OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yo‘ldosh Solijonov. “Sinchalak” parvozidan kutilgan niyat (2007)

Bundan sal kam ellik yil muqaddam o‘zbek adabiyoti osmoniga “o‘zi kichkina, nimjon bo‘lsa ham osmonnni ko‘tragulik quvvati, g‘ayrati bor” “Sinchalak” parvoz qildi. Bu iste’dodli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning shu nomdagi mashhur qissasi edi.

Qissa XX asrning ikkinchi yarmida adabiyotda esgan bahor epkinidan darak berdi. Darvoqe, asarning o‘zi ham ko‘klam tasviri bilan boshlanadi. Aslida o‘shanda ijtimoiy hayotda ham ba’zi bir o‘zgarishlar boshlanayotgan davr edi. Stalin shaxsiga sig‘inish illatlari fosh etilgandi. Bu sharoit qissa boshlanishidayoq o‘z ifodasini topgandek: Saida Tohirjon Nosirov bilan xonaga kirgach, derazalarni ochib yuboradi. Shunda “Dim kabinetiga bog‘chadan muzday havo, handalaknimi, bosvoldi qovunnimi esga soladigan yalpiz hidi kirdi; chumchuqlarning chug‘urlashi, deraza ostida oqayotgan ariqchaning shovullashi eshitildi”.

Dim kabinet — bu Stalin hukmronligi davrida dimiqqan mamlakat timsoli bo‘lib, unda chumchuqlarning chug‘urlashi, ariqlarning shovullashi u yoqda tursin, odamlar qattiqroq nafas olgani ham cho‘chishgan. Xona ob-havosini yangilash “yigirma ikki yoshlardagi baland bo‘yli, xushqomat, juda nozik qiz” Saidalar zimmasiga tushdi. Bu bahor epkini, o‘z navbatida, keksalarni ham uyg‘otib yubordi. Ayni holat yangi kotib Tohirjon Nosirovning chang bosgan “Villis”dan tushib, “yoshi ellikdan oshgan bo‘lishiga qaramay, raykom binosinining zinasidan chopqillab chiqib” ketishida, keyin birdan to‘xtab o‘zbekning azaliy odatiga ko‘ra, ostonadan o‘tmay turib, “zinaning bir chekkasiga borib, koverkot makentoshining etagini, brezent etigini” qoqib, chang-g‘uborlarni tozalashida; Qalandarovning kolxozga “yangi sotib olingan besh tonnalik yuk mashinasi”ni ko‘rib “juda xursand bo‘lishida”, “yo‘l bo‘yidagi tiniq yashil daraxtlar, barra o‘tlardan ko‘zi quvonib, kishining vujudini yayratadigan may havosidan mast bo‘lib, xirgoyi” qilishida ham ko‘rinadi.

“Sinchalak” qissasi yozuvchi uslubiga mos tarzda voqelik tugunini tashlashdan boshlanadi. Yangi kotib Tohirjon Nosirov dabdurustdan yordamchisiga: “Ko‘chadan ketayotgan avtomobil birovni bossa yoki turtibmi, yiqitibmi ozor bersa, nima bo‘ladi?”, degan savolni beradi. Albatta, yosh qiz bunday kutilmagan savoldan cho‘chib tushadi, chunki gap odam hayoti ustida ketyapti-da! Ularning savol-javoblaridan ma’lum bo‘ladiki, bunday dovyurak haydovchi mashhur “Bo‘ston” kolxozining raisi Arslonbek Qalandarov ekan.

Bu suhbatdan qanday maqsad kutilgan edi? Daromaddan buromad shu bo‘ldiki, o‘rtoq Nosirov halokat to‘g‘risida gap ochib, yoshgina qizdan maslahat olmoqchi emas, balki uni ana shu “soyada o‘sgan, xiyla erka rais rahbarlik qilayotgan” kolxozga kotib qilib jo‘natmoqchi ekan.

