OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Avloniy. O‘z shahrimda sayohat

Ko‘ramanki, ba’zi odamlar sayohat qiladilar. Jarida va jurnallarga qilgan sayohatlarini, ko‘rgan-kechirganlarini oqizmay-tomizmay, ignasidan ifigacha yozadirlar. Man ularning yozganlarini ko‘rub, achchig‘im chiqub aytur edimki, «sayohat nima degan gap, mundan nima ma’no chiqar?» deb. Emdi bir oz aqlimni boshimga yig‘ib o‘ylab ko‘rsam, tushunsam, ko‘z oldimga allaqancha foydali ishlar va manfaatlik shaylar kelub chiqdi. Masalan, bir kishi o‘z shahridan chiqub, o‘zga bir viloyatga borsa, ul yerdagi insonlarning turmushidan, ilm va ma’rifatidan, hunar va san’atidan, til va adabiyotidan, qiyofat va hay’atidan, sha’n va shavkatidan, hol va qutidan, qadr va qiymatidan, savdo va tijoratidan xabardor bo‘lub, o‘ziga va o‘z millatiga foydalik allaqancha hissa va ma’lumotlar olur ekan. Emdi men ham o‘zumga jazm qildimki, bir sayohat qilsam deb. Lekin bir tarafdan yo‘qligim, ikinchi tarafdan yordamsizligim asar qilub, bir tarafga bormoqg‘a yo‘l bermas edi. Himmatlik bir kishi yo‘qki, «Mana, Indamas afandi, bu oqchani ol, sen ham bir sayohat qilib kel!» - desa. Emdi, nima qilay, boshqa viloyatlarga bormoqg‘a kuchim yetmasa, Xudo bir mo‘mayroq pul berganda qilarman-de. Ungacha hech bo‘lmasa o‘z shahrimni aylanub, sayohat qilub turay, deb, uyimdan chiqub, rasta va bozorlarni aylanmakchi bo‘ldum, yo‘lda ketaturub, ko‘nka arobasiga tushtum. «Yurganda yuragim elanur» deganidek shundog‘ kattig‘ sovuqda ko‘kragi va yelkalari ochuq bir necha musulmonlarni ko‘rub onlarga boqub:

Bayt:

Diningiz Islomu ismingiz musulmon sizi,
Shaklingiz insoniyatdan qancha o‘zg‘ondir sizi, -

deb, ko‘nkadan tushub yo‘limga jo‘nab ketdim.

Andog‘ narirog‘ borsam, qaysi ko‘z ila ko‘rayki, bir musulmon bir baqqol ila yoqalashub, mushtlashub xotun demay, qiz demay, og‘iz demay, bo‘g‘iz demay so‘kishub turibdurlar. Va bir necha musulmonlar orachilab o‘rtaga tushub, olarni zo‘rg‘a ajratub qo‘ydilar. So‘radimki, baqqol aka, nima talashub urushdingiz?

Baqqol: Ey o‘rtoq, nima so‘raysan? Olti oy bo‘ldi, nasyaga mol olgonig‘a, emdi pulni ber desam, yoqalashub ketdi.

Bayt:

Birovga nasya qilma, ey do‘kondor,
Olur vaqtingda mushtlashmoq na darkor, —

deb, yo‘limg‘a jo‘nab ketdim. Mundan narirog‘ borsam, bir samavar — choyxona ichi to‘la musulmon, bir-birlari ila chag‘ir-chug‘ir so‘zlashurlar, og‘izlarig‘a bodi kirib, shodi chiqadur. So‘zlashvotgan so‘zlari avboshning kafshiga o‘xshash poyma-poy.

O‘yla bir «yaxshi» va «mazali» so‘zlar so‘zlashurlarki, kurak bir tarafda tursun, zanbilda ham turmaydir. Xayr, bizim millatning yoshlarining ahvoli shunday bo‘lsa, kimdan yaxshilik umid qilamiz.

Bayt:

Millating avlodi sizlar bo‘lsangiz, ey yoshlar,
So‘zlaringizg‘a yilonlar po‘st tashlarni boshlar —

