OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Yangi asr odamlari (2009)

O‘tgan asrning 70-yillari milliy nasrimiz maydoniga yangi iste’dodlar kirib keldi: Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sultonovlardan iborat navqiron avlod adabiy jarayonga o‘zgacha bir to‘lqin, ruh baxsh etdi, “adabiy aholi” safiga o‘nlab betakror tirik odamlar obrazini olib kirdi. Ular safida qirq yildan beri charx avzoiga qarab ikkilanmay, og‘ishmay, tovlanmasdan o‘zligiga, hayotiy, ijodiy tutumiga sodiq qolib kelayotgan Erkin A’zam ham bor. Erkinning “Chiroqlar o‘chmagan kecha”, “Otoyining tug‘ilgan yili”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Olam yam-yashil”, “Javob”, “Pakananing oshiq ko‘ngli”, “Shoirning to‘yi” kabi latif lirizm, ajib serzavq yumor, g‘aroyib diltortar kinoya, piching, istehzolar bilan yo‘g‘rilgan hikoya, qissalari milliy adabiy tafakkurimizning uzviy qismi, betakror namunalari sifatida adabiyotimizda o‘ziga xos hodisa bo‘ldi, adabiy-ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi.

Muayyan tanaffusdan keyin “roppa-rosa bir yillik izlanishlar mahsuli” bo‘lgan “Jannat o‘zi qaydadir” deb nomlangan kitobini varaqlaganda, bir tomondan, talabalik yillaridan biz bilgan, bugun 60 yosh bo‘sag‘asida, sochiga oq oralagan chog‘ida ham yoshlikka xos o‘sha zavqu shavq, ham achchiq, ham sho‘x-shodon tabassumini yo‘qotmagan, ayni paytda hayotda, ijtimoiy faoliyatda, badiiy ijodda katta tajriba to‘plagan yetuk qalam sohibi qiyofasi shundoqqina ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

Erkin ayrim ijodkorlar kabi aytadigan gapi “hikoya” yoki “qissa” janri qobig‘iga sig‘may qolgani uchun o‘zini “roman”ga urmadi, hamon hikoya va qissanavisligicha qoldi. Kitobdan joy olgan “Yozuvchi” va “Aralashqo‘rg‘on” hikoyalari bu ixcham janrda ham romanga tatigulik odamlar qismati, dardi-dunyosini ifodalash mumkin ekanliginini tasdiqlab turibdi. To‘plamga “Tafakkur” jurnaliga peshlavha tariqasida yozilgan, jurnalxonlar e’tiborini qozongan publitsistik miniatyuralari ham kiritilgan. Ayni muxtasar hikoya namunalarini eslatadigan bu tur asarlarida ham ko‘rimli manzaralar orqali ko‘lamli fikr-mulohazalar ilgari surilgan.

