OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Valijon Qodirov. Bobur Navoiy bilan adashmi? (2009)

Bu savoldan hayron bo‘lishingiz tabiiy: ismi bir xil kishilar adash bo‘ladi, bu yerda unday nisbat yo‘q-ku? Albatta, shakl jihatidan ulug‘ bobolarimiz adash emasligi aniq. Lekin ismlari anglatgan ma’nolarga ko‘ra nomdoshdirlar. Qanaqasiga deysizmi?

Avvalo hazrat Navoiyning ismlari kelib chiqishi — etimologiyasiga diqqatni qaratamiz. O‘zbeklar orasida tug‘ilgan o‘g‘il farzandga Alijon, Alisher deb ot qo‘yish ko‘p uchraydi. Umuman, Ali butun musulmon yurtlarida keng tarqalgan ism. Buning sababi payg‘ambarimizning chahoryorlaridan biri hazrati Ali Abu Tolib o‘g‘liga borib taqaladi. Bu zotning islom tarixida alohida o‘rni bor. Uning bahodirligi, dushmanlar bilan janglarda ko‘rsatgan qahramonliklari o‘zi bir tarix. Shuningdek, ma’naviyat borasidagi ulug‘ligi, jasorati ham tillarda doston bo‘lgan. Shu bois, musulmon xalqlari orasida Muhammad alayhissalomning uni alqab “Ali — mening sherim”, “Ali — Allohning sheri”, deganligi haqida naql yuradi. Ayrim diniy manbalarda, og‘zaki rivoyatlarda “Ali — sheri xudo” (Ali — xudoning sheri) tarzida tavsif uchraydi. Ana shu tavsifning ikkinchi qismi bo‘lgan forsiy izofa (sheri xudo) ixchamlashib, turkiylar orasida jumla “Ali — sher” tarzida (ya’ni “Ali — bu sherdir” ma’nosida) qo‘llangan. Keyinchalik ulug‘ zotning ismi (Ali) hamda u vasf qilingan kalom (sher) birlashtirilib, unga hurmat-ehtirom va havas ramzi sifatida dunyoga kelgan zurriyotlariga Alisher ismini qo‘yish urfga kirgan. Bu, shuningdek, xalqimizning hazrati Alidek jismonan yetuk, e’tiqodi but, ma’naviyati yuksak avlod haqidagi orzusining ifodasi hamdir. Navoiyning ota-onasi ham mana shu e’tiqod va orzu ifodasi o‘laroq o‘z dilbandlariga Alisher, deb nom qo‘ygan bo‘lsalar ajab emas.

Endi “Bobur”ga kelsak, bu so‘z arabcha bo‘lib, “sher” degan ma’noni bildiradi. Buyuk vatandoshimizga qo‘yilgunga qadar xalqimiz orasida bu ism urf bo‘lmagan. Ayrim mutaxassislar shoirning asl ismi Zahiriddin Muhammad bo‘lib, yoshligidan jasur, dovyurak bo‘lgani uchun keyinchalik unga Bobur laqabi berilgan, deydilar. Lekin tarixiy manbalarga murojaat qilinsa, bu fikr unchalik to‘g‘ri emasligi oydinlashadi. Jumladan, Boburning yaqin qarindoshlaridan bo‘lgan Muhammad Haydar Ko‘ragonning “Tarixi Rashidiy” asarida yozilishicha, o‘g‘il ko‘rgan Umarshayx mirzo o‘z davridagi naqshbandiylik tariqatining mashhur namoyondasi, ulug‘ piri komil Xo‘ja Ahrori valiyning huzuriga borib, bo‘lg‘usi taxt vorisiga tabarrukan ism qo‘yib berishini so‘raydi. Murshidi komil bir oz mushohada qilib, chaqaloqqa Zahiriddin Muhammad nom bo‘lsin, deydi. So‘ng boshini quyi solib, bir muddat sukut qiladi-da, oddiy odamlar bu nomni aytishga qiynalishini andisha qilib, xalq orasida Bobur atalishi ma’qul, deydi. Bundan kelib chiqadiki, saroyda, ziyolilar davrasida valiahdni Zahiriddin Muhammad, xalq ichida Bobur ismi bilan atalishi iroda qilingan. Lekin ko‘p davralarda bu ikki nom yaxlit ism sifatida ishlatiladigan bo‘lib qoldi. Shoirning o‘zi ham bir ruboiysida ismini shunday yaxlit qo‘llaydi:

Tuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur!
Sarrishtai ayshdin ko‘ngulni zinhor,
Uz, oh, Zahiriddin Muhammad Bobur!

