OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Davron. Sog‘liqni saqlash: bugun va ertaga (2006)

Kishilar uchrashganlarida, eng avvalo, «assalomu alaykum» — «vaalaykum assalom» tarzida murojaat qilishib, bir-birlariga sihat-salomatlik tilashadi. Sihat-salomat bo‘lgan kishigagina hayot, yashash huzur bag‘ishlashi, uni yaratishga, dunyoning sir-sinoatlarini ochishga ilhomlantirishi mumkin. Tanining biror a’zosida og‘riq bor kishi dunyoga og‘riqli ko‘z bilan qaraydi va bu uning dunyo haqidagi taassurotida og‘riqli izlar qoldiradi; dunyoni to‘g‘ri anglashga halaqit beradi.

 
Insonning sog‘ligi masalasi sof shaxsiy masala emas, u ming yillardan buyon ijtimoiy, davlat ahamiyatiga molik masaladir; o‘z fuqarolarining sog‘ligiga befarq bo‘lgan birorta ham to‘laqonli mamlakat bo‘lmagan. Fuqarolarining salomatligiga befarq qarash, bu — mamlakatning buguni va kelajagiga befarq bo‘lishdir.

Fuqarolarning sog‘lig‘iga e’tibor bilan qaralgani, hali sog‘liqni saqlash bo‘yicha ishlar mukammal tashkil etilganini anglatmaydi.

 
1. Sifatli tibbiy xizmat istab...
 
Zarina Xisamova «Xitoylikdan uzoq yashash mumkinmi?» («Kak perejit kitaytsa?», «Ekspert» (www.­expert.ru), 2005 ?10) deb nom­langan maqolasida Rossiyaning sog‘liqni saqlash sohasi muammolari haqida so‘z yuritadi.
Umuman, har qanday maqolani tahlil etganda ikki narsaga e’tibor bermoq kerak. Ulardan biri, muallifning qanday ishonchga tayanishi bo‘lsa, ikkinchisi fikr yuritishda izchil­ligi masalasidir. 
Xisamova yozadi: «Rossiyaning har bir fuqarosi har qanday ka­sallikka chalinganida ham tekin va sifatli tibbiy yordam olishga haqli, – Konstitutsiyamizda shunday yozilgan. Meditsinamiz esa tekin emasligini va doim ham sifatli bo‘lmayotganini hayot ko‘rsatib tu­ribdi». Maqolada, bundan boshqa, ishonch sifatida olish mumkin bo‘lgan fikr uchramaydi. Demak, Xisamova, Rossiya konstitutsiyasiga tayanib, Rossiya sog‘liqni saqlash sistemasining funktsiyasi kasal bo‘lgan har bir fuqaroni tekin va sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashdan iborat, deb xulosa chiqaradi.
Nafsilamrni aytganda, Xisamova «tekin» so‘zi to‘g‘ri ishla­tilmaganiga asosiy e’tiborni qaratadi va uning butun e’tirozi ham, taklifi ham shu asosda qurilgan. Davlat byudjetining shakllanishiga e’tibor beradigan bo‘lsak, «tekin» degani juda ham tekinlikni ang­latmaslikni tushunish qiyin emas. Bu borada, shubhasiz, Xisamova haq. Lekin sog‘liqni saqlashdagi barcha muammolarni,  pul bilan ta’minlash tartibini o‘zgartirib, hal qilsa bo‘ladi degan fikr - Xi­samova mushohadasining eng zaif joyidir.
Shunday qilib, mamlakat sog‘liqni saqlash sistemasining funktsiyasidan «tekin» degan so‘zni olib tashlasak, har qanday kasal­likka chalingan fuqaroga sifatli tibbiy yordam berishni ta’min­lashdan iborat qismi qoladi. Ayni shu funktsiyani bajarishga qodir sog‘liqni saqlash sistemasini shakllantirish haqidagi Xisamova taklifini tahlil qilib ko‘ramiz.
