OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanobar To‘laganova. Tanqid emas, tahlil etmoq zarurati (2013)

Adabiyotshunoslik va adabiy tanqidning bugungi holati, darajasini tahlil etish, imkon doirasida baholash, umumtasavvurni oydinlashtirish uchun 2012 yil nashrlari “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnali va “O‘zAS”ga murojaat etdik. Tanqidchilik adabiy jarayondan orqada qolib ketgan yoki mudrash pallasida, degan ta’nalar o‘rinlimi? O‘rinli bo‘lsa, sabablari qaerda? Tanqidchilikda ustuvor ko‘rinish olgan tamoyillar qaysi? Umuman, adabiy jarayonda bu sohaning o‘rni qanday? – degan qator savollarga yuqorida qayd etgan nashrlardan javob izladik. Mazkur nashr­larda e’lon qilingan yuz ellikdan ortiq maqolalarni mazmun va mavzusiga ko‘ra quyidagicha tasnif etdik:

1.Tanqidiy-tahliliy maqolalar.

2. Obzor xarakterdagi materiallar.

3. Adabiy suhbatlar.

Hisobotning bosh talablaridan biri adabiy tanqidning yillik mundarijasi haqida umumtasavvur hosil qilishdir. Diqqatimizni, avvalo, bevosita, adabiyotshunoslikning qaysidir nazariy masalalariga daxldor chiqishlar tortdi. Adabiyot nazariyasi bilan bog‘liq muammolarning ko‘tarilishi, adabiyotni davrlashtirishga intilish, tanqid mezonlarini ishlab chiqish bugungi kun adabiyot ilmining dolzarb masalalaridan hisoblanadi. N.Karimovning “Adabiy tanqidning mashaqqatli yo‘li” nomli maqolasi “O‘zbek adabiy tanqidi tarixi” kitobining yutuqlari va kamchiliklari, undagi chalkashliklar, qiyomiga yetmagan fikrlar asosli dalillar bilan ko‘rsatilishi diqqatga molik. N.Rahimjonovning Rauf Parfining dunyoni anglash tarzi haqida so‘z borgan “So‘z – ranglar bilan suhbat” maqolasi adabiyotshunoslikdagi ijodkor shaxsi muammosi bilan bog‘liq fikrlar va shoirning e’lon qilinmagan qo‘lyozmalaridan iste’foda etganligi bilan qimmatli. “Sharq yulduzi” jurnalida Tal’at Solihovning ma’ruzalari asosida tayyorlangan “Qobiqni yorib chiqish saodati” maqolasida olimning adabiyot va san’at bilan aloqador ilmiy, estetik qarashlari, nazariy umumlashmalari, bevosita o‘zbek adabiyotshunosligiga bog‘liq kuzatishlari, uning “badiiy tanqid emas, balki tahlil bo‘lishi kerakligi, adabiyot ilmi yozuvchining xatolari yoki uni tanqid qilish uchun emas, balki asarni tushunishga, talqin qilishga intilmog‘i lozim”, degan fikrlari tadqiqotchilarni ilmiy mushohadaga, tahlilga chorlashi, adabiyotshunoslikning nazariy manzillariga yo‘llashi bilan qimmatli. Xususan, ”yoshlar ijodida davr muammolari, ijtimoiy kayfiyatning badiiy ifodasi hali yarq etib ko‘zga tashlangani yo‘q”ligi, “sub’ektivlashgan”ligi ta’kidlangan B.Fazliddinning “Katta adabiyot ostonasida yoxud yosh shoirlar haqida ayrim mulohazalar”, U.Hamdamning ”She’r – borliq va yo‘qlik orasi” maqolalarida mualliflar adabiy jarayonga, yoshlar she’riyatiga baho berishga urinadilar. Yoshlar she’riyatini o‘rganib, unga munosabatini bildirish adabiyotshunos-tadqiqotchilar uchun dolzarb mavzuligicha qolmoqda. L.Sharipovaning “Gumbazlarga yetar tufroqning bo‘yi”, M.Yo‘ldoshevaning “Meni yasha, olam”, R.Mullaxo‘jaevaning “Yangilangan so‘z”, Q. Yo‘lchievning “Ignabarg she’r va tinish belgilari”, B.Fazliddinning “Hassos ruhning tiniq ovozi” maqolalarida mualliflar tahlil vositasida so‘zning poetik qatlamlarini ochishga, badiiy mahorat muammosini o‘rganishga harakat qilishgan.

