosini yaratishga xizmat qiladi. Albatta, jahon matbuotida islomga qarshi yozilgan bunaqa maqolalar ko‘p. Bu maqolani: «Ha, endi alamzada bir odam yana dardini aytib yig‘layapti-da» deb, indamay qo‘ya qolsa ham bo‘laverar edi. Ammo maqola qay bir darajada «islom ziyolilari»ga murojaatga o‘xshab ketadi. Siz maqolangizda keltirilgan dalillardan islom fanatizmi haqida, fundamentalizm va ekstremizm to‘g‘risida umumlashtiruvchi xulosalar chiqarasiz va ziyolilarni bu illatlarga qarshi faol kurashmayotganlikda ayblaysiz. Sizningcha, islom ziyolilari bugun despotizm sharoitida qullarcha mute’lik bilan hayot kechirmoqda, siz ularni «zindonlar eshiklarini parchalab», tafakkurni erkinlikka olib chiqishga da’vat qilasiz. Hatto qizishib ketib, islomni yangilash, «zamonaviylashtirish» to‘g‘risida «qimmatli» maslahat berishdan ham tiyilmabsiz. Chindan-da tan bermasdan iloj yo‘q — ko‘p asrlardan beri milliardlab odamlarning qalbini nurlantirib kelayotgan jahon dinlaridan birini o‘zi to‘qib chiqargan ayblarni taqib, uni «yangilashga» chaqirmoq uchun yo odamning otning kalasidek yuragi bo‘lmog‘i, yoxud, jinni-pinni bo‘lib qolmog‘i kerak. Yaxshisi, bu gaplarni qo‘yib, asosiy masalaga ko‘chaylik.
O‘zingiz sezib turgan bo‘lsangiz kerak, janob Rushdi, bu maktubni yozishdan maqsad na islom, na uning ziyolilarini himoya qilish emas. Ular mening himoyamga muhtoj emas. Negaki, islom ziyolilari o‘tmishda ham, bugungi kunda ham istang aniq fanlar sohasida, istang falsafa, adabiyot yoxud ruhoniyat bobida jahon tamadduniga juda katta hissa qo‘shganlar va qo‘shmoqdalar. Islomning nihoyatda mukammal, ta’sirchan va yuksak darajadagi diniy tizim ekani ham allaqachon insoniyat tomonidan e’tirof etilgan. Hatto bugun ham — dunyoning turli go‘shalaridagi yengil shuhrat ishqibozlari islomni jon-jahdlari bilan qoralab yotgan bir sharoitda J.Kusto kabi buyuk olimlarning islomni qabul qilgani yoxud bu dinning Yaponiya kabi taraqqiy etgan mamlakatda tobora kengroq tarqalib borayotgani uning qudratidan va jozibasidan darak berib turibdi.
Lekin taassuflar bo‘lg‘aykim, bugungi kunda islomga tosh otayotgan, yo‘q illatlarni zo‘r berib unga yopishtirayotgan, nomusulmon yurtlarda unga qarshi nafrat tuyg‘usini hosil qilishga urinayotganlar ko‘payib qoldi. Har xil shuaro-yu adiblar, siyosatchilar, katta-kichik davlat arboblari «islom faktori», «islom xavfi», «islom terrorizmi», «islom ekstremizmi», «islom fanatizmi» va shunga o‘xshash «izmlar» haqida ko‘p gapiradigan bo‘lib qolishdi. Mana, siz ham bu gaplarning chinligiga astoydil ishonasiz, shekilli, kalta o‘ylaydigan va bilib-bilmay hovliqadigan odamlarning qarashlarini tasdiqlaydigan maqola yozibsiz. Achinarli joyi shundaki, bu ola-quroq shovqin-suronda ba’zan tuzuk-tuzuk odamlarning ham ovozlari eshitilib qoladi. Aftidan, talvasaga tushgan odamlarning jazavasi yuqumli bo‘ladi, shekilli, ba’zi birovlar ko‘p yillik kasb-korlarini qo‘yib, etaklarini toshga to‘ldirishga kirishadilar. Masalan, mashhur shaxmatchi Kasparov Olmonyada chop etilgan, so‘ng «Trud» gazetasida qo‘chirib bosilgan suhbatida islomga nisbatan o‘ta dushmanlik ruhida gap aytibdi. U yozadi:
«Islomga qarshi salb yurishini boshlash kerak emas. Biroq musulmon dunyosining bir qismi, jangari fundamentalistlar bizga urush e’lon qildi, biz ham ularga ja’miki shafqatsizlik bilan javob bermog‘imiz lozim. Bizning dushmanlarimiz terroristlargina emas, ularni qo‘llab-quvvatlovchilar hamdir.» Bilmadim, Kasparov jahon birinchiligini yutqazib qo‘yib, bu gaplarni alam ustida aytganmi, har holda gapining ohangidan qo‘lida atom bo‘mbasi bo‘lsa, uni o‘sha «dushmanlari» boshiga tashlashdan ham toymaydigan ko‘rinadi. Tavba degim keladi — bilmagan narsaga aralashmoq ne kerak, shaxmat o‘ynab yuravergan yaxshi emasmi?
