Ilmiy-adabiy jamoatchilikning e’tiboriga tushish va bu e’tiborni yillar davomida ushlab turishning o‘zi bo‘lmaydi. Erishilgan nuqtada to‘xtab qolmay, muttasil ilgarilash ham oson emas. Bu tinimsiz o‘qish-o‘rganish, intilish-izlanish deganiki, faqat ijodni qismat deb bilgan kishigina bu uzluksiz mehnatga, mashaqqatga bardosh berishi, ayni paytda, ko‘nglida halovat, ruhida qoniqish his qilishi mumkin. Filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqul ana shunday zahmatkash adabiyotshunoslarimizdan.
Ibrohim Haqqul ko‘nglida adabiyotga muhabbat juda erta uyg‘ondi. Buvisidan Ahmad Yassaviy va So‘fi Olloyor hikmatlarini, Alisher Navoiyning dilo‘rtar g‘azallarini eshitib ulg‘aydi. Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirda universitet) o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil ko‘rdi, “Shofirkon haqiqati” gazetasida ishladi. Uning “Daryo kabi hamisha uyg‘oq...”, “Qalbi daryo shoir”, “Mavlono Ashraf”, “Shuhratli adib”, “E’zozli do‘stlik”, “Dovruqdor baxshi” kabi ilk adabiy maqolalari shu yillari tuman gazetasida bosilib chiqdi. 1973 yildan o‘zining faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan bog‘ladi — oddiy laborantlikdan bo‘lim mudirligigacha bo‘lgan ilmiy-ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi. 1975 yili u “O‘zbek mumtoz adabiyotida ruboiy” mavzuida nomzodlik, 1995 yili “O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti” mavzuida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
O‘ziga xos yo‘li, mustaqil fikriga ega olim sifatida Ibrohim Haqqul o‘tgan yillar mobaynida iste’dodining yangidan-yangi qirralarini namoyon etib, bir paytning o‘zida ham mumtoz so‘z san’ati, tasavvuf she’riyati, ham zamonaviy adabiyot masalalari bilan faol shug‘ullanib, “Uvaysiy she’riyati” (1982), “Badiiy so‘z shukuhi” (1987), “Zanjirband sher qoshida” (1989), “Tasavvuf va she’riyat” (1991), “Tasavvuf saboqlari” (2000), “Ahmad Yassaviy” (2001), “Kim nimaga tayanadi?” (2006), “E’tiqod va ijod” (2007), “Navoiyga qaytish” (2007), “Taqdir va tafakkur” (2007), “Meros va mohiyat” (2008), “Ijod iqlimi” (2009) kabi yigirmadan ziyod kitoblar, 300 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar e’lon qildi. Qator maqolalari rus, turk, uyg‘ur va tojik tillariga tarjima qilinib, Moskva, Istanbul, Urumchi va Dushanbedagi nufuzli nashrlarda bosilib chiqdi.
Ibrohim Haqqul maqoladan maqolaga, kitobdan kitobga o‘sib, adabiyot haqidagi muhokama va mulohazalari tobora teranlashib bordi, mumtoz she’riyatimiz namoyandalari ijodining yangidan-yangi qirralarini kashf eta oldi. Shuning uchun uning har bir maqolasi, har bir kitobi adabiy jarayonda iliq kutib olinadi, ko‘pchilikda fikr-mulohaza uyg‘otadi. Uning “O‘zbek adabiyotida ruboiy” nomli ilk monografiyasiyoq Sharq adabiyotida mashhur ruboiy janrining tarixi, genezisi va poetikasiga bag‘ishlangan nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham muhim ahamiyatga molik tadqiqot sifatida baholangan. “Zanjirband sher qoshida” kitobi Alisher Navoiy badiiy olamiga kirish uchun o‘ziga xos ochqich sifatida e’tirof etilib, qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgani ma’lum. “Tasavvuf va she’riyat” kitobida Sharq ijtimoiy-falsafiy, adabiy-ma’naviy tafakkur taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan mazkur ta’limotning kelib chiqishi va rivojlanish yo‘llari, madaniyat va adabiyotga ta’siri, tasavvuf she’riyatining obrazlar olami va istiloh-tushunchalari xususida keng fikr-mushohada yuritilgan. U yangi fakt va ma’lumotlar, teran tahlillar va nozik kuzatishlarga boy.
