OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Avloniy. Zakot

Hozirda ramazonchilik, hamma ro‘zador, hech kimning qulog‘iga gap kirmaydurgon vaqt bo‘lsa ham vaqti o‘tmasun deb, ustimizda farz bo‘lgan ulug‘ ibodatlarning to‘rtinchisi bo‘lgan zakot xususida bir oz so‘ylamakni munosib ko‘rduk. Chunki bizim Turkiston boylari mol va dunyolarining hisobu kitobini ramazon oyiga to‘g‘ri kelturub, faqir va miskinlarga beradigan zakotlarini(ng) ham ramazoni sharifda berib, gardanlariga yuklangan farzi Allohni ado qilmak harakatida bo‘lurlar.

Hammaga ma’lumdurki, janobi Haq bizlarga bir yil bir martaba qarzdan va hojati asliyadan, ortuqcha pul va mollardan va hayvonlardan har qayusini o‘z nisobi ila zakotini chiqarub musriflariga, ya’ni egalariga topshurmakni ustimizga farz va lozim qilmishdir. Farzlig‘iga hammamiz iqror va lekin chiqorub bermak ba’zi himmatlik boylarimizga oson bo‘lsa ham ba’zi qurumsoq boylarimizga og‘ir va qiyinlik qiladir. Faqir va bechora, beva va yetimlarning haqiga katmon qilib ustlariga adosi lozim bo‘lgan zakotni bermasdan, dunyoni qizg‘onub, fuqarolarning haqiga jabr qilmak ila barobar o‘zlarini azobga giriftor qilurlar. Ba’zilari hiyla va firibgarlik ila beva va bechoralarning haqiga jabr qilib, «Oldingmi? — Oldim. Sotdingmi? — Sotdim» qabilida o‘lukg‘a davra qilg‘ondek qilib, mollarining chiqindisi — chirki o‘lan zakotni o‘zlariga qaytarub olub qolurlar. Ajabo! Shul mudbir zotlar bilmaslarmiki, janobi Haq hiyla va tadbir qiluvchilarning hiyla va tadbirlarini biluvchidir.

Yohu, hiyla ila farzi Allohni ado qilib bo‘lurmi? Jabbori A’zamning qiyomat azobidan tadbir ila qutulub bo‘lurmi? Vaholanki, janobi Haq munday hiylagarlarni(ng) qiyomatda shishaga solub azob qilur emish. Dod, faryod qilsalar farishtalar: «Nimaga dod-vovaylo qilursan, bizlar sizni kuydirvotganimiz yo‘q, shishani kuydirvotmiz», — deb xitob qilur emishlar. Har narsaning ifrotu tafriti durust o‘lmadig‘i kabi zakotning ham birdan birovga qirq so‘m chamasida ko‘plab bermoq yoxud ba’zi boylarga o‘xshash bir tiyiniki tiyinlik oyinami, o‘lukg‘a yirtish bergandek bir gaz, yarim gaz chitmi va shularga o‘xshash oz baholik va hech narsaga arzimaydigan narsalarni bermak durust bo‘lmasa kerak. Chunki janobi Haq sadaqai fitrani(ng) har bir kambag‘alga ovqat bo‘lub qorni to‘yodurgon darajada buyurmishdir. Zakotning ham eng ozi hech bo‘lmasa, bir kambag‘alning bir kunlik ovqatiga yetadurg‘on bo‘lsa, toki ul bechora yeb-ichib qorni to‘yub, bir kunlik ochlik balosidan qutulub, zakot beruvchining haqiga duo qilsa, yaxshi va savobliroq bo‘lur edi.

«Jondan kechmasang, jonona qayda», deganga o‘xshash kishi sadaqa qilgonda ham eng yaxshi ko‘radurgon narsasini sadaqa qilmak lozimdur. Hammaning ma’lumidirki, dunyoda hammaning yaxshi ko‘radirgan narsasi puldir. Yetti yoshardan yetmish yoshargacha pulni yomon ko‘radirgan kishi dunyoda yo‘q. Ham «Oh pul, jonim pul», — deb pulning hajrida o‘zini qurbon qiladir. Shuning uchun muhtaram zakot beruvchilar, faqiru miskinlarga bir miri, yarim mirilik o‘tar-o‘tmas mol berib, kambag‘al bechoralar ul molni ko‘tarib, bozorg‘a olub borib, bir kun ishdan qolub o‘n tiyinlik molni bir miriga sotub, sarsonu sargardon bo‘lub yurganlaridan ko‘ra osongina hamda savobi ko‘proq bo‘lgan pulginaning o‘zini berib qo‘ya qolsalar, o‘zlariga oson, ojizlarg‘a sevinch va shodliq bo‘lur edi. Janobi Hofiz Sheroziy debdirki:

Bayt:

Bar in ravoqi zabarjad navishtand bezar,
Ki, juzi nekuyi ahli karam naxohad mond.

Tarjimasi:

Zabarjad toq uza oltun bila bu so‘z yozilmishdur,
Karam ahlining ehsonidin o‘zga qolmag‘ay boqiy.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.