Bilmadim, odamlarning mudom tili qichib turadimi yoxud qo‘li qichiydimi, harholda, ko‘pchilik boriga qanoat qilib, tinchlik bilan umrguzaronlik qilishni bilmaydilar yoki istamaydilar. Yaqin-yaqinlarda uchinchi ming yillikni kutib olishda XXI asr nihoyat tinchlik asri bo‘lishini, odamlarga aql kirib, ixtilof-u nizolarni qo‘yib, tinch-totuv yashamoqlarini orzu qilgan edik. Afsuski, orzumiz ushalmadi. Bu asrni ham bo‘mbalarning portlashi, miltiqlarning qasir-qusuri, raketalarning qashqir misol chiyillashlari bilan kutib oldik. Insoniyat biron xavf-xatarga qarshi kurashmasa turolmaydigan bo‘lib qolganga o‘xshaydi. Hayotda bunday xatar bo‘lmasa, uni o‘zi o‘ylab chiqaradi. Mana, hozir ham — o‘ylab chiqarilgan islom xavfi, yashil xatar... Holbuki, aslida islom xatari yo‘q narsa — islom tinchlik, totuvlik, ahillik dini. U bironta dinga yoki bironta siyosiy tuzumga qarshi emas, uning bironta aqidasi, bironta qonun-qoidasi, biron g‘oyasi urushga chaqirmaydi, zo‘ravonlikni madh etmaydi, zulmni oqlamaydi. U odamlarni faqat poklikka, to‘g‘rilikka, insofga, adolatga undaydi. Fanatizm yoxud fundamentalizm, terrorizm yoxud ekstremizm deganlari islomning mohiyatiga taalluqli emas, balki islomni talqin qiluvchi odamlar saviyalaridan, bilim darajalaridan, manfaatlariga ko‘ra shunga o‘xshash illatlarni vujudga keltirishi mumkin. Shuni ham aytmoq kerakki, bu illatlar nomusulmonlar o‘rtasida ham ko‘p.
Yaqinda Rossiya prezidenti V.V. Putin fuqarolar bilan telemuloqotda terrorizm va islom haqidagi masalaga juda donolik bilan javob berdi. U bu ikki tushunchani bir-biridan keskin ajratish kerak, degan fikrni aytib, terroristlarni tavsiflash uchun xitoylarning ajoyib bir iborasini keltirdi: terroristlar ko‘kragida suti bor har bir xotinni «onam» deb orqasidan yuguradigan odamlar. Ularni farqlash juda-juda muhim, aks holda, nomusulmon ommaning ongida islom dunyodagi hamma yovuzliklar, hamma illatlarning ja’mul jami sifatida gavdalana boshlaydiki, bu hozir ba’zi joylarda ko‘rinayotganiday, qonli mojarolarga olib kelishi hech gap emas. Zo‘rlik esa hamisha zo‘rlikni tug‘diradi. Bunaqa uchqunlardan shunaqa gulxan paydo bo‘lishi mumkinki, uning yolqinlarida Sharq ham, G‘arb ham kuyib kul bo‘lishi hech gap emas.
Janob Rushdi! Men sizga nasihat qilish fikridan juda uzoqman. Shuningdek, sizga aql o‘rgatmoqchi ham emasman. Shuning uchun hammaga yaxshi tanish bo‘lgan ma’lum gaplarni ko‘proq gapirib yuborganim uchun meni ma’zur tutasiz.
O‘ylashimcha, nomusulmon ziyolilari bilan islom ziyolilari bir-birlariga ta’na toshlarini otishdan tiyilib, ginaxonlikni yig‘ishtirib qo‘yib, bir-birlarini tushunishga, bir-birlariga dilkash va dardkash bo‘lishga harakat qilmoqlari kerak. Bir-birini qoralash, bir-biriga zug‘um qilish yo‘li muqarrar tarzda boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Unda «borsa kelmas» joylardan qaytish ancha og‘ir kechadi.
Mana, birgina misolni olib ko‘raylik. Sizningcha, musulmon dunyosida ayollarning ahvoli mutlaqo o‘zgarishsiz — ular hali ham ichkarining quli, erkaklar ular ustidan zulm o‘tkazadi, ular hamma huquqlarni tortib olgan, ayollarning teng huquqligi masalasi esa kun tartibiga qo‘yilgan ham emas. Shuning uchun zudlik bilan ayollarni ovro‘pacha ozodlik bilan ta’minlamoq kerak.
