OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak (1923)

—     Kalnikiga oshg‘a-a-a-a!!!

Gur-gur odam kalnikiga tuz yalab chopadir...

—     Ayiq polvon kurash tushadir, Jo‘ra qiziq maymun o‘ynatadir, Farg‘onadan Arava polvon keldi, Jizzaxdan It polvon keldi...

Ko‘rubsizki, kurash o‘rnini ijaraga olg‘an zarg‘aldoq xo‘jalarning qilg‘an foydalari mindi-mindi...

—     Chet ellardagi o‘qug‘uchi yoshlarimiz foydasig‘a bu kun «Turon»da teatru qo‘yiladir!

La havla va la quvvata... Toshkand musulmonlarini... yayzara[1] yer yutubdir va yo katta-kichik og‘a-ini in-inlariga kirib ketibdir...

Shunga o‘xshash «Sharq sahnasi» yaxshi niyat yorti mol, deb kino qo‘yar. «odamovi»larni yig‘moq uchun eshak hurkarlik qilib, tomg‘a to‘rtta karnay ham chiqaradir; lekin shunchalik attorchiliklar, «Surma ket, o‘sma ket»lar bir paqir; sahna xazinadorlarining og‘izlarig‘a pashsha o‘lturg‘an, o‘yunxona eshikidan «g‘ing» degan bir chibin uchmaydir. Shu soatda shaharning barcha choyxonalarida g‘ij-g‘ij churvaqa, lim-lim... buzoq:

—     Og‘zingmi, o‘rpilgan o‘rmi?

—     Basharangmi, badbaxtning dalasimi?

—     Ko‘zingmi, po‘stakning yirtig‘imi?

—     Engaxingmi, yo‘lg‘a chiqg‘an hindining...mi?[2]

—     Xo, xo, xo!

Topg‘an-tayang‘an sovutmachoq shu. Boshqa dastmoya yo‘q. Bangixonada «harb-zarb»[3] olub yurguchi bir o‘rtog‘im nashaning tutuni gurkuragan choqlarda:

Xarsak — marsak,

dardi yo‘q — kessak

ishqi yo‘q — eshshak![4]

deb bayt o‘qug‘an bo‘lub jovrar, man bo‘lsam «Bu nima degani tentakning» deb baytiga tushunolmas edim. Endi kelib-kelib bu baytning ma’nosini Eski shahar sahnalaridan topub mavridsiz bo‘lsada, o‘zim shu baytni yakkaxonlik qilmoqdaman:

Dardi yo‘q — kessak, ishqi yo‘q — eshshak!

Voqi’an, dard bo‘lmasa, ishq bo‘lmasa odamning kesakdan nima farqi bo‘lsin-u, eshakdan nima ayirmasi!

Vallohi a’lam bissavob.

Julqunboy

«Mushtum» — 1923 yil, 5-son, 6-bet

 

[1]Yayzara — yaksara, birato‘la.

[2]Bu aytishuv takyalardagi bangilarning o‘ziga xos askiyasi.

[3]«Harb-zarb» — harbiy strategiya jangi; bu yerda dahanaki jang ma’nosida.

[4]Bu baytni bangilar bangixonada qarsak chalib aytib ketidan biri: «Soqiy samadiy, eski po‘stakni yamadi, qo‘yga bo‘ri kelganda qo‘ychivon hayhaylamadi» — deb «javo-o» — deydi. Qolganlar unga jo‘r bo‘lib «javo-o» deb baqirishadi (javo (hindcha) — nasha chekishga kel, degani).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.