Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining yettinchi majlisini quyidagi sarlavha: “Salotini izom (Ulug‘ sultonlar — S.G‘.) va avlodi vojub ul-ehtiromlari zikridakim, ba’zi yaxshi mahallarda xub bayt o‘qubturlarkim, filhaqiqat, o‘zlari aytqondek xubdur va ba’zi nazm latoyifiga mashg‘ul bo‘lubturlarkim, ul dag‘i matlub va marg‘ub-dur” hamda shunday ta’rif bilan boshlaydi: “Muluk shajarlarining (podshohlar daraxtining) bo‘stoni va salotin gavharlarining ummoni, xoqoni jahongiri sohibqiron, ya’ni: Temur Ko‘ragon…”.
Navoiy Amir Temur she’r yozmoqqa iltifot qilmasa-da, nazm va nasrni joyi kelganda o‘qib yuborardi. Bir baytni bunday o‘qish, deb ta’rif qiladi Navoiy, “ming yaxshi bayt aytqoncha bor”, deydi.
Shundan so‘ng Navoiy bir naql keltiradi. Tabrizda hukmronlik qilayotgan Temurning o‘g‘li Mironshoh chog‘ir ichishga berilib, nojoiz ishlar qilmoqda, degan xabar Samarqandga yetishadi. Ichkilikka uning atrofidagi Xoja Abdulqodir, Mavlono Muhammad Koxiy va Ustod Qutayb Noyi bois ekan. Temur uchalasini ham jazolashga buyuradi. Xoja Abdulqodir qochib, qalandar bo‘lib ketadi, qolgan ikkisi qatl etiladi.
Amir Temurning Iroqqa yurishida Abdulqodir haqida xabar yetkazadilar. Sohibqiron uni tutib keltirishni buyuradi. Abdulqodirni Temur taxti poyiga tashlaydilar. Xoja Abdulqodir Qur’oni majidni yod bilgan, qiroat ilmida ham yetuk bo‘lgani ma’lum edi. U nihoyatda sarosimaga tushadi va baland ovozda Qur’on o‘qiy boshlaydi. Temurning “g‘azabi lutfqa mubaddal bo‘lub”, atrofidagi fazl va kamol ahliga boqib quyidagi misrani o‘qiydi:
Abdol zi biym chang bar Mushaf zad.
Mazmuni: Qalandar qo‘rquvdan Qur’onga chang soldi.
Shundan so‘ng Xoja Abdulqodir Sohibqironning yaqin suhbatdoshlaridan biri bo‘lib qoladi.
Navoiy so‘zni Husayn Boyqaroga burib, u ham ulug‘ bobosi kabi majlislarda ketma-ket yaxshi she’r va go‘zal so‘zlar aytar edi, uning makoni jannat bog‘i bo‘lsin, bu esa, “jahon mulkida jovidon bo‘lsin!”, deb duo qiladi.
Sohibqiron Temur badihona keltirgan misra’ X asrdagi buyuk oriflardan shayx va shoir Abu Sa’yid Abdulxayrning mashhur “Havoriya” ruboiysining to‘rtinchi misrasidir.
Bu ruboiy va u bilan bog‘liq rivoyat haqida Jomiy “Nafohot ul-uns”da, Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Abu Sa’yid Abdulxayrga bag‘ishlangan fiqrada to‘xtalib o‘tadilar. Ruboiy matni:
Havro ba nazorai nigoram saf zad,Rizvon ba ajab bemondu kaf bar kaf zad. Yak xoli siyah baron ruxon mutraf zad,Abdol zi biym chang bar Mushaf zad.(Ya’ni: Hurlar nigorimni ko‘rish uchun saf tortdilar; jannat darvozaboni ajablanib, qarsak chaldi. Bir qora xol (xol — tasavvuf istilohotida vahdat nuqtasini anglatadi — S.G‘.) ul yuzlarga (Jabroil arvohlariga) parda tortdi; abdol (qalandar) qo‘rquvdan Qur’onga chang soldi).
Bu ruboiyga juda ulug‘ oriflar, shoirlardan o‘n nafari, jumladan, Muhammad Shirin Mag‘ribiy, Qosim Anvor, Ya’qub Charxiy, Abdurahmon Jomiy, Ubaydulloh Chochiy (Xo‘ja Ahror) va boshqalar sharh bitganlar.
Ko‘rinadiki, Amir Temur ana shunday oriflar ijodini, ko‘pma’noli she’rlarni yoddan bilgan.
