OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pirimqul Qodirov. Avlodlarga atalgan buyuk kashfiyot (2009)

Ona-Vatanni bosqinchilar asoratidan ozod qilish, xalqni mustamlaka zulmidan qutqarish yo‘lidagi kurashlar, bu boradagi qahramonliklar tarix sahifasidan, xalq xotirasidan aslo o‘chmaydi. Sohibqiron Amir Temur qadimiy Vatanimiz Turon — Turkistonni chingiziylar imperiyasining bir yarim asr davom etgan jabru zulmidan xalos qilish uchun xalq ozodlik harakatiga yetakchilik qilib, uzoq yillar davomida mardona kurash olib bordi. Sohibqironning ulug‘ zafarlari Oltin o‘rda va Yildirim Boyazid bosib olgan o‘lkalarda ham mustamlaka zulmini tugatishga zamin yaratdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz Pirimqul Qodirovning Sohibqiron Amir Temur siymosi haqida to‘laqonli va haqqoniy tasavvur beradigan, ishonchli va nufuzli manbalarga asoslanib yozilgan, badiiy tafakkur va ilmiy mushohada adib mahorati tufayli uyg‘unlashib ketgan “Amir Temur siymosi” kitobi adabiy jamoatchilikning, kitobxonlarning yuksak bahosiga sazovor bo‘ldi. Asar muvaffaqiyatining yana bir sababi — unda o‘tmishda sodir bo‘lgan olamshumul tarixiy voqealar mohiyati, bu voqealarning bosh qahramoni Amir Temur shaxsiyati qiziqarli tarzda, puxta o‘ylangan badiiy kompozitsiya asosida o‘ziga xos joziba bilan tasvirlanadi.

— Amir Temur mavzusi ummonday cheksiz, — deydi asar muallifi. — Uni bir kitobda to‘liq qamrab olish imkondan xoli. Bu ulkan mavzuda dadil qalam tebratayotgan ijodkorlar bor. Biz amalga oshira olmagan ishlarni ular ro‘yobga chiqaradilar, degan umiddaman. Quyida “Amir Temur siymosi” ilmiy-badiasidan bir parchani e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

“Temur tuzuklari” asrlar davomida uning avlodlari tomonidan qanday ehtiyotkorlik bilan saqlangani va ularga qanday dasturulamal bo‘lib xizmat qilganligi, so‘nggi asrlarda yorug‘ dunyo yuzini ko‘rgandan keyin ham qanday murakkab yo‘llarni bosib o‘tganligi o‘ziga xos ajoyib bir tarix bo‘lgani uchun biz bu tarixga batafsil to‘xtalishni lozim topdik.

Endi bevosita bu asarning tahlil va talqiniga qaytaylik.

“Temur tuzuklari”ning puxta o‘ylangan kompozitsiyasi bor. Birinchi kitobda Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan paytdan boshlab, to Yildirim Boyazid ustidan g‘alaba qozonguncha boshdan kechirgan qirq yillik tarixiy voqealarni ixcham shaklda hikoya qiladi. Bunda u o‘zi erishgan zafarlarning ichki sirlarini avlodlarga ochib ko‘rsatadi. Ayni vaqtda boshdan kechirgan sarguzashtlarining mag‘zini chaqib, ulardan chiqadigan falsafiy xulosalarni mutafakkir sifatida umumlashtiradi: “Men o‘n ikki tamoyilni o‘zimga shior qilib olib, o‘n ikki toifadagi kishilar bilan saltanatimni mustahkamladim... Bu o‘n ikki toifani saltanatim falakining o‘n ikki burji va davlatim korxonasining o‘n ikki oyi deb hisobladim”.

Amir Temur falakiyot ilmini yaxshi bilgan. Osmonning o‘n ikki burjidagi Hamal, Savr, Javzo, Saraton kabi yulduzlar osmon jismlari orasida muvozanat saqlashda va quyoshning koinot bo‘ylab harakatlanishining alohida daqiqasi-yu, soniyasigacha aniq-ravshan ko‘rsatib tushishda inson zoti uchun ilohiy bir ibrat bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun Amir Temur o‘z qo‘shinlariga ham o‘n ikki qavmdan chiqqan sipohiylarni asos qilib oladi.

“Qaramog‘imdagi qirq aymoqdan quyidagi o‘n ikkitasi mening xos navkarlarim bo‘lib xizmat qiladi: barlos, tarxon, arg‘un, jaloir, tulkichi, do‘lday, mo‘g‘ul, suldus, to‘g‘ay, qipchoq, orlot, totar”.

