Bundan bir necha oy muqaddam “Hurriyat” gazetasi ziyolilik va ziyolilar to‘g‘risida kattagina maqola e’lon qildi. Teran mazmunga ega bo‘lgan bu masala ziyolilar hayoti bilan bog‘liq bir qancha dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqqan va shuning uchun ham gazetxonlarning e’tiborini jalb qilmasligi mumkin emas edi. Bundan tashqari, bunga qadar ham ba’zi bir ommaviy axborot vositalarining vakillari menga bot-bot murojaat qilib, bugungi o‘zbek ziyolilari to‘g‘risida fikr-mulohazalarimni so‘rashardi. Ba’zan bunday savollarning zamirida yaqqol qitmirlik sezilib turardi. Ya’ni savol berguvchi “bugungi o‘zbek ziyolilari zimmalaridagi vazifalarini bajarishmayotgan, o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan, hayot oqimidan chetda turuvchi loqayd odamlardir”, deganga o‘xshash javobni eshitish ishtiyoqida bo‘lardi. Xullas, mana shu ikki holat meni qalam olishga majbur etdi va men ko‘nglimda anchadan beri yig‘ilib kelgan fikrlarimni qog‘ozga tushirishga ahd qildim.
Gapni “ziyoli” degan atamaning ma’nosidan boshlaylik. “Ziyoli” fikri ravshan, ongli, odamlarga ziyo, nur ulashadigan kimsa ma’nosida ishlatiladi. Hatto ba’zi bir xalqlar biz tushungan ma’nodagi ziyolini “oydin”, “oydinlar” deb ataydi. Masalan, turklarda bu atama keng tarqalgan. Bundan tashqari, “intelgent”, “intelgentsiya” (lotincha intellestus so‘zidan olingan) atamasi aql, zakovat, ong, idrok, insonning fikrlash qobiliyati, degan ma’noni anglatadi. Lug‘atlarda ko‘rsatilishicha, “intelligentsiya” “professional tarzda aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan va buning uchun zarur bo‘lgan maxsus ma’lumotga ega ijtimoiy tabaqa”. Bunga injenerlar, texniklar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar, huquqshunoslar, fan va san’at arboblari ham kiradi. Bu ta’rif, umuman, to‘g‘ri, biroq uning istisnolari ham bor. Hayotda maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan, aqliy mehnat bilan shug‘ullanmaydigan, lekin juda aql-zakovati o‘tkir, teran fikrlaydigan, narsa va hodisalarning mohiyatini chuqur idrok etoladigan oddiy odamlar ham tez-tez uchrab turadi.
Sho‘rolar zamonida ziyolilar qadrsizlandi, ularning jamiyatdagi mavqeini imkoni boricha pastga urishga harakat qilindi, mehnati muttasil ravishda kam baholandi – muhandislar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va hokazo ziyolilar shu qadar kam maosh olar edilarki, bu maosh qo‘l uchida tirikchilik qilish uchun zo‘rg‘a yetardi, xolos. Kosmonavtlardan biri fazodagi mislsiz qahramonligi, olamshumul jasorati uchun atigi 300 so‘m mukofot puli bilan rag‘batlantirilgani to‘g‘risida yozgan edi. Yoxud jahon chempionlari xalqaro tashkilotlardan o‘z unvonlari uchun yetarli darajada haq olgan bo‘lsalar-da, uning katta qismini vatanlariga qaytgandan keyin hukumatga topshirishga majbur edilar.