Bu o‘rinda bunday qarashlarning noto‘g‘riligini aytib, ayollar masalasida shariat huquqining qonun-qoidalarini bayon qilishga kirishsam, bir emas — bir nechta maqola yozishga to‘g‘ri kelardi. Shaxsan men ayol va erkakning teng emasligini va hatto teng bo‘lishi mumkin emasligini yoqlayman. To‘g‘rirog‘i, insoniy huquqlar nuqtai nazaridan ular teng bo‘lishi kerak, albatta, ammo hayotda tutgan o‘rni jihatidan, zimmasiga yuklangan oliy va ilohiy vazifasi jihatidan, onaligi jihatidan u erkakdan beqiyos yuqori turishi kerak. Shuning uchun tosh ko‘targan, futbol o‘ynagan, boksda bir-biri bilan mushtlashgan, o‘zaro kurash tushgan xotinlarni ko‘rsam g‘ashim keladi, hatto g‘azabim qo‘ziydi. Chunki tabiat qonunlariga amal qilmoq — erkak erkakning, ayol ayolning ishini qilmog‘i kerak, deb hisoblayman. Negaki, men har qancha ziyoli bo‘lmay, tomirlarimda biroz bo‘lsa-da sharqona yoxud musulmon qoni oqadi, ya’ni ayol kishi erkakcha ishlasa, ro‘zg‘or aravasini bir o‘zi tortsa, ortiqcha kuchansa, zo‘riqsa, bunga or qilaman. Yurtimizning boshqa ko‘pgina erkaklari kabi mening ham qon-qonimga va hatto qonimdan o‘tib, irsiyatimga singib ketgan bir aqida bor — ro‘zg‘orimni butlab qo‘yish, ayolimni hech narsaga zoriqtirmaslik, uning shoyista hayot kechirmog‘i uchun zarur sharoitni ta’minlab borishni o‘zimning birlamchi burchim deb hisoblayman. Bizda erkak odam erkakligi bilan emas, birinchi navbatda, ayolmandligi, oilasidagi ayollarga g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi. Bu aqidalar kecha paydo bo‘lgan emas, ular asrlar sinovidan o‘tgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayollarimiz ha deganda ovro‘pocha erkinlikka intilavermaydi, erkaklarning «zulmi»ga, ichkari «tutqunligi»ga chidab yashaydi. Ko‘rinadiki, bizda bu masalalar allaqachon bir shaklga tushgan va madaniy mentalitetimizning uzviy qismiga aylangan. Bu o‘z navbatida bizning hayot falsafamizni ham, axloqiy-ma’naviy qadriyatlarimizni ham belgilaydi. Shuning uchun bizdagi emansipatsiya ham o‘zimizga xos va o‘zimizga mos shakllarda amalga oshadi.
Men ovro‘pocha emansipatsiya qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida yo‘riqlar bermoqchi emasman — buning foydasi yo‘qligiga aqlim yetadi, lekin bu masalada ba’zi fikrlarim borki, ularni aytmay turolmayman.
Ovro‘poda va, ayniqsa, Rossiyada xotin-qizlar emansipatsiyasi ularni «ijtimoiy-foydali mehnatga» jalb qilish shiori ostida o‘tdi. Faqat zavod va fabrikalarda, kon va qurilishlarda, dalalar va bog‘larida ishlagan ayollargina chinakam ozod ayollar, deb hisoblandi, qolganlari esa, masalan, uyda o‘tirib, 4-5ta bolani tarbiyalab, voyaga yetkazgan ayol ichkarining yoki oilaning tutquni hisoblandi, negaki, u «foydali mehnat bilan» mashg‘ul emas edi. Shunday qilib, XX asr boshlarida, millionlab ayollar oiladan ajratib olinib, bevosita ishlab chiqarishga jalb qilindi. Albatta, ayollar ishlab chiqarishda erkaklar bilan baravar bo‘lmasa-da, bir qator haq oldilar va ehtimol, bu pullar ularning ro‘zg‘orida juda asqotgandir. Lekin shu bilan bir qatorda ishlab chiqarishdagi erkin ayol erkakcha so‘kishni o‘rgandi, ichkilikka ruju qo‘ydi, cheka boshladi, yurish-turishida o‘z-o‘zidan ayollik tarovatini yo‘qota boshladi. Bunaqa «ozodlik»ning hisob-kitobini qilib ulgurmasdan, shahvoniy inqilob boshlandi. Ovro‘po mamlakatlarida boshlangan bu g‘ayri insoniy hodisa cho‘l yong‘iniday bir zumda Rossiyaga ham yetib keldi va bu yerdagi ayollarning qolgan-qutgan latofatlarini ham kuydirib bitirdi. Natijada, ayollarning beti qotib ketdi, ular ham, erkaklar ham uyat va hayoni yig‘ishtirib qo‘yib, ishrat masalalarini ochiqdan-ochiq, beparda, beibo so‘zlar bilan muhokama qila boshlashdi. Ovro‘poda va keyingi o‘n yillar ichida adabiyotda shunaqa beparda gaplar aytildi, shunaqa sharmandali shahvoniy vaziyatlar oshkora tasvirlandiki, ularni ko‘rsa hatto mashhur Markiz de Sad o‘z asarlarida ishrat masalalarini nechog‘li noshudlik bilan tasvirlaganini ko‘rib, xijolatdan yana bir bor o‘lardi.