O‘zbek nasri taraqqiyotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni, chop etilgan asarlarni badiiylik mezonlari asosida o‘rganish, davrning yetakchi tamoyillarini oydinlashtirishga xizmat qiladi. Q.Yo‘ldoshev, M.Yo‘ldoshevalarning “Ro‘yo”dagi arosat” maqolasida A.A’zamning yangi romani qatlamlariga chuqurroq nazar tashlash, tagma’nolarni ilg‘ash, mohiyatga sirtdan emas, ichdan borishga intilish ruhi ustuvor. Ular yozuvchining insonni turli rakurslardan kuzatishi, hayot haqiqatiga sodiqligini ta’kidlab, asarni to‘lig‘icha ijtimoiy badiiyat namunasi deb xulosalaydi. Bir ijodkor ifoda uslubini o‘rganib, uning ayricha sifatlariga baho berish, u yaratgan obrazlar tizimini o‘rganib, asar poetikasi xususiyatlarini ochib berish maqsadi yo‘lida yozilganlar sirasiga Sh.Rizaevning “Parizod”ga aylangan “Farishta”, D.Quronovning “Zavqimdan bir shingil” maqolalarini sanash mumkin. Tadqiqotchi M.Sheralieva “Nasrda lirizm va kinoya (E.A’zam asarlari misolida)” maqolasida yozuvchi dunyoqarashidagi an’anaviy tafakkurdan chetlashish, dastlabki asarlarida yetakchilik qilgan lirizm asta-sekin kinoyaga aylanganligini, qahramonlarning qayta ijtimoiylashganligini va adibning ijtimoiy-estetik pozitsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar jarayonini tadqiq etadi. Ko‘p holatlarda badiiy asarning ijtimoiy-falsafiy jihatlariga urg‘u berish, asarda ko‘tarilgan global muammolar atrofida mulohaza yuritish, tahlilda asarning ijtimoiy va g‘oyaviy ahamiyati masalasiga ko‘proq e’tibor qaratib, asar badiiyati ikkilamchi o‘ringa tushib qolish holatlari ham ko‘zga tashlanmoqda. R.Qo‘chqorning “Darbadarlikning bedor talqini” maqolasini ham shu qatorga kiritish mumkin. Kitob nashrlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar chalkashliklarni yuzaga kelishiga zamin bo‘lib, o‘quvchini chalg‘itadi, umumsaviyaga aks ta’sir o‘tkazadi. Oxunjon Safarovning “Qosh qo‘yyaman deb... yoxud nojo‘ya tahrirlar oqibati xususida”, A.Saidning “Biz tayyorlagan “Saylanma” boshqa”, H.Umurovning “Adabiyot – hayot darsligi” maqolalari bugungi kundagi og‘riqli muammolar haqida. E’lon qilinayotgan bir qator maqolalarda yangi chiqqan asarni tahlil qilish uchun dunyo adabiyotidan unga mos analog qidirish an’ana tusini olgan. Tadqiqotchi Z.Rahmonovaning maqolasi P.Koelo va I.Sultonning romanlari qiyosiga bag‘ishlanib, yozuvchilarning asar yaratishdagi o‘xshashlik sabablari qidiriladi, fikrini o‘zi qo‘ygan savollarga javobsiz, xulosasiz tugatadi. Shu o‘rinda, Yelena Belyakovaning “Sharbatga to‘la meva yoki bemaza yogurt” maqolasi muhim ahamiyatga ega. Uning Koelo asarlari ”badiiy adabiyotga aslo aloqador emas, mushohadalari kimlarningdir fikridan olingan iqtibosga o‘xshaydi” degan qarashlari gohida bilib-bilmay qiyoslab, yozuvchining asarlarini ko‘tar-ko‘tar qilayotganlarga saboq bo‘lishi mumkin. X.Do‘stmuhammadning “Jon Milton va Abdulla Qodiriy: “Areopagitika”dan “Diyori bakr”ga qadar” maqolasida har ikki yozuvchining “ijodkor ziyoli inson” nomi ostida, yurt va jamiyat dardida kesishadigan qirralariga e’tibor qaratilgan.

