OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov: «Mo‘jizalarning mo‘jizasi» hamda «saralamoq» bobidagi oqsoqlik xususida (2010)

Modomiki “Yoshlik” xonadonimizga tashrif buyurgan ekan, suhbat avvalida bir gapni aytib o‘tsam, muhtaram jurnalxonlar buni maqtanishga yo‘ymaslar, degan umiddaman.

So‘z san’atining mehrigiyosimi yoki taqdir taqozo­simi, umr yo‘ldoshim Veneraxon ham filolog – uzoq yillar maktabda adabiyotdan dars bergan, hozir nafaqada, oilada eng faol kitobxon. Uning ta’sirida beshta sing-lisi – barchasi filolog bo‘lib yetishdi. Bojalarimizdan biri mashhur adabiyotshunos Begali Qosimov, yana biri zukko bilimdon tilshunos Mahfuzillo Rahmonov. Qizim Shoira filologiya fanlari nomzodi, oliy o‘quv yurtida dotsent. Uch o‘g‘lim boshqa kasb egalari bo‘lsa-da kitobsevarlikda ota-onalaridan qolishmaydi. Shavkat Rahmonning to‘ng‘ich qizi Nodiraxon xonadonimizga kelin bo‘lib tushgan, sakkiz yashar nabiramiz Nasima hozirdan yurgan yo‘lida she’r to‘qiydi... Ustozu shogirdlar, hamkasblar o‘z yo‘liga. Do‘stu birodarlarim, ulfatlarimning ham deyarli barchasi adabiyotga daxldor odamlar. Tabiiyki, xonadonimizdagi davra suhbatlarining bosh mavzusi – Adabiyot. Mana, yarim asrdan oshibdiki, deyarli har kuni biznikida majolis-un nafois.

Salkam yetmish yildan beri dastavval adabiyot shaydosi bo‘lib, adabiyot bo‘yicha ta’lim olib, so‘ng filolog-adabiyotshunos, munaqqid sifatida adabiy davralarda yurib, adabiyot haqida betinim o‘y surib, u-bu narsalar bitib, talabalarga dars berib, so‘z san’ati insoniyat yaratgan, aniqrog‘i, Alloh bandalariga in’om etgan noyob ne’mat, sirli-sehrli xilqat ekaniga takror-takror iqror bo‘ldim. Har gal chinakam san’at asarini o‘qiganda, tomosha qilganimda hayratdan o‘zimda yo‘q yayrayman, bir necha kun o‘zimga kelolmay yuraman. Shu yoshimda ham bolalikdan qolgan bu odat meni tark etgani yo‘q. Shunday noyob mo‘‘jiza bilan tanishmay, bu dunyodan o‘tib ketish odam zoti uchun katta yo‘qotish-ku, deb qo‘yaman o‘zimga o‘zim. Ko‘ngilga shu xil tuyg‘u solgani, so‘z san’atiga mayl, mehr uyg‘otgani, rizqimni shu sohadan bergani uchun Yaratganga shukronalar aytaman. Inson faoliyatidagi hech qaysi soha adabiyotchalik sir-sinoatga boy emas, inson va uning tabiati, qismati, qalbi, ruhiyati to‘g‘risidagi haqiqatni kashf etishda hech bir soha so‘z san’ati bilan bo‘ylasha olmaydi, uning o‘rnini bosolmaydi.

Fandagi buyuk ixtiro, kashfiyotlarni, chunonchi, nisbiylik nazariyasini Eynshteyn bo‘lmasa, boshqa bir daho olim yarataverishi mumkin. San’at, adabiyotdagi buyuk kashfiyotlarning tug‘ilishi esa nihoyatda shaxsiy-individual xususiyatga ega. “Gerniki”ni faqat Pikasso, “Uliss”ni faqat Joys, “O‘tkan kunlar”ni esa faqat Qodiriygina yaratishi mumkin. San’atning boshqa turlarini aslo kamsitmagan holda, badiiy adabiyotning imkoniyatlari beqiyosdir, desam mubolag‘a bo‘lmas. Masalan, rangtasvir, arxitektura, musiqa, kino bajarishi mumkin bo‘lgan vazifalarni yozuvchi, shoir so‘z san’ati orqali ado etaverishi mumkin. San’at asari yaratish uchun ko‘pdan-ko‘p ashyo, asbob-uskunalar kerak. Elektr energiyasi bo‘lmasa, kino – hech narsa. Badiiy ijod uchun esa qalam bilan qog‘oz bo‘lsa bas. Hatto ular bo‘lmaganida, og‘zaki tarzda ham yaratilaveradi. Badiiy ijod ana shunaqa noyob xilqat... Uni ardoqlamay bo‘ladimi axir!