Muallifning so‘nggi yillar ijodida yangilik bo‘lgan drama va kinostsenariya janri namunalariga kelsak, bu borada ham o‘sha biz bilgan Erkinjon baribir o‘zligiga sodiq qolgan. Chunonchi, “Suv yoqalab”, “Zabarjad” asarlari kinoqissa deb yuritilgan, “Jannat o‘zi qaydadir” esa dramatik qissa deb atalgan; “Suv yoqalab”, “Zabarjad”, “Jannat o‘zi qaydadir” asosida ajoyib filmlar yaratildi, ammo uchala asar ham ayni paytda yetuk qissa namunasi tarzida shavq bilan o‘qiladi. Adibning dilbar lirik talqinlari, latif yumori, kinoya-kesatiqlari esa avvalgilariga ko‘ra kengroq, teranroq badiiy, ijtimoiy-falsafiy ko‘lam kasb etadi. Kitobga kirgan asarlarning deyarli hammasi ayni shu kunlarimiz, shu kungi odamlarning — zamondoshlarning qismati, dardi-dunyosi, ularni qiynayotgan hayot, turmush muammolari ustida bahs etadi. Bir tizimdan ikkinchi bir tizimga o‘tish davri zamondoshlar tabiatida, qarashlarida, qismatida, ruhiyatida yuz berayotgan evrilish, o‘zgarishlar jamiki ziddiyatlari, musbat va manfiy tomonlari, dolg‘alari va og‘riqlari bilan ko‘z oldingizda baralla gavdalanadi. Kitobda qad rostlagan odamlarni xayolan bir safga tizib chiqsangiz, go‘yo mohir rassom chizgan portretlar galereyasi birma-bir ko‘z oldingizdan o‘tadi, poytaxt fuqarolaridan tortib olis tog‘ qishlog‘i odamlari — fan, ta’lim sohasi xodimlari, rahbar-arbob, yozuvchi, jurnalist, sho‘rodan qolgan odamlar, oddiy uy bekasidan tortib bozor munosabatlari asnosida shakllanayotgan jahongashta biznesmenlar... o‘nlab, balkim, yuzlab bir-birini aslo takrorlamaydigan tirik odamlar — adabiy personajlar... Kitobda qimirlagan jon borki, har birining o‘z tabiati, tabiatiga yarasha o‘z qarashi, manfaati, dardi-dunyosi, qismati bor. Yozuvchining o‘zi e’tirof etganidek, kitob qahramonlari orasida yaxshisi ham bor, yomoni ham bor. Qolaversa, “yaxshi” deganimizning osiy banda sifatida ojiz tomoni, “yomon”larning esa lop etib ijobiy fazilatlari ham ko‘zga tashlanadi. Darvoqe, o‘zimiz shunday emasmizmi? Begunoh farishta bo‘lganimizda osmonlarda parvoz qilib yurmasmidik... “Gunohkor”lar ham Allohning bandasi, payti kelib qalbi tubida cho‘kib yotgan chin insoniy tuyg‘ulari birdan yuzaga chiqsa ne ajab! Kitobda ayni shu mangu haqiqatni tasdiqlaydigan o‘nlab alomat hayotiy lavhalar bor.

Ilk bor “O‘zAS”ning ikki sonida e’lon etilishi bilanoq el og‘ziga tushgan, ijobiy ma’noda shov-shuvlarga asos bo‘lgan “Yozuvchi” qahramoni, garchi o‘rtamiyona qalamkash bo‘lsa-da, aslida adabiyot maydonida ot surib yurgan dongdor otaxonu akaxonlarning ko‘pchiligiga nisbatan asl adabiyotga yaqinroq, hatto uning sodiq fuqarosi; bugina emas, jafokash fidoyisi, muhimi, u yolg‘onni yozmaydi, g‘irromlikni bilmaydi. O‘lgudek tortinchoq, xokisorligi tufayli ko‘zga ko‘rinmaydi. Butun umri o‘z asarini, o‘zligini namoyon etolmay, o‘zgalar xizmati, o‘zgalarni yuzaga chiqarish bilan o‘tadi. Uning noyob iste’dodi — zahmatlari tufayli so‘z san’ati dargohiga aloqasi yo‘q qanchadan-qancha kimsalarning chalakam-chatti chizmalari kitob holiga kelib, chop etilib dovruq qozonadi. Hikoyani o‘qir ekansiz bu foniy dunyoning ulkan bir haqiqati — adolatiga tan berasiz: o‘zgalarning mehnati, zahmati tufayli topilgan soxta shuhrat, obro‘-e’tibor — barcha-barchasi o‘tkinchi, yuzaga chiqmay qolib ketgan ma’naviy bisot esa adabiy maftunkor tuyg‘u sifatida ardoqli. Qarangki, bir sofdil, bechorahol qalamkash qora mehnati, zahmatlari evaziga kitoblar chiqarib dovruq qozongan arbob umri poyonida bu xil qilmish-qidirmish g‘irt bema’nilik, olg‘irlik, gunohi azim ekaniga iqror bo‘ladi. U afsus-nadomat bilan: “Mehnatni siz qildingiz-ku! Shuni bilmay men bir lodonu ovsarmidim? Nima zaril deng-a! Mana, hammaginasi qolib ketar ekan”, deydi. Bir qarashda bechorahol, faqiru haqir, noshud-notavon, omadsiz, hatto asl nomi, ismi sharifi ham noma’lum, shunchaki kinoya aralash “domla”, “muharrir”, “yozuvchi” deb yuritilgan zot ayni o‘sha abadiy maftunkor tuyg‘u tajassumi sifatida qalbingizda qoladi; uning qora mehnati tufayli topilgan obro‘ olg‘irlarga yuqmaydi: uning sha’nini toptaganlar, uning g‘aribona kulbasi — “bog‘i eram”iga ko‘z olaytirganlarni, oxir-oqibat qora yer yutadi. Shu tariqa boshdan-oyoq jo‘shqin tabassum, kinoya-kesatiq, istehzo, ovsarona donishmandlik bilan yo‘g‘rilgan g‘aroyib musiqiy kuy ezgulikning madhi, qabohatning inqirozi, inkori bo‘lib yangraydi.