Obzor xarakteridagi maqolalar guruhiga taqriz, mulohaza va ijodkorlarning tavallud kuni munosabati bilan yozilgan namunalarni jamladik. A.Rasulovning “Shovqinot bandilari” nomli maqolasi E.A’zamning “Shovqin” romaniga taqriz asnosida talqin va tahlil etishi bilan xarakterli. Maqolaning xiyla qismida roman voqealariga to‘xtalinsa-da, munaqqid asarning tub mohiyatini zukkolik bilan anglay bilgan. Bu o‘rinda yana-da asosli, ilmiy xulosalarga keluvchi fikrlar aytish ehtiyoji seziladi. Bunga muhtaram olim A.Rasulovda ham, romanda ham imkon yetarlicha edi... U.Normatov “Novella bag‘ridagi tug‘yon” maqolasida A.Yo‘ldoshevning “Puankare” novellasini inson ruhiyatiga o‘zgacha tarzda nigoh tashlashga undab, o‘zbek nasrida voqea bo‘la oladigan asar, deb ta’riflaydi. Ustozlarimiz U.Normatov, A.Rasulovning faolligi, yangi nashr etilgan asarlarga hozirjavobligi, jonkuyarligi ibratga loyiq. Ayni paytda, faollik va tezkorlik muhtaram ustoz U.Normatov “yuqorida aytilganlar asarning izchil tahlili emas, ilk mutolaa chog‘ida tug‘ilgan hayajon, o‘y-mushohadalar izhori, xolos”, deb ta’kidlaganidek, ehtiros, hayajon ilmiy mushohadaga asosli zamin bo‘la olmaydi.

Bahs, munozara, talqinu tahlillarning ko‘pligi adabiyotshunoslikning rivojiga xizmat qilishi aniq. Gohida birgina muallifning ketma-ket yozgan taqriziga ko‘zingiz tushishi mumkin. Shoira H.Ahmedovaning quyidagi so‘zlari juda o‘rinli: “Adabiyot maydoniga sof tuyg‘ulariyu orzulari bilan kirgan, kirayotgan ijodkorlarning bitta kitobi chiqar-chiqmas uch-to‘rt betlab maqtovnoma taqrizlarning chiqayotgani qaysidir ma’noda ularning ijodiga “suiqasd” deb bilaman. Adabiy tanqidchilar ko‘zini kattaroq ochishsa, yaxshi bo‘lardi. Nazarimda, o‘quvchilar ham, ijodkorlar ham, olovli, toza bahslarni, haqiqatdan suv ichgan taqrizlarni juda sog‘ingan...”

Bugungi kun adabiy tanqidchiligining asosiy muammolari adabiy suhbatlarda o‘rtaga tashlanib, gap mazmun ma’nosi bilan adabiy jarayonga, adabiy tanqidga borib ulanadi. Suhbatlarning deyarli barchasida adabiy jarayondagi modern, postmodern usulda yaratilayotgan asarlardan qoniqmayotgani, bunday asarlarning o‘quvchilarga “yuqmayotgani”dan, kuyinish hissi ustuvor. Bunday asarlarni yaratish ehtiyojga aylandimi, taqlid va ta’sirning farqiga bora olayapmizmi? Shu kabi savollar suhbatlarning barchasida ko‘ndalang bo‘lgan. Munosabat, izoh turlicha. “Afsuski, modern tamoyilida bitilgan asarlarda tabiiylikdan ko‘ra, atayinlik, ilhomga qaraganda taqlidchilik sezilib, o‘z zaminidan uzilib” qolish xavfi aytilsa, (I.Haqqul.“Kimki beishq ilmi donish istagay...”) N.Normatov va A.Ulug‘ov “Biz izlayotgan hikmatlar” suhbatida bu qoniqmaslik hissi e’tiroz ohangi bilan almashib, bu usulda yaratilayotgan asarlar “yuqumsiz”, mavhum, “tushunarsiz” ekanligi, Boltiqbo‘yi, Lotin Amerikasi adabiyotidagi an’analarni joriy qilish bizga to‘g‘ri kelmasligi aytiladi. Nima uchundir o‘zbek kitobxoni modern tipdagi asarlarni qabul qilishi bir oz og‘irroq kechmoqda. Ularning yozilish jarayoni his qilinganmi, pishib yetilganmi, shunga ehtiyoj bormi? Ifodada, tasvirda yangi yo‘l qidirish yaxshi, ammo bu milliy zamin negizida bo‘lmog‘i zarur. Bu asr boshidagi Cho‘lponning yangi yo‘l qidirishiga o‘xshaydimi? Bizningcha, yo‘q. Cho‘lponning og‘rigan millat dardiga em qidirishi, istakning isyonga aylanishi, bu yo‘lda jasorat ko‘rsatishi bugungi kun ijodkoriga ibrat bo‘lmog‘i lozim. Bugungi kun yozuvchilarimizga aynan shunday jasorat yetmayotganday...

