OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xosiyat Bekmirzayeva. Bobur she’riyatida hijron timsoli

Har bir shoir o‘z his‑hayajoni va kechinmalarini jonli va yorqin tarzda aks ettirish uchun ranglarga ham asoslanadi. Talantli shoir ta’bir joiz bo‘lsa, ranglarni gapirtiradi aytmoqchi bo‘lgan fikr boqacha manzara kasb etadi.

Ma’lumki, Sharq she’riyatida ishq mavzui ko‘p hollarda bevosita hijron va ayriliq motivi orqali tasvirlanadi. Bu holat Bobur she’riyati uchun ham xosdir. Bobur faqat an’anaviy oshiqlikda emas, inson va shohlikda ham hijron shoiri. Uning ko‘nglida yordan judolik hislari bilan elu yurtdan ayriliq his‑tuyg‘ulari uyg‘unlashib ketgan. Shuning uchun uning g‘azal va ruboiylarda Hijron poetik obraz darajasiga ko‘tarilgan. Hatto shahslantirilgan. Boburning hasbi holidan puxta xabardor bo‘laman degan kishi avvalo shoirning hijron va g‘urbat xususidagi she’rlarni atroflicha mushohada qilmog‘i kerak.

Boburning asosiy g‘animi va uni doimiy ravishda qiynovchi shafqatsiz muxolifi hijron.

Hijron g‘amidin zaif jonim so‘ldi
G‘urbat alami birla ichim qon bo‘ldi.

Yordan judolik, yaqinlardan, molu davlatdan ayrilish albatta og‘ir. Biroq hijronning eng azobli, eng og‘iqlisi vatandan yiroqlik.Bunda xususan yurtga qayta olmaslik tuyg‘usi chinakam qiynoqqa aylanadi. Shu boisdan shoir olis Hindistonda turib ayriliq azoblarini tortar ekan, tassavvurida “jon qushi” Hijron qafasida bo‘g‘ilib, g‘urbat “aziz umrni” soat sayin kemirayotganday bo‘ladi.

Hijron qafasida jon qushi ram qiladur,
G‘urbat bu aziz umrni kam qiladur.
Ne nav’ bitay firoqu g‘urbat sharhin-
Kim, ko‘z yoshi nomaning yuzin nam qiladur.

Haqiqatda ham “firoqu g‘urbat”ni sharhlash, sharhlaganda ham uni nihoyasiga yetkazish mumkin emas. Mana shunda shoirga go‘yo rang yordamga keladi. U o‘zining holini sarg‘aygan xazon yaprog‘idan farqlamay qoladi.

Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rub rahm aylagil, ey lola rux, bu chehrai zardi,

Adabiyotshunos I.Haqqul ushbu matla’ bilan boshlanadigan g‘azalni – manzara g‘azal, unda go‘yo ikki yaratuvchi-ikki suvratkash ishtirok qiladi: biri – tabiat, ikkinchisi – shoir, deydi. Chindan ham shunday. Bu “Xazon yaprog‘i” iborasi alohida olinganda ham lirik qahramon ahvolini sharhlaydi. Zotan, hijron dardi u tufayli uning chehrasi sarg‘ayganki, qismati ham “xazon yaprog‘i”ga o‘xshash. Ayni paytda buni yorning gul yuzi, lola kabi gulgun chehrasi bo‘rttirib namoyon etadi. Bu o‘rinda boshqa bir jihatni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Chunki Boburda kuz fasli, ayniqsa, xazonrezlik manzaralariga qandaydir bir oshuftalik bo‘lgan. “Boburnoma”da ushbu fikrni tasdiqlaydigan ko‘plab qayd va ifodalar mavjud. Masalan:“Bog‘i Vafog‘a sebargazor, anor daraxtlari sap-sarig‘ xushrang xazon bo‘lubtur”; “Dushanba kuni xazon sayrig‘a Istalifg‘a borildi”; “…Istarg‘achda bir yaxshi xazonliq bog‘da tushub, suhbat tutuldi” vahakazo. Demak, xazon va sariq rangning Bobur she’rlaridan keng o‘rin egallashiga tabiat ham ta’sir ko‘rsatgan. G‘azalning navbatdagi baytini o‘qiymiz:

Sen, ey gul, qo‘ymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayog‘ingg‘a tushub bargi xazondek muncha yolbordim.

Xazon yaprog‘i−daraxtdan uzilgan yaproq. Ma’shuqa gulga o‘xshasa−da, uning “sarkashligi” qaddi raso sarv kabidir. Oshiq sarv daraxti tagiga tushgan bargdek yor oyog‘iga bosh urib yolvoradi.Bu holat ham sariq rang yordamida yoritib berilgan.Gul va xazon yaprog‘i tazodi navbatdagi baytda davom ettiriladi:

Latofat gulshanida gul kibi sen sabzu xurram qol,
Men archi dahr bog‘idin xazon yaprog‘idek bordim.

Bu gapni yor bilan xayrlashuv deb tushunish ham mumkin, jonajon diyor bilan vidolashmoq deb qabul qilsa ham bo‘ladi. Lekin “Latofat gulshani”−go‘zallik gulshani. Yor ana shu bo‘stonning guli. O‘zini xazon yaprog‘i kabi his qilgan lirik qahramon yorga oldin yolvorgan bo‘lsa, endi uning umri hech zavol ko‘rmasligini tilaydi. Negaki uning qismati aniq: “bu dahr bog‘idin xazon yaprog‘i yanglig‘” ketish. Xo‘sh el‑ulus nima deydi? Mana shoirning javobi:

Xazondek qon yoshim, sorig‘ yuzumdin el tanaffurda,
Bahar range, bihamdilloh, ulusdin o‘zni qutqordim.

Tilimizda “qon yosh” iborasi bor, lekin “qon yoshning” xazondek bo‘lishi va uni “sorig‘ yuz”da aks etishi yangicha ifoda. Bahar range turli rang degani. Va u ulusdin o‘zni qutqazishdagi qiyinchilik chekishni ta’kidlaydi.

Rangshunoslikda sariq rang ruhning kuch‑quvvatga to‘lishini ifodalaydi, degan fikr aytilgan. Bobur she’rlaridagi sariq rang sirtdan qaralganda mahzunlik, g‘am‑anduh, shikastalik kabi holat va kayfiyatlarni aks ettirayotganday tuyulsa‑da, aslida ular dunyoning ko‘pdan‑ko‘p azobu uqubatlariga bardosh bera olgan. Ruhning kuchi, tolmas harakatini ifodalaydi. Shuning uchun Bobur she’rlarini o‘qigan kishi hech qachon tushkunlik va so‘lg‘inlikka berilmaydi.

Bobur oddiy tuyulgan tushuncha va detallardan katta ma’no va umumlashmalar, xulosalar chiqarishga g‘oyatda mohirdir. Shoir hech bir fikrni shunchaki aytmaydi, hech bir misrani shunchaki bitmaydi. Yuqorida ko‘rganimiz, shoir she’rlarida tuyg‘ularini, kechinmalarini, iztirob, turli xil xolatlarni ifodalashda ranglardan foydalangan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.