deb, yo‘limg‘a jo‘nab ketdim. Mundan bir oz yurub, bir madrasaning eshikiga borib yetdim. Madrasaning ichiga kirib bir mullabachchalarning ahvolini, dars va munozaralarini, takror va mutolaalarini, imtihon va mukolamalarini ko‘rmoqchi bo‘ldim. Madrasaning hujralari butun mullabachchalar bilan to‘lg‘on, har bir hujralardan munozara va mukolama qilg‘on mullabachchalarning tovushlari quloqlaringizni jangarlatub yuboradur. Butun hujra gumbazlarini boshlarig‘a ko‘taradirlar. Bir hujraning eshikig‘a borub, quloq solsam, birgina «alif-lom» to‘g‘risida allaqancha janjal va munoqashalar chiqarurlar. Biri: «Bu yerdagi alif-lom «ahdi xoriji», biri deyurki yo‘q, «ahdi zehniy», biri deyurki, «yo‘q, jins», yana biri: «yo‘q bu yerdagi alif-lom «istig‘roq», — deb, har birlari o‘z so‘zlarin maqbul qilmak xususida qancha dalil va misollar keltirar edilar. Ikinchi hujraga borub quloq solsam, bir jumla xususida bir necha mullabachchalar sug‘ro va kubrolar tartib etub, munozara va munoqashalar qilur edilar. Mundan borub darsxona eshikig‘a quloq solsam, domla hazratlari bir necha mullabachchalarga «Sharhi mullo»dan butun xavashlar ila jihor qiroat qilub, dars berib turubdirlar. Va ul dars o‘qub turgon mullabachchalarning aksari ila tonishdig‘im borlig‘idan quvvai ilmiyalari manga ma’lum, faqat matn o‘qumoqg‘a zo‘rg‘agina quchlari yetadurg‘on kishilar edi. Domla hazratlarining berub turgon darslari qozoqg‘a Bedil o‘qub bergan qabilinda o‘lsa kerak, deb xayolimg‘a kelub turgon vaqtda, bir mullabachcha yonimga kelub: «Kimda ishingiz bor, nima qilub yurubsiz?», — dedi. Man mullaga: «Madrasangizda fiqh, hadis kabi ulumi diniyadan dars etadirg‘on domla bormi?» — desam, mullabachcha: «Yo‘q, birodar bizlar avval shul siz aytgan ilmlarning arra-teshasini, ya’ni asbobini o‘quymiz. Bizlar shul nahv, sarf ilmini yaxshilab bilub olsoq oyat, hadislarg‘a ham ma’no berub ketaberamiz», — dedi. Man: «Mulla aka, shul siz aytgan darajada bilabilmak uchun necha yil o‘qumoq kerak?» Mullabachcha: «Agar Xudo loyiq ko‘rgan bo‘lsa o‘n besh, yigirma yilda tamom qilamiz». Man: «Nimaga birgina nahvu sarf uchun shuncha ko‘b umr kerak bo‘lsun, tezroqda tamom qilib bo‘lmaymi?» Mullabachcha: «Bizning yigirma yil deganimiz «hisobda bor, hamyonda yo‘q» qabilindan bo‘lub, faqat yil hisobi ilagina yigirma bo‘ladir. Ammo kun hisobig‘a kelganda hisobimiz chatoq». Man: «Nima uchun chatoq bo‘lsun, bir yil o‘n ikki oy, qamariy hisob birla 354 kun, shamsiy hisobi birla 366 kun bo‘ladir-da». Mullabachcha: «Ey birodar, bir yil 366 kun bo‘lishini bizlar ham yaxshi bilamiz. Siz butun yil, butun oy va tun-kun o‘qiydir deb o‘ylaydirgondirsiz, yo‘q, bizlarda olti oy tahsil, olti oy ta’til, ya’ni haftada to‘rt kun tahsil, uch kun ta’til degan gap bor. Mana shul to‘rt kun ichida har kun bir soatdan dars o‘qusak, bir yili komilda necha kun dars o‘qug‘on bo‘lamiz?» Man: «Olti oy, haftada to‘rt kun, har kun bir soatdan dars o‘qusangiz, bir yili komilda 136 soat dars o‘qur ekansiz. Ammo tartibli madrasadarda bu sizning bir yilda o‘qug‘on darsingiz haftada olti kun, har kun olti soatdan o‘qub, to‘rt haftada tamom qilurlar». Mullabachcha: «Birodar, bu aytvotgan so‘zingiz tushingizmi, o‘ngingizmi? Qayda ul siz aytgan madrasalar? Bizning Toshkand madrasalarining har birida shul tariqa o‘qiladur. Balki Buxoriyi sharifda, Ho‘qand, Andijonda, Marg‘ilonda, Namanganda ham shunday tartib birla o‘quladur?» Man: «Mulla aka, man sizga Turkiston madrasalarini aytmayman, Qozonda, Ufada, O‘rinburg‘da, Istanbulda, Misrda, Makkai Mukarrama, Madinai Munavvarada ham shul tariqa haftada olti kun, har kun olti soat dars beradirg‘on tartiblik madrasalar bor. Mana ko‘b uzog‘ga ketmasdan yaqing‘ina hukumatimiz o‘lan Rusiya maktablarining ham ibtidoyisidan boshlab to dorilfununlarig‘acha haftada olti kun har kun 5-6 soatdan dars o‘quladur». Mullabachcha: «Birodar, siz manga rus maktablarini ko‘rsatasiz, man ruscha o‘qimoqchi emasman, avval siz aytgan Qozon, Ufa madrasalarida ham ruscha o‘qitiladir deb eshitaman. Ammo man ruscha o‘qub tilmoch bo‘lmoqchi emasman. Xudo xohlasa, o‘qushimni tamom qilub, mullo bo‘lg‘onimdan so‘ngra bir yerga imom bo‘lmoqchiman», — dedi-da, nafasini ichiga olub, uzun bir oh tortub yubordi. Man: «Xayr, janobi Haq umringizga, ilmingizg‘a barakat bersun, tezgina tamom qilub maqsudingizg‘a yetingiz».

Bayt:

Har kimni ishi emas ulog‘ ovlamoq,
Madrasada yotub tuprog‘ yolamoq, -

deb, indamasdan to‘g‘ri uyimga qarab jo‘nab ketdim.

-------------------------

* Maqola sarlavhasiz bosilgan, shartli ravishda shunday nomlandi. (O. T.)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.