Xisamova Amerikada tibbiy xizmat ko‘rsatish narxi, davlat nazorat qilolmaydigan darajada oshib ketayotgani, barcha polikli­nika va shifoxonalar xususiy ekanligi hamda tushum faqat sug‘urta kompaniyalari orqali bo‘layotgani, boz ustiga sug‘urta kompaniyalari va tibbiy xizmat ko‘rsatish korxonlari orasida nizolar ko‘pligi, ni­zolar hal etilishiga har ikkala tomondan ko‘plab advokatlar jalb etilishida deb hisoblaydi. U, ayrim ijtimoiy guruh kishilari sog‘ligi AQSh hukumati tomonidan sug‘urtalanishiga qaramasdan, ayni paytda, mamlakatda 40 milliondan ortiq kishining sog‘ligi sug‘urtalanmaganligiga tibbiy xizmat narxining keskin oshib keti­shini sabab qilib ko‘rsatadi.
Nizolar ko‘pligiga sabab tegishli qonunlarning turlicha tu­shunilishidadir.  Aslida, har qanday qonun bir xil tushuniladigan darajada aniq qilib yozilmog‘i kerak. AQSH qonunlariga bu tarzda tartib berilishi, balki mamlakatdagi katta advokatlar armiyasini ishsiz qoldirmaslik uchun ataylab qilingan harakat natijasi bo‘lishi mumkin.
Xisamovaning yozishiga qaraganda Yevropada tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoman boshqacha tashkil etilgan. Soliq va fuqarolarning majbu­riy to‘lovlari bo‘yicha tibbiy xizmat xarajatlari uchun mablag‘ yig‘iladi. Tibbiy xizmatni esa davlatniki bo‘lgan poliklinika va shifoxonalar ko‘rsatadi. Yevropa mamlakatlarida ham ushbu soha bo‘yicha muammolar kam emas: asosiy muammo to‘plangan pulning keragidan juda kamligi ekan.
Xisamova sog‘liqni saqlash sohasidagi muammoni pul bilan ta’minlashning ikki usuli asosida hal qilish mum­kin deb hisoblaydi. U quyidagicha taklif qiladi: davlat tibbiy mu­assasalari bilan birgalikda xususiy tibbiy muassasalarni tashkil etish; davlat tibbiy muassasalari byudjetdan keladigan tushumlar va majburiy to‘lovlar hisobidan oldindan belgilangan (ro‘yxatdagi) ka­salliklar   bo‘yicha hammaga va alohida ijtimoiy guruh kishilariga (kam ta’minlanganlar va hakozo), xususiy tibbiy muassasalar esa ixtiyoriy tibbiy sug‘urta asosida boshqa kasalliklarga duchor bo‘lganlarga xizmat ko‘rsatsin.
Ushbu tashkil etishda bitta mantiqiy xato bor: kam ta’min­langanlardan biri ro‘yxatda ko‘rsatilmagan biror kasallikka duchor bo‘lsa, uni kim davolaydi? Xususiy tibbiy muassasa uni davola­maydi, chunki u sog‘ligini sug‘urta qilmagan. Davlat tibbiy muassa­sasi unga xizmat ko‘rsatolmaydi, chunki muassasa ushbu kasallik bo‘yicha mutaxassislashmagan.
Xisamova taklifida faqat biz ko‘rsatgan bitta mantiqiy xato bo‘lganda uni tuzatish uncha qiyin bo‘lmagan bo‘lur edi. Asosiy kamchi­lik kishining kasal bo‘lganini anglagandan to tuzalishigacha bo‘lgan jarayon tasavvur etilmaganligidadir.
