Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning navbatdagi safari Afg‘oniston zaminida yashab o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatini tadqiq etish, ularning qadamjolarini o‘rganishga bag‘ishlandi. Ekspeditsiya a’zosi, yozuvchi Qamchibek Kenjaning ana shu safar taassurotlari asosida yozgan asaridan bir bobni e’lon qilayapmiz.
Hoji Asadullo Xolid oqshomgi yemakxonada nonushta berdi: non, ulkan termosda choy, qaymoq, shakar, olma murabbosi...
Hokim biz bilan keyinroq idorasida uchrashmoqqa va’dalashib ketdi. Biz o‘zimizni biroz tartibga keltirish bilan mashg‘ul bo‘ldik.
Qarorgoh hovlisidagi asfaltlangan maydonda g‘izolcha (menimcha, kiyiklarning jayron turiga mansub) yemish izlab u yoqdan bu yoqqa tentirardi. Bir giyoh yo‘q to‘rt devor ichiga tushib qolgani uchunmi, oriq, nimjon tuyoqchalari ham shu qadar ingichkaki, yurganida chalishib-chalishib ketardi. Qo‘limizni cho‘zsak, ikkilanib, ohista keladi va sal narida to‘xtab, hurkibgina tumshuqchasini cho‘zadi. Kaftimizdagi non bo‘laklarini jajji lablariga qisib, mayda, marjon tishlarida qisirlatib chaynay boshlaydi. Bu go‘zal holat, latif manzara yuraklarni uvishtiradi...
Ha, onasidan, o‘z qavmidan ayrilgan bu o‘ksik jayrongina chindan-da erkalashga muhtoj, mehrga zor edi. Qansharining ikki yonidagi qoramtir yo‘l bir qarasangiz o‘zining tabiiy belgi-xoliga, bir qarasangiz jola izlariga o‘xshab ko‘rinardi.
«Boburnoma»da «G‘aznining oq kiyigi va quloni bo‘lur. G‘aznining oq kiyigicha semiz kiyik kam yerda bo‘lg‘ay», deyilgan. Balki mana bu ramaqijon ohu bolasi «Qizil kitob»dan joy olgan o‘sha ko‘rkam, xushsurat, qop-qora qarog‘idan boshqa gunohi bo‘lmagan bokira jonivorlarning noyob, eng kenja avlodidandir...
Umuman, «Boburnoma»da G‘azni tevaragida yuz bergan, muallifning shaxsiy va shohlik hayotiga daxldor xiyla voqealar bayon etilgan. Jumladan, Bobur Mirzo bo‘lajak ahli ayollaridan biri, Sulton Ahmad Mirzoning qizi Ma’suma Sulton begim bilan ilk bor G‘aznida ko‘rishib, suhbat qurgan edi. Darvoqe, shu o‘rinda Zahiriddin Boburning yana bir ibratli xislati namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Katta bir yurtni egallash, podsholik maqomiga erishish arafasida turgan hukmdor o‘z qarindoshi rizoligini so‘rab o‘tirmasligi ham mumkin edi, zero, qizining onasi ham shunday niyatda edi. Ammo jo‘mard, tanti Bobur alohida uchrashuv tayin etib, amakivachchasida o‘ziga nisbatan chindan-da mayl borligiga ishonch hosil qilgandan keyingina uni o‘z nikohiga oladi.
«Xatti Boburiy»ning yaratilishi ham G‘azni fathidan keyinroq, Kobul qo‘lga kiritilgan davrlarga to‘g‘ri keladi. Ajabki, Bobur «Boburnoma»da jangu jadallar, kundalik voqea-hodisalar, kishilarning fe’l-atvori, tabiat ajoyibotlari, dov-daraxtlaru o‘simliklar, hayvonotu parrandalar borasida erinmay ma’lumot, izohlar bergani holda, azbaroyi kamtarlik yuzasindanmi, o‘zining turli sohalarni tadqiq etishga bag‘ishlangan yirik-yirik nasriy asarlari, g‘azal va boshqa nazmiy ijodi xususida batafsilroq ma’lumot berishni, ba’zida umuman to‘xtalishni lozim ko‘rmaydi. Jumladan, hijriy to‘qqiz yuz to‘qqizinchi (1503-1504) yil tafsilotlarini o‘z ichiga olgan sahifalarda «ushbu mahallarda Boburiy xatini ixtiro qildim», degan bir jumla-xabar bilan kifoyalanadi.