Xullas, bu taklif Saidani bir tomondan hovliqtirib, boshqa tomondan biroz dovdiratgan bo‘lsa, o‘quvchini ham qiziqtirib qo‘yadi. U ham Saida singari Qalandarov bilan tezroq uchrashgisi, Nosirovning “kabinetidan rangi bo‘zarib” chiqqan raisning “mo‘rtgina” qizchani qanday qarshi olishi, nima hunarlar ko‘rsatishi haqida o‘ylay boshlaydi. Ko‘ryapsizki, yozuvchi asar boshlanishidayoq tugun ustiga tugun tashlayapti. Bu tugunlarning qachon va qanday yechilishiga qiziqib mutolaadan bosh ko‘tara olmay qolamiz.

Voqealar sahifadan sahifaga shiddatli rivojlanadi, konflikt keskinlasha boradi. “Bo‘ston”dek katta va mashhur xo‘jalikning kotibi bo‘lib borish o‘yi “qalbining allaqaerini timdalasa ham, allaqaeriga juda-juda xush yoqib” turgan Saida tuni bilan uxlamay rejalar tuzib chiqadi va ertalab kolxozga shitob bilan jo‘nab ketadi.

Saida xo‘jalikka kelgan birinchi kundanoq hammaga va har bir narsaga ijirg‘anib qaraydi. Qalandarov uni hurmatsizlik bilan kutib olgani, chamadonini qo‘lidan olmagani uchun ichida munosabatini “Diydoring qursin, chamadonni qo‘limdan olsang o‘lasanmi?”, degan qarg‘ish bilan ifodalashdan boshlaydi. Eshon ko‘ziga to‘ng va so‘xtasi sovuq odam bo‘lib ko‘rinadi. O‘ziga ajratilgan hujrani ko‘rib “ta’bi tirriq bo‘ldi”. Qalandarovning hovlisi ham ko‘ziga tartibsiz va hafsalasiz odamning qo‘li bilan qurilganday ko‘rinadi... Xullas, Saida kolxozdan, odamlardan, ularning turmushidan faqat nuqson qidiradi va buni hali amal stoliga o‘tirmay turib Qalandarovga pisanda qila boshlaydi. Natijada ular o‘rtasidagi ziddiyat borgan sari kuchayib boradi.

Abdulla Qahhor Qalandarov timsolida tom ma’nodagi milliy xarakterni yaratib bera olgan. Uning shop mo‘ylovi ham, yuzi ham, manmansirashi ham, jizzakiligi ham, odamlarga munosabati ham, ko‘pchilikni sensirab, jerkib gapirishi ham — barchasi o‘ziga yarashadi, tabiiy. Raisning yana bir fazilati: hech kimni birovning oldida urishmasligidir. Umidaning aytishicha, Arslonbek aka “Birovga qattiq gapiradigan bo‘lsalar, kabinetiga olib kirib gapiradilar”. Chunki Qalandarov uchun odamning chiqiti yo‘q, hammasi hurmatga loyiq. Shu xususiyatiga ko‘ra, majlisdagi shartakilikni, betgachoparlik bilan qilingan tanqidlarni dastlab to‘g‘ri qabul qilolmaydi. Ayniqsa, bu ishlarning boshida turgan Saidaning betgachoparligi, juda ko‘p masalalarda o‘z bilganicha ish tutishi Qalandarovning g‘ashini keltiradi. Ayol kishi oldida bosh egishini erkak sha’niga nomunosib deb bilgan rais Eshonning qutqusi bilan Saida ustidan ariza yozib, yuqori tashkilotga bormoqchi bo‘lganida ham uning qalbidagi bag‘rikenglik, odamgarchilik, erkaklik g‘ururi ustun keladi. Bu ham uning vallomatligidan bir nishonadir.