Olimning qiziqish doirasi keng, maqolalarining mavzu ko‘lami rang-barang: mumtoz so‘z san’ati, zamonaviy adabiyot, tasavvuf falsafasi, xalq og‘zaki ijodi, ma’naviyat masalalari, milliy musiqamiz muammolari... Aytaylik, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Ahmad Yugnakiy, Atoyi, Lutfiy, Gadoiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Uvaysiy, Muhammadrizo Ogahiy, Avaz O‘tar singari o‘zbek mumtoz so‘z san’atining zabardast namoyandalari, Rudakiy, Farididdin Attor, Yunus Emro, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Fuzuliy, Maxtumquli, Ahmad Donish, Robindranat Tagor kabi Sharq adabiyotining mashhur shoirlari hayoti va ijodi to‘g‘risida ham Ibrohim Haqqul salmoqli maqolalar yozdi. Mansur Halloj, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Mohitobon, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshbanddek yirik tasavvuf vakillari xususida qiziqarli tadqiqotlar yaratdi. XX asr adabiyotining Sadriddin Ayniy, Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosir, G‘afur G‘ulom, Oybek, Muxtor Avezov, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Jamol Kamol, Shukur Xolmirzaev, Ne’mat Amin kabi zabardast namoyandalaridan tortib, Usmon Azim, Erkin A’zam, Miraziz A’zam, Xurshid Davron, Tilak Jo‘ra, Nazar Eshonqul, Shodmon Sulaymon kabi o‘z ovoziga ega shoir-yozuvchilari ijodi ham uning tadqiq doirasidan chetda qolmadi.
Vilyam Shekspirning Jamol Kamol tarjimasidagi uch jildli “Saylanma”siga yozgan salmoqli so‘zboshisi uning buyuk ingliz dramaturgi badiiy olamiga qanchalik chuqur kirib borgani, mahorati sirlarini qanchalik hassoslik bilan ochganining yorqin dalilidir. Yoki Lev Tolstoy va Fyodor Dostoevskiy ijodi, Onore de Balzak, Charlz Dikkens romanlari haqida yuritgan asosli mulohazalari uning g‘arbning yetuk romannavislari ijodidan ham bebahra emasligini ko‘rsatadi. Umuman, maqolalaridagi teran mulohazalar, ohorli fikrlar, asosli xulosalardan uning nafaqat Sharqu G‘arb she’riyati, balki nasri, tarixi, ilmi, madaniyati va falsafasidan ham yetarli darajada xabardor ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Ibrohim Haqqul aksariyat shoirlar ijodini Navoiyga qiyosan tekshiradi — Navoiy shoirning shoirligi, adabiyotdagi o‘rni, asarlari badiiyati va umrboqiyligini o‘lchaydigan o‘ziga xos yuksak mezon. Bu bilan kifoyalanib qolmay, u o‘zbek adabiyoti tarixini, xususan, mahorat masalalarini faqat shu adabiyot doirasida emas, balki jahon adabiyoti kontekstida, adabiy aloqalar va o‘zaro ta’sir yo‘nalishida, o‘rni kelganda zamonaviy adabiyot bilan yonma-yon qo‘yib tekshiradi, adabiy merosga umuminsoniy boylik sifatida qarab, izchil ravishda uning tarixiy va hayotiy haqiqatlarga, go‘zalliklarga yo‘l ochuvchi mayoqlaridan biri ekanini isbotlashga intiladi. Shu nuqtai nazardan uning o‘zbek adabiyoti namunalarining ayrim faktlarini goh fors-tojik, goh Yevropa, goh rus adabiyotidagi fakt va holatlar bilan yonma-yon qo‘yib, qiyoslab, ular haqida keng ko‘lamda fikr-mulohaza yuritishi ijobiy hodisadir.
Ibrohim Haqqulning mumtoz adabiyotga doir tadqiqotlariga xos ikki muhim jihat e’tiborga molik; birinchidan, u ajdodlarimiz merosiga ulkan muhabbat bilan yondashib, shoirlar ruhiyatiga chuqurroq kirib borishga intiladi, ikkinchidan, mavzuga bugunning talabi, davrning nigohi bilan qaraydi. U o‘tmish merosidan zamonga hamohang sadolar axtaradi, mumtoz so‘z san’atkorlari va tasavvuf namoyandalari ijodini ham davrga xizmat qildiradi, ularning asarlarini bugungi kun bilan bevosita bog‘lab tahlil qiladi.
Ibrohim Haqqul tadqiqotlarini o‘qigan kishi ularda o‘ziga to‘la ishonch bilan gapirayotgan qat’iyatli, teran bilim va katta tajriba bilan mushohada yuritayotgan yetuk olim, fikr-mulohazalarini shirali til va hassos ruhda ifodalaydigan shoirona qalb sohibining ovozini eshitadi.