G‘azniga bir qancha muddat Jahongir Mirzo, keyin Nosir Mirzo hokim bo‘lib turgan. Darvoqe, Bobur olijanobligining poyonsizligini qarangki, o‘gay inilarini birga olib yurib, hamisha qo‘llab-quvvatlar, ilkiga tushgan mulklardan ularga in’om etar edi. Masalan, Kobulni olgandan keyin viloyatni taqsimlar ekan, Ningnahor tumanini, Mandrovir, Darai Nur, Kunru, Nurgil va Jig‘onsaroyni Nosir Mirzoga inoyat qiladi. Keyinroq bu landovur shahzoda tasarrufiga Qandahorni, so‘ngroq G‘aznini beradi.
Biroq noshukur Nosir Mirzo og‘asi iltifotlaridan qanoat hosil qilmay, o‘zini har yoqqa tashlab, ko‘p noma’qulchiliklarga yo‘l qo‘yadi. Masalan, unga Qandahor viloyati berilganda, yana umumiy o‘ljadan yuk ortilgan teva va oq tangalarni iznsiz olib qoladi. Holbuki, Qandahorni qo‘lga kiritish Boburga ancha qimmatga tushgan edi. G‘oyat besaramjon davrlar bo‘lib, ketma-ket janglar va boshqa noxush hodisalar ko‘p yuz bergan edi. Shunga qaramay, qalbi daryo, ukalari va boshqa jigarlariga o‘ta g‘amxo‘r va mehribon Bobur Nosir Mirzoni avf qiladi, uning qilmishini yuziga solmay, yana muruvvat ko‘rsatishda davom etadi. «Yaxshiliq» g‘azalining yaralishida Nosir Mirzo va u kabilarning ham «xizmati» katta bo‘lgan bo‘lsa ajabmas!..
Xullas, o‘sha ushoqqina, uvolgina g‘izol bizga ancha ermak bo‘ldi. Birga suratlarga tushdik. Keyin jajji do‘stimiz bilan xayrlashib, shaharga chiqib ketdik.
Ertalab mezbonlarimiz bizni bir olim bilan tanishtirishdi. Hoji Abdurahmon ismli bu shaxs norg‘ul, moshguruch soqoli ancha qalin, taxminimcha, oltmish yoshlarda edi. Keyin bilsak qirq olti yoshda ekan.
Kun chiqishga qarab ketdik. Shahar tugagan joydan, yo‘lning chap tomonida eski, baland qal’a boshlanadi. Ko‘cha tor edi. Xayriyatki, ko‘p yurmadik. Mahalla ichidagi chap yog‘i paxsa devor, o‘ngi tashlandiq xiyobonga o‘xshash joyda to‘xtatdik. Yo‘l bilan xiyobonni tag qismi tosh, o‘rtasi g‘ishtdan va tepasi loydan urilgan pastakkina devor ajratib turardi. U ko‘hna qo‘rg‘on qoldiqlari bo‘lsa kerak.
— Bu yer bir vaqtlar Bog‘i Beruniy nomi bilan yuritilgan, — deydi hoji Abdurahmon Hakimiy.
U G‘aznining eski shahar hududida tavallud topgan bo‘lib, ko‘p yillar dorilfununda tarix, falsafa kulliyotining huquq bo‘limida muallimlik qilgan. Gap-so‘zlariga qaraganda, G‘azni tarixini ham, Abu Rayhon Beruniy hayotini ham yaxshi bilardi.
Xiyobonning devor bilan tutash qismidagi yuzasi changib yotgan supada ikki do‘ng — ikki uyum tosh bor edi.