Navoiy “Majolis”da Shohrux mirzo, Abu Bakr mirzo, Abulqosim Bobur, Boysunqur mirzo, Xalil Sulton va boshqa shahzodalardan adabiyot va san’atga mashg‘ul bo‘lgan, Temurning milliy til, milliy tafakkur, milliy ruh, zavq-shavq davlatchilik siyosatida muhim soha bo‘lganligi va shu maqsadlarda faoliyat olib borgan ijodkorlarga, xususan, Husayn Boyqaroga faxr ila qarashlari bejiz bo‘lmagan.
Tazkirada Shohrux mirzoning badihona o‘qigan bir she’ri ta’riflab keltirilgan. Navoiy “Bobur Sulton(ning) muborak tilidin mundoq eshittimkim…, ustod Qivomiddin me’morg‘a (Shohrux mirzo) bir imorat jihatidan e’tiroz qilib, bir yil mulozamatdin mahrum ekondur”. Shundan keyin u bir taqvim (osmon jismlarining hol va harakati haqidagi jadval — S.G‘.) tuzib, shoh huzuriga kiritibdiki, shoyad huzurlariga kiritsalar, deb…
Shohrux “mirzo tabassum qilib”, forsiyda bir bayt o‘qibdilar. Mazmuni: Yerdagi ishlarni yaxshi bajarib, endi osmon ishiga kirishibsan.
Navoiy bayt badihona va g‘oyat topqirlik bilan vaziyatga ko‘ra o‘qilgani uchun “Aningdek otadin (ya’ni Amir Temurdek — S.G‘.) mundoq o‘g‘ul hech ajab emas”, deb ta’rif qiladi.
Mironshohning o‘g‘li Xalil Sulton Navoiy e’tiroficha, yaxshi she’rlar yozgan, sohibi devon bo‘lgan. Davrning mashhur shoiri Xoja Ismatulloh Buxoriy Xalil Sulton devoni ta’rifida qasidalar yozgan ekan. Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” tazkirasida keltirilishicha esa, Temur Bag‘dod yurishiga otlanib turganda Bag‘dod hokimidan forsiyda yozilgan bir qit’a oladi. Unda biz hech narsadan qo‘rqmaymiz, Semurg‘ kabi qanotlarimiz bor, qabilida so‘zlar bitilgan bo‘ladi. Shundan Temur “Koshki men she’r yoza olsam edi, shu qit’aga javob bitardim. Shoyad farzandlarim yoki nabiralarimdan birortasi Ahmad Bag‘dodiyga javobiya qit’a yozsa”, deganida Xalil Sulton javob qit’asini yozgan: “Sen Semurg‘ kabi Ko‘hi Qof qasdini qilma, sa’vadek qanotlaringni yig‘ib ol. Behuda xayollarga berilma, toki yuz ming boshlar ketmasin”.
Qit’ani olgan Sulton Ahmad talvasaga tushib, Rumga qochgan ekan.
Navoiy Xalil Sultonning bir baytini keltiradi:
Ey turki pari paykarimiz, tarki jafo qil, Komi dilimiz, la’li ravonbaxsh ravo qil.Amir Temurning nabiralari — Abobakr mirzo va Sulton Iskandar Sheroziy ham badiiy ijod bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Navoiy ularning tuyuqlarini keltiradi:
Er kerak o‘rtansa, yonsa yolina,Yora yeb yotsa otining yolina. It o‘lumi birla o‘lsa yaxshiroq,Er otonib, dushmanig‘a yolina.Abobakr Mirzo.
To‘lun oyg‘a nisbat ettim yorumi,Ul xijolatdin kam o‘ldi yorumi.Tori mo‘yungning zakotin men beray,Yo Misrni, yo Halabni yo Rumi.Sulton Iskandar.
Sohibqiron Temur o‘z yurishlaridan olimlarni, tarixchilarni olib kelib, saroyda ularga iltifotlar ko‘rsatganida farzandlari ular ilmidan bahramand bo‘lishlarini ham nazarda tutgan edi. Ulug‘bek mirzoning ilmi nujumdagi salohiyati, u yaratgan “Ziji Ko‘ragoniy”ning jahonga tarqalgani, Boysunqur mirzoning Hirotda adabiyot va san’at vakillarini yig‘ib xattotlik, naqqoshlik, matnshunoslik, me’morlik sohalarida maktablar yaratgani aytganlarimizga dalildir.
Alisher Navoiyning butun faoliyati, betakror ijodi esa, temuriy Husayn Boyqaro bilan bog‘liq kechgani shoir tomonidan qayta-qayta e’tirof etilgan.
Navoiy yettinchi majlisni quyidagi ruboiy bilan yakunlaydi.
To Temuru Shohrux degan bo‘lg‘ay ot, Andin so‘nggi shahlar bori farxundasifot.Ey davlatu iqbolg‘a orostai zot,Majmuicha bo‘lsun sanga davroni hayot.«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 28-sonidan olindi.