Favqulodda vaziyatda yordamga chaqirilgan 050 xizmati nega kelmadi?
Shahar aholisi 050 xizmati, ya’ni favqulodda yordam ko‘rsatish bo‘limi haqida to‘liq ma’lumotga ega. Bo‘lim xodimlari ko‘p qavatli bino liftida biror kishining qolib ketishi, xonadonlarga yosh bolalarning qamalib qolishi va boshqa favqulodda vaziyatlarda insonlar hayotini saqlab qolishga mas’uldirlar. Ochig‘i, ko‘p-da ishim tushmagani bois 050 xizmati haqida yaxshi bilmas ekanman. Yaqinda kutilmagan bir hodisa sabab bo‘lib, favqulodda vaziyatlarda eng avval yordam qo‘lini cho‘zishi zarur bo‘lgan xizmat to‘g‘risida ko‘p narsa bilib oldim...
Talaba bo‘lsam-da, qulay bo‘lgani uchun ijarada yashayman. Uydagilarim tez-tez kelib turishadi. Oxirgi marta kelishganida yosh jiyanimni ham tashlab ketishdi. O‘qishim tugagan. Amaliyot o‘tayapman. Har doimgidek, ertalab uydan chiqib ketdim. Berilgan topshiriqlarni bajarib kunni kech qildim. Uyga kelib eshik qo‘ng‘irog‘ini bosaman-u, qani endi jiyanim ochsa. Kalitni tiqib ko‘rsam, ichkaridan qulflangan. Shu paytda xayolimdan nimalar o‘tmadi, deysiz. Gaz plitasini trubadan o‘chirmasa bo‘lmasligini ogohlantirish yodimdan ko‘tarilibdi. Uxlab qolgandir deya yana o‘zimga o‘zim dalda beraman. Ammo har qanday uyqusi qattiq odam bu baqir-chaqirlarimdan, temir eshikning zarbidan tinimsiz jiringlayotgan eshik qo‘ng‘irog‘idan uyg‘ongan bo‘lardi. Temir eshik zarbidan yugurib chiqqan qo‘shnilarim vaziyatni bilgach, 050 ga qo‘ng‘iroq qilishimni maslahat berishdi. 050 bo‘limi xodimlari tezda yetib kelib yordam berishga va’da berishdi. Ikki soat mobaynida qo‘shnilaru men “baraka topishsin” deb duo qilish bilan mashg‘ul bo‘ldik. Kelaverishmagach, qayta qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ko‘targan xodim 050 xizmatidan foydalanish uchun doimiy ro‘yxatda bo‘lishim va uy o‘zimning nomimda bo‘lishi kerakligini uqtirdi. Ichkarida gaz yoqig‘liq qolgani va yosh bola borligini yana bir bor tushuntirdim. Shunga qaramay, 050 xizmati xodimi uzr so‘rab go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Faraz qiling, bemor jon talvasasida yotsa-yu, shifokor doimiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ukol qilaman deb tursa. Uy yonib tamom bo‘lish arafasida, ichidagi oila otash azobida qolsa-yu, o‘t o‘chiruvchi esa uy egalari doimiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, olovni o‘chiramiz desa. Biror xonadonda qotillik yuz bersa-yu, militsiya xodimlari jabrlanuvchidan doimiy ro‘yxatdan o‘tganligini so‘rasa. Bu mantiqqa ham, Asosiy qonunimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Konstitutsiyamizning biror joyida inson hayotini saqlab qolishda uning millati, ijtimoiy kelib chiqishi va doimiy ro‘yxatda turganligi e’tiborga olinsin, degan modda uchramaydi. Bilmadim, balki Chilonzor tuman 050 xizmati boshqa bir nizom asosida faoliyat yuritar...
Jiyanimni qutqarish uchun uzun narvon yasab, uchinchi qavatga chiqdim. Haqiqatan ham, gaz chiqib turganligi uchun qattiq uxlab qolgan ekan...
Sarvar XURRAMOV
"Hurriyat" gazetasidan olindi.