Ziyolilar faqat iqtisodiy jihatdan emas, ma’naviy jihatdan ham qattiq kamsitilardi – ularni “ijtimoiy guruh” yoki “ijtimoiy tabaqa” deb atab, proletariat kabi gegemon sinflarga qarama-qarshi qo‘yilardi. Yoki dunyoni bilish yoxud o‘zgartirishda aql-idrokning ijobiy roliga yuksak baho bergan odamlar reaktsion burjua mafkurasining targ‘ibotchilari sifatida qattiq qoralanardi, hatto og‘ir jazolarga mustahiq qilinardi. Davlat tepasida turgan kommunistlar sakson yillik hukmronliklari davomida hech qachon ziyolilarga ishongan emas. Shuning uchun uzluksiz davom etgan qatli omlarda qurbonlarning asosiy ko‘pchiligi ziyolilar bo‘lgani ham bejiz emas. Ammo kommunistlar har qancha urinmasin, ziyolilarning jamiyat hayotidagi rolini ham, bu yo‘ldagi xizmatlarini ham yo‘qota olmadilar va yo‘qota olmas ham edilar. Chunki ziyolilar shunchaki bir guruh yoki kichkina qatlam emas, jamiyat rivojini ta’minlaydigan qudratli kuch edi. U hech qachon ishchilar yoxud dehqonlarga qarshi turgan emas. Kommunistlarning jamiyatni bir-biriga qarama-qarshi turuvchi, bir-biriga dushmanlik ruhi bilan sug‘orilgan guruhlarga ajratib tashlagan sinfiy kurash haqidagi soxta nazariyasiga qarshi o‘laroq, ziyolilar jamiyatdagi boshqa sinflar va toifalar bilan hamkorlik qilib kelgan. Boshqa sinflarning ijtimoiy faoliyati kabi ziyolilarning ijtimoiy faoliyati ham butun jamiyat manfaatlariga xizmat qilgan. Qolaversa, men ziyolilarni jamiyatning harakatlantiruvchi kuchi, deb atashga jur’at qilardim. Negaki, hayotning rivojiga olib keladigan har qanday fikr va g‘oyalarni ziyolilar olg‘a suradi. Shu fikrlar jamiyat harakatiga maqsad va yo‘nalish baxsh etadi, pirovardida ularning hammasini texnika bilan qurollantiradi va aql bovar qilmaydigan mo‘‘jizaviy ishlarni amalga oshirishga yo‘l ochadi. Insoniyat tarixida shu paytga qadar qanday muvaffaqiyatlarga erishilgan, qanday yuksakliklar zabt etilgan bo‘lsa, bularning hammasi ziyolilar oldinga surgan g‘oyalar va yechimlar tufayli amalga oshirilgan. Lekin shundoq bo‘lsa-da, totalitar tuzum sharoitida, diktatura qattiq amal qilib turganda, har tomonda zulm avj olganda, erkinlik bo‘g‘ilib, ta’qib va tahdidlar, cheklashlar va ta’qiqlar avjiga chiqqan bir muhitda eng yetuk ziyolilarning fikrlari va g‘oyalari har qancha qimmatli bo‘lishiga qaramay, yetarli darajada inobatga olinmadi.
Ziyolilarning jamiyat hayotida naqadar katta rol o‘ynashini o‘zbek xalqi misolida ham yaqqol ko‘rsa bo‘ladi. Bu yurt qadim-qadim zamonlardan beri buyuk allomalar, olamga dong‘i ketgan muhandislar, falsafa ilmida yangi maktablar yaratgan donishmandlar, astronomiya yoxud tibbiyot ilmini bir necha pog‘ona yuqori ko‘tarib, hozirga qadar jahonga dovruq solib kelayotgan olimlar, beqiyos davlat arboblari, adiblar, shoirlar, muarrixlar yurti bo‘lib kelgan. Qolaversa, XX asrda ham jadidlar o‘zlarining yorqin g‘oyalari va fidoyi harakatlari bilan jamiyat rivojiga, istiqlol g‘oyalarining kurtak bog‘lashiga juda katta hissa qo‘shib keldilar.
Sho‘ro zamonida ham o‘zbek xalqi har qancha to‘siqlar va g‘ovlarga qaramay, juda yorqin ziyolilar qatlamini yaratdi. Qori Niyoziy, Habib Abdullaev, Obid Sodiqov, Sa’di Sirojiddinov, Vosil Qobulov kabi olimlar butun jahon miqyosida ilm-fan rivojida sezilarli iz qoldirdilar. Bularning yoniga Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Zulfiya kabi yozuvchilarni, Halima Nosirova, Komil Yormatov, Yunus Rajabiy kabi san’atkorlarning nomini qo‘yish mumkinki, uncha to‘liq bo‘lmagan shu ro‘yxatning o‘zi ham o‘zbek xalqining intellektual qudrati naqadar zo‘r ekanidan yaqqol guvohlik berib turadi.
