20-yillarning oxiri, 30-yillarning boshlarida, bevosita sho‘ro tarbiyasini olib voyaga yetgan ziyolilardan bir guruhi 40-50 yillarda asossiz ravishda qamoqqa olindi.
Sababi... O‘sha davrdagi O‘zbekiston respublikasi Ichki Ishlar Xalq Komissari (NKVD) Amayak Kobulov o‘z akasi — Maskovda shu soha bo‘yicha rahbarning o‘rinbosari B. Kobulovga ishonib, ko‘ngliga siqqan jinoyatlarni amalga oshiradi. U o‘zining yordamchilari bilan rejalashtirgan jinoyatlardan biri O‘zbekistonning taniqli davlat va jamoat arboblari Muhammadjon Yo‘ldoshev va Toshmuhammad Qori-Niyoziyni qamash va o‘zbek xalqini ular rahbarligi ostida O‘zbekistonni sho‘rolar hukumatidan ajratib olib, burjua respublikasi qurishda ayblab, jahon xalqlari ko‘z oldida ochiqdan ochiq jinoyatchiga aylantirib, kattakon repressiv jarayonni boshlash, “xalqlar dohiysi”ning e’tiborini o‘zlariga jalb etish edi.
Ana shu afsona — tuhmatni tasdiqlatib olish uchun O‘zbekiston firqa Markazqo‘mining uchinchi kotibi S. Azimov, markazqo‘m xodimi S. Husainov, “Qizil O‘zbekiston” gazetasining xodimlari — Yu. Latif, G‘. Rasulov, T. Jalolov, “Yosh kuch” jurnalining mas’ul kotibi O. Odiliy kabi o‘zbek matbuotining taniqli vakillari qamoqqa olinadilar.
Hibsga olinganlarning barchasi sho‘rolar hukumatiga sidqidil berilgan, xalq, davlat va adabiyot manfaatiga xizmat qilgan kishilar. Yosh adabiyotshunos, “Qizil O‘zbekiston” gazetasining “Adabiyot va san’at” bo‘limi mudiri To‘xtasin Jalolov (1909-1984) ham bundan istisno emas.
To‘xtasin Jalolov tergov materiallariga qaraganda, shahrixonlik, ammo o‘zining yozishi bo‘yicha Marg‘ilonga qarashli Qoratepa qishlog‘ida Mulla Jalol va Xayriniso Muhammad Ishoq qizi oilasida dunyoga kelgan. Voyaga yetgach, 1914-1918 yilgacha eski usuldagi maktabda o‘qiydi, so‘ng Farg‘onaga kelib 1924-1925 yillarda pedkursni tugallab, bilimini oshirish maqsadida 1930-1933 yillarda Samarqandga borib, pedakdemiyada tahsil ola boshlaydi. Ammo 1933 yili otasi vafot etib, oilasi og‘ir ahvolga tushgach, Shahrixonga qaytib, 1934-1936 yillarda o‘qituvchilik bilan shug‘ullanadi. Keyin Toshkentga kelib, kechki pedagogika institutida tahsil oladi (1936-1938) hamda qishloq xo‘jalik oliy maktabida, huquq institutida til muallimi bo‘lib ishlaydi, institutni tugatgach, sharq adabiyoti muallimi sifatida ishda qoldiriladi.
Institutda o‘qish chog‘ida shoir Yunus Latif bilan tanishib, do‘stlashadi. “Men 1938 yilda Pedagogika instituti rahbariyatiga o‘quv programmasini tuzishda yordam berishlarini so‘rab bordim, — deydi Yunus Latifiy 1942 yil 4 fevralda o‘tkazilgan so‘roqda. — Rahbariyat menga To‘xtasin Jalolov rahbarligida o‘n nafar yuqori kurs talabalarini ajratdi. Programmani ishlab Maorif komissarligiga topshirdik. Shunda men va I. Mahsumov T. Jalolovga o‘qituvchilikni tashlab, redaktsiyaga ishga o‘tishni taklif qildik”.
To‘xtasin Jalolov gazetaga kelgach, matbuot xodimlari bilan tanishadi. Ular bir-birlarining uyida 1940 yil noyabr-dekabr, 1941 yil yanvar, mart, iyun oylarida uchrashib, gurunglashadilar. Suhbat chog‘ida Navoiy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriyning man etilgan asarlari o‘qiladi. Ularning badiiy mahorati tahlil qilinadi. Bu suhbatni allakimdir teskari talqinda tegishli joyga yetkazadi.
