Buyuk Gorkiyni ko‘rish va so‘zlarini eshitish sharafiga erishganlardanman. 1935 yilning mart oyida edi shekilli (agar yanglishmasam), SSSR sovet Yozuzchilari soyuzining plenumida Gorkiyning so‘nggi so‘zi bo‘ldi. O’zi qarig‘an sari ruhi va inqilobiy g‘ayrati orta borgan bu ulug‘ chol, kuchli olqishlar ostida minbarga chiqdi. Olqishlar nihoyat to‘xtadi-da, sekin va past ovoz hamda Nijgorod lahjasining ba’zi bir ta’sirlari bilan, so‘zg‘a boshladi. Ovozida qariliq ta’sirlari o‘zini ko‘rsatardi, ya’ni orqa qatorlardan tovushini eshitish qiyinroq edi. Bu keksa ovoz bilan aytilgan so‘zlarda ajoyib bir yosh jonlilik bor edi. Bu jonlilik hatto juda kichkina, oddiy ko‘zga mayda kabi ko‘rinaturg‘on narsalarda ham ko‘rinardi. Chunonchi, u inqilob dushmanlarining qishloqlardag‘i bir ig‘vosidan gapirdi. Ular traktorga qarshi tashviqot qilarkan, traktor ovozidan qo‘rqib ba’zi bir qushlarning qochib ketganlarini, holbuki, ularning qishloq xo‘jaligida zararli hashorot bilan kurashuvchi foydali qushlar bo‘lganini aytar ekanlar. Ulug‘ ustoz, sovet yozuvchilarini dushmanning kurash taktikasidagi shunday kichkina jihatlariga ham ko‘z yummaslikka chaqirdi. Bu, notiqning turmushni qanday yaxshi bilganini ko‘rsatib turar va bizlarni ham shunga o‘rgatib turardi.
Men Gorkiyning eng zo‘r va to‘ng‘ich asarlaridan «Ona»ni tarjima qilish sharafiga ham erishganlardanman. Tarjimaning sifati to‘g‘risida boshqalar gapirar. Men o‘zim faqat shuni aytaman: nasr tilini tarashlashni men boshlab Gorkiydan o‘rgandim. U, menimcha o‘zi ishlatadigan tilni juda yaxshi ko‘radi, uni har qanday kamchilikdan ozoda holda ko‘rmak istaydi. «Ona»ning tili mana shunday bir til. «Ona» men uchun katta bir maktab bo‘ldi. O’zimning «Kecha va kunduz» nomli romanimda men ham bu buyuk uslubchining unumli ta’sirini doim sezib turdim.
Sovet yozuvchilari uning inqilobiy ruhini, proletarcha mardligini, jahonshumul grajdanligini, so‘ngra klassik tili va uslubini, hatto tarjima orqali bo‘lsa ham doim o‘zlarida sezajaklar.
____________
Katta maktab egasi. — Maqola «Qizil O’zbekiston» gazetasining M. Gorkiy vafotiga bag‘ishlangan 1936 yil 20 iyun sonida e’lon qilingan.
Nijgorod lahjasi — Gorkiy tug‘ilgan Nijniy Novgorod hududida yashovchilarga xos sheva xususiyatlari, ayniqsa, «o» ga urg‘u berilishi nazarda tutilmoqda.
«Ona»ni tarjima qilish sharafiga ham erishganlardanman...» — Gorkiyning «Ona» romani Cho‘lpon tarjimasida 1936 yilda O’zbekiston Davlat nashriyoti tomonidan nashr qilingan.