Klassik maqomlar orasida ko‘pchilik ichiga eng ko‘p yoyilgani, shubhasiz, «Iroq» kuyidir. Uni Buxoroning shashmaqomchi hofizlari ko‘p aytar edilar. To‘ychi akav a uning jo‘ralari ham uni boshqacha qilib ishlab, omma orasiga yoydilar. U sahnamizda eng avval «Halima» vositasi bilan jarangladi. «Halima»ning birinchi — dastlabki variatida «Iroq» kuyi yo‘q edi, keyincha piesani bir qadar nshlashga to‘g‘ri kelgan vaqtda Halima (qiz) ning ariyasi bo‘lib sahnaga chiqdi. «Halima» piesasida uni marhum Tursunoy, so‘ngra Halima Nosir qizi, Naziraoylar; ayrim no‘mer o‘laroq Abdulhaq Sultonov, Rahimberdi Bobojonov, Boborahim, Karim Zokiriy, Qo‘ldoshev va boshqalar aytdilar. Ko‘pchilik yoqtirdi va u, tom ma’nosi bilan grajdanlik qozondi.
«Iroq»ni ayrim no‘mer holida o‘quvchi hofizlarimiz u kuyga Uvaysiyning:
«Zaboningni keturgil, ey shakarlab to‘ti guftora,
Nechikkim marhamat bo‘lsin necha mandek dilafgora».
(Ey shakar labli to‘ti, tilingni so‘zga keltirgilki, menga o‘xshagan qancha ko‘ksi yaralilarga marhamat bo‘lsin.)
deb boshlanaturg‘on mashhur g‘azalini o‘qub keladilar.
Ana o‘sha g‘azalni yozgan Uvaysiy Umarxon davrida yashagan ayol shoirlardan bo‘lib, nomi Jahon otin edi. U, «evaz» bahrli bir g‘azalining oxirida o‘z taxallusi, (shoirlik nomi) va ismini mana bunday qilib bildiradi:
Yo‘qotib o‘zni fano martabasiga yeta ko‘r,
Vaysiy nomim mening ul nomi Jahonimga evaz».
(O’zlikdan kechib yo‘qlik darajasiga erish, mening «Vaysiy» degan nomim, Jahon degan nomimning o‘rnidadir.)
Jahonoyi asli o‘zi Marg‘ilonlik bo‘lgan. Umarxon o‘rdasida xonning o‘zi boshliq bir necha shoir bo‘lganini (Fazliy, Ado, Hoziq, Gulxaniy va boshqalar), ularning tez-tez to‘planib mushovara qilishg‘anlarini eshitgandan keyin, o‘sha shoirlar majlisiga kirmak havasiga tushadi. Buning uchun Qo‘qonga bormoqchi bo‘lib otasidan ijozat so‘raganida otasi uning talabini qaytarmasa-da, qizning saroydagi shoirlar majlisiga kirishiga yordam ko‘rsatar degan umid bilan Qo‘qondagi obro‘li odamlardan bir do‘stining hovlisiga yuboradi. U odam, qizning shoira bo‘lsa ham hali yosh ekanini ko‘rib, ikkilanadi:
— Bu holingizda borib kirolmassiz. Bironta qari xotin qiyofasida borib ko‘rsangiz, — dedi.
Jahonoyi qari kampir kiyimlarini kiyib, eski paranji yopinib o‘rdaga boradi. Uni kiritmaydilar. So‘ngra, u, yuqorida ko‘rsatganimiz «Zaboningni» deya boshlangan g‘azalidan mana bu ikki yo‘lni yozib shoirlar majlisiga kiritadi:
«Meni «Latakhuli» deb mahrum etma bog‘bon ahli,
Azal degoni bag‘rim qonini to‘kkan bu gulzora».
Shundan so‘ng uni shoirlar majlisiga kiritadilar, Faqat u yerda uning qari kampir emas, yosh bir juvon ekani bilingandan keyin, biror «fitna» chiqmaein deb bo‘lsa kerak, uni darhol saroy ichkariligiga kiritib yuboradilar. Shu bo‘yicha Jahonoyi Umarxon saroyida qolib ketadi va so‘ngroq «Jahon otin» deb shuhrat chiqaradi.
Saroyda yashagan davrida Marg‘ilonning Qalandarxona degan joyiga yaxshi sirkorlik bir uy soldirgan ekan. O’sha uy hali ham saqlangan deydilar.
Uning «Karbalonoma»si, «Devon»i va ham Muhamadali xonga (Umarxonning o‘g‘li, shoir) bag‘ishlangan «Xitoy safari» nomli asarlari bor.
Jahon otinga bir kun, dasturxon ustida anorni ko‘rsatib, shu to‘g‘rida bir narsa demakni iltimos qilg‘anlar. Jahon otin o‘sha minutning o‘zida anor to‘g‘risida to‘rt yo‘llik bir she’r yozgan. Badehago‘lik (ekopromt) yo‘li bilan yozilgan bu to‘rt yo‘llik bayt anorni qanday go‘zal va san’atkorona tasvir qiladi:
«Bu na gumbazdir, eshigi tuynugidan yo‘q nishon,
Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdir makon,
Sindirib gumbazni qizlar holidan olsam xabar:
Yuzlariga parda tortig‘liq, tururlar bag‘ri qon».
«Yuzlariga parda tortilgan «qizlarning» bag‘rlari qon» bo‘lganini aytgan, saroy cho‘riqizlarining ohi zorini tasvirlab bergan.
___________
Uvaysiy — Mazkur maqola «Yorqin turmush» jurnalining 1936 yil 4—5 qo‘shma sonida e’lon qilingan.
To‘ychi aka — Mulla To‘ychi Toshmuhamedov (1868—1943), hofiz, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining yirik namoyandasi, O’zbekiston xalq hofizi.
«Halima» — dramaturg G’. Zafariyping (1889—1944) shu nomli dramasi. Ilk bor 1920 yilda sahnalashtirilgan bu asar 20—30-yillarda bir necha o‘n martalab o‘ynalgan.
«Evaz» bahrli — Cho‘lpon bu o‘rinda yanglishib ketgan, chamasi. To‘g‘risi «evaz radifli» deb yozilishi kerak.
Ado — XVIII asrda yashagan Umarxon saroyi shoirlaridan. O’zbekcha va forscha g‘azal, muhammaslari bizgacha bayoz va majmualarda yetib kelgan.
Hoziq — taxallusi, haqiqiy ismi sharifi Junaydullo Ismoilshayx o‘g‘li (18 asr oxiri — 1843) — shoir, asli hirotlik. 1799—1900 yillarda Buxoroga kelgan. Xorazmda Munis, Ogahiy adabiy guruhida bo‘lgan. Amir Nasrulloxon tomonidan qatlga buyurilgan.
Muhammad Alixon (Ma’dalixon) — Umarxonning o‘g‘li. 1810 yilda tug‘ilgan. 1822 yildan Qo‘qon xoni. Uning xonlik davrida sug‘orish ishlari yaxshilangan, xonlik hududi kengaytirilgan. 1840 yilda Buxoro amiri Nasrulloxon bilan urushda yengilib, uning vassali bo‘lib qolgan. 1842 yilda amir Nasrullo tomonidan qatl ettirilgan.
Badihago‘ylik — ar., badiha so‘zidan. Biror voqea, hodisa munosabati bilan tayyorgarliksiz aytilgan she’r, ekspromt. Sharq hukmdorlari saroylarida o‘tkazilgan mushoiralarda badiha yo‘li bilan she’r aytish bahslari rasm bo‘lgan.