Zokirjon aka, Muhammad Sodiq va Farrux Beruniy qabrini darhol tanidilar — kun botish tarafdagi bir uyum tosh ul zoti sharifning mangu xobgohiga tegishli edi, buni Hakimiy ham tasdiqladi.
Uyumlar siniq marmar parchalari, mushtday, undan maydaroq oddiy toshlardan iborat edi. Supa janubida, besh-olti chorpoya o‘rnicha maydonda o‘rib olingan bug‘doy poyalari qolgan, yana ozroq yerga beda ekilgan, xiyobonning qolgan katta bo‘lagida turli ko‘katlar o‘sib yotardi. Yana janubroqda, ko‘katzorlar narisida eski uylar ko‘rinadi. Kun chiqish tomonda gilos, tut daraxtlari, ular orasida qandaydir tepalik ko‘zga tashlanar, g‘arbiy qism esa mevali-mevasiz quyuq daraxtzor edi.
Har ikkala qabrning bosh qismiga yashil tug‘li tayoq sanchilgan bo‘lib, tug‘lar uchiga yaltiroq tunukadan yasalgan, baliq ovlanadigan sanchiqni eslatuvchi besh panja mahkamlangan edi. O‘ngdagi qabrning kimga mansubligi bilan qiziqdik. Hoji Abdurahmonning aytishicha, Beruniy qabri ustida juda ko‘rkam, salobatli maqbara bo‘lgan. Ilmu fan ahlini uncha jini suymaydigan, ma’naviyatdan uzoqroq hukmdorlar davrida inglizlar ishtirokida Afg‘oniston zaminida dafn etilgan ulug‘ insonlar — ilmu ma’rifatning daho siymolari marqadlari ayovsizlarcha buzib, qo‘porib tashlangan, jumladan, Abu Rayhon Beruniy sag‘anasi ham.
— Mana bu marmar siniqlari Beruniy sag‘ana toshidan qolgan, — deydi Hakimiy qabrning oyoq tarafidagi qirrali toshlarga ishora qilib. — Afg‘oniston podshohi Zohirshoh buyrug‘iga binoan, Beruniy dafn etilgan yerni topish maqsadida shu joy kavlangan — qabrtosh ham tuproq ostida qolib ketgan edi. Men donishgohda muallim edim, qazuv-qidiruv ishlarida shaxsan ishtirok etganman. 1351 hijriyda YuNYeSKO tomonidan Abu Rayhon Beruniy qabrini aniqlash uchun maxsus komissiya tuzilgan edi. O‘shanda qabr ichidan ortiqcha suyaklar chiqqan. Beruniy shogirdlaridan biri jasadining ustozi yoniga qo‘yilgani to‘g‘risidagi gaplarga asoslanib, ana shu so‘ngaklarni alohida lahad qazib ko‘mganmiz.
Beruniy qabrining topilishi tarixi va ikkinchi qabrning kimga mansubligi borasida boshqacha mulohaza-ma’lumotlar ham bor. Geolog Ummatali Usmonovning «Fan va turmush» jurnalining 1987 yil 10-sonida e’lon qilingan «Beruniy qaerga dafn etilgan?» sarlavhali maqolasida g‘aznilik injener Gulahmadning ushbu hikoyasida keltiriladi:
«Hovlining egasi devor urmoqchi bo‘lib loyxona qilayotgan chog‘ida ketmon qattiq bir toshga uriladi. U kavlab toshni olib tashlayman desa, u oddiy tosh bo‘lmay, marmar taxta ekan, unda arab harflari bilan yozilgan yozuv ham bo‘ladi. Lekin u na afg‘on, na fors tilida bo‘lganligi sababli uy egasi va qo‘shnilar o‘qiy olmay, shahar ma’murlariga murojaat etishadi. Ma’murlar mazkur yozuvni Kobuldagi olimlarga ko‘rsatishadi. Olimlar uzoq o‘rganishgandan so‘ng, shu tosh topilgan joy ulug‘ va mutafakkir olim Beruniy dafn etilgan joy, bu tosh esa Beruniy qabriga qo‘yilgan esdalik toshning bir qismi, degan fikrni aytishadi. Shundan keyin shahar ma’muriyati qaroriga binoan, Beruniy qabri topilgan hovli «tarixiy yodgorlik»ka aylantiriladi».