Boz ustiga, inson faoliyatiga oid sohalar ichida so‘z san’atichalik tutqich bermaydigan, qolip-qoidalarga tushmaydigani yo‘q. Jahonda o‘tgan, bugun qalam tebratayotgan har bir chin ijodkor, ular qalamiga mansub har bir chin asar o‘zicha bir dunyo; yangi asari bilan ijodkor har gal yangicha yo‘l, usul, “qoidalar” kashf etadi. Buning ustiga, ijodkor shaxsidek sirli, sehrli ajabtovur zot boshqa soha odamlarida topilmasa kerak. Alloh inson zotiga xos jamiki kuchli va zaif, ziddiyatli, mo‘‘jizakor sifatlarni mujassam etish uchun yozuvchilik iste’dodini, shoiru yozuvchilarni yaratgan bo‘lsa ajab emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Alloh o‘zining mislsiz qudratini namoyon etish uchun bu yorug‘ olamni, koinot javhari sanalmish insonni yaratgan. Qarangki, yozuvchi-san’atkor balki Allohning shu yaratuvchilik sifatiga taqlidan so‘z orqali insonni, to‘g‘rirog‘i, inson timsolini yaratishga jur’at etadi.

Abdulla Qodiriydek birgina mislsiz iste’dod sohibi yaratgan badiiy kashfiyotlarni eslaylik. Yusufbek hoji, O‘zbek oyim, Otabek, Kumush, Zaynab, Anvar, Ra’no, Solih maxdum, Obid ketmon singari tirik insonlarni – o‘zbekning rang-barang tabiatli farzandlari siymosini ayni tirik, balki tiriklardan tirikroq odamlar kabi gavdalantirish chindan-da mo‘‘jiza, axir!

Adabiyot ilmi badiiy ijod tabiati, ijodkor shaxsi, ijod psixologiyasi bobida ko‘p ishlar qildi, qilyapti. Ammo ular mutlaqo yetarli emas. Bu borada chin kashfiyotlarga ko‘ra chalg‘ishlar, har tomon og‘ishlar mo‘lroq. Insoniyat hali ulkan iste’dodlar xizmatini munosib qadrlash darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. Biz hanuz chinakam iste’dod sohiblari bilan bu sohaga da’vogar tamagir, havaskor kosiblarning farqiga yeta olganimizcha yo‘q.

O‘tgan asr boshlarida, ko‘p asrlik adabiyotimiz tub yangilanish yo‘liga kirgan kezlari “Adabiyot nadir?”, “Teatr nadir?” degan savollar qatori “Tanqid nadir?” degan masala ham ko‘ndalang qo‘yildi. Shunda, taraqqiyparvar ijod ahli vakillaridan biri, o‘zbek jadidlarining otasi Behbudiy adabiy tanqid haqidagi maqolasida hayot-mamot ahamiyatiga molik savolga javob axtarib “tanqid saralamoqdir” degan oqilona javob topdi. Darhaqiqat, adabiy tanqidning bosh vazifasi, asl funktsiyasi adabiy jarayonni sinchiklab kuzatib, bilimdonlik, nozik did, farosat, bundan ham muhimi, xolislik bilan yondashib, undagi, ya’ni katta oqimdagi xas-xashaklar orasidan chinakam badiiy kashfiyotlarni, chin iste’dodlarni topa bilish, kashf etish, ularga odilona baho berish, chin asarlarning chin nafosati, asl mohiyatini ochib berishdan iborat ekani o‘sha kezlardayoq ayon edi. Milliy tanqidchiligimizning ilk bosqichida Vadud Mahmud, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy va Oybeklar ayni shu yo‘ldan bordilar...

Afsus, ming afsus, totalitar rejim hamma jabhani, jumladan, adabiyotga rahnamolikni qo‘lga olganidan keyin bu xayrli tamoyil barbod bo‘ldi, tanqid maydonida qiyomat qo‘pdi. Ulkan milliy uyg‘onish tufayli qad rostlay boshlagan sog‘lom adabiy jarayonda paydo bo‘lgan har bir yorqin iste’dod, chin badiiy kashfiyot deyishga arzigulik har bir asar, Abdulla Qahhor so‘zlari bilan aytganda, nayza ko‘tarib qarshi olindi; Cho‘lpon, Qodiriy, Fitratlar qismati, Cho‘lpon she’riyati, “O‘tkan kunlar”, Fitrat dramalari, “Sarob”, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Jaloliddin”, “Qo‘shchinor”, keyinroq “Tobutdan tovush”, “Yulduzli tunlar” tevaragida kechgan mash’um mashmashalar, adabiy jaholat, to‘g‘ridan-to‘g‘ri demagogiyadan iborat kampaniyalar yaqin kechmishimizning eng kirlik – qora kunlari tarzida tarixda qoldi.

Istiqlol yillarida ko‘p xayrli ishlar qatori bu jabhadagi xatoliklar bartaraf etildi, adolat tik-landi. Tanqidchilikda demagogiyaga yo‘l ochadigan mus-tabid mafkura, adabiy siyosatning ildizi qirqildi.