Rus adabiyotida “paskvil” degan janr bor. Bu insonni, jamiyatni hajv qiluvchi emas, balki tahqir qiluvchi mazaxdan battar narsadir. A. Qobulov rahbarligi ostida olib borilgan jinoiy ishni biz bir so‘z bilan “paskvil”, o‘zbekchasiga “qabohat” deymiz.
A. Qobulov 1941 yilda O‘zbekiston NKVDsiga boshliq bo‘lib kelgach, o‘zini ko‘rsatish uchun kutilmagan joydan, surishtirilmagan, tekshirilmagan, yengil-elpi xabarlardan, tuhmatlardan xulosa qilib, yo‘qni yo‘ndiruvchi xodimlari yordamida ajal tegirmonini ishga soladi. Ular respublikaning yetakchi rahbarlarini qamashni rejalashtirgan bo‘lsalar-da, ammo bu ishni amalga oshirish uchun qo‘llarida vakolat ham, birorta ayblovchi dalil ham yo‘q edi. Ular qamashmoqchi bo‘lgan mansabdor kishilarni hibsga olish uchun Maskov ruxsat bermas edi. Shunga qaramay “O‘zbekistonda sho‘rolar hukumatini ag‘darib, burjua respublikasi qurmoqchi bo‘lgan aksilsho‘roviy, isyonchi tashkilot” borligi, unga Qori-Niyoziy, M. Yo‘ldoshev, S. Husainov, S. Azimov rahbar deb reja tuziladi. Ana shu rejaga muvofiq S. Husainov, S. Azimov, Yu. Latif,
G‘. Rasulov, O. Odiliy, A. Hoshimov (Stalinobod viloyat, Shahrinavlik o‘qituvchi), S. Eminov (Toshkentdagi “Taroqchi” arteli oshpazi), T. Jalolov jami sakkiz kishi 1941 yil iyul-oktyabr oylarida qamoqqa olinadilar. Hammalariga bir ayb qo‘yiladi.
G‘. Rasulov, O. Odiliy, A. Hoshimov (Stalinobod viloyat, Shahrinavlik o‘qituvchi), S. Eminov (Toshkentdagi “Taroqchi” arteli oshpazi), T. Jalolov jami sakkiz kishi 1941 yil iyul-oktyabr oylarida qamoqqa olinadilar. Hammalariga bir ayb qo‘yiladi.
O‘zbekiston Markazqo‘mining uchinchi kotibi Sulaymon Azimov soxta protokollarga majburan qo‘l qo‘ydirilganiga, xo‘rliklarga chiday olmaydi. Yuqoriga yozgan xatida: “Inson mo‘’tadil uyqu bilan tirik. Menga uzoq vaqt mobaynida uyqu berishmadi. Boshimni tuta olmayman, o‘zidan o‘zi ko‘z yumilib bosh osilib ketaveradi, shunda nazoratchi temir eshikni taqillatadi. Potpul naq tsementdan iborat. Men tirikmanmi, yoki o‘likmanmi, o‘zim ham farqiga bora olmay qoldim. Mening irodam, qalbim, fahmim, biror narsani farqlaydigan qobiliyatim tamom o‘ldirilgan. Men o‘zimni odammi yoxud boshqa bir hayvonmi farqiga bormay chaynab tashlaydigan och bo‘rining panjasida turgandek sezardim. U ya’ni (tergovchi — S.A.) meni ajal dahshati ostida Jalolov va Latipov ko‘rsatmasini tasdiqlash uchun zo‘rlardi: “Ularga rozi bo‘l, bo‘lmasa tirik qolmaysan”.
Nomlari zikr etilganlarning oila a’zolaridan, xususan, S. Azimovdan tushgan arizalar ma’lum tashkilotlarni tebratib, ishni boshqatdan ko‘rib chiqishga majbur qiladi. O‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Ichki Ishlar ministri A. Bizov sobiq Ittifoq Ichki Ishlar ministrining o‘rinbosari K. Lunev nomiga mutlaqo maxfiy xat yo‘llaydi: “Sizga ilgari taqdim etilgan SSSR Ichki ishlar Komissarining sobiq o‘rinbosari B. Z. Kobulovning A. Z. Kobulov nomiga yozgan xatiga qaraganda, S. Azimov va boshqalarning tergov ishi o‘sha davrdayoq shubha uyg‘otgan.