Milliylik haqida gap ketganda yana bir holatni qayd qilish joiz. A.Qahhor asarlarini o‘qiganingizda uning qahramonlaridan birontasi sevgi-muhabbat to‘g‘risida to‘lib-toshib gapirganini yoki xilvatga tortib izhori dil aytganini uchratmaysiz. Adibning asarlarida sevishganlar yo‘qmi? Judayam bor-da! Ana, Munisxonning ishqida Majnun bo‘lgan Rahimjon Saidiy (“Sarob”). Yoki Hanifa (Kanizak)ga maftun bo‘lgan Sidiqjon (“Qo‘shchinor chiroqlari”). Muhayyoni yeru ko‘kka ishonmaydigan Anvar-chi(“Muhabbat”)? Ularning qaysi biri ma’shuqasiga ishqini bemalol izhor etdi? Yoki bunga qulay payt topolmaydimi? Topa oladi. Eslang: Saidiy bilan Munisxon dars tayyorlash bahonasida parkda, uyida qancha vaqt yakkama-yakka o‘tirdilar? Sidiqjon bilan Hanifa-chi? Qishning sovuq kunlarida sandalning ikki yonida o‘rtadagi mushukni silab o‘tiraveradilar. Nima, ularning tili yo‘qmidi? Gapira olmasmidi? Saidaning og‘ziga zambarakning o‘qidek so‘zlarni solib qo‘ygan yozuvchi ularni ham bulbuldek sayratib yubora olardi. Buning ustiga Saidiy shoir ham edi. Biz fikr yuritayotgan qissa qahramonlaridan biri Kozimbek Saidani birinchi ko‘rishdayoq yaxshi ko‘rib qoladi. Qizning ko‘nglida ham “novcha, bo‘yni ingichka, quloqlari yelpig‘ichday” bu yigitga moyillik paydo bo‘ladi.

Kozimbek o‘zining “Moskvich” markali mashinasida Saidani ochiq havoda aylantirib kelmoqchi bo‘ladi. Qishloqdan chiqqanlarida tasodifan u yoqdan “Villis”da o‘qday uchib kelayotgan dadasi Qalandarovga ko‘zi tushib qoladi va Kozimbek shoshib: “Yoting! — dedi. Saida itoat bilan chapga yonboshlab, Kozimbekning soniga boshini qo‘ydi. Kozimbek go‘yo “qimirlama” degan bo‘lib, uning yelkasiga o‘ng qo‘lini tashladi. Soatiga sakson kilometr tezlikda kelayotgan Qalandarovning mashinasi pishqirib o‘tib ketdi. Saida buni sezib, boshini ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, Kozimbek qo‘lini olmadi. Mashina sekinladi, chayqaldi, o‘ng tomonga biroz qiyshaydi-yu, nimagadir do‘q etib urildi, to‘xtadi. Saida engashib kelayotgan Kozimbekning issiq nafasini sezib, vahima bilan pichirladi:

— Voy! Birov ko‘rib qoladi! Xafa bo‘laman...

Kozimbek rostdan ham “xafa bo‘lsa kerak”, deb darrov boshini ko‘tardi, sal bo‘lmasa uzr so‘rayozdi. Saida o‘rnidan turib sochini tuzatdi. Qo‘lining orqasi bilan Kozimbekning yuziga sekin urdi:

— Yomon bola! Yuring!..”.

Bu vaziyatdagi har bir so‘z, har bir harakat shu qadar o‘rinli va tabiiyki, ularning birontasini na o‘chirib, na almashtirib, na so‘z qo‘shib bo‘ladi. Saidaning “Birov ko‘rib qoladi” deganida hayo, “Yomon bola” deganida esa sevgining bo‘yi kelib turibdi. Odatda, qizlar yigitlarning qilig‘i yoqib ketganida shu so‘zni ishlatishadi va uning zamirida “Yaxshi bola ekansiz. Menga ham yoqib qoldingiz”, degan ma’no yashiringan bo‘ladi. Ayni chog‘da, Saidaning o‘zi ham shuni istar, endi “undan balog‘atga yetganidan beri qalbining harorati bilan qizib, o‘zga qalbga chippa yopishadigan biron og‘iz so‘z kutar edi. Yo‘q. Kozimbekdan bunday so‘z chiqmadi”. Kozimbek esa gapiradigan ahvolda emas-da! Garchi unisi ham, bunisi ham indamagan bo‘lsalar-da, ish pishdi, izhori dil aytildi. Bu chinakamiga o‘zbekona odatdir.