Afsuski, bugungi tanqidchiligimizda ham “sara­lamoq” bobidagi ojizlik, oqsoqlik butunlay bartaraf etilgani yo‘q, u boshqacha ko‘rinishlarda davom etyapti. Bir vaqtlar Abdulla Qahhordek talabchan adib: “Adabiyot daryosi qurib-qaqshab yotgandan ko‘ra, loyqa bo‘lsa ham to‘lib oqqani ma’qul, bo‘tana oqim ham oxir-oqibat tinadi-da axir” degan edilar. Hozir bizda shunday jarayon ketyapti: Istiqlol bergan erkinlik tufayli milliy adabiyotimiz daryosi to‘lib-toshib oqyapti, bu oqimda xas-xashaklar, ko‘pigu quyqalar behisob. Didli kitobxon hafsalasini pir qiladigan xashaki “ijod namunalari” bilan barobar, gavharga arzigulik badiiy topilmalar ham yo‘q emas. Bugungi adabiy jarayonni sinchiklab kuzatib, astoydil saralansa, adabiyotimizning hozirgi kuni va ertasiga umid uyg‘otadigan hayotbaxsh tamoyillarni o‘zida mujassam etgan ijod namunalari ham mavjud ekaniga amin bo‘lamiz. Hamkasblarimga og‘ir botsa ham bir gapni dangal aytay: tanqid adabiy jarayondan ortda qolyapti. So‘rab, surishtirishlar shundan dalolat berayotirki, keyingi o‘n yil ichida, jahon adabiyotini qo‘ya turaylik, o‘zimizda e’lon etilgan asarlarni to‘la-to‘kis o‘qib, kuzatib borgan birorta ham munaqqidni topolmaysiz. Bir vaqtlar shaxsan o‘zim adabiyotimizdagi birorta asarni ham e’tibordan chetda qoldirmay kuzatib, o‘qib borardim. Hozir ham imkon boricha harakat qilaman, ammo hammasiga ulgurolmayman. Ehtimol, shu yoshda men uchun bu hol uzrlidir. Ammo yoshroq munaqqidlarni bu borada aslo kechirib bo‘lmaydi. Tanqid maydonida turgan, o‘zini munaqqid sanovchi azamat uchun bu mashaqqatli yumush majburiydir. Adabiyot daryosida g‘avvos kabi suzmay, oqimdagi hamma narsalardan yaxshi xabardor bo‘lmay turib, uni saralash aslo mumkin emas. Afsus, ming afsus, sohilda turib olib oqim xususida xayolan, taxminan hukm chiqarishga urinishlar, nolishlar ko‘zga tashlanayapti. Bir vaqtlar ulug‘ bir rus adibi afsus-nadomat bilan, yaxshi munaqqidlarning e’tiborsizligi, hafsalasizligi tufayli qanchadan-qancha noyob iste’dodlar, badiiy kashfiyotlar el nazaridan chetda qolib ketayotganini aytgan edi.

Sir emas, bugungi adabiyotimizda jiddiy jonlanish, ko‘tarilish jarayoni ketyapti, bu hol barcha adabiy avlod vakillariga xos, shu bilan barobar, milliy adabiyotimiz dargohiga yangi bir navqiron avlod shitob bilan kirib kelayotgani quvonarli hol. Ularning minbarlardagi ilk chiqishlarini, matbuotdagi ilk hikoya, she’rlarini, ilk to‘plamlarini o‘qib ko‘ring-a, ularni bundan 20-30 yil burun adabiyotda paydo bo‘lgan yosh ijodkorlar mashqlari bilan solishtirganda, bugungi navqiron avlodning bo‘yi bir necha barobar baland ekaniga iqror bo‘lasiz. Shu yil aprel oyida Farg‘ona viloyatida o‘tgan adabiyot bayrami kunlari yosh shoir va nosirlarning chiqishlari ko‘plar qatori meni ham lol qolirdi. Ayniqsa, Marg‘ilondagi pedagogika kollejida o‘tgan adabiy anjumanda yoshlar o‘qigan she’rlar... Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzodek taniqli Xalq shoirlari qatorida turib, minbardan she’r aytishning o‘zi bo‘lmaydi! Zalda Xalq shoirlariga qanday olqishlar yog‘dirilgan bo‘lsa, yoshlarning she’rlari ham o‘shanday gulduros qarsaklar bilan qarshi olindi. Yana bir ajib holat. Yosh shoir, shoiralarning ayrimlari ona tilida aytgan she’rlarini o‘z tarjimasida rus, ingliz, nemis va yapon tillarida o‘qidi! Tarjima bo‘yicha mutaxassislar ular haqida iliq gaplar aytdi.

Qisqasi, 30-40 minutga mo‘ljallangan anjuman uch yarim soatga cho‘zildi. Birorta odam ham zalni tark etmadi. Tantanadan so‘ng alohida-alohida ijodiy gurunglar yana uzoq vaqt davom etdi. Shaxsiy suhbatlar chog‘i yoshlar orasida, she’riyat bilan barobar, hikoya, qissa, drama, hatto roman yozganlari, adabiy tanqid bilan qiziqadiganlari ham borligi ma’lum bo‘ldi.

Bunday manzarani boshqa viloyatlarda ham kuzatish mumkin. Yomon ko‘zdan asrasin, yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda mavj urayotgan yangi to‘lqin, albatta, o‘z natijalarini berajak.

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 5 (234)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.