Gulahmadning aytishicha, Beruniy qabrining yonidan yana bir qabr chiqqan, uning lavhasida «bu yerga Mavlono Beruniyning oshpazi dafn etilgan», degan yozuv bo‘lgan...
Dalillarning qay biriga ishonmoq kerak? Ma’lumot beruvchilarning har ikkisi ham Beruniy yashagan va dafn etilgan G‘azni shahrining haqiqiy fuqarolari, ilmli kishilar. Jurnaldagi mazkur maqolaga muallif o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, marmardan durustgina sag‘ana toshi qo‘yilgan biri katta, ikkinchisi kichikroq qabrlarning rasmini ham ilova qilgan. Bu G‘azni shahar ma’muriyatining Beruniy qabri topilgan hovlini «tarixiy yodgorlik»ka aylantirish haqidagi qarori va uning ijrosiga dalil bo‘la oladi.
Muarrix Abdurahmon Hakimiyning so‘zlariga qaraganda, o‘shandan keyin Zohirshoh Beruniy bog‘ini obodonlashtirishga farmon bergan va bog‘ obodonlashtirilgan. YuNYeSKO rahbarlari Beruniy maqbarasini tiklashga va’da berishgan, lekin bu ish amalga oshmasdan qolib ketgan. Chunki vaziyat, siyosat o‘zgargan.
Ustod muarrix, shuningdek, Sulton Mahmudning ilmu urfonga katta ahamiyat bergani, saroy atrofiga ziyo ahlini yig‘ishga harakat qilgani va o‘sha davrda G‘aznining gullab-yashnagani to‘g‘risida jo‘shib gapirdi. «Arusil falak» nomli G‘azni masjidiga uch yuz ellikdan ziyod shoiru fuzalo, olimu ulamo tez-tez to‘planib, bahsu mushoiralar o‘tkazishganini alohida ta’kidladi.
Umuman, Hakimiy xiyla bilimdon, ma’naviyatparvar, yurtparvar olim ekan. Bahromshoh davridagi bir g‘aroyib voqeani so‘zlab berdi.
Aloviddin Jahonso‘z G‘uriy G‘aznini egallash maqsadida (1455 yili) ukasi Safidinni qo‘shinga qo‘mondon qilib yuboradi. Bahromshohning odamlari Safidinni tutib olib, qatl etadilar. Bundan g‘azabga mingan Aloviddin Jahonso‘z: «G‘azni shahrini vayron qilaman, odamlarini yoppasiga tig‘dan o‘tkazib, qonini oqizaman!» deb qasam ichadi. Shunda aka-uka Xoja Abdusalom va Xoja Abdusamad ismli ikki mo‘‘tabar zot Aloviddinning huzuriga borib, qasamingizni bajo etish uchun ikkimizning qonimizni to‘ksangiz-u, shaharga hujum qilmasangiz, deya iltijo qilishadi. Ularning o‘tinchlari inobatga olinadi. Qatl paytida aka-ukalardan biri kulib, ikkinchisi yig‘lab turishgan ekan. Shuning uchun ularni xalq hozirgacha Xoja Xandon va Xoja Giryon deb eslab, gapirib yurarkan.
Og‘a-ini qatl etilgan joy hozir ziyoratgoh. U yerda o‘sha aka-ukalardan qolgan tegirmon ham bor, deyishdi. Vatanparvarlik, xalqparvarlik muzeyiga aylangan o‘sha qatlgohni juda-juda ko‘rgim keldi-yu, lekin buning imkoni yo‘q edi. Zero, maqsadimiz G‘azniga borib, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud G‘aznaviy va boshqa allomalar qabrini ziyorat etish, ular haqida zarur ma’lumotlar to‘plash edi.
Beruniy dafn etilgan joydan qaytar ekanmiz, ulug‘ allomaning mangu oromgohi kelajakda u zotning xotirasiga munosib ziyoratgohga aylanishini chin dildan iltijo qildik.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 4-sonidan olindi.