OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rustamjon Tojiboyev. “Uch Xarobotiy” kimlar edi? (2010)

Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning boy va rang-barang adabiy merosida adabiyotshunosligimizda shartli ravishda “Uch xarobotiy”, deb nomlanib kelinayotgan musaddasi ham borligi barchamizga yaxshi ma’lum.

Uch xarobotiy erurmiz, sokini mayxonamiz,
Xum boshidin charx urib, monandi bir parvonamiz,
Mast o‘lubmiz, jo‘shishi maydin ajab devonamiz,
Holimiz dunyo g‘amidin forig‘i koshonamiz,
Yor bizning yorimiz, jonon bizning jononimiz,
Ushbu davron birla o‘lsak, yo‘q erur armonimiz —

bandlari bilan boshlanuvchi mazkur musaddas mazmuni va badiiy jihatdan yuqori darajada bo‘lgani sababli, 1958 yilda e’lon qilinganidan buyon ko‘plab yirik adabiyotshunoslar e’tiborini jalb etgan va yuqori baho olgan.

Atoqli shoir va zukko adabiyotshunos Maqsud Shayxzoda mazkur musaddasni “Furqat lirikasining shoh asari, deb sanalishga loyiq”, deya ta’riflaydi. Uning fikricha, “bu musaddas haqiqiy do‘stlikning va hayot, baxt, sevgi tantanasining o‘lmas taronasidir”.

Davr adabiyotini puxta o‘rganib, ulkan tadqiqotlar yaratgan adabiyotshunos G‘ulom Karimov ushbu musaddasda Furqat dunyoqarashining muhim tomonlari aks etishi bilan birga, uning ijodiy-estetik pozitsiyasi ham ifoda qilinganini ta’kidlagan. Taniqli furqatshunos Abdurashid Abdug‘afurov bu asarni “falsafiy-so‘fiyona yo‘nalishga ega bo‘lib, Furqat lirikasining boshqa namunalaridan ajralib turadi”, deb ta’riflaydi.

Akademik Aziz Qayumov mazkur musaddasning shoir ijodida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, “bu musaddas Furqat va yana o‘sha doiradagi ikki shoir ishtirokida mushoira yo‘li bilan yozilgan she’r bo‘lsa kerak”, deb taxmin qiladi.

Ustoz adabiyotshunoslarimizning bu mashhur musaddas haqidagi fikrlari bizni izlanishga chorladi. Ayniqsa, akademik Aziz Qayumovning musaddas muallifi masalasida bildirgan fikrlari she’rning yozilish tarixini va undagi uch xarobotiyning kimlar ekanini aniqlashga bo‘lgan ishtiyoqni oshirdi.

Ma’lumki, Furqat ijodining dastlabki yillarida uning Xo‘qandi latif adabiy muhiti vakillari bilan ijodiy hamkorligi samarali bo‘lgan. Uning ko‘plab g‘azal va muxammaslari shu ijodiy hamkorlik natijasida yaratilgani shubhasiz. Bu haqda shoirning o‘zi 1891 yilda yozilgan “Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti, o‘zi yozg‘oni” nomli asarida quyidagilarni qayd etgan: “Chun yoshim soati umr shabru ro‘zida yigirma to‘rt shumorig‘a yetti. Ul vaqt Xo‘qand viloyatidagi fozil va raso tab’ kishilar birla idtihod aylab, alarning suhbatidan ko‘b bahralar topdim va asr shuarolarikim, chunonchi, mavlono Muhyi va mavlono Muqimiy va mavlono Zavqiy va mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tab’larimizdin mushoira qilur erduk va bir g‘azalda tatabbu’ ko‘rguzib, bir mazmun har nav’ ifoda erdi. Goho hamd gulshanidin gul uzub, goho na’t naxlistonidin samarchin bo‘lur erduk va ba’zi vaqt ishq tavsifi va husn ta’rifida g‘azal mashq aylab va gohi qadimiy shuarolar devonlaridan bir sho‘x g‘azalni topib, anga har qaysimiz alohida muxammas bog‘lar erduk”.