Chinakam san’at asari bamisoli qalb ko‘zgusi — kitobxon unda o‘zini, aniqrog‘i, o‘zining ojiz jihatlarini ko‘radi, ko‘rib andak xijolat tortadi. “Aralashqo‘rg‘on” ana shunday asarlar sirasidan. “Kattakonning kuchugi” kechayu kunduz akkillab qo‘rg‘on ahliga tinchlik bermaydi. Qo‘rg‘on ahli chora izlab oxiri Kattakonga ochiq xat — iltimosnoma yozishga ahd qiladi; nihoyat, xat tayyor, ammo unga imzo chekishga kelganda do‘kondor, daydi shopir, fan nomzodi, dotsent, oqsoqol, muxbir — barchasi o‘zini chetga oladi, chunki barchasining tili qisiq, Kattakon ularga o‘tkazib qo‘ygan... Biri-biridan kulgili lavhalar bilan tanishib xandon otib kulasiz — ayni choqda beixtiyor ko‘nglingizdan bir alamli savol o‘tadi: “O‘sha tanish odamlar o‘rnida men bo‘lsam nima qilardim?!”. Bu savolga javob topolmay o‘ylanib qolasiz... Ana, asl san’at asarining sir-asrori, kuchi!

Kinoqissalarda hayot panoramasi, qamrovi yanada kengayadi. “Suv yoqalab” asarida oddiygina kundalik voqea qalamga olinadi — sobiq rais Bolta Mardon ikki o‘g‘lini yoniga olib suvga tashna qo‘rg‘onga suv keltiradi, shu jarayonda u bir qator hamqishloqlari bilan uchrashadi, gurunglashadi, kechmish xotiralari xayolidan o‘tadi, zamon evrilishlari, hamqishloqlari qismati, tashvishlari, dardu dunyosi uni o‘yga toldiradi. Rais deganda xayolimizga darhol “Sinchalak”dagi Qalandarov yoxud “Diyonat”dagi Otaqo‘zi siymosi gavdalanadi. Bolta Mardon aslo ularga o‘xshamaydi. U mansab-martaba tufayli aynigan, haddidan oshgan qahramonlar toifasidan emas. Raislik lavozimida yurgan kezlari qo‘lidan kelgancha odamlarga yaxshilik qilgan, hamisha adolat yo‘lini tutgan, halolligi, qalb saxovati bilan odamlar mehrini qozongan. Lekin imkoniyat doirasidan tashqari chiqolmagan, shuncha yil rahbar bo‘lib qishlog‘iga ariq chiqarib suv keltirishga qurbi yetmagan. Mana shu narsa armon bo‘lib ko‘nglini kemiradi. Odamlar ham uni yaxshi tushunishadi. Bugun ham hurmatini joyiga qo‘yishadi. Biroq ayrim g‘alamislar sharmsizlarcha uning “davri o‘tganligi”ni yuziga solishganda, qalbida andak og‘riq sezadi, ammo o‘ziga emas, o‘sha beyuz kimsalarning holiga achinadi. Ayniqsa, hamyurtlar orasida avj olgan nafs balosi, bu yo‘lda o‘zini har yoqqa urishlar, haddan oshishlar, axloq-odob doirasidan chetga chiqishlar qalbini o‘rtaydi.