A. Z. Kobulov davrida O‘zbekiston NKVDsida ishlagan xodimlarning gapiga qaraganda, bu ishni tekshirish uchun Toshkentga SSSR Ichki Ishlar ministrligi SPU boshlig‘ining o‘rinbosari
I. Ilyushin rahbarligida kelganlar ham bu ish materiallari haqiqatga to‘g‘ri kelishiga shubha bilan qaraganlar.
I. Ilyushin rahbarligida kelganlar ham bu ish materiallari haqiqatga to‘g‘ri kelishiga shubha bilan qaraganlar.
Keyinchalik bu ish masalasida Toshkentga SSSR Ichki Ishlar ministrligining maxsus ishlar bo‘yicha tergov bo‘limining xodimi (hozir Abakumov ishi bilan hibsga olingan) Shvartsman kelgan bo‘lib, u Merkulov nomiga S. Azimov va boshqalarning ayblov ishi bo‘yicha Maxsus Kengashning ikki kishini otuv va qolgan aybdorlarni turli muddatga hukm qilinganliklari haqidagi “Raport” bergan.
Oqibatda ushbu ish bo‘yicha hibsga olinganlar (To‘xtasin Jalolov mustasno) o‘z ko‘rsatmalaridan voz kechdilar, ular ko‘rsatmalar tergovchilar tomonidan majburiy ravishda olinganini ma’lum qildilar”.
1942 yilda S. Husainov, S. Azimov va boshqalar ishini tekshirgan
L. Shvartsman 1954 yil 18 fevralda bergan so‘roqda nima uchun T. Jalolov “aybiga iqror”ligicha qolganini aniq sharhlab bera olmasa-da, ammo ba’zi narsalarga oydinlik kiritadi: “O‘sha paytda SSSR NKVDsi rahbarligida mavjud bo‘lgan o‘zaro qarindoshchilik va qo‘llab-quvvatlash odatiga ko‘ra A. Kobulovning aybini chetlab o‘tdim. Chunki meni safarga uning akasi B. Kobulov yuborgan edi”. Ammo Shvartsman Kobulovning aybini pana qilish, T. Jalolov og‘zidan “Tushuning, yagona niyatim, endi o‘zimning barcha jinoyatlarim to‘g‘risida gapirib, aloqalarimni tutib berishdir...” degan jumlani yulib olish bilan cheklandi. Bu gaplarni mahbus qaydan olib gapiryapti, tergovchilar tazyiq o‘tkazganmi, u so‘roq qilayotgan kishi samimiy gapiryaptimi-yo‘qmi, ishi yo‘q, qozon yopiqligicha qolaveradi.
L. Shvartsman 1954 yil 18 fevralda bergan so‘roqda nima uchun T. Jalolov “aybiga iqror”ligicha qolganini aniq sharhlab bera olmasa-da, ammo ba’zi narsalarga oydinlik kiritadi: “O‘sha paytda SSSR NKVDsi rahbarligida mavjud bo‘lgan o‘zaro qarindoshchilik va qo‘llab-quvvatlash odatiga ko‘ra A. Kobulovning aybini chetlab o‘tdim. Chunki meni safarga uning akasi B. Kobulov yuborgan edi”. Ammo Shvartsman Kobulovning aybini pana qilish, T. Jalolov og‘zidan “Tushuning, yagona niyatim, endi o‘zimning barcha jinoyatlarim to‘g‘risida gapirib, aloqalarimni tutib berishdir...” degan jumlani yulib olish bilan cheklandi. Bu gaplarni mahbus qaydan olib gapiryapti, tergovchilar tazyiq o‘tkazganmi, u so‘roq qilayotgan kishi samimiy gapiryaptimi-yo‘qmi, ishi yo‘q, qozon yopiqligicha qolaveradi.
