OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Uslubning go‘zal qirralari (2010)

Talabalik yillari Ibrohim G‘afurovning «Go‘zal­likning olmos qirralari» degan kitobini talashib-tortishib o‘qigan edik. Bu kitob biz shu mahalgacha o‘qigan asarlarga mutlaqo o‘xshamas, butunlay bo‘lakcha, erkin, shoirona bir uslubda bitilgani bois diqqatimizni tortgan edi. Keyinchalik bilsak, Ibrohim aka universitetda o‘qib yurgan kezlaridayoq ustoz Umarali Normatov e’tirof etganidek, talaba G‘afurovdan munaqqid G‘afurovga aylanib ulgurgan ekan. Muallimlarimiz o‘qib chiqishga topshirgan majburiy adabiyotlar ro‘yxatidagi aksariyat kitoblar zerikarli tuyular, ularni majburiyat yuzasidan o‘qir, adabiyot ilmida uzoq hukm surgan quruq akademizm, iqtibosbozlik, yuzakilik illati jonimizga tekkan edi. Ibrohim akaning o‘sha kitobida bo‘y ko‘rsatib, nishona bergan va bizga yangilikday tuyulgan fazilatlar asardan asarga mukammallashib, yillar davomida sayqal topib, beqiyos va betakror bir uslub sifatida shakllandi. Tafakkur tarzidagi o‘ziga xoslik, so‘z san’atini estetik hodisa sifatida his etish va talqin etish, badiiy asar mohiyatiga teranroq kirib borish, tanqidni go‘zallikni kashf etish san’ati deb hisoblash uning ijodida ustuvor yo‘nalishga aylandi.

«Adabiy tanqidni esse janriga yaqinlashtirish, ikki janrni omuxta qilish uchun ko‘p yillardan beri urinaman», deydi muallif. Bu urinish ajoyib samaralar bergani uchun ham asarlari xuddi badiiy asar kabi maroq bilan o‘qiladi. Bizda hali-hanuz asl namunasi yaratilmagan «Mashhur kishilar hayoti» turkumidagi asarlarni Ibrohim G‘afurovdek potentsial yozuvchilik salohiyatiga ega bo‘lgan qalamkashlar yozsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Darvoqe, Ibrohim akaning nasriy asarlari ham bor, faqat ular esselari, badialari soyasida qolgani uchunmi, u qadar ommalashmagan.

San’at asari haqidagi asar ham san’atkorona yozilishi lozimligi ko‘p ta’kidlanadi, ammo bunga amal qilish oson emas. Nemis faylasuf yozuvchisi Lixtenberg «Ey Xudo, kitob haqida kitob yozishdan o‘zing asra» degan edi. I. G‘afurov esa kitob haqida, yozuvchi haqida yozishni yaxshi ko‘rishligini o‘zi ochiq e’tirof etadi. Demak, hamma gap qalovini topishda. «Qalov»ning kaliti esa bitta – iste’dod!..

Shaxsiy kutubxonamda vaqtim bo‘lganda o‘qib qo‘yarman deya bir chetga taxlab qo‘ygan kitoblar ancha to‘planib qolgan ekan, vaqt topib erinmay hammasini o‘qib chiqdim. Ayrimlarini shunchaki varaqlash bilan kifoyalandim. Menda eng chuqur taassurot qoldirgan, eng ko‘p zavqlantirgan, cheksiz hayratlantirgan kitob – Ibrohim G‘afurovning «Sharq» nashriyotida 2008 yili chop etilgan «Mangu latofat» asari ((2006 yili chop etilgan «Hayo – xaloskor»ning mantiqiy davomi) bo‘ldi. Shubhasiz, bu kitobni shunchaki varaqlab yoki tez o‘qib bo‘lmasdi. Uni yutoqib, entikib,hayratlanib, zavqlanib o‘qidim.

«Mangu latofat»ning janri garchi badialar, risolalar deb belgilangan bo‘lsa-da, kitobning mazmun va mundarijasi bu qolipga sig‘maydi, qamrov shu qadar keng. Muallif kitobning millat haqidagi kuyunchak, nozik va teran fikr-mulohazalari, kuzatishlari jamlangan bobini «Millatning billurlanishi» deya o‘ziga xos, shoirona nomlaydi. «Millat deganda biz nimani anglaymiz? Millat qachon yuzaga keladi? Xalq deganda nimani tushunamiz-u, millat deganda nimani tushunamiz?» kabi ko‘pchilikni qiziqtirgan, bir umr to‘lqinlantirib kelgan muammo-savollarga javob qidiradi.

«Xullas, til, tarbiya va ma’rifat bilan millat maydonga chiqadi. Millat xalqqa yoxud avomga xos tarqoqlikning tugaganligidir. Davlatchilikning mus­tahkam va tebranmas tarzda shakllanganligidir» degan xulosadan qoniqish hosil qilasiz. Milliy ongning uyg‘onishida beqiyos xizmatlar qilgan, fidoyilik ko‘rsatgan jadidchilik harakatining yirik vakillari – Fitrat va Behbudiylarning faoliyati, qoldirgan boqiy merosi atroflicha tahlil qilinadi.

Kitobning ikkinchi, salmoqli qismi adabiyot, shoir va yozuvchilar haqida, shu bois u «Adiblar gulshani» deb nomlangan. Muallifning yoniq, ehtirosli so‘zi tufayli taniqli adiblarimiz haqidagi tushuncha va tasavvurlarimiz teranlashadi, boyiydi, ularning nurli siymosi ko‘nglimizga yanada yaqin bo‘lib qoladi.

I. G‘afurov atoqli adib Odil Yoqubov ijodi haqida to‘xtalarkan, shunday yozadi: «Menga Odil Yoqubovni yozuvchi darajasiga ko‘targan «Muqaddas»da ham, undan keyin yaratilgan «Larza», «Tilla uzuk», «Bir feleton qissasi» kabi asarlarda ham shu «Ikki muhabbat»dan ergashib kelayotgan bir O‘ZAK NARSA (ta’kid bizniki – Sh. O.) borga o‘xshaydi. Buni, yanglishmasam, insonning o‘z-o‘zini ochishga, o‘z maylini namoyish qilish, irodasini ko‘rsatish va tasdiqlashga bo‘lgan intilish deb atash mumkin. Bular axir ijod va ijodkor uchun o‘zak, asos narsalar emasmi?».

Ibrohim G‘afurov xuddi tabib bemorning tomirini ushlab, dardini bexato ayta olganidek, har bir adib ijodidagi o‘sha o‘zak narsani to‘g‘ri belgilaydi, shu bois aytgan so‘zlari jo‘yali, zalvorli, ta’sirli. Shu bois uning bitiklarida o‘zi suygan, o‘zi sevgan va ixlos qo‘ygan adiblarning suvrati va siyrati yorqin ochiladi. Har bir aytgan kalomi, so‘zi, har bir fikr-mulohazasi adabiyot atalmish mo‘‘jizaga buyuk muhabbat va ehtiromdan, oshuftalikdan tug‘iladi. Shu bois birgina jumla bilan Erkin Vohidov ijodining butun ma’no-mohiyatini juda teran va haqqoniy aks ettira oladi: «Uning barcha yozgan asarlari zamiridagi samimiyat, mahramona insoniylik, mehr-oqibatni odamiylikning eng yuksak ideali darajasida tushunish va o‘z asarlarida shunday talqin etish, ya’ni she’r-dostondagina emas, hayotda ham, hayotning har qanday holatlarida shunga rioya etish, og‘ishmay amal qilish, Vatanga xuddi otaga suyanganday suyanish, xalqqa xuddi onaga topinganday talpinish, yurtning, elning kamolini o‘ylash, orzu qilish, uning uchun tinimsiz qayg‘urish va yurt ma’naviyati, tarixi va an’analaridan doim zavqlarga to‘lib yurish, qadim mumtoz shoir, muarrix, donishmand adib ajdodlar kabi komillikka sajda qilish, komillikni ko‘rgan, unga duch kelganda darhol ilhomga to‘lish, hayajonlanish – Erkin Vohidovni inson, shaxs, katta san’atkor shoir sifatida o‘z davri, o‘z avlodining juda yorqin peshqadam vakili deb qarashga imkon beradi».

Kitobda adiblarning ijodi bilan tarjimai holi, shaxsiyati bir butunlikda, yaxlit olib qaraladi. Yaqin o‘tmishda o‘tgan taniqli adiblar haqida gap ketganda, muallif ayrim olimlar kabi «Ha endi, ular o‘z davrining farzandi edi» kabi umumiy mulohazalar bilan cheklanmaydi. Ular san’atining betakror jihatlari nozik tahlil qilinadi, ayni chog‘da dunyoqarashlaridagi murakkabliklar, farqli tomonlar ham xolis ko‘rsatiladi. Bu o‘rinda muallif qiyoslash usulidan unumli foydalanadi. Fitratlar, Qodiriylar sho‘rolar zamonida o‘zlarini ozod his etmaganlari, Abdulla Qahhor kabi adiblar esa o‘zlarini ozod inson deb his qilib, qizil mafkurani qabul qilganliklari to‘g‘ri ta’kidlanadi. Ayni chog‘da muallif o‘z fikrini yagona haqiqat tarzida taqdim etmaydi. Kelajakda Abdulla Qahhor ijodi boshqacha talqin qilinishi ham mumkinligiga ishora qiladi.

Qiyoslash orqali taniqli munaqqidlar – Ozod Sharafiddinov va Umarali Normatovlar ijodi, iste’dodining o‘ziga xos tomonlari xolis va teran yoritiladi.

Taniqli Hamzashunos olim Laziz Qayumov haqidagi kuzatishlar ham betakror, diqqatga sazovor: «Hamza degan og‘izga bol tutardi. Faqat mafkura chegaralari va me’­yorlariga sira sig‘maydigan Hamzaday ulug‘ millatparvar va ozodlik jarchisini mafkura platformalariga va uning chegaralari ichiga sig‘dirish, tortib olib kirishga urinardi. Hamzaning serqirra ijodi va tarixiy faoliyati esa bunga sig‘mas va o‘z boshiga isyon qilardi».

Bu mulohazalarda I. G‘afurovning ochiq aytolmagan, aytishga istihola qilgan fikrlari ham bo‘y ko‘rsatib turibdi. Andishali, madaniyatli olim shu tariqa to‘la-to‘kis aytolmagan gaplarini kitobxonning fahmu farosatiga havola etadi. Marifatli kitobxon uchun yozadi va shunday kitobxonni orzu qiladi.

«Mangu latofat» boshdan oyoq ozodlikka, ijod erkinligiga tashnalik, imperiyachilik, istilochilik, zo‘ravonlik va qatag‘on siyosatiga, qizil mafkuraga qarshi cheksiz nafrat ruhi bilan sug‘orilgan. Usmon Nosir haqidagi «Qismatning ovozi» badiasida bu g‘oya ayniqsa bo‘rtib ko‘rinadi. Ushbu alamli bitiklarni hotirjam, hayajonsiz o‘qish mumkin emas:

«Dahshatli Sibir o‘rmonlarida yalang‘och ko‘ksini o‘yib qonga botirgan Usmon Nosir!

Sening she’rlaringda qismating hayqiradi!

Gunohing nima edi, seni bunchalar shafqatsiz zabun qildilar?!»

Adabiy muhitda, turli davralarda «She’riyatni hech kim Ibrohim akachalik chuqur tushunib, tahlil qilolmaydi!» degan gap yuradi. Bu e’tirofda jon bor, albatta. «She’rni tahlil qilish juda ham go‘zal qizning kiprigini sanash bilan baravar. Kiprik sanashga berilib ketib, go‘zallikning asl mohiyatidan bexabar qolib ketasiz» deb yozadi munaqqid. Ma’lum muddat boshqa ishlarga andarmon bo‘lgan munaqqid she’riyat tahlilidan andak uzoqlashgan va muxlislar uning asarlarini sog‘inib qolishgan edi. Kitobda muallifning Oybek, Zulfiya, Shayxzoda, Abdulla Oripov, Azim Suyun, Sa’dulla Hakim she’riyati haqidagi o‘ziga xos, ohorli mulohazalari o‘rin olgan. Ayniqsa, so‘nggi yillar she’riyati va adabiy jarayon haqidagi teran kuzatishlar, kutilmagan xulosalar nogoh o‘quvchini sergak torttiradi, uni fikrlashga, mushohadaga chorlaydi.

«Hozir aksar istifoda qilinayotgan shakllar bir tusli va nomavzunki, ularni eslab qololmaysiz. Mingta she’r – bitta she’rga o‘xshaydi ba’zan. Yuzlab she’rlardan tuzilgan to‘plamlar ba’zan bitta she’rning turli variatsiyalariday tuyuladi. Bular adabiy o‘qishlar sustlashgani va ularda izchil sistemaning yo‘qligi natijasidir» deb yozadi muallif.

Kitobning mavzu doirasi ancha keng. Uchinchi – «Axloqni sog‘inish. Hayo – xaloskor» deb nomlangan bobda muallif ma’naviy, axloqiy, falsafiy masalalar haqida o‘ta kuyunchaklik bilan, ayni chog‘da jiddiy va teran mulohaza yuritadi. Olamning va odamning nomukammalligidan kuyinadi, qayg‘uradi, komil insonni orzu qiladi. Bu jihatdan u buyuk o‘tmishdoshlariga o‘xshab ketadi.

Dostoevskiyning dunyoni go‘zallik qutqaradi degan mashhur hikmati bor. Ibrohim G‘afurov zamona zayli va globallashuv sharoitidan kelib chiqib, masalaga sergakroq nazar tashlagan holda bo‘lakcha, hayotiyroq yondoshadi:

«Yer yuzida tugal oqillik, me’yor va iroda bilan yashamoqdan o‘zga chora qolmadi.

Oqillik, me’yor va iroda!

Odamzodni shu uch narsa qutqaradi. ...Yaqin orada barcha odamzod shu fikrga keladi».

Bu – butun tsivilizatsiya taraqqiyotini sinchkov kuzatgan donishmandning xulosasi! Unga qo‘shilmoqdan boshqa iloj yo‘q!

Muallifning umidbaxsh, nekbin bashorati ijobat bo‘lishiga ishonging keladi.

Ibrohim akaning kitobga, mutolaaga oshuftaligi o‘zi bir doston. Birinchi kitobning shukuhi, nash’u namosi ( darhaqiqat, ilk kitobi chiqqan muallifning quvonchi beqiyos, betakrordir) haqida samimiy hayajon va lirizm bilan sug‘orilgan hikoyasining o‘zi bir doston. Navoiyni qanday o‘qib o‘rgangani o‘zi bir doston, Navoiyni tushunish qiyin deya tanballigini, hafsalasizligini xaspo‘shlovchilarga zo‘r ibrat! U bolaligidan kitobga astoydil mehr qo‘yadi, (bu ixlos bir umr davom etadi) boshqa tengdoshlari kabi hayitlikda o‘yinchoq yoki biron shirinlik emas, kitob undiradi. Kerakli kitoblarni o‘smirlik va yoshlik yillaridayoq o‘qib chiqadi. Shu narsa uning hayot yo‘lini, taqdirini belgilaydi. Bu – uning baxti va omadi edi.

Yaxshi kitobxon bilganlarini boshqalarga ham ilinadi, o‘qigan kitoblaridan boshqalarning ham bahramand bo‘lishini istaydi. Muallif Abulfayz Bayhaqiyning «Tarixi Mas’udiy» kitobini o‘qib, qattiq ta’sirlangani, bu haqda Odil Yoqubovga gapirib bergani, adib ham bu asarga qiziqib, undan so‘rab olib o‘qigani va oqibat ijodiy g‘oya tug‘ilib, «Ko‘hna dunyo» romani yaratilganini maroq bilan hikoya qiladi.

Ibrohim G‘afurovning mumtoz adabiyotni ham, zamonaviy adabiyotni ham birday mahorat bilan mag‘zini chaqib, nozik tahlil qila olishi (bunday munaqqidlar bizda sanoqli) avvalo Olloh yuqtirgan iste’dodga o‘sha mutolaa madaniyati esh bo‘lib, yaxshi samara bergani natijasidir. Ayni chog‘da qalamining qudrati va uslubining go‘zalligini ham shu ikki omil bilan izohlash mumkin. Men aslida ushbu maqolani Ibrohim G‘afurov uslubiga bag‘ishlamoqchi edim. Shunday qilsam hamma narsa joy-joyiga tushadigandek tuyulardi. Men bu uslubni ta’riflaydigan so‘z, iborani ko‘p qidirdim: go‘zal, betakror, jozibador, g‘aroyib, ohorli, maftunkor... Ko‘tarinki so‘zlarni qo‘llashga iymandimmi, bunday ta’riflashga jur’at qilolmadim. Balki «Oddiy so‘zlarni ustalik bilan uyg‘unlashtirish san’ati» desam to‘g‘riroq bo‘larmikin? Balki bu uslubning sehru jodusi zaminida shunchaki ona tilni a’lo darajada bilish va uni teran, nozik his eta bilish salohiyati yotar? Nima bo‘lganda ham bu uslub betakror, beqiyos. Uni ta’riflashga so‘z qidirib bosh qotirgandan ko‘ra «Ibrohim G‘afurov uslubi» degan mavzuda dissertatsiya yozib qo‘ya qolgan ma’quldek tuyuladi. Ijodi shunga arziydi, shunga imkon beradi. Tarjimonlik mahoratining o‘zi o‘nlab ilmiy ishlarga mavzu bo‘la oladi.

Darhaqiqat, so‘z tuyg‘usi o‘tkir, so‘zga, adabiyotga oshufta ko‘ngil I. G‘afurov uslubidan zavqlanmasligi, hay­ratlanmasligi mumkin emas. Bizda adabiyot haqida, ijod va ijodkor haqida shu mahalgacha hech kim bunday yozmagan edi. Tilning, so‘zning go‘zalligi va qudrati, cheksiz imkoniyatlarini faqat yozuvchi, shoir emas, olim, munaqqid ham namoyish eta olishi mumkin ekan. I. G‘afurov gapga chechanligini, so‘zamolligini ko‘rsatib qo‘yish uchun shunday yozmaydi, gapni aylantirmaydi, bodilik qilmaydi, u borliqni, adabiyotni shunday anglaydi va shunday his etadi, hissiyotlarini sizga ham «yuqtiradi», uning fikrlash tarzi, uslubi shunday, hammasi tabiiy! O‘zini majbur qilib yozmayotganiga, yozganlari faqat ilhom mahsuli ekaniga ishonasiz. U so‘z ummonida baliqdek emin-erkin suzadi. Goho quyilib kelayotgan fikrlarini qog‘ozga tushirishga ulgurolmayotgandek tuyuladi. Shunda unga ohang yordamga keladi. Musiqachilarda so‘z tugagan joyda ohang, kuy boshlanadi degan gap bor. Uning matnidagi betakror ohang sizni asta-sekin allalab, o‘z og‘ushiga oladi, sehrlaydi. Uslubdagi joziba, ma’nodagi ulug‘vorlik, ehtiros va ko‘tarinkilik ham ana o‘sha ohang orqali zuhur bo‘layotgandek tuyuladi. Ana o‘sha ohang, uslub tufayli Oybek shunchaki Cho‘lponni himoya qilib maqola yozmaydi, balki «faryod qiladi», Odil Yoqubovda yangi asar yaratish g‘oyasi tug‘ildi emas, «g‘oyasi yondi» deyiladi...

Chuqur ma’rifiy bilim bilan omuxta bo‘lgan bu noyob uslub go‘zallikning olmos qirralarini kashf etishda qo‘l kelayotir. Ayni chog‘da bu uslub ruhiyatimizda ko‘tarinki, ezgu tuyg‘ular uyg‘otadi, so‘zga, so‘z san’atiga mehru ixlos uyg‘otadi.

Ibrohim G‘afurov ijodi haqida zamondoshlari ancha-muncha ish qilishgan bo‘lsa-da, uning fenomeni hali hazm qilinmagan, o‘rganilmagan. Uni to‘la-to‘kis o‘rganish, his etish ishi avvalo uning uslubidan boshlanmog‘i lozim. Katta adabiyot ostonasida turgan yoshlar ayniqsa uning til mahoratini sinchiklab o‘rganishlari kerak.

Ibrohim aka so‘zlarning ma’no tovlanishlarini nihoyatda nozik ilg‘aydi va bundan unumli foydalanadi. Yangi so‘z va tushunchalarni (masalan, tangdillik, neomumtoz, miqyosli tasvir usuli, muhabbat fani kabi) dadil istifodaga olib kiradi. Ayrim so‘zlarning etimologiyasini (masalan, fan so‘zini) tilshunos olimdan ham ko‘ra zukkoroq, chuqurroq tahlil qiladi.

Biz har kuni eshitib, o‘qib yuradigan sevgi, muhabbat degan so‘zlarni sinonim – ma’nodosh deb o‘ylaymiz. Muallif bu so‘zlar orasidagi nozik farqni shunday sharhlaydi: «Muhabbat bir tomonlama bo‘lmaydi. Lekin mana sevgi, yaxshi ko‘rish esa tamomila bir tomonlama bo‘lish ehtimolidan uzoq emas. Sevgi va yaxshi ko‘rish bir tomonlama, ya’ni javobsiz bo‘lishi mumkin. Uning ojizligi, ayanchliligi shunda. Lekin muhabbat habiblikda va doimo ikki tomonlama, ya’ni anglangan hodisadir. »

I. G‘afurov kitobining «Noyob so‘zlar poeziyasi» bobida ayrim shoirlarning hozirgi kitobxonga tushunarli bo‘lmagan so‘zlarni (hatto lug‘atlardan ham ma’nosini topish qiyin bo‘lgan so‘zlarni) ko‘p qo‘llagani uchun asosli ravishda tanqid qiladi. Ajabo, ustozning o‘zi ham kitobida shunday so‘zlarni bemalol qo‘llaydi. Bunisi qandoq bo‘ldi deya avvaliga hayron bo‘ldim. O‘sha so‘zlarni o‘zim ham yaxshi tushunmaganim uchun qalamda belgilab qo‘ygan edim, erinmay lug‘atlarga qarab, aksariyatining ma’nosini bilib oldim. Shu bahonada so‘z boyligim ortdi va... ustozni tushundim. Kitobxon shu bahonada lug‘at titkilab, so‘z boyligini orttirsa o‘ziga foyda ekan!

«Mangu latofat»ning so‘nggi bobiga ustozning kundalik matbuot uchun yozgan oddiy, o‘rtamiyona maqolalari ham kiritilganki, ular muallifning boshqa, barkamol asarlari soyasida qolib ketgandek tuyuladi. Shuningdek, Usmon Nosirning ismu sharifi ayrim o‘rinlarda Nosiriy deb atalishi ham sal erish tuyuladi. «Qutlug‘ qon»da Xolmatning o‘chi (?) haqida gapiriladi, aslida Yormat bo‘lishi kerak. «Ufq» romanidagi ota Ikromjon o‘z o‘g‘li Tursunboyni otib o‘ldirgani (?) (bunday voqea bo‘lmaydi) aytiladi. Kitobning boshqa bir sahifasida esa bunga tamomila zid fikr aytiladi. Natijada o‘quvchi chalg‘ib qolishi mumkin. To‘g‘ri, bunday juz’iy nuqsonlar yuksak saviyada yozilgan kitobning g‘oyaviy, badiiy, ma’rifiy ahamiyatini pasaytirolmaydi, albatta. Harqalay, bunday nuqsonlarning bo‘lmagani ma’qul.

«Umrda shunday bir palla keladi: donishmandlik pallasi, – deb yozadi muallif o‘z kitobida. – Aql chirog‘i ravshan tortib, ravshan yonib, ravshan, ishonchli ziyo taratadigan palla».

Bu so‘zlarni bemalol muallifning o‘ziga nisbatan qo‘llash ham mumkin. Ibrohim G‘afurov iste’dodi jilolaridan, aql chirog‘idan, tafakkuridan, ilhom bulog‘idan taralayotgan ziyo mudom bizni fikrlashga, ma’naviyatga, madaniyatga chorlab turadi. Tilagimiz – bu ziyo hech qachon so‘nmasin.

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 2 (231)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.