“Suv yoqalab” asarida bu azamat donishmand oqsoqolning shaxsiy-intim hayoti bilan bog‘liq nozik kechinma-tuyg‘ulari ham namoyon bo‘ladi. Bolta Mardonning tushda va o‘ngda Sharofat bilan muloqotlariga oid lavhalar latif bir lirik tarzda ta’sirchan ifodalangan. Sharofatning baxtsiz kechmishi Bolta Mardonning qalbini o‘rtaydi. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan ayoli yuvosh, yaxshi xotin, biri-biridan shirin qiz, o‘g‘lonlar tug‘ib katta qildi. O‘zi undan biron yomonlik ko‘rmadi, lekin ko‘ngil qurg‘ur he-ech... Demak, shoir aytmoqchi:

Birin hur deyinmi,birin guloyim,
Suymaganim suyganimdanmuloyim.
Bu qanday ko‘rgilik ekan, Xudoyim,
Ko‘nglimda bir yoru qo‘ynimda bir yor.

U dunyodan ana shunday armon bilan o‘tayotir. U umrining poyonida shu armonini, ko‘ngil asrorini eng yaqin kishisi — o‘z zurriyodiga ochadi, zurriyodi, qolaversa, avlodlar uchun bu chigal qismat bir saboq bo‘lishini istaydi... Umr savdosi ostonasida ikkilanib turgan o‘g‘liga qarata: “Ko‘nglingga qara, bolam! Lekin uylansang, shunday birovini topib xotin qilginki, sira-sira joningga tegmasin! Necha yil o‘tsa ham! Bunisi endi har kimgayam nasib etavermaydi, albatta. Bo‘lmasa, bu savdo — bir umrlik azob”, deydi alam bilan. Ayni shu lavha asarning, qahramonning joziba kuchini yana ham ochib yuboradi. Bir umrlik azob o‘lim bilan intihosiga yetadi.

O‘z bilganidan qolmaydigan, o‘jar, tanti, shaddod qiz-ayol qismatidan bahs etuvchi “Zabarjad”, bugungi evrilishlar zamonida bir oila a’zolari orasida yuz bergan ziddiyat, bo‘linishlar qalamga olingan “Jannat o‘zi qaydadir” asarlari ham jiddiy o‘y-mushohadalar, teran ilmiy tahlil, talqinlar uchun asos beradi.

Qisqasi, Erkin A’zamning bu kitobi bilan tanishar ekansiz, biz yashayotgan zamon jamiki ziddiyatlari, son-sanoqsiz muammolari, jumboqlariga qaramay, baribir, buyuk umidlar pallasidir. Biyron soqiy tantanavor aytganiday: “Biz dunyoda eng baxtli insonlarmiz! Biz yangi asr odami bo‘ldik! Ikki asr, ikki ming yillik belbog‘ida yashamoq har kimga ham nasib etavermaydi...”.

Darhaqiqat, tarixning mana shunday avj pallasini ko‘rmoq va ikki asr, ikki ming yillik nasibasini tatimoq, bundan ham muhimi, buyuk ajdodlar orzusi — Istiqlol shohidi va ishtirokchisi bo‘lmoq, avvalo, taqdiri azalning hukmi, yorug‘ peshonamizdagi qutlug‘ bitikdir. Bunday buyuk saodat sizu bizga nasib etganining o‘zi ilohiy siylov emasmi, aziz zamondosh!

Kitobni yopar ekansiz, o‘yga tolasiz, oxir-oqibat ana shunday iftixor tuyg‘usi qalbingizda jo‘sh uradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 22-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.