To‘xtasin Jalolov boshiga tushgan savdolar 1954 yil iyul oyida Magadan ichki ishlar tergovchisi Pulyaev tomonidan o‘tkazilgan so‘roqlarda ham o‘z kuchida qolaveradi. Sababi, yolg‘ondan, ayovsiz kaltaklardan va qabohatdan charchagan adib hech kimga ishonmay qo‘ygan, bu tuzumni haq va haqiqatni bilishni istaydigan yoki eshitishni xohlaydigan tekshiruviga ham ahamiyatsiz qarashga majbur edi. Ammo atrof muhitda bo‘layotgan o‘zgarishlar, ayrim mahbuslarning najot topayotganlarini eshitishi uning qalbida ham bir umid hosil qiladi. U irodasini to‘plab tavakkaliga ishonch hosil qiladi:
“SSSR Ministrlar soveti
qoshidagi davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi general-polkovnik
o‘rtoq Serovga
Ariza
Mening Sulaymon Azimov, professor Qori-Niyoziy va boshqalarga hamda o‘zimga nisbatan bergan ko‘rsatmalarim boshdan oyoq g‘irt yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
So‘roq paytida meni kaltaklashdi, tahqirlashdi. Men, na men o‘zim va na mening do‘stlarim aybdor emasliklarini tushuntirishimga qaramay narkom Kobulov menga ta’kidlardi: besh-olti kishi deb tashkilotlar nomini bulg‘amayman.
Kobulovning gapiga qaraganda, bizning qamalishimizni davlat manfaatlari talab qilgan. Men ko‘rsatma berishdan qat’iyan bosh tortgan paytimda Kobulovning buyrug‘i bilan tergovchi Suxolazov meni hushimdan ketgunimcha kaltakladi, bir necha sutka mobaynida tik oyoqda turishga majbur qildi, oqibatda oyoqlarim bir necha marta shishib ketdi. Nihoyat, men Kobulovdan so‘radim: o‘zi mendan sizlarga nima kerak? O‘shanda u tergovda nima gapirishimni aytdi. Aslida so‘roq protokoli avvaldan tayyorlab qo‘yilgan bo‘lib, meni imzo qo‘yishga zo‘rlashar edi. Ular bir necha bor meni o‘zbek tilida aytib turganlarini yozishga majbur qilishdi, keyin bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatmalarni so‘roq tarzida rus tiliga tarjima qilib, menga majburiyat ostida qo‘l qo‘ydirishardi.
Men bilan birga qamalgan Rasulov men bilan bir lagerda edi. U menga Kobulov kaltaklaganini, yolg‘on ko‘rsatmalar berishni talab qilganini gapirgan edi. Rasulov kaltaklanish oqibatida lagerda vafot etdi.
Men Azimovni billurdek musaffo va to‘g‘ri fuqaro va ko‘mmunist deb bilardim. Bizda hech qanday millatchilik tashkiloti yo‘q va Azimov hech qanaqa g‘ayrisovet, millatchi gaplarni gapirmagan. U meni va tahririyat xodimlarini halol ko‘mminist sifatida tarbiyalagan. Kobulovning bosimi ostida men o‘zimga va Azimovga bo‘hton qilishga majbur bo‘ldim.
Azimovning uyida bo‘lgan g‘ayrisovet yig‘ilishga kelsak, bu Kobulovning diktovkasi bilan yozilgan. Bu ko‘rsatmada go‘yo Yo‘ldoshevning g‘ayrisovet, millatchilik faoliyati haqida gap ketadi. Men bu kishini bilmayman va u bilan tanish emasman, men tergovchining aytib turishi ostida ko‘rsatma berdim.
Kobulov meni halol sovet professori Qori-Niyoziyga bo‘hton qilishga majbur etdi. Men bilan birga bir ish bo‘yicha qamalgan boshqa kishilar hech qachon g‘ayrisovet millatchilik tashkilotining a’zosi bo‘lmaganlar. Ularga oid barcha protokollar Kobulovning qo‘rqitishi ostida yozdim.
Meni so‘roq qilishingizni iltimos qilaman, men so‘roqda nima uchun halol odamlarga bo‘hton qilishga majbur bo‘lganimni batafsil aytib beraman.
13 oktyabr 1954 y., Moskva.
Jalolov”
Jalolov”
Mazkur “ariza” sobiq Ittifoq ministrlar soveti qoshidagi davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov boshqarmasi birinchi bo‘limining katta tergovchisi mayor Buligin tomonidan tekshiriladi. T. Jalolov 1954 yil 14 va 16 oktyabr kunlari jiddiy tergov qilinadi.