Nahotki, «ayol ozodligi» degan yuksak tushuncha iliqqan joyda qovushib ketaverish imkonidan foydalanish bo‘lsa? Nahotki, ozod ayol “bir to‘shakda bir vaqtning o‘zida ham erim, ham o‘ynashim bilan birga yotishni istayman», deb baralla aytsa?
Men bilaman — ishqiy masalalar muhim, murakkab, turfa xil masala, lekin u intim hodisa-ku? Xudo (istaganlar, mayli tabiat desin) insonni yaratganda uni hayvondan farq qiladigan qilib yaratgan. Shuning uchun unga hayo, uyat, ibo kabi sifatlarni bergan. Bu sifatlar asrlar davomida insonning insonligini saqlab kelgan va insoniyatni qanchadan-qancha falokatlardan, balo-qazolardan, chirish-irishlardan asrab kelgan.
Endi esa biz insonlikning ana shu muhim sifatini uloqtirib tashlab, yana hayvonlik pallasiga qaytmayapmizmi? Masalaning boshqa tomoni ham bor — «emansipatsiya» pardasi ostida buzuqlik, fahsh, shahvatparastlik juda keng tarqadi — buning oqibatida «muhabbat» degan qadriyatdan putur ketdi, jamiyat asosini tashkil qiluvchi oila zaiflashdi, qo‘ydi-chiqdi ko‘paydi, tug‘ilish kamayib, butun boshli millatlar uchun yo‘qolib ketish xavfi ko‘rina boshladi, bolalar tarbiyasi yomon ahvolga tushdi, SPID kuchaydi, narkomaniya keng tarqala boshladi. Bu noxush, to‘g‘rirog‘i, halokatli voqealar osmondan tushgani yo‘q yoki musulmon jamiyatlaridan yuqqan ham emas.
Shunday bo‘lgandan keyin, hali fursat butunlay boy berilmasdan oldin ziyolilar yig‘ilib, shunday masalalarni oshkora muhokama etsalar, boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘llarini izlasalar bo‘lmaydimi? Bu dunyo hisob-kitobli dunyo — hamma narsaning haqini to‘lash kerak. Ozodlik uchun ham, rohat-u farog‘at uchun ham, shahvatparastlik uchun ham... Butun sharq faylasuflari, musulmon mutafakkirlari, faqat ulargina emas, bugun pand-nasihatlari va o‘gitlari butunlay unutib yuborilgan ulug‘ yunon donishmandlari ham odamlarni bejiz nafsni tiyib yashashga chaqirishgan emas.
Mening nazarimda, bugun jahon yana bir qiyin tanlov oldida turibdi — u yo ixtiloflar yo‘lini tanlaydi, yana bir-birining tagiga suv quyish yo‘lidan, hasad va baxillik yo‘lidan boradi va boshi berk ko‘chaga kirib, ko‘p ovorai sarsonliklarni boshidan kechiradi, yoxud nizolar, ixtiloflarni butunlay yig‘ishtirib, ahillik, birodarlik, qardoshlik yo‘liga kiradi. Boshqa iloj yo‘q. Putinning yana bir iborasidan foydalanaman: biz hammamiz — oqtanlilar ham, qora tanlilar ham, sariqlar-u ola-bulalar ham, katolig-u pravoslav, shia-yu sunniy, buddaviy-yu ma’jusiylar — hamma-hammamiz shu kurrai zaminda yashaymiz. Shoirning ta’biri bilan aytganda, u Quvaning anoricha kelarkan, ancha mo‘rt ekan, arzimagan narsadan nobud bo‘lmog‘i mumkin ekan. Kurrai zaminimizni, ya’ni o‘z uyimizni omon asrab qolmoq uchun ham, o‘zimizning o‘z uyimizda emin-erkin yashamog‘imiz uchun ham bir-birimizga bir oilaning a’zolaridek muomala qilmog‘imiz, inoq va ahil bo‘lmog‘imiz kerak.
Najot hamkorlikdadir!
Bunga erishmoq uchun esa butun jahon ziyolilarining xizmati katta bo‘lmog‘i kerak!
Ozod SHARAFIDDINOV
Toshkent