Albatta, adabiyotshunoslik ham ilm. Binobarin, adabiyotshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlar ham nazariy fikrlarni ilmiy terminlar bilan ifodalagan holda akademik uslubda yozilishi kerak. Ibrohim Haqqul maqolalarini o‘qiganda esa, tafakkur kuchi bilan birga yoniq qalb haroratini ham his qilib turasiz. Zero, uning yozganlari faqat aql va bilim mahsuli emas, ularga qalb qo‘ri va ruh quvvati ham omuxta qilib yuborilgan. Olimning maqolalari masalaga yangicha va o‘ziga xos yondashuv, teran, nozik va kutilmagan mushohadalarga boyligi bilangina emas, balki kuchli ehtirosga yo‘g‘rilganligi, shiddatli ritmi bilan ham o‘quvchini o‘ziga tortadi. Ayni jihatdan uni adabiyotshunoslarning shoiri, deyish mumkin. Chunki uning shoirona ilhom va ehtiros, olimona shiddat va qat’iyat bilan yozgan poetik jozibaga boy ta’sirchan maqolalari xuddi badiiy asarday o‘qiladi.
Keyingi yillarda Ibrohim Haqqul “Ahmad Kalla”, “Shayton nega yig‘lagan?”, “Ilmni kim vositai joh etar...”, “Navoiyshunos qotili kim?” kabi salmoqli esselarini e’lon qildi. Aytish mumkinki, bu janr adabiyotshunos iste’dodining yangi qirralari, imkoniyatlarini ochgan — ularda muallif qator fanlarning natijalaridan xabardor keng qamrovli ijodkor sifatida namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda Abdulla Qahhor haqidagi essesi adabiy jarayonda aks sado bergani-yu, taniqli munaqqid Ozod Sharafiddinovning unga ochiq xat bilan murojaat qilganini eslash kifoya.
Mumtoz adabiyot tadqiqi bilan shug‘ullanadigan olim u yoki bu darajada matnshunos bo‘lmasligi mumkin emas. Ibrohim Haqqul ham bu borada e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi. U birinchi bo‘lib taniqli turk olimi Kamol Eraslan 1983 yilda Turkiyada chop etgan “Devoni hikmatdan sochmalar” to‘plami hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan Ahmad Yassaviy hikmatlari nusxalari asosida ulug‘ tariqat piri va mutasavvif shoirning “Hikmatlar” devonini nashr ettirdi. Bu adabiy-madaniy hayotimizdagi unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Mazkur nashr 1995 yili Istanbulda ham bosilib chiqdi. 2006 yili u shogirdi Nodirxon Hasan bilan hamkorlikda devonning tuzatilgan va to‘ldirilgan yangi nashrini e’lon qildi. Shuningdek, zahmatkash olim Sayfiddin Rafiddin bilan birgalikda Sulaymon Boqirg‘oniyning “Boqirg‘on kitobi” hamda “Me’rojnoma” asarlarini nashrga tayyorladi.
Ibrohim Haqqul ilm va amaliyotni mahorat bilan qo‘shib olib borayotgan olimlarimizdan biri. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida O‘zbekiston radiosida u yo‘lga qo‘ygan va o‘zi olib borgan mumtoz so‘z san’atkorlari hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Sayqal” eshittirishi o‘sha davrda kuchli aks sado bergani, keng aholi qatlamlari orasiga kirib borgani, ziyolilar e’tirofi va hurmatiga sazovor bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Mustaqillik yillarida esa O‘zbekiston televideniesida o‘n yilga yaqin vaqt davomida “G‘azal sog‘inchi” ko‘rsatuvini olib bordi.
Jismoniy va aqliy mehnat kishilari o‘rtasidagi farq shundaki, avvalgisi yillar to‘fonida kuchdan qolib borsa, keyingisi yoshi o‘tgan sari aqlan to‘lishib, fikri tiniqlashib, quyuqlashib boradi. Yoshligini ilm tahsili va tajriba orttirishga sarflagan ilmu ijod ahli o‘rta va keksa yoshda ko‘p mahsulot berishi sir emas. Ibrohim Haqqulning o‘zi ham keyingi yillarda favqulodda faollashgani har yili kitoblar chiqarayotgani, bir necha o‘nlab maqolalar yozayotgani, ommaviy axborot vositalarida muttasil chiqishlar qilayotgani, ilmiy anjumanlarda qizg‘in ishtirok etayotgani, Buxoro, Samarqand, Termizdagi oliy o‘quv yurtlarida talabalarga o‘zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf falsafasidan saboqlar berayotganida yaqqol ko‘rinib turibdi. Shulardan ma’lum bo‘ladiki, olim ayni yetuklik yoshida. Binobarin, biz uni qutlug‘ oltmish yoshi bilan qizg‘in muborakbod etar ekanmiz, o‘zbek adabiyotshunoslik ilmini yangidan-yangi qiziqarli va salmoqli tadqiqotlar, mamlakat fanini ko‘pdan-ko‘p iste’dodli shogirdlar bilan boyitishda kuch-quvvat tilab qolamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 13-sonidan olindi.