Ushbu arizani o‘qigan kishi Jalolov bo‘htonni yozgan ekan-da, deb ajablanishi mumkin. Ammo sinchkovlab e’tibor berilsa, ularning birortasini u yozgan emas, balki tayyor ko‘rsatmalarga zo‘rlab imzo chektirilgan. Keling, yaxshisi, tergov manzarasiga nazar tashlaylik. T. Jalolov tergovga chaqirilgach, undan tanishlari kimlar ekanligi surishtiriladi. Soddadil qalamkash o‘zi bilgan yonveridagi kishilarning nomini aytadi. Hech narsadan hadiksiramaydi. Tergovchi esa asta sekin ulardan o‘z bilganicha va xohlaganicha foydalanadi. 1954 yil 14 oktyabr ko‘rsatmasidan:
“Men hibsga olingach, yolg‘izxonaga joylashtirildim va u yerda lagerga, surgunga jo‘natilgunimcha ushlab turildim. Dastlab so‘roqni tergovchi Suxolazov olib bordi. U menga toshkentdagi tanishlarimning familiyasini va ishlaydigan mansablarini aytishimni so‘radi. Men Suxolazovga ish bo‘yicha gazeta redaktsiyasi tufayli bog‘liq bo‘lgan ko‘p kishilarning familiyasini aytdim.
... Shundan keyin Suxolazov men aytgan kishilarni millatchi va g‘ayrisovet ish olib borayotgan kishilar deb aytishni talab qildi. Men ko‘rsatma berishdan qat’iyan bosh tortdim. Men so‘roq paytida tilga olgan Sulaymon Azimov, Yunus Latipov, G‘afurjon Rasulov, Omil Odilov, Orif Yunus, Hoshim G‘ulomov, Sotti Husainovning faqat ijobiy tomonlarini bilishimni, ularning go‘yo g‘ayrisovet faoliyatlari haqida menga hech narsa ma’lum emasligini aytdim. Shundan keyin meni O‘zbekistonning sobiq NKVD boshlig‘i Kobulov so‘roq qila boshladi. U tergovchi va meni oldimda, sening o‘z uyingda va boshqalarnikida bo‘lganing haqidagi gaplar hech narsa emas. Menga yangi-yangi kishilarni yollayotgan va o‘z oldiga O‘zbekistonni SSSRdan ayirib, burjua respublikasini o‘rnatishni maqsad qilgan g‘ayrisovet, millatchilik tashkiloti O‘zbekistonda mavjudligi haqida ko‘rsatma ber dedi. Men bunday ko‘rsatma berishdan bosh tortdim. Shundan keyin Kobulov meni kaltaklay boshladi, avval yuzim va qornimga musht tushirdi, keyin taburetkadan yerga yotqizib urdi...
... Keyingi protokollarda mening ko‘rsatmalarim amalan yo‘q. Bu protokollar men tergovchining xonasiga kelgunimcha tayyorlangan. Men avval obdon kaltaklanar keyin sofdil odamlarga tuhmat qilib tergovchi yozgan protokolga imzo chektirilar edim.
Men qat’iy ravishda ma’lum qilamanki, hech qachon tanishlarim va hamkasblarim orasida hech qanday g‘ayrisovet tashkiloti haqida gapirgan emasman. Men tahririyatda halol ishladim va tergovchi aybdor qilgan narsalar mening xayolimga ham kelgan emas.
Tergovga qat’iy ma’lum qilamanki, Azimovning uyida hech qanday g‘ayrisovet yig‘ilish bo‘lmagan, men u kasal vaqtida redaktsiya xodimlari bilan birgalikda O‘zbekistonning hurmatli kishisi sifatida bir marta borib ko‘rganman”.
“Shvartsman so‘roqqa chaqirish oldidan Suxolazov meni protokolda yozilganlarni qaytarishimni ta’kidlab, kaltaklamaslikka va’da bermadi, ammo aytdiki, Shvartsman bugun shu yerda, kechqurun Maskovga uchib ketadi. Bu bilan agar men ko‘rsatmalardan voz kechsam, ahvol yomon bo‘lishini sezdirib qo‘ydi. Shvartsman men bilan narkom kabinetida, Kobulov, Suxolazov va narkomatning boshqa xodimlari oldida gaplashardi. Men Kobulov va Suxolazovning vahshiy ekanliklarini o‘z tajribamda bilganim uchun Shvartsmanga haqiqatni aytishdan qo‘rqar edim. U bilan yolg‘iz gaplashishga imkoniyat berishmadi.
Yuzlashtirish vaqtida ham xuddi shunday bo‘lganini aytishim kerak. Boshqa mahbuslar bilan yuzlashtirish men o‘sha vaqtda yomon bilgan rus tilida olib borilardi. Yuzlashtirishdan avval nima haqida gapirishim to‘g‘risida tergovchi tushuntirish o‘tkazar, takror-takror ogohlantirilar edim. Shundan keyin mahbus olib kirilar edi. Men yuzlashtirishda amaliy hech narsa demas edim. Tergovchi o‘qib berayotgan narsani uning ortidan takrorlardim va ... biz imzolar edik...