 Adabiyotda estetik ideal, uni yaratish muammosi U.Normatov va H.Boltaboev “Bugungi adabiyotda estetik ideal va qahramon muammosi” suhbatida bugungi o‘zbek nas­ridan, saviyasidan U.Normatov fikrlarida ko‘tarinkilik, qoniqish hissi sezilsa, H.Boltaboev qarashlarida bir qadar sergaklik, ehtirosga berilmay aniq mushohada qilishga intilish ko‘proqday. “Qalamdan boshqa qurolim yo‘q” suhbatida E.A’zam “yangicha uslublarni anglamaydigan bir nodon bo‘lsang, men nima qilay?!” degan iddaolardan og‘rinsa, A.A’zam (S.O‘nar bilan suhbatda) “Adabiy tanqidchiligimizda mezon bo‘ladigan fikrlar, yetakchi tanqidchilarimiz yo‘q. Adabiy-tanqidiy tafakkur beega qolgandek, uning ta’sir kuchi yo‘qolib, o‘zi tanazzulga yuz tutdi” deb kuyinadi. Bu qarashlar Q.Yo‘ldoshevning “O‘zbek sinchiligi o‘zbek adabiyotining oldida bora olmayapti, hatto, yonma-yon ham keta olmayati, ortidan borayotir, yetib olay deb ham yugurayotgani yo‘q. Yo‘naltirish, rag‘bat yo‘q darajada”, degan mulohazalari yuqoridagilarni to‘ldiradi. Yuqoridagi suhbatlardan o‘zining yo‘nalishi, mazmuni bilan ajralib turadigan U.Hamdam va R.Rahmatning “Ijodiy erkinlikning totli mevalari suhbatida bevosta o‘zbek nasridagi “yangilanish” haqida so‘z yuritilib, R.Rahmat adabiy tanqidchilik tor doirada fikrlashi, jahoniy mutolaaning ko‘ngildagidek emasligi, balki shu jihat yangi tipdagi asarlar mohiyatni anglashga to‘siq bo‘layotganini qayd etsa, U.Hamdam “yangi adabiyotning milliy zaminda ildiz otganligi, bu adabiyot Yevropa modern adabiyotidan ko‘chirilgan nusxa yoki unga taqlid emas, boshqacharoq shakl va mazmunga ega o‘z adabiyotimizdir”, deb yozadi. Suhbatni umumiy maxrajga keltirsak, keyingi davr nasrida ifodayu usullari bilan yangilangan o‘zbek adabiyoti dunyoga kelganligi e’tirof etiladi.

Hisobot yuzasidan umumiy xulosalarimiz quyidagilardan iborat:

– adabiy tanqidchilik, darajasi qanday bo‘lishdan qat’i nazar, ma’lum ma’noda o‘zining borligini ko‘rsatmoqda, ammo surat siyratga, saviyaga ko‘rsatkich bo‘la olmaydi;

– jahon adabiyotshunosligining tajribalariga tayangan, ayni paytda, o‘zligini namoyon etuvchi milliy adabiyotshunoslik va adabiy tanqid maktabini yaratish, chinakam adabiy tanqidchilikka ega bo‘lish vazifasi hali-hanuz kun tartibida turganligi sezilmoqda;

– maqolalarda qayta bayon qilish ruhi ustuvor bo‘lib, shaxsiy mulohoza badiiy qonuniyatni ko‘rsatuvchi ilmiy-nazariy xulosalarga aylangandagina, o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga xizmat qiladi;

– badiiy matnni tahlil va talqin qilish adabiyotshunoslik ilmining muhim talab­laridan biri bo‘lib qolmoqda;

 – o‘zbek adabiyotshunosligi va adabiy tanqidini adabiyot nazariyasi negizida ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish va uning tizimga solinishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bildirilayotgan fikrlar ilmiy mezonlar asosida aytilmog‘i, bu esa mudrab turgan adabiy tanqidning uyg‘onishiga turtki bo‘lmog‘i zarur.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.