Xo‘sh, buning Alisherbekning ismiga qanday nisbati bor?

Adabiyotshunos Vahob Rahmonovning Andijonda o‘qituvchilar bilan uchrashuvda bildirgan fikriga ko‘ra, “Zahiriddin Muhammad” bizning tilga o‘girilganda “Muhammad dinining tayanchi”, degan ma’noni anglatar ekan. Dinning tayanchi deyilganda esa, o‘spirinlikdan Muhammad alayhissalomga yo‘ldosh, og‘ir kunlarida qo‘ldosh bo‘lgan, butun hayotini islomni quvvatlantirish ishiga bag‘ishlagan zot — Hazrati Ali nazarda tutiladi, bizningcha. Bir muborak hadisda aytilishicha, Muhammad alayhissalom u zotga qarata shunday deganlar: “Yo Ali, sen menga Muso alayhissalomning Xorun degan akasi kabi yaqindursan. Lekin Xorun kabi payg‘ambar emassan. Chunki mendan so‘ngra payg‘ambar chiqmas”.

Shu o‘rinda ishtiboh uyg‘onishi mumkin: Zahriddin Muhammad — dinning tayanchi deganda boshqa sahobalar ham tushunilishi mumkin-ku! Qolgan chahoryorlarning uchalasi ham o‘z vaqtida dinga tirgak bo‘lganlar, buyuk xizmatlar qilganlar, qolaversa, bu zotlar haqida ham yuqoridagi kabi ularning ulug‘ligini tasdiqlovchi hadislar bor. Bu — to‘g‘ri mulohaza. Bizning mazkur fikrga kelishimizga Xo‘ja Ahrori valiy hazratlarining nom qo‘yishdagi keyingi tavsiyasi turtki bo‘ldi. O‘ylab ko‘raylik, zamonining shariat va tariqat peshvosi nima uchun Zahiriddin Muhammadga muqobil ravishda boshqa emas, aynan Bobur ismini qo‘yishni ma’qul ko‘rdi? Bu zotning har bir xatti-harakati, so‘zlari, o‘y-fikrlari din doirasidan tashqarida bo‘lmaganiga hech kim shubha qilmaydi. U hech vaqt bir musulmon odamning farzandiga yirtqich jonzot ma’nosiga ko‘ra ism qo‘ymasligi aniq. “Bobur” lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra “sher” ekan, bu sher Muhammadga keltirilgan dinning tayanchi Alidir. Payg‘ambarimizning ko‘p safdoshlari dinning tayanchi sifatida tan olinganlar, lekin ana shu tan olinganlar ichida yolg‘iz Hazrati Aligina Ollohning sheri sifatida ulug‘langanlar. Demak, Bobur ismida Alisher kabi aynan shu zotga iqtibos bor.

Mumtoz adabiyotimizning yana bir yirik vakili Shermuhammad Munis ham bir ruboiysida o‘z ismining Navoiyga ma’nodoshligini faxr bilan qayd etgan edi:

So‘z ichra Navoiyki jahongirdurur,
Munisg‘a maoniy yo‘lida pirdurur.
Yo‘q g‘ayrat andin o‘zgakim ayturlar:
— Bu Shermuhammad, ul Alisherdurur.

Shoir so‘z bilan jahonni zabt etgan Navoiyni “maoniy yo‘lida” o‘ziga pir deb bilar ekan, nafaqat ijodda, hatto ismlari ham ham o‘zaro uyg‘un ekanligini ta’kidlaydi: ustoz Alisher bo‘lsa, men Shermuhammadman, deydi u. Munisning ismi forsiy izofa shaklidagi “sheri Muhammad”dan olingan bo‘lib, “Muhammadning sheri” deganidir. Yuqorida aytilganidek, bu – Abu Tolib o‘g‘lining alqov laqabi. Mazkur fakt ham bildirilgan fikrlarni quvvatlashga xizmat qiladi.

Albatta, aytilganlar ushbu maqola muallifining bir mulohazasi. Kimdir boshqacha fikrdadir, kimdir e’tiroz bildirar. Lekin nima bo‘lganda ham bir haqiqat borki, bizningcha, hamma unga qo‘shiladi: she’riyat sultoni Alisher ham, shoh va shoir Bobur ham o‘zbek millatining, umuman, turkiy ulusning ma’naviy sherlaridirlar, alilaridirlar.

Valijon Qodirov,

Andijon davlat universiteti doktoranti

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.