 
* * *
 
1993 yilning kuz oylari edi. Bir hamkasbim ikkalamiz atle­tizm bilan shug‘ullanadigan bo‘ldik. Ustozimiz kitob edi. «Us­toz»ning qaysidir aytganiga amal qilolmadim, shekilli, ikki oylar shug‘ullangach, yurganda chap oyog‘imda qattiq og‘riq paydo bo‘ladigan bo‘ldi. Og‘riqning zo‘ridan ko‘z oldim qorong‘ulashib ketardi. O‘n qadam yurar-yurmas og‘riqdan dodlab yubormaslik uchun to‘xtashga majbur bo‘lar edim. Ozgina mubolag‘a bilan aytganda, uchramagan do‘xtirim, ol­magan davom qolmadi. Har bir davodan keyin og‘riq kuchaysa kuchayar­diki, pasaymasdi. Oradan bir yil ham o‘tib ketdi. Mening dardimga malham topadigan do‘xtirdan esa darak yo‘q edi. Tangri qancha umr bergan bo‘lsa, qolganini og‘riq bilan o‘tkazishdan o‘zga ilojim qolmadi degan xulosaga keldim. Va boshqa davo istab yugurmaslikka ahd qildim.
 Do‘stlarimdan biri chet ellik neyroxirurg kasallarni qarab, konsultatsiya berayotgani haqidagi xabarni topib keldi va meni borishga da’vat qildi. Mening esa borishga rayim yo‘q edi: oddiy og‘riqning sababini topolmagan do‘xtirlardan tamoman ko‘nglim qolgan edi. Do‘stimning qistovi bilan, oyoqdagi og‘riq masalasida, oxirgi marta do‘xtirga murojaat qilishga rozilik bildirdim.
Mo‘’jiza ro‘y berdi. Do‘xtir mening arz-dodimni eshitgach, uchta mashq ko‘rsatdi; mening har uchala mashqni bajarishni o‘rganib olga­nimga ishonch hosil qilgach, shularni takrorlab turasiz,  deb xayr­lashdi. Yettinchi kun mashqlarni bajarayotib, o‘zi nima qilyapman, deb o‘ylanib qoldim. Chunki oyog‘im og‘rishi butkul esimdan chiqib ketgan edi-da.
Men bir tasodif tufayli nogironlikdan qutilib qoldim. Ar­zimagan kasalliklar tufayli nogiron bo‘lib qolganlar kam emas. Agar har bir betob bo‘lgan kishi sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lganida, nogironlar bo‘lmas yoki ular juda kam bo‘lgan bo‘lardi.
 
* * *
 
Xo‘sh, har bir kasallikka chalingan kishi sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun mamlakatda nimalar bo‘lishi, qanday xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi ke­rak?
 Birinchidan, inson xastaliklarining tasniflangan ro‘yxati bo‘lishi kerak. Ushbu ro‘yxat bilan tanishib, ko‘p uchraydigan xastaliklar qaysi, kam uchraydigan xastaliklar-chi; qaysi xastalik dastlab qachon kuzatilgan, yaqinda, birinchi marta, kuzatilgan xastaliklar qaysilar, qaysi xastaliklarning kelib chiqish sabablari ma’lum-u, qaysilariniki noma’lum, qaysi xastaliklarning davosi ma’lum-u, qaysilariniki hanuzgacha topilmagan kabi savollarga javob topishning imkoni bo‘lsin. Hanuzgacha davosi topilmagan har bir kasallikning kelib chiqish sabablarini aniqlash va davosini topish bo‘yicha qaysi mamlakatlarda, qaysi klinikada tadqiqot ishlari olib borilayotgani haqidagi ma’lumotlar ham o‘ta muhim.
Ikkinchidan,  katta-kichik tashxis markazlari bo‘lishi kerak. Uchinchidan,  ro‘yxatdagi, davosi bor xastalik bilan og‘rigan bemorlarni davolavchi do‘xtirlar yetarli darajada bo‘lishi kerak. To‘rtinchidan, sog‘liqni saqlashning zamona­viy axborot sistemasi yaratilishi kerak. Toki, o‘zini noxush his et­gan kishi uchun qaysi tashxis markaziga borishi kerakligi birinchi uchragan tibbiyot muassasasidayoq aniq bo‘lsin, tashxis markazi esa qaysi shifoxona uni batamom dardidan forig‘ qila olishini aniqlab bersin. Yillab, aqalli, dardi nimadan iboratligini aniqlolmay, sarson bo‘lib yurgan kishilar kam emas. Beshinchidan, eng muhimi, mablag‘ bilan ta’minlashning effektiv sistemasi yarati­lishi kerak.
Davolanuvchi uchun do‘xtirning olimligi — professor yoki aka­demikligi mutlaqo ahamiyatga ega emas. Uni bir narsa qiziqtiradi: do‘xtir uni davolay oladimi?
Zarina Xisamova sog‘liqni saqlashning barcha muammolarini mablag‘ bilan ta’minlashni mukammallashtirish yo‘li bilan hal qilish mumkin deb hisoblagani sababli do‘xtirni tayyorlash haqida fikr yuritmagan. Aslida, na do‘xtirni tayyorlash texnologiyasini, na do‘xtir bilimiga, mushohadasiga qo‘yiladigan talablarni hal qilingan masalalar sirasiga kiritib bo‘lmaydi. Bu masalalarga turlicha qarashlar mavjud bo‘lganidan ham Farbda, ham Sharqda turli tabobat maktablari shakllandi, dunyoga keldi; dunyo tabobatining hozirgi darajasi ularning raqobati sharofatidir.
Bugun inson organizmini sistema deb qarashning o‘zi yetarli bo‘lmay qoldi. Chunki ilgari ekologik buzilishlar inson salomatligiga hozirgidek xavf solmagan, inson sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan darajadagi kuchli elektromagnit maydonlari turmushda, sanoatda, mudofaada ishlatilmagan edi. Yerning qaysidir nuqtasidan uchirilgan raketaning kimningdir salomatligiga salbiy ta’sir qilib, boshqa birovga ahamiyat beradigan darajada ta’sir qilmasligini tushuntirish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘imiz zarur. Buning uchun inson organizmini katta sistema (koinot) ichidagi kichik sistema deb talqin etishga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi zamonning tabobat maktabi, birinchidan, inson organizmi xastalikliklarining kelib chiqishi sabablarini tushuntirib, davolash yo‘llarini topishga imkon beradigan,   biror modeliga ega bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, katta sistemaning muayyan nuqtadagi ta’sir kuchini, kichik sistemaning holatini aniqlashga imkon beradigan vositalarga ega bo‘lmog‘i kerak. Uchinchidan, bular barchasi izchil, tushunarli bayon qilishga imkon beradigan darajada tartiblangan bo‘lishi kerak.
Do‘xtir qay darajadagi tabobat masalalarini yechishga tayyorlanayotgani aniq bo‘lsagina, u egallashi zarur bo‘lgan bilim darajasini,  bilishi zarur bo‘lgan mushohada usullarini, va nihoyat,  ko‘tarilishi kerak bo‘lgan ijro madaniyatini belgilash mumkin bo‘ladi. Faqat undan keyingina do‘xtirni tayyorlash programmasi haqida gap bo‘lishi mumkin. 
 
2. Tan, aql va ruh salomatligi yo‘lida...
 
«Jahon adabiyoti» jurnalining 2005 yil yanvar sonida mashhur turk yozuvchisi Aziz Nesinning uchta hikoyasi berildi. Ulardan biri «Dardi bedavo» deb ataladi. Ushbu hikoyaning qisqacha mazmuni quyidagicha: hikoya «qahramoni»ning kindigidan pastida qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. Mahalliy do‘xtirlar og‘riq nimadan paydo bo‘lganini aniqlay olmaydilar. Mamlakatning eng mashhur, taniqli do‘xtirlariga murojaat qilinadi. Do‘xtirlarning biri og‘riqqa me’daning (oshqozon) jarohatlangani sabab, deb tushunti­radi. Me’dasining katta qismini olib tashlaydi. Og‘riq esa to‘xtamaydi. Ikkinchi do‘xtir hamma «gunoh» buyrakda deb, buyragi­ning birini olib tashlaydi. Shunday qilib, uchinchi, to‘rtinchi va hakozo marta operatsiya qilinib, nimalardir kesib olib tashlanave­radi. Mamlakatning murojaat qilinmagan eng so‘ngi mashhur do‘xtiri operatsiya qilgan hamma do‘xtirlarni noprofessionallikda ayblab, hamma sabab oyoqlaridagi qadahlarda deb topadi va ularni ke­sib olib tashlaydi. Dard esa yengillashmaydi, balki og‘irlashadi. Bu vaqtga kelib, mamlakatda, u murojaat qilsa bo‘ladigan, taniqli do‘xtir qolmagan, umr bo‘yi yiqqan katta boyligi esa  qariyb sovri­lib bo‘lingan edi. Uni iltimosiga ko‘ra Frantsiyaga olib borishadi. U yerda tanishlari yo‘qligi sabab ko‘chadagi reklamalarga qarab bir do‘xtirga murojaat qilishadi. Do‘xtir bemorni sinchiklab tekshirib ko‘rib, bemor sog‘lom, barcha operatsiyalar noto‘g‘ri qilingan, degan xulosaga keladi va kamarni bo‘shroq bog‘lashni tavsiya qiladi, xolos. Do‘xtir tavsiyasiga amal qilgan be­mor tezlikda tuzalib ketadi. Lekin uzoq yashamaydi. Oddiy kamarni deb bor bud-shudidan ayrilgani, yo avomligi tufayli jonini hadsiz qiynoqlarga qo‘ygani alamimi, uni adoyi tamom qilgan edi.
Frantsiyalik do‘xtir haq edi: barcha operatsiyalar zaruriyat yuza­sidan emas, pul olish uchun qilingan, u-bu organi ham behuda opera­tsiya qilinmaganining isboti sifatida kesilgan edi.
Qisqasi, bemorni sog‘aytirishni emas, pul topishni maqsad qilib qo‘ygan do‘xtirlar, mamlakatning oddiy tijorat darajasiga tushib qolgan sog‘liqni saqlash sistemasi o‘ldirgan edi.
Bu bir hikoya, unda hayotdagi ba’zi illatlar bo‘rttirilgani rost.
1993 yilning oxirlari edi. Yaqin do‘stimning o‘pkasini opera­tsiya qilishdi. Ma’lum bo‘ldiki, oldin o‘pkani davolab, keyin opera­tsiya qilish kerak ekan. Bunday shoshilish qimmatga tushdi... Buni anglab yetgan oila a’zolari, do‘stlari uchun operatsiya oldidan zarur muolajaning qilinmaganligi armon bo‘lib qoldi. Do‘xtir oldin o‘pkani davolash za­rurligini bilardi, lekin u tezroq «kesib» olishi kerak edi-da! Bunday voqealar kecha emas, shu kunlarda ham ro‘y berayotganini tez-tez eshitib qolayapmiz.
Shoshib, holatini aniqlamay ko‘zini operatsiya qilish oqibatida bemorning ikkala ko‘zi ham ko‘rmay qolgani haqida «Hurriyat» gazetasida ham yozishdi. 
Yaqinda qornida og‘riq paydo bo‘lgan bir tanishimni «Tez yor­dam» mashinasi shifoxonaga olib boradi. Shifoxonada chiroq bo‘lmaganligi sababli, bemor sham yorug‘ida operatsiya qilinadi. De­mak, «ob’ektiv» sabablarga ko‘ra bemorning holatini aniqlash im­koni bo‘lmagan. Ushbu shoshilinch operatsiya bemorning manfaati nuqtai nazardan qilinganiga ishonmoq qiyin. Axir, hamma joyda ham chiroq o‘chmagandir. Qiziq holat: operatsiya qilingan desa, «ka­sallik tarixi»da qayd etilmagan; operatsiya qilinmagan desa, bemor qornida pichoq va igna izlari ko‘rinib turgan ip... 
Nafsilamrni aytganda, qo‘liga tushgan bemorga har kuni 20-30 ming so‘mlik doriga retsept berib, qaysi dorixonaga murojaat qilishni maslahat berayotgan do‘xtirning xolisligiga ishonish qiyin.
Bemor dardiga esa uni tuzatishni maqsad qilib qo‘ygan do‘xtir davo topishi mumkin.  Butun fikri, izlanishlari, hatto Allohga iltijosi ham in­sonni anglash, uning dardiga shifo topishga qaratilgan do‘xtir shifo­kordir.
Bizda shifokorlar bormi, degan savol tug‘ilishi mumkin. So‘zsiz bor, hatto ko‘plab topiladi. Lekin yetarli emas-da! Xuddi shu­ningdek, mamlakatimizda olimlar ham, ustozlar ham ko‘p. Ularni ham mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yetarli darajada deb bo‘lmaydi.
Yaqinda, matbuotda Rossiya tennis federatsiyasining prezidenti bilan bo‘lgan suhbatni o‘qib qoldim. U katta sportchi qilib tayyorlashga qanday yoshlarni tanlaysiz degan savolga, boy yoki mashhur bo‘lish ilinjida sportga kirib kelayotgan yoshlar sportda katta natijalar ko‘rsatolmaydi, men sportda yuksak mahoratni, katta natijalarni maqsad qilib qo‘ygan yoshlarni shogirdlikka tanlayman, deb javob beradi. Inson ruhiyatini yaxshi tushunadiganlar uchun bu ikki toifa yoshlarni bir-biridan ajratish qiyin ish emas. Shifokor tayyorlash uchun ham mashhur yoki boy-badavlat bo‘lishni xohlagan yoshlarni tanlash maqsadga muvofiq emas.
Bundan o‘n besh yillar oldin, hozir ism-sharifi yodimdan ko‘tarilgan, angliyalik bir ayol bilan bo‘lgan suhbatni o‘qigandim. Esimda qolgani, suhbatdoshi uni, ayni paytda, dunyodagi eng badavlat ayol, nufuzli oila-sulolaning vakili deb tanishtirgan edi. Suhbatning shuncha yillar o‘tib ham esimdan chiqmaganiga faqat  ayolning o‘ta boyligi, nufuzli oilaning vakili ekanligi  sabab bo‘lgan emas, albatta. O‘sha ayol otasini xotirlab: «Sizlarga siz mansub bo‘lgan oilaning nufuzi hech qanday imtiyoz bermaydi, balki nimagaki qo‘l ursangiz, boshqalardan mukammalroq bajarish mas’uliyatini yuklaydi» degan o‘gitini bot-bot eslashini aytgan edi. Suhbatning ayni shu qismi bir umr esimda qoladigan saboq bergan, qadriyatlar haqidagi tushunchalarimni ostin-ustin qilib yuborgan edi.
Mamlakatni qudratli qiladigan insoniy sifatlar oilalarda, ta’lim muassasalarida qanchalik qadrlansa, maydalik, xudbinlik shunchalik biz forig‘ bo‘lishimiz zarur bo‘lgan illatlar ekanligi, kattalar ibrati asosida, tushuntirib borilmog‘i kerakligini yaqqolroq his etgandim, o‘shanda.
Bolada u yoki bu narsaga qiziqish ham, mehnatsevarlik ham, e’tiqodning shakllanishi ham oilasining, ta’lim muassasalarining, u o‘sgan muhitning ta’sirida ro‘y beradi. Bundan xulosa shuki, faqat o‘zimiz munosib bo‘lgan hayotga, xizmatga loyiq ko‘rilamiz: o‘zimiz loyiq bo‘lgan sog‘liqni saqlash sistemasi bizniki bo‘ladi. Nimaga loyiq bo‘lishimiz esa o‘zimizga – oiladagi, ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiyamizga bog‘liq.
Biz tan sog‘ligi haqida yozdik. Inson salomatligi faqat tan salomatligini anglatmaydi.
Ko‘rinishdan soppa-sog‘ bolalarda informatsiyani qabul qilolmaslik xastaligi keyingi paytda ko‘p uchrayotgani bor gap. Bunga nima sabab bo‘layotgani haqida o‘ylaganmisiz? Menimcha, sababini aniqlash uchun chuqur mushohadaga hojat yo‘q. Atrofimizda ro‘y berayotgan keskin o‘zgarishlarga nazar solaylik. Ilgari bitta apteka bor hududda o‘nlab aptekalar paydo bo‘ldi. Radio va televedenie yuzlab dorilar ayni siz uchun zarurligini damba-dam eslatib turadi. Ko‘chalarda, metroda dorilar reklamasidan ko‘zingiz qamashadi. Ilgari do‘xtir belgilagan dorilar ko‘rsatilgan miqdorda iste’mol qilinardi. Endi-chi? Do‘xtirga borishga hojat yo‘q: qaeringiz og‘riyotganini, qaysi dorini yutsang yaxshi bo‘lishini aytib turishadi. Faqat kim uchun yaxshi bo‘lishini aniqroq qilib aytmaydilar. Biz esa soddalik qilib, bizga yaxshi bo‘larkan deb tushunamiz. Shunday umumiy safarbarlik natijasida dorilarni kamida o‘n baravar ko‘proq iste’mol qiladigan bo‘ldik. Rossiya matbuoti mamlakatida sotuvda bo‘lgan dori-darmonning katta qismi qalbakiligini yozishmoqda. Biz esa bu borada hali aniqroq ma’lumot aytishga tayyor emasmiz. Shunday bo‘lgach, bolalarimiz xotirasining informatsiyani yozolmay qolishiga zararli (balki, keraksizdir) dorini iste’mol qilish sabab bo‘lganini rad etolmaymiz.
Anchadan buyon to‘y-bazmlardan charchab, ruhiyatim tushib qaytaman. Ko‘pincha bazmning oxirigacha o‘tirishga taqotim yetmaydi. Bunday holat hushyorroq yuradigan barcha tanishlarimda ro‘y berayotgan ekan. Nega shunday? Odatda, to‘y-hashamlarga tanish-bilishlarni ko‘rish, suhbatlashish, ko‘ngil chigallarini yozish, kuy-qo‘shiq eshitish, yayrash, ilhomlanish uchun borilmaydimi? Tanishlarni ko‘ramiz-u suhbatlasholmaymiz. Suhbatlashishga quloqni qomatga keltirib gumburlaydigan musiqa halaqit beradi. Odatda musiqa gumburlamaydi. Fizikada musiqa shovqindan farq qilinadi; har birining o‘z ta’rifi-tavsifi bor. To‘ylarda biz eshitadiganimiz, haytovur, shovqin bo‘lsa kerak. Shoshilib kelib, shoshilib ketadigan «yulduz»lar nima deyishayotganini eshitolmaymiz. Boshlovchiyu qiziqchilarning «topqirlik»lari ham g‘ashimizga tegadi. Bir so‘z bilan aytganda, har bir xizmatga keluvchi o‘z «dardi» bilan keladi, bizning, – mehmonlarning dardi-ruhiyatini o‘ylaydigan kimsa yo‘q.
Kishiga tan va aql salomatligi yetarli emas, uning ruhi ham sog‘lom bo‘lishi kerak.
Mamlakatning har bir fuqarosi tani, aqli va ruhi salomat bo‘lishga haqli. Shubhasiz, har bir kishi shunga harakat qilmog‘i kerak. Lekin u o‘z sog‘ligi bilan bog‘liq barcha masalalar bilan o‘zi shug‘ullanish imkoniyatiga ega emas. Masalan, xohlaganida ham sog‘ligining to‘la muhofazasini o‘zi ta’minlay olmaydi. Davlat shakllangach, umummilliy doimiy vazifalar uning organlari orasida taqsimlanadigan bo‘ldi. Hozir har bir davlatda «Sog‘liqni saqlash vazirligi» yoki shunga ma’nodosh nom bilan ataladigan organ shakllangan. Lekin ularga yuklangan doimiy vazifalar bir-birlaridan keskin farq qilishi mumkin, ba’zan doimiy vazifalari aniqlashtirilmagan holatlar ham uchraydi.
Davlat sog‘liqni saqlash sistemasining doimiy vazifalarini Zarina Xisamova qanday tushunishiga yana bir marta e’tibor qarataylik: «Rossiya sog‘liqni saqlash sistemasining funktsiyasi kasal bo‘lgan har bir fuqaroni  sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashdan iborat».
Yuqorida, ayni shu fikrni  rad etish uchun to‘la asos yaratdik. Bizning fikrimizcha MAMLAKAT SOG‘LIQNI SAQLASH SISTEMASINING FAOLIYATI HAR BIR FUQARONING TANINI, AQLINI VA RUHINI SOG‘LOM QILISHGA QARATILGAN BO‘LISHI KERAK.
Biz nazarda tutgan sog‘liqni saqlash sistemasi fuqaroning kasal bo‘lishini kutmaydi, uning kasal bo‘lmasligi chora-tadbirlarini ko‘radi. Bunda ilmiy tadqiqot ishlari ilmiy unvon va darajalar olish uchun qilinmaydi, balki tug‘ilgan muammoning tabiatini aniqlash yoki uni hal etish uchun bajariladi, inson salomatligiga daxli bor biror masala ham nazardan chetda qoldirilmaydi. Biz ta’kidlagan doimiy vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan sog‘liqni saqlash sistemasi biznesning tarkibiy qismiga hech qachon aylanib qolmaydi.
Kaliforniyada qariyb 130 yillik tarixga, an’ana ega bo‘lgan «YaNGI START» («NEW START») deb nomlangan markaz bor. Uning faoliyatiga «inson organizmi, o‘z tabiiy holatida, salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha kerakli moddalarni ishlab chiqarishga qodir» degan ishonch asos qilib olingan. Unda davrimizning eng og‘ir xastaliklariga chalingan kishilar hayot tarzini o‘zgartirish — tabiiy hayot tarziga o‘tish yo‘li bilan davolanadi va ana shunday yo‘l bilan bemor darddan butunlay forig‘ qilinadi.
Ushbu ma’lumot fuqaroga «sifatli tibiiy xizmat ko‘rsatish»ni maqsad qilib qo‘ygan sog‘liqni saqlash sistemasini umuman qiziqtirmasligi mumkin. Fuqarolarning salomatligini ta’minlashni maqsad qilib qo‘ygan sog‘liqni saqlash sistemasi uchun esa bunday ma’lumot o‘ta qimmatlidir.
Insoniyat odatlangan strukturaga ega sog‘liqni saqlash sistemasi fuqarolarning tani, aqli va ruhi salomatligini ta’minlay olmasligi aniq.
Biz yangi mazmundagi sog‘liqni saqlash sistemasi o‘zining doimiy vazifalarini uddalash uchun qanday strukturaga ega bo‘lishi kerak, degan masalani hozir muhokama qilmoqchi emasmiz. Agar zarur bo‘lsa, muhokama qilish qochmas. Oldin bir savolga javob berishimiz kerak: BUTUN FAOLIYATI HAR BIR FUQARONING TANINI, AQLINI VA RUHINI SOG‘LOM QILISHNI TA’MINLASHGA QARATILGAN SOG‘LIQNI SAQLASH SISTEMASIGA EGA BO‘LISHNI  HAMMAMIZ HAM XOHLAYMIZMI?
Shodiyor DAVRON
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.