O‘quvchiga xush yoqadigan bu kabi nozik tasvirlarni, ko‘rimli manzaralarni juda ko‘p keltirish mumkin. Biroq shularning o‘zi ham “Sinchalak” qissasining XX asr 60-yillarida yaratilgan o‘nlab asarlar orasida o‘zining badiiy go‘zalligi, zamonaviyligi bilan brilliantdek nur taratib turganidan dalolat beradi.

Ma’lumki, “Sinchalak” uchirma qilingan 60-yillarda uning yuksak parvozini ta’minlagan omil Saida obrazi bo‘lgandi. Hali o‘zbek adabiyotida bunday navqiron xarakter yaratilmagan edi. Asarning asosiy g‘oyaviy yukini nimjongina, ammo intilishi, g‘ayrati, aqli, tadbirkorligi, ishbilarmonligi bilan ancha-muncha polvonlarni dog‘da qoldiradigan qiz ko‘tarib turardi. Ustoz Ozod Sharafiddinovning yozishicha, “Yozuvchi Saida obrazida hozirgi ilg‘or o‘zbek ayollarining xarakterli, tipik sifatlarini umumlashtiradi.”

Nafaqat A.Qahhorning har bir asari to‘g‘risida jon kuydirib maqola yozadigan Ozod domla, balki akademiklar I.Sulton, M.Qo‘shjonov, professorlar H.Yoqubov, H.Abdusamatov, U.Normatov va boshqa o‘nlab olimlar o‘z paytida “Sinchalak”ni ko‘klarga ko‘tarib maqtaganlar. Bu tabiiy edi. Lekin keyinroq asarda ilgari surilgan g‘oyaviy mazmunga munosabat o‘zgardi. Ayrimlar uni umuman yaroqsiz asar, yozuvchi hayotiylikka zid obrazlar yaratgan, degan fikrlarni aytdilar. Uni himoya qilishga yana O.Sharafiddinov qalqon bo‘ldi. Olim o‘zining “Chinorlardan biri” maqolasida (“O‘zAS”, 1995 yil, 15 sentyabr) shunday yozadi: “Yaqinda “Sinchalak”ni qayta o‘qib chiqdim va bir narsaga hayron qoldim — Abdulla Qahhor 1959 yildayoq “Bo‘ston” kolxozi va uning atoqli raisi Arslonbek Qalandarov timsolida totalitar tuzumning modelini yaratgan ekan-ku! Eng muhimi — bu tuzumning ichdan chiriganini, chuqur tanazzul holini kechirayotganini ko‘rsatgan ekan. Bu tanazzul iqtisodiy xarakterga emas, ijtimoiy-psixologik xarakterga egaligi ham ochilgan. Har holda “Sinchalak”ni yangi ko‘z bilan o‘qilsa, unda kolxoz tuzumining ichki yemirilishi tasvirlanganiga ishonch hosil qilish mumkin”.

Ustozning bu fikrlarida jon bor. Chindan ham ulkan so‘z san’atkori A.Qahhor asarlarini har gal “yangi ko‘z bilan” mutolaa qilganingizda undan yangi ma’no, yangi gap topish mumkin.

Xullas, “Sinchalak”ning parvozidan kutilgan niyat shundaki, yozuvchi bu asarida o‘zbek ayolining ijtimoiy hayotdagi roli oshib borganligini, bunga sababchi sotsialistik tuzum ekanligini isbotlamoqchi bo‘lmagan. O‘zi mo‘rtgina, nimjongina bo‘lsa-da, “osmon tushib ketsa, ushlab qolaman deb oyog‘ini ko‘tarib” yotadigan sinchalakdek Saida Alieva obrazi orqali mamlakatda partiya yakkahokimligining o‘rnatilayotganligini tasvirlagan. Adibning bu qutlug‘ niyati bugun yanada aniqroq ko‘rinib turibdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 34-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.