Furqatning mazkur so‘zlaridan ilhomlanib, “Uch xarobotiy” musaddasining qahramonlarini bilishga intilish bizni izlanishlarga da’vat qildi. Shunda mazkur musaddasga vazni va qofiyalanishi jihatidan yaqin bo‘lgan uch g‘azal diqqatimizni o‘ziga tortdi. Ular qo‘qonlik olimlar — zahmatkash adabiyotshunos, zukko matnshunos, murhum Ahmadjon Madaminov va A.Turdialiev tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etilgan qo‘qonlik boshqa bir mashhur shoir — Furqatning do‘sti, hamfikri, hammaslagi atoqli shoir Ubaydulloh Zavqiyning “Ajab zamona” she’rlar to‘plamidan o‘rin olgan. Bu g‘azllarni quyida keltirishni lozim topdik:

Birinchi g‘azal

Bodai vasling qachon no‘sh etibon qonamiz?
Ongacha hijronda bo‘lg‘aymu bizi mayxonamiz?
Sham’i olamso‘z husningni ko‘rub, parvonavash
Umrlardur otashi ishqing aro o‘rtonamiz.
Bir muruvvat ko‘rguzub, xurshidi olamtobdek,
Partavi husning bilan qilg‘il munavvar xonamiz.
Lutf etib gar xotiri mahzunimiz shod etmasang,
Biz ham etgan va’dai ro‘zi alastdin tonamiz.
Otma ko‘ngul shishasig‘a sangi bejo, sinmasun,
Ta’bimiz ozoda deb, Farg‘onada maxtonamiz.
“Ruh”ni g‘olib aylag‘il “shoh” ham mahalli kishtu mot,
Ishq bazmi satranj o‘ynag‘on uch donamiz.
Ko‘nglumiz aylab parishon, har tarafga tarqatib,
Necha muddatdurki, ul novaki mujgon shonamiz.
Anbarin zulfingni bog‘lab jonlara ta’viz uchun,
Yoding ila kechalar goho cho‘chub uyg‘onamiz.
Zavqiy ila Furqatiy, kulbangga do‘sting kelmasa,
Aylab istig‘no bizam mundoq yordin tonamiz.

 

Ikkinchi g‘azal

Muddatedur, bodai ishqing ichib mastonamiz,
Masti loya’qil bo‘lub, el ichra ko‘p afsonamiz.
Istama dur aylamak sham’i jamolingdin bizi,
Rahm qilkim, jonu dil qilg‘an fido parvonamiz.
Qolmadi tanning madori, javru ozoring chekib,
Jona yettuk, lutf qil, bo‘lsang agar jononamiz.
Telba ko‘rsang, ey pari, har lahza tut ma’zurkim,
Biz junun sahrosidin kelgon iki devonamiz.
Xolu abro‘ yodida bo‘lduk qarong‘u ro‘zgor,
Nur ila netgay yoruq etsang kelib koshonamiz.
O‘zgalardin sonmakim, biz oshnolig‘da hasan,
Ihtiroz etma, aroda yo‘q erur begonamiz.
Ey, malohat mulkining sultoni, etma noumid,
Qullaringning qullari xaylida o‘zni sonamiz.
Tushmasa gar arzimiz vasling qulog‘iga qabul,
To tirikmiz, Zavqiy, Furqat hajr o‘tig‘a yonamiz.

Uchinchi g‘azal

Oy jamoling sham’ig‘a har kecha o‘rtab yonamiz.
Jon nisor etmoqda go‘yokim, pari, parvonamiz.
Necha kundur, aylading bazmi visolingdin yiroq,
Ey pari, bo‘yla xayoling istayub devonamiz.
Bog‘layub ahli muhabbat, sanga bo‘lduk oshno,
Garchi bo‘lsa sarvqad jilvagahi begonamiz.
Jomi ishqingdin muhabbat bodasin ul dam ichib,
Forig‘ el tashvishidin, to ushbu dam mastonamiz.
Muncha g‘avg‘odin, raqibi ro‘siyah, nedur murod?
Tab’i nozukdur, ko‘tarmas fitnani jononamiz.
Xohi rad qilg‘il bizi, xohi qabul et, shahriyor,
Dast “alif-lom” xizmatingda turguvchi mardonamiz.
Oy jamolingdin ko‘tar yetti hijob, to‘qqiz niqob,
Chun harimi vaslinga mahram bo‘lolmay yonamiz.
Qolmadi toqat tag‘ofuldin, nigoro, ham chu tifl,
Va’dai halvoga tokay talpinib aldonamiz.
Askarini Nisbatiy, kam Zavqiyu Furqat dedi,
Biz ham istig‘no etib mundog‘ javondin tonamiz.