Ochig‘ini aytishim kerakki (Pulyaev bilan o‘tgan so‘roq nazarda tutilmoqda — S. A.), men qo‘rqdim. Men yana kaltaklashlaridan va javobda izchil bo‘lishni talab qilishlaridan qo‘rqdim. 1941-1942 yillarda boshimdan kechirgan og‘ir ma’naviy tahqirlanish xotiramda o‘chmas iz qoldirgan. Men Moskvaga haqiqatni gapirish uchun ahd qilib keldim”.
To‘xtasin Jalolov 1954 yil 16 oktyabrda o‘tkazilgan so‘roqda aytishicha, agar u Kobulovning talabini qondirmasa, u kaltaklar va “o‘ylab ko‘r”ishni buyurardi. “O‘ylab ko‘rish” uchun esa “Men so‘roqdan yarim qorong‘u xonaga olib borilar va tergovchi Suxolazov tomonidan vahshiyona tarzda kaltaklanar edim, keyin meni yana Kobulov oldiga olib borishar va men azobga chiday olmay Kobulov xohlagan narsalarni gapirar edim. Tergovchi Melnikov yozar edi. O‘zimdan ketib, yiqilish darajasida qiynoqqa solinganim va xo‘rlanganim uchun faqat bir narsa — tergovning tezroq tugashini xohlardim. Endi menga hamma narsa befarq edi”.
Vahshiyona azobni ko‘rish, boshdan o‘tkazish bir azob, uni xotiradan o‘tkazish o‘n azob, deydilar sobiq mahbuslar. To‘xtasin Jalolov jismoniy, ruhiy-ma’naviy jihatdan nihoyatda og‘ir bo‘lsa-da, Kobulov rahbarligida olib borilgan barcha yovuzliklarni mardonavor ochib tashlaydi; o‘zi va lagerda, surgun manzillarida mashaqqatli hayot kechirayotgan hamkasblarining ham ozodlikka chiqishiga yo‘l ochadi.
Adib va uning do‘stlari “Aksinqilobiy jinoyatlari uchun hukm qilingan va SSSR Ichki ishlar ministrligiga qarashli lagerlarda, koloniyalarda, qamoqxonalarda hamda surgungohlarda yashayotganlarning jinoiy ishini ko‘rib chiqish Markaziy komissiya”ning 1954 yil 15 noyabr yig‘ilishi xulosasiga muvofiq surgundan ozod etiladilar. Ularning jinoiy ishlari harakatdan to‘xtatiladi.
To‘xtasin Jalolov 1955 yil bo-shida yorug‘ yuz bilan vataniga qaytib keladi. Shu yildan e’tiboran to 1961 yilgacha O‘zbekiston davlat nashriyotida, Davlat badiiy nashriyotida muharrir, O‘zbekiston til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1962-1963 yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim bo‘lib ishladi. U butun faoliyati davomida 30 ga yaqin kitobga muharrirlik qildi, 60 dan ortiq turli mavzularda maqola e’lon qildi, xalqimizga “O‘zbek shoirlari”, “Qizlar daftari”, “Xamsa talqinlari”, “Bonu”, “Yashasun tabassum” kitoblarini, Pahlavon Mahmud ruboiyotini, R. Tagorning “Halokat”, “Ko‘zga tushgan cho‘p”, “Bibha sohili”, “Donishmand roja” roman va talaygina hikoyalarini, S. Ulug‘zoda,
S. Ayniy asarlarini, V. Smirnov-Rakitinaning “Abu Ali ibn Sino” romanlarini muallifona bir uslubda tarjima qilib berdi. Afsuski, “Oloy malikasi” romanini tugata olmadi. U 1984 yil mart oyida 76 yoshida olamdan o‘tdi.
S. Ayniy asarlarini, V. Smirnov-Rakitinaning “Abu Ali ibn Sino” romanlarini muallifona bir uslubda tarjima qilib berdi. Afsuski, “Oloy malikasi” romanini tugata olmadi. U 1984 yil mart oyida 76 yoshida olamdan o‘tdi.
Sirojiddin AHMAD
"Hurriyat" gazetasidan olindi.