(Turkistonning ulug‘ shoiri ustoz Shavkat Rahmon tavalludining 63 yilligiga)
Yurak negadir iztirobda...
Qandaydir taskin, qandaydir bir yo‘l izlaydi o‘ziga. Nimadandir xovliqsa, nimagadir talpinadi.
Duk... duk... duk...
Vujud esa halovat istaydi.
Oyoqlar yurakka bo‘yinsungan, butun vujud ham yurak amrida. Nihoyat yurak izlagan yo‘lini topganga o‘xshaydi. Hukmni bor vujudiga yetkazdida safar taraddudini ko‘ra boshladi. Safar esa "bahaybat yaproqlar diyori" sari edi.
Ular bu oq-qora dunyo ichra "rangin lahzalar"ga kirib borishar, u yerning jilvalaridan o‘zlariga sig‘may qolishar edi...
Oh! Yurakning ko‘zlari ochildi, bunchalar nurafshon, bunchalar rangin bu soniyalar, bunchalar...
Bir bahya avval umr ham, dunyo ham o‘tkinchi bir xasdek sig‘mayotgan vujudga , endilikda "mangulikday tuyuldi umr, mangulikday tuyuldi dunyo..."
Yurakning ochilgan ko‘zlari quyosh tig‘idan qamashar, u esa ko‘zlarini yumib olgandi. Shunda birdan notanish ovoz so‘zlay boshladi:
Ko‘zingizni oching, qo‘rqmang,
Ziyodan qamashsin, og‘risin mayli.
Maylida yashamak bo‘lsin qiyinroq-
Ochiqligi tufayli.
Yurak seskanib ketdi, o‘zida qandaydir bir tetiklik his eta boshladi. Biroq sanchib-sanchib og‘riyotgan bu dardi bedavodan qutulmadi, qutulmadi-da! Rangin lahzalarorasidan bir Yurak chiqib keldida pichirlay boshladi:
Lazzat bor har qanday og‘riqda...
Og‘riqlar ichra to‘lg‘onayotgan yurakka bu so‘z qiyin ishdek ko‘rinmadi, aksincha u rohatni qidira boshladi. Rohat esa uning o‘zida edi.
"Yurakning eng chuqur yeridan og‘riqqa aylangan tuyg‘ular" natijasida uyg‘onish boshlandi qaytadan.
Endi yurakda bezovtalik bor. Endi u o‘zini nimalargadir qodirday his eta boshladi. Unda nimanidir uddalash, nima yoki kim bilandir kurashish ishtiyoqi tirila boshlagandi. Uning avvalgi nimjon, tushkun holatlari o‘zgarib, sokin odimlari tobora shahdamlashardi, chunki:
Yiqilmak, to‘xtamak-mumkinmas!
Qayerga bo‘lsa ham yurganim yaxshi...
Mening har qadamim muqaddas,
Mening har qadamim
O‘limga qarshi.
Eh, nihoyat qovirilayotgan yurak bir ilinj topganday bo‘ldi. Balki izlagani shudir. Endi esa umid yolqinlari shu’lalana boshlandi: "YaShAMOQ ZARUR!"
Bir kun kelib lahzalar qiynog‘i tutmasin, bir kun kelib har soniya har daqiqa uning hayotini muvaffaqiyatli ekanligiga guvog‘lik bersin. Uzoqdan emas, uning tilidan to‘kila boshlandi bu so‘zlar:
Tokim tosh misoli tegmasin boshga,
Men yashay olmagan
Har bir daqiqa...
Yurak notanish bir tuyg‘ularni tushuna boshladi va o‘zining egizagini qidira ketdi. Lekin u qayerda?
Balki maysalardan so‘rar, balki osmondan, balki yerdan so‘rar, balki butun borliqdan. U esa olisda va shuningdek juda yaqinda ham edi:
Men yo‘g‘imda...
Gullar ochilar
Tashna bo‘lib salqin yellarga.
Mayin, tiniq bo‘ylar sochilar,
Yolg‘izoyoq, sokin yo‘llarga.
Bahaybat yaproqlar, bahaybat tog‘lar, bahaybat daryolar yurtidan bu qo‘shiqni kim aytdi, qayoqdan kelmoqda-Yurak hayron...
Mana, 40 yildan oshibdiki bu kuy taralmoqda Ulug‘ diyorlardan, Ulug‘ diyorlar oralab.
"Hey, kimsan o‘zing, qanday ish bilan mashg‘ul bo‘lyapsan?" deya xayqira ketdi. "Sening tug‘ilish yoki o‘liming bormi o‘zi?"
U esa sokin javob bera boshladi:
Ochiq kulib, so‘ylab yorug‘ so‘z,
Quyosh, Yerga shukrona ayta.
Men har kecha yumayapman ko‘z,
Tug‘ilyapman har sahar qayta.
Ha, deyarli barchasi tushunarli, vujud ham o‘z oromini topa boshlagandi. Endigina yurak o‘zining aksini ko‘rmoqchiydi...
Birdan yurak g‘alati holatga cho‘ka boshladi.
Negadir avvalgi dard unga yaqinlasha boshladi...
Yana iztirob...
Nega?
Topganiga hech qancha vaqt bo‘lmagan bu Ulug‘ Yurak qo‘llarini silkitib keta boshlagan edi. Yurak esa "Kelasanmi?" deya pichirlay oldi xolos. "Aniq kelasanmi?" deya yana qo‘shimchalab ham qo‘ydi:
Men kelaman, kelaman so‘zsiz,
Ko‘zingizni yashirmang zinhor.
Peshvoz chiqing yo‘llarimga siz,
Bahor bo‘lib kelaman, bahor...
Endigina halovat topa boshlagan vujud endi bahorni qanday kutarkin? Qanday chiday olarkin bahorga?
Eh, nailoj ortga qaytish kerak, lekin oyoqlarning yurakka bo‘yinsungisi ham kelmay qolgan, vujud ham shu holda... Bechora nima qilishsin?
Yurak qurg‘ur yana yo‘l axtara boshladi. Bahorga tezroq yetish yo‘lini...
Duk-duk-duk...
Rahimjon Alijonov
O‘sh shahri