Amir Temur o‘ziga xos obrazli tafakkur yordamida saltanatning tartib-qoidalarini falakning o‘n ikki burjidagi muvozanat va uyg‘unlikka muqoyasa qilib yaratganligi Sohibqironning hamma masalaga mutafakkir sifatida yondashadigan va tarixda misli ko‘rilmagan yangiliklarni kashf etishga qodir ijodkor bo‘lganidan dalolat beradi.

Amir Temur ustozi Abubakr Tayobodiy bergan dono maslahatlarning to‘g‘riligini o‘z faoliyatida sinab ko‘rilgan yorqin voqealar tasviri orqali isbot etadi.

Jumladan, 1366 yilda Qarshi qal’asini 243 kishilik sara jangchilar bilan tunda qanday zabt etgani, keyin Amir Muso kabilarning bu qal’ani qaytadan bosib olishga uringani, uning o‘n ikki ming kishilik askarlarini qanday mag‘lub etganini va ularni 6 farsah (30 chaqirim) joygacha qanday quvib borganini Tuzuklarning alohida bir bobida ajoyib mahorat bilan hikoya qiladi. Vaxsh daryosi bo‘yida mo‘g‘ul xoni Ilyosxo‘janing son jihatidan to‘rt barobar ko‘p bo‘lgan lashkarini qanday tor-mor etgani ham avlodlarga ibrat bo‘ladigan darajadagi yorqin tafsilotlari bilan ko‘rsatiladi.

Bobokalonining tengsiz sarkardalik tajribasini Bobur Mirzo “Temur tuzuklari” orqali chuqur o‘zlashtiradi. Oradan bir yuzu qirq besh yil o‘tganidan keyin 1511 yilda xuddi shu Vaxsh daryosi bo‘yida, Puli Sangin degan joyda Bobur Mirzo ham Chingizxon avlodlaridan bo‘lgan Shayboniyzodalarga qarshi Temurbek ishlagan harbiy taktika va strategiyani amalda tadbiq etib katta g‘alabaga erishadi. Bobur Mirzoning 1526 yilda Shimoliy Hindistonda, Panipat degan joyda Ibrohim Lodi ustidan erishgan g‘alabasi ham Amir Temurning xuddi shu Panipatda 1399 yilda Sulton Mahmud va Malluxonlar bilan jang qilib, zafarga erishganiga ko‘p jihatdan o‘xshab ketadi.

Bu faktlar Amir Temur avlodlarining “Temur tuzuklari”ni chindan ham o‘zlari uchun ibrat manbai deb bilganliklarini va undan dasturulamal sifatida samarali foydalanganliklarini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, Shohruh Mirzo Amir Temurning quyidagi e’tiqodiga astoydil amal qiladi. “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir, maslahat, qolgan bir ulushi qilich bilan amalga oshishini angladim”, — deb yozgan edi Sohibqiron o‘z asarining “Kengashlar va tadbirlar” deb atalgan qismida... — Tajribamdan ma’lum bo‘ldiki, kengash ikki turli bo‘lur. Biri — til uchida aytilgani, ikkinchisi yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog‘iga quyardim. Qaysi kishi aqlga sig‘adigan bir ishni kuyinib taklif qilsa, suyunib eshitardim: Kimki oqilona gaplarni erlarcha keskinlik bilan so‘zlasa, unga ham quloq solardim... Faqat har bir maslahatni yaxshi o‘ylab ko‘rgach, eng to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim”.

Amir Temur o‘z tajribasida sinab ko‘rilgan bu tamoyillarning to‘g‘riligini ham yorqin hayotiy misollar bilan ko‘rsatib beradi. Shuning uchun Shohruh Mirzo otasidan keyin parchalanib ketgan saltanatni qayta tiklashda va uni yana qirq yildan ortiq muvaffaqiyat bilan boshqarishda “Temur tuzuklari”da atroflicha bayon qilingan yo‘l-yo‘riqlarga izchil amal qiladi. Xuddi Sohibqiron vasiyat qilganidek, Shohruh podsho va uning buyuk o‘g‘li Ulug‘bek davlat ishlarining o‘ndan to‘qqizini tadbir, kengash, murosa-yu madora yo‘li bilan ado etadilar. Faqat buning iloji bo‘lmagan o‘ndan bir holatlarda qo‘shinni ham ishga solib, jang qiladilar va aksariyat hollarda g‘alaba qozonadilar.