Ziyolilarimiz respublikamiz mustaqilligini katta quvonch va zo‘r mamnuniyat bilan kutib oldi. Mana, o‘n ikki yildirki, o‘zbek ziyolilari Yurtboshimiz rahbarligida hamjihatlik bilan o‘lkamizni tom ma’noda obod va farovon o‘lkaga aylantirish ustida, istiqlol g‘oyalarini kundalik hayotda vojib qilish yo‘lida qunt bilan mehnat qilib kelayaptilar. Shunisi quvonarliki, bu sohada ular allaqachon katta-katta yutuqlarga ham erishmoqdalar va bu yutuqlar xalqaro maydonda ham tan olinmoqda. Bugun faol ishlayotgan ziyolilar qatorida P.Habibullaev, R.Rahimov, T.Dolimov, Sh.Xo‘jaev, M.Sharifxo‘jaev kabi olimlar, ular qatorida o‘zlarining yorqin kashfiyotlari va ziyrak aql-zakovatlari bilan nafaqat Osiyo va Yevropa, balki Amerika qit’asini ham rom qilishga ulgurgan yosh olimlar bor. Adabiyot va san’atimiz-chi? Mustaqillik yillarida Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzaevning toblangan iste’dodlari yangi jihatlari bilan namoyon bo‘lmoqda, o‘nlab o‘zbek san’atkorlari san’atning turli sohalarida xalqaro sahnalarda hammaning qarsagiga sazovor bo‘lib, uloqni olib kelmoqda. Ularning har qaysisi o‘z sohasida baqadri imkon zimmasidagi vazifasini o‘tash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
Albatta, bularning hammasi juda yaxshi va juda ma’qul, ular istiqlolimiz bera boshlagan hosilning nishonalari. Bular katta yutuqlar, har qancha maqtansa yarashadigan muvaffaqiyatlar. Bularga mahliyo bo‘lib, o‘zimizga qarsak chalib, to‘ppimizni osmonga otib yuraversak bo‘laveradi – hech kim bizga bir narsa demaydi. Lekin bugungi hayot o‘ta shiddatkor, o‘ta sur’atli, tezkor. U hech qanaqa to‘siqlarni tan olmay uchqur poezd kabi, yo‘q, poezd emas, raketa misol oldinga ketib boryapti. O‘z harakatida u g‘oyatda shafqatsiz – qoidani bajarmagan har qanday kimsani uloqtirib tashlaydi. Uning qoidasi esa bitta: shu sur’atga teng qadam qo‘ymoq, hatto bir-ikki qadam hayotdan ildamroq yurmoq kerak, aks holda, vaqt raketasidan tushib qolish hech gap emas. Bugungi zamon yoxud davr bilan hamqadam, hamnafas yurmoq uchun tinimsiz ravishda o‘z-o‘zini tahlil qilib borish, bosib o‘tgan yo‘liga tanqidiy nazar bilan qarash, umumlashmalar qilish, yo‘lning qaysi nuqtasiga yetib kelganligini belgilab olish, belgilangan joyga yetib kelolmagan bo‘lsa, buning sabablarini halol va to‘g‘ri aniqlash talab qilinadi. Bu vazifani esa ziyolilar bajarmog‘i kerak bo‘ladi.
Bu o‘rinda menga jiddiy e’tiroz bildirishlari mumkin – ziyoli zimmasiga yuklanayotgan yuk haddan ziyod og‘ir emasmi? U o‘z sohasining yumushini qilsinmi yoxud jamiyatning kardinal vazifalarini hal qilsinmi? Albatta, har qaysi ziyoli, birinchi navbatda, o‘z sohasi to‘g‘risida qayg‘urishi, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lmog‘i darkor. Lekin bugun ziyolini ziyoli deb atamoq uchun shuning o‘zi kifoya qilarmikin? Biz – mana o‘n ikki yildirki, bozor iqtisodiyotiga asoslangan tom ma’nodagi demokratik jamiyat qurish uchun muqaddas kurash boshladik. Axir, hamma erkin, to‘q, farovon va baxtiyor yashaydigan jamiyat qurmasak mustaqillikning nima keragi bor edi? Istiqlolning ulug‘ ne’mati va bizga beradigan beqiyos imkoniyati ham shunda emasmi? Bu ulug‘ vazifa, muqaddas orzu, zo‘r olijanob niyat. Bunday jamiyat qurish shunaqa ulkan ishki, u bir kishining qo‘lidan kelmaydi. Bunday jamiyatni balandparvoz xitoblar, otashin chaqiriqlar, tinimsiz iddaolar bilan ham qurib bo‘lmaydi. Yangi jamiyat qurilishi har kun sayin, har qadam sayin biri biridan murakkab, biri biridan mushkul muammolarni oldinga surib turadi. Ularni hal qilibgina oldinga siljish va ko‘zlangan manzilga yetib borish mumkin.
Binobarin, bunday sharoitda ziyolilarning hammasi kasb-kori, ishlayotgan sohasidan qat’iy nazar, birlashmog‘i kerak emasmi? Hamma ishni bir odamning zimmasiga yuklab qo‘ymasdan, muammolarni hal qilishga baqadri imkon hissa qo‘shmog‘i ham farz, ham qarz emasmi? Mana, eng oddiy bir savolni olaylik – bu savol bilan qiziqmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Xo‘sh, biz mo‘ljal qilgan manzil qaerda? Biz hozir yo‘lning qaeriga yetib keldik? To‘g‘ri, ortga qarasak, yo‘lning anchasini o‘tib qo‘yibmiz, lekin oldinda yana qancha yo‘l bor? Bizni nimalar kutyapti. O‘zimizni qanday sinovlarga chog‘laylik? Xo‘sh, bu savollarga ziyolilar, fikri tiniq oydinlar javob bermasa, kim beradi? Shu o‘rinda Maksim Gorkiyning bir vaqtlar har bir maktab o‘quvchisi yaxshi biladigan “Izergil kampir” degan hikoyasi esga tushadi. O‘shanda Danko degan yigitning obrazi bor: qavmi bir joydan ikkinchi manzilga ko‘chayotganda, qabila qalin o‘rmondan o‘tishga majbur bo‘ladi. O‘rmon borgan sari quyuqlashib, hamma yoqni zulmat bosadi. Odamlar yo‘lni yo‘qotib, qiy-chuv, dod-faryod boshlanadi. Shunda ularning orasidagi Danko degan yigit shartta ko‘kragini yorib, yuragini sug‘urib oladi-da, qo‘lida boshi uzra ko‘taradi. Mash’alday lovullab yongan yurak hamma yoqni yoritadi. Odamlar yo‘qotgan yo‘llarini topib olishib, xatardan xalos bo‘lishadi.
Bu bir ertak, chiroyli afsona. Lekin hayotda xuddi shunday fidokorlik bilan xalqqa xizmat qilgan ziyolilar ham bor. Kezi kelganda, shundaylardan birini tilga olmay o‘ta olmayman. Bu – akademik A. Saxarov edi. U o‘z sohasida juda katta ixtirolar qilgan, bir necha marta eng nufuzli mukofotlar olgan, butun dunyoga taniqli odam edi.
60-yillarning boshlarida sho‘ro hukumati bevosita N. Xrushchevning buyrug‘i bilan navbatdagi atom bombasini sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Bombani yaratishda bevosita ishtirok etgan A. Saxarov yadroviy qurollar borgan sari butun insoniyatga tahdid solayotganini anglab, bomba sinovini o‘tkazishga qarshi chiqadi. Bu N. Xrushchevni qattiq g‘azablantiradi. O‘jarlik qilib, o‘z ahdida oyoq tirab turib olgan A. Saxarov ishdan haydaladi, hamma imtiyozlaridan mahrum qilinadi, hatto bir necha yil Moskvadan quvilib, Nijniy Novgorod shahrida badarg‘ada bo‘ladi. Lekin shunda ham A. Saxarov taslim bo‘lmaydi, hamma mahrumiyatlarga chidab, muhtojliklarni boshidan kechirib, umrining oxiriga qadar inson huquqlari uchun faol kurash olib boradi. Men bu inson timsolida, uning printsipialligida, matonatida, irodasining mustahkamligida haqiqiy ziyolining yorqin idealini ko‘raman.
Nazarimda, bugungi ziyolilar “ziyoli” degan tom ma’nodagi qutlug‘ nomga munosib bo‘lmoq uchun o‘zligidan kecha oladigan buyuk fidokor bo‘lmog‘i kerak.