Birinchi g‘azal adabiyot ahliga ustoz adabiyotshunos, marhum G‘ulom Karimovning oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun yozilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligi orqali ma’lum edi. To‘g‘ri, G‘ulom Karimov asli 9 baytli bu g‘azalning 6 baytini keltirgan, xolos. Adabiyotshunos nima sababdan bunday qilgani bizga ma’lum emas. G‘azalning 2-, 3-, 4-baytlari tushirib qoldirilgan. Natijada u olti baytli g‘azal sifatida o‘quvchilar diqqatiga havola qilingan. G‘ulom Karimov yozishicha, “Mazmunan xarakterli bo‘lgan bu g‘azal o‘zining umumiy ruhi va uslubi bilan Furqatning mashhur “Uch xarobotiy” musaddas-tarji’bandini eslatadi. Bu g‘azalda ham “Uch xarobotiy” musaddas-tarji’banddagi kabi samimiy muhabbatga ega bo‘lgan, lekin yorning bevafoligidan alam va iztirob chekkan “uch oshiq” haqida fikr yuritiladi. Bu g‘azalda ham istig‘no bilan o‘z yoridan kechib, falsafiy mulohazalar olamiga otilgan “nozik tabiatli” oshiqlar obrazi gavdalanib turadi. G‘azal g‘oyaviy yo‘nalishi jihatidan “Uch xarobotiy” musaddasidagi mazmunni davom ettirishi bilan birga, qofiya, vazn va badiiy obrazlar sistemasida ham unga o‘xshab ketadi”.

Ikkinchi g‘azal ham adabiyot ahllariga ma’lum. Uning matnini dastlab taniqli adabiyotshunos, marhum Abdurashid Abdug‘afurov o‘zining “Zokirjon Furqat” risolasida keltirgan. Mazkur nashrda ushbu g‘azal to‘qqiz baytli bo‘lib, quyidagi bayt unda yettinchi bo‘lib kelgan:

Ayladuk taklifi vayrona, Sulaymon deb sani,
Garchi mo‘ri lang yanglig‘ qodiri bir donamiz.

“Ajab zamona” kitobida mazkur g‘azalning sakkiz baytli bo‘lib kelgani noshirlarning boshqa qo‘lyozma bayozga asoslanganlaridan bo‘lsa kerak. Abdurashid Abdug‘afurov mazkur g‘azalni “shu vazn va qofiyalarda hamda yetakchi ruh jihatidan musaddasga hamohang”, deya ta’riflaydi. Muallif g‘azalni Furqat qalamiga mansub deb hisoblaydi va yuqorida keltirilgan birinchi g‘azalni “Zavqiy ham bu mavzuda qalam tebratib, Furqat g‘azaliga har jihatdan monand nazira yaratadi, u ham lutf bilan Furqat taxallusini o‘z g‘azalida keltiradi. Ammo Furqat g‘azalidan farqli o‘laroq, Zavqiy nazirasi uch shaxs nomidan yozilganki, bu uni yuqorida so‘z yuritilgan musaddas (“Uch xarobotiy” — R.T.)ga yanada yaqinlashtiradi”.

Ikkinchi va uchinchi g‘azallar 1990 yilda A.Madaminov tomonidan e’lon qilingan edi. Biroq ular Furqat ijodi namunalari sifatida kitobxonlarga taqdim etilgan.

Bizningcha, ushbu birinchi va ikkinchi g‘azallarni Furqat va Zavqiyning, uchinchi g‘azalni esa Nisbatiy, Zavqiy va Furqatning ijodiy hamkorligida yaratilgan desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ularning shu tariqa yaratilgani g‘azallar maqta’larida yaqqol aks etib turibdi.

Mazkur g‘azallar akademik Aziz Qayumovning “Uch xarobotiy” musaddasi muallifi masalasidagi taxminlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Nisbatiy, Zavqiy va Furqat dastlab mazkur g‘azallarni bitganlar, so‘ngra shu g‘azallar vazni va qofiyasi bilan bog‘lanuvchi mazkur musaddasni yaratganlar. Musaddasda har uch shoirning 1883 — 1886 yillardagi kayfiyatlari, hayotga qarashlari o‘z aksini topgan. O‘sha paytlarda, Furqat hali Qo‘qonda yashab yurganida bu shoirlar ma’nan juda yaqin bo‘lganlari ayni haqiqat.

Ana endi asl maqsadimizga keldik. “Uch xarobotiy” musaddasi Nisbatiy, Zavqiy va Furqatning ijodiy hamkorligi mevasi o‘laroq dunyoga kelgan, deyish mumkin. She’rning lirik qahramonlari — “uch xarobotiy”, “uch alamkash”, “uch qalandar”, “uch birodar”, “uch musofir”, “uch adoyi”, “uch navoyi”, “uch g‘aribiy”, “uch vafoyi”, “uch balokash”, “uch mukaddar” esa, bizningcha, hamshahar, hamfikr, hammaslik shoirlar Nisbatiy, Zavqiy va Furqatdirlar.

Rustamjon Tojiboyev,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 21-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.