Taqdir taqozosi bilan bu foniy dunyodan boqiy dunyoga ketish payti yaqinlashganini sezgan Sohibqiron umrining oxirgi soatlarida ham o‘zini mardona tutadi va donishmandlarga xos ravshan tafakkur bilan yaqin odamlariga dil yorib vasiyatlar qiladi. Shunda sevimli umr yo‘ldoshi Saroymulkxonim, nabiralari Ulug‘bek va Ibrohim Mirzolar, sodiq beklari Shohmalik, shayx Nuriddinlar ko‘ziga yosh olib deydilar: “jonimiz sizga sadaqa, koshki xudo bizning jonlarimizni olib, sizning joningizni bag‘ishlagay” deydilar. Sohibqiron deydi: “Sizlarni Xudoga topshirdim. Hazrat haqdin umidim borki, menga rahmat qilg‘aykim, zolimlarning eliklarini mazlumlardin qisqa qilibdurmen”.

Shu so‘nggi daqiqalarda ham Amir Temur farzand va nevaralariga atalgan quyidagi dil so‘zlarini aytadi:

“Har nekim mamlakat maslahati uchun aytdim, qulog‘ingizda tutinglar... Agar mening vasiyatimga amal qilib adlu ehson bilan olamni obod qilsangiz, ko‘p yillar davlat va mamlakat sizlarda qolg‘usidir”.

Sirdaryo bo‘yida O‘trorda 1405 yilning 18 fevralida aytilgan bu so‘nggi so‘zlar “Temur tuzuklari”da yaratilgan ulkan ijodiy kashfiyotlarga qo‘shilib, temuriylar sulolasining salkam besh asr hukm surishi uchun ma’naviy asos bo‘ldi. Amir Temurning butun hayoti va faoliyatida ijodkor shaxsning yangilik yaratish va kashfiyotlar qila olish qudrati ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Sohibqiron yaratgan yangi davlatning faoliyati ham uning kashfiyoti edi. Bunday davlat tuzumi undan oldin hech bir mamlakatda aynan shu tarzda faoliyat ko‘rsatgan emas edi. Yangi tipdagi bu davlatning adolat asosiga qurilganligi, zolimlardan mazlumlarni himoya qilgani, bunyodkorlik va ilmu ma’rifatni rivojlantirgani, xalqning teng yarmini tashkil etadigan ayollarga jo‘mardlarcha munosabatda bo‘lganligi Amir Temurning vasiyatlariga astoydil amal qilgan Shohruh podshoh, Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Boburshoh, Akbarshoh va Shohjahonlar faoliyatida ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.

Amir Temur asos solgan va “Temur tuzuklari”da ijodiy kashfiyot tarzida loyihasi yaratib qoldirilgan sulola Turon, Xuroson va Afg‘onistonda bir yarim asr hukm suradi. Besh qo‘l barobar emas. Padarkush Abdullatif va Sulton Abusaid kabi tojdorlar bu sulolaning Turonda va Xurosonda inqirozga uchrashiga sabab bo‘ladilar. Shunda Bobur Mirzo bobokalonining ijodiy kashfiyotlarini Hindiston zaminida amalga tadbiq etib temuriylar sulolasini yangi tarixiy bosqichga ko‘taradi. Bu ulug‘ sulola hind zaminida Bahodirshoh II davrigacha yana 332 yil hukm suradi. Bahodirshoh II ning kundaliklarida va hind kinematografchilarining unga bag‘ishlab yaratgan besh qismli videofilmida Amir Temur salkam besh yuz yil tarix sahnasida foliyat ko‘rsatgan sulolaning asoschisi sifatida iftixor bilan tilga olinadi.

Amir Temur siymosiga atalgan mehr va ehtirom, ayniqsa, uning tug‘ilib o‘sgan yurti O‘zbekistonda istiqlol yillarida misli ko‘rilmagan yuksakliklarga ko‘tarildi. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov xalqimizning Amir Temurga atalgan cheksiz mehr va ehtiromini “Ma’naviy yuksalish sari” kitobida quyidagicha ifodalagan edi: “Hamisha el g‘amini, yurt g‘amini o‘ylab yashagan Sohibqiron yovlar oyog‘i ostida toptalgan o‘lkani dunyoning eng qudratli saltanatiga aylantirgan edi. Kelinglar, aziz do‘stlar, barchamiz yakdil bo‘lib, halol mehnatimiz, aqlu zakovatimiz, Vatanga muhabbatimiz bilan O‘zbekistonni jahon havas qiladigan buyuk davlatga aylantiraylik! Bu yo‘lda bobokalonimizning “Adolat va ozodlik — dasturingiz, rahbaringiz bo‘lsin” degan dono o‘gitlari doimiy shiorimiz bo‘lsin!”.

Donishmand bobokalonimizning tarixiy o‘gitlari O‘zbekiston istiqloli davrida xalqimiz va rahbariyatimiz tomonidan izchil amalga oshirilayotganiga bizning har birimiz nafaqat guvohmiz, balki bu ulug‘ ishlarga zarracha bo‘lsa ham hissa qo‘shish orzusida mehnat qilmoqdamiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 14-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.