Hangama
Dard qo‘b — davosi yo‘q, hasrat uzoq — kechalar qisqa, manzaralar ajib — ko‘zlar ko‘r, jart-jurt zo‘r — natijalar kichik, manzil uzoq — rohila oz, vahima katta — to‘y bedarak, osmon uzoq — yer qattiq, bo‘yi bir qarich — soqoli ikki qarich...
Siz o‘quy bersangiz, man shunaqanggi bir-birisiga teskari jumlalarni Mallaxonning davangidek[1] qator-qator, sulaytirib-sulaytirib tashlaybersam. «Miftohul-jinon»ning rivoyatiga qarag‘anda, agar daryolar siyoh bo‘lib, xarilar qalam bo‘lsa, yaproqlar qog‘ozg‘a aylanib, qurbaqalar o‘qug‘uchi bo‘lsalar, bu ajivai-taralalarni chop qilib tarqatg‘uchi Davlat nashriyotining Eski shahar matbaasi bo‘lsa, buning savobi butun Turkiston mamlakatining dumog‘ig‘a xudda sassiq sarimsoqdek ta’sir berib, har qaysi o‘zbeklarning nomai-a’mollariga har yili to‘rt faslda xurrakni batash qo‘yg‘an mo‘min va musulmonning a’moli solihasi yozilur ekan.
Endi bir ozg‘inag‘a falsafa, e’tiqodiyotni qo‘yaturailik-da, «Dardi bedavo»larimiz ustiga o‘taylik.
Turkiston istatistiqa idorasining to‘plag‘an so‘ngg‘i ma’lumotiga ko‘ra, Eski shahardagi «Harakatdan barakat» maktablarining soni shu keyingi hafta ichida yuzga-yuz ortib ketkan. Masalan: o‘tkan oyda yetti yuz qirq bir og‘ilxonadan iborat bo‘lg‘an xalq ibtidoiy dorul-jununlari[2] yarim mingga, qorixonalar besh yuzdan to‘qquz yuzga yetmishdir (qorixonalarda bir oz sekinlik). Bu so‘ngg‘i ochilg‘an ibtidoiy dorul-junun va qorixonalarnish muallimlarida ham favquloddalik bor, deydirlar: soqoli ot to‘rbadak, savodi chiqar chiqmas farishtasufat zotlardan iborat bo‘lib, yosh bolalarimizni bir yil komil deganda mullai boamal, buning ustiga daqqi, kalvak, og‘zing qani desalar qulog‘ini ko‘rsataturg‘an «Dardi bedavo» qilib chiqarar ekanlar.
Bu haqda siyosiy doiralarning yurutkan mulohazalariga qarag‘anda, o‘zbeklar ishni bu tariqa olib bora bersalar, uch yil komil deganda, Turkiston go‘yoki ikkinchi Amriqo-ku, o‘zbeklar orasida g‘archcha madaniyat, na u yoqqa o‘ta olasan, na bu yoqqa; xuddi devori qiyomat! Yana o‘shal istatistiqa idorasining bergan ma’lumotