OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahmon Qo‘chqor. Birniki yuzgami? yoxud millat sha’ni xususida kuyunchak mulohazalar (2009)

Mamlakatimiz totalitar boshqaruvdek adolatsiz ijtimoiy tuzumdan bozor munosabatlariga asoslangan erkin, demokratik jamiyatga o‘tish davomida hayotning barcha sohalarida vujudga kelishi tabiiy bo‘lgan murakkab muammolarni o‘z vaqtida va oqilona hal etish yo‘lidan izchil qadam tashlamoqda. Jumladan, istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab qishloq aholisiga qo‘shimcha tomorqa yerlarining ajratib berilishi, yurtimizda don va yoqilg‘i mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning ko‘rilishi, mintaqalararo avtomobil va temir yo‘l tarmoqlarining kengaytirilishi, kichik biznes hamda tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilishi — bularning bari xalqimiz turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Farg‘ona vodiysi respublikamizning aholisi zich, yurtimiz iqtisodiyotiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladigan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘plab miqdorda ishlab chiqaruvchi hudud sanaladi. Agar Qamchiq dovoni yo‘li o‘z vaqtida kengaytirib bitkazilmaganda qariyb olti million kishini tashkil etuvchi uch viloyat aholisining barcha yo‘nalishdagi ta’minoti qanday hal qilinardi? Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni boshqa hududlarimizga, xorijga yetkazib berish masalasi-chi? O‘qishi, ishi, sog‘ligi, dam olishi va yana o‘nlab ehtiyojlari sabab poytaxtga yoxud boshqa joylarga borishi lozim bo‘lgan yuz minglab kishilar boshiga qancha asabbuzilishlar tushmasmidi?

Ko‘ryapmizki, birov ahamiyat berib, boshqa birov esa e’tiborsiz o‘tadigan birgina sohada amalga oshirilgan sa’y-harakat qanchadan-qancha muammolarning hal etilishiga, eng muhimi — xalq tinchligi va osoyishtaligini saqlash, turmush farovonligini yuksaltirishga, xalqaro miqyosda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini oshirish, o‘zbek xalqi hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini amalda isbotlashga mustahkam omil bo‘ldi.

Bu ko‘rinib turgan haqiqatga mensimay qarash, hayotning murakkab jabhalaridan osongina hatlab o‘tish ishtiyoqiga, bir hamla bilan hamma narsaga ega bo‘lib olishdek aldamchi istaklarga qul bo‘lib qolish kishini naqadar xunuk holatlarga solib qo‘yishiga misollar esa keragidan ortiq topiladi. Afsuski, oramizda shu taxlit kayfiyat egalari ozmi-ko‘pmi uchrab turibdi, ular o‘z kirdikorlari bilan jamiyat sofligiga u yoxud bu shaklda raxna solmoqda. Bugungi kunda huquqiy manbalarda “odam savdosi” deb atalayotgan ana shunday tuban kasbu korlardan birini o‘ziga ep bilgan kimsalar, aslida, millatga xiyonat qilishayotganini anglasharmikin?

Xalqimiz qadim-qadimdan ayol zotini ardoqlashi, uni onam, opam va singlim atab, benihoya hurmat-izzatda olib yurishi, ayol sha’ni va iffatini har narsadan ustun qo‘yib himoyalashi bilan ko‘plab boshqa qavmlarga o‘rnak bo‘lgani ayon gap. O‘zbeklarda hovlining “ichki” va “tashqi” hovli sifatida alohida qismlarga ajratilgani, sho‘ro davri jamiyatshunoslari da’vo qilganidek, aslo “feodalizmning chirkin urfi” bo‘lmay, bu ham o‘z ayoli, qizi va kelinini har qanday tahdidlardan ihotalash, ularning iffati va ibosini pok saqlashdek insoniy, milliy e’tiqoddan kelib chiqqan qadriyatlarning amaldagi ko‘rinishidir.

Shunday tarixiy tajribaga ega bo‘lgan xalq orasidan kimningdir, qay bir tuban yo‘l bilan topgan puliga o‘z yurtdoshini, o‘z millatdoshini o‘ylamay-netmay sotib yuborayotgan kimsalar chiqqan ekan, ularning bu qilmishi shu xalqqa, shu millatga xiyonat, borib turgan sotqinlik emasmi?!

Dinimiz ayol kishini boshqalarga pullab, ularni fahsh botqog‘iga itqitishdek tubanlik emas (bunga qanday og‘ir jazo tayinlanishi Yaratganga ayon!), hatto nomahram erkak va ayolning yolg‘iz qolmasliklarini ham qat’iy uqtiradi. Oilasini, ota-onasini yoxud erini va bola-chaqasini tashlab o‘zga yurtga, mutlaqo notanish odamlar orasiga turli transport vositalarida yuborilayotgan (ba’zan esa o‘z ixtiyori bilan ketayotgan!) qiz yoki juvonning mahrami nima bo‘lishini tasavvur qilaylik. “Ishlab pul topib kelaman, keyin dang‘illama uchastka quramiz!” deya mahmadanalik qilayotgan xotinini o‘z izmiga solish o‘rniga, uning ich ko‘ylaklar bilan to‘la yuklarini ko‘tarib vokzalga yoxud aeroportga kuzatishga chiqqan, xotinni xorijga uzatib qo‘yib, o‘zini hech narsadan shubha qilmaydigan ovsar maqomiga solib, bamaylixotir uyga qaytgan “er janoblari” yor-birodarlari orasida boshqalarga gap bermay, egnidagi qimmatbaho paltosi bilan maqtansa ham, ajab emas. Ular Imom Buxoriy hazratlari rivoyat qilgan mana bu hadisi sharifni nahotki eshitmagan bo‘lsalar:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Erkak kishi zinhor ayol bilan xoli qolmasin. Magar mahram bilan bo‘lsa, mayli” dedilar.

Shunda bir kishi turib:

“Ey, Ollohning Rasuli, xotinim hajga chiqdi. Men esam falon g‘azotga qatnashmoqchiman” dedi.

“Sen qayt! Xotining bilan birga haj qil!” dedilar”.

Janobi Payg‘ambarimizning er kishini hatto dinning eng muhim vazifasidan qaytarib, xotiniga, hatto hajdek shubhadan holi, muqaddas safarda-da mahram bo‘lishga buyurganlari ostida qanchalar buyuk hikmat yotganini anglash chinakam musulmon odamdan unchalik katta farosatni talab qilmasa kerak.

Noqonuniy yo‘l bilan chet elga borgan kishilarning qanday sharoitlarda ishlashi, yashashi, tirikchiligini o‘tkazishi borasida respublikamiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarida ko‘plab faktlar oshkor qilinmoqda. Aldov yo‘li bilan olib ketilgan, pasporti va boshqa hujjatlaridan mahrum etilgan erkak va ayollar ustidan o‘tkazilayotgan zo‘rlov va xo‘rlovlar, ularning insoniy sha’ni va g‘ururini paymol qilish holatlarini gapirmagan holda ham, umuman, xorijiy muhit unda berkinib, doimiy xavotirda yashayotgan odam ruhiyatida qanday o‘zgarishlarni sodir etishini tasavvur qilish qiyin emas. Masalan, biror chet mamlakatda oddiygina qurilish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan shunday yurtdoshimiz — 18-20 yoshli yigitning bir kunlik kun tartibini ko‘z oldimizga keltiraylik. Boya aytilganidek, noqonuniy yo‘l bilan o‘zga bir davlat hududida yurgani tufayli, u o‘nlab boshqa millat vakillari — o‘zi singari daydilar bilan qaysidir tashlandiq bino yerto‘lasida yoki o‘zlari qurayotgan inshootning bir bo‘lmasida yashashga majbur. U yerdagi sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan maishiy sharoitni, yeb-ichishdagi tartibsizlik, halol-xaromning farqlanmasligi singari faktorlarni bir tomonga qo‘yib turaylik-da, ishdan keyin shu yerto‘lada to‘planganlar orasida, xohlaydimi-yo‘qmi, har kuni bo‘ladigan gap-so‘zlar, suhbatlardan oladigan “ma’naviy ozuqasi”ni o‘ylab ko‘raylik. Harqalay, bu davrada Pushkin yoki Navoiy she’riyati, nafis san’at masalalari-yu shaxmat bo‘yicha so‘nggi jahon chempionati yakunlariga oid mavzularda bahs ketmasligi aniq. Bu to‘da uchun bir-birining cho‘ntagidagi, eng yaqin do‘stiga ham ko‘rsatmay yig‘ib kelinayotgan pulni yutib olish maqsadida oz-ozdan o‘rtaga chiqarib qimor tashlash, kuni kecha qorong‘ida qo‘shni kvartalga borib, qizlar yotoqxonasida ko‘rsatgan “jasorati”ni aytib maqtanish yoki o‘zi tuz ichib katta bo‘lgan yurtda uchraydigan ozmi-ko‘pmi kamchiliklarni bilag‘onlik bilan “fosh etib”, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatish singari holatlar ko‘proq ustunlik qilishi tabiiydir. O‘z yurtida ikkitagina bolasi-yu ayolidan iborat kichik oilasi tirikchiligini yo‘lga sololmay, o‘zga yurtlarda darbadar yurishni afzal bilgan bu shovvozlar, millionlab odamlar boshini qovushtirib, ularning hayoti bilan bog‘liq minglab muammolarni hal etayotgan yurt rahbarlari faoliyatini reviziya qilishga o‘zini hammadan ko‘ra haqliroq sanashiga nima deysiz?

Xalqimiz o‘ta andishali, kishi yuzidan o‘tolmaydigan xalq. Lekin bu degani — odamlar hech narsani bilmaydi, sezmaydi, payqamaydi, degani emas-ku. Qay bir mahalladan, qay bir uydan “pul topib kelaman” degan iddao bilan oilasi, bola-chaqasining tirikchiliginigina emas, balki or-nomusini, tinchligini ham muallaq tashlab chiqib ketgan kimsalar topib keladigan pul o‘sha oiladagi ma’naviy yo‘qotishlarning, ruhiy azoblarning o‘rnini bosa oladimi? Oiladagi kattalar tortgan iztiroblarni, mayli, qo‘yib turaylik-da (ular ichlaridan o‘tganini o‘zlari bilishadi!), otasi yoxud onasi noqonuniy yo‘l bilan xorijga ketgan, ular ortidan biri biridan xunuk xabarlar eshitayotgan bolalarning mahalladagi tengdoshlari, sinfdoshlari, qarindoshlari orasidagi holatini tasavvur qilaylik. Bunday psixologik zarbalar kattalardan ko‘ra bolalar ruhiyatida jiddiy salbiy o‘zgarishlar, sinish va buzilishlarni keltirib chiqarishini fan allaqachon isbotlab qo‘yganki, ularni hozir takrorlab o‘tirish shart emas. Bu bolalarning oylar, yillar davomida o‘ksik va kemtik bo‘lib qolgan ko‘nglini xorijdan tashib keltirilgan latta-putta yoki pul bilan aslo to‘ldirib bo‘lmaydi.

Umuman, odam savdosi bilan shug‘ullanayotgan jinoyatchilar yoki beixtiyor shu savdo qurboniga aylanayotgan kimsalar o‘zlarining bir hovuch pul topishga bo‘lgan havoyi ishtiyoqi bilan xalq ma’naviyatiga, millat ruhiyatiga yetkazayotgan zaxasi hech qanday oltinu dur, biror valyuta bilan o‘lchanmasligini biladilarmi o‘zi?

Har bir xalqning asrlar davomida misqollab yig‘adigan, uning chin o‘g‘il-qizlari tomonidan barpo etiladigan obro‘-e’tibori, sha’nu shavkati bor. Bu qadriyatlar o‘sha millatning boshqa xalqlar orasida boshini tik ko‘tarib yurishiga asos bo‘ladigan ma’naviy-ruhiy hujjati sanaladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘zbek xalqi uzoq asrlar davomida milliy qiyofasini, o‘zligini, genofondini pok saqlay olgan oriyatli millat hisoblanadi. Bu xalq o‘z boshidan ne-ne qonli sinovlarni, sitam va xo‘rliklarni o‘tkazmagan. Biroq u hech qachon qornini qadridan, nomusini nafsidan ustun qo‘yib, boshqalar qarshisida yaltoqlangan emas, jigari ezilganda-da qon tupirmagan. U ozodligi, hurligi, or-nomusini nonga almashadigan, qaerda qorni to‘ysa, o‘sha yerni vatan sanab ketadigan olomon bo‘lgan emas, bundan keyin ham, inshoolloh, bunday bo‘lmaydi. O‘zbekdek ona zaminiga bog‘langan, oilaparvar, bola-chaqasini bag‘riga bosib, xotirjam ko‘ngil ila bexavotir totinadigan jaydari nonini minnatli oshga alishmaydigan xalqlar bu yorug‘ olamda unchalik ko‘p bo‘lmasa kerak. Bu xalq eng og‘ir damlarda ham sabrni boshiga toj qilgan, birovning haqiga ko‘z olaytirmagan, o‘zga yurtlarga qo‘l cho‘zib bormagan.

Afsuski, odam savdosi atalmish tuban ishga qo‘l urayotgan jinoyatchilar hamda o‘zi bilib-bilmay mana shu savdoning “tovari”ga aylanib qolayotgan kishilar xalqimizning misqollab barpo qilingan sha’nu shavkatini, hurmatini botmonlab sovurishlarini, millatni o‘zgalar oldida obro‘sizlantirishlarini o‘ylamaydilar. Ular yana shu narsani o‘ylamaydilarki, xorijiy yurtlarda sodir etiladigan har qanday jinoiy harakat, noqonuniy faoliyat, garchi rasmiy hujjatlarda, masalan, Eshmat yoxud Toshmat tomonidan qilingani qayd etilsa-da, uning ortidan mana shu Eshmat yoki Toshmatning millati ovoza qilinadi. Bu g‘irrom ishni, ayniqsa, O‘zbekiston erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlarni ko‘ra olmaydigan, aksincha, u bilan bog‘liq pashshadek kamchilikni fildek qilib nog‘ora chalishga ishtiyoqmand o‘lkalardagi ommaviy axborot vositalari epchillik bilan bajaradilar. Ayrim davlatlarning og‘ziga kuchi yetmagan ommaviy axborot vositalari shu bahona bilan O‘zbekiston to‘g‘risida kurakda turmaydigan tuhmat gaplarni tarqatishga ham borib yetmoqdalar. Natijada, umrida O‘zbekistonni kelib ko‘rmagan, bu yurtning chinakam vatanparvar fuqarolari amalga oshirayotgan tarixiy ishlardan bexabar xorijiy o‘lkalar aholisi o‘rtasida yurtimiz va uning odamlari haqida noto‘g‘ri tasavvur hosil bo‘ladi.

* * *

Ko‘ryapmizki, na o‘qishni, na hunarni qoyillatgan, aqli bilan qo‘lidan ko‘ra og‘zini ko‘proq ishlatishga odatlangan, or-nomusini, hamiyatini nonga qo‘shib yeb bitirgan ayrim kimsalar qilmishi aylanib borib xalqqa, millatga, mamlakatga, uning ma’naviy, ruhoniy xavfsizligiga daxl qilmoqda. Afsuski, bu noxush holatlar hech kimsa yashamas yaydoq cho‘lda, kimsasiz orolda emas, balki mahallalarimizda, minglab odamlarning shundoq ko‘z oldida sodir bo‘lyapti. Odam ovlab yurgan jinoyatchi korchalonlarni ham, ularning domiga tushayotgan fuqarolarni ham hech kim ko‘rmagan va hech kim bilmagan deyish — ongli ravishda o‘zimizni aldashdan va shu bilan bu jinoyatlarning yanada urchishiga yo‘l ochib berishdan boshqa narsa emas. Odam savdosi jinoyati xuddi yurtga, millatga nisbatan xiyonatdek ko‘rilar ekan, har bir vijdoni uyg‘oq yurtdoshimiz bu muammoga o‘ziga ham daxldor ish sifatida qaramog‘i naqadar muhim. Hozir esa, tan olib aytmog‘imiz kerakki, ayrim fuqarolarimiz “sen menga tegma, men senga tegmayman” degan aqidaga muvofiq ish ko‘radilar. Ular adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, hech bo‘lmasa, ularni nopok yo‘ldan qaytarish qo‘llaridan kelgani holda, bu ishni ham, albatta, davlat qilishi kerak, degan iddao bilan yuradilar. Bunday kishilar to‘g‘risida ham Yurtboshimiz “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida kuyinchaklik bilan gapirgandi:

“Birovning hayotiga, yon-atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga betaraf va beparvo bo‘lib qarab, shunchaki kuzatuvchi bo‘lib yashaydigan odamdan qo‘rqish kerak. Chunki ularda na iymon, na iroda bo‘ladi. Ular hatto o‘z xalqi va Vatani taqdiriga ham bamisoli begona odamdek qaraydi.

Azaldan ma’lumki, beparvo odam dushmandan ham xavfliroqdir. Chunki dushmanning kimligi, asl qiyofasi siz uchun oldindan ma’lum bo‘ladi. Biroq loqayd va beparvo odamning qiyofasini birdaniga bilib bo‘lmaydi. Shuning uchun u ichingizda yurib, sizga qarshi tish qayraydigan dushmanlar uchun imkoniyat yaratib beradi”.

Darhaqiqat, odam savdosidek xavfli, inson sha’ni va nomusini xo‘rlaydigan jinoyatlarga barham berish, uni, hali g‘ovlab-tomirlab ketmasidan oldin, bizning jamiyatimiz hayotidan butkul siqib chiqarish vazifasi barchamizdan bedor bo‘lishni, har bir yurtdoshimiz taqdiriga kuyinchaklik bilan qarashni, qo‘limizdan kelgancha bir-birimizga yordam berishni talab etadi. Zero, o‘zbek xalqi insondek Olloh mukarram qilib yaratgan xilqatni savdoga, oldi-sotdiga qo‘yadigan bozor tomon yo‘lga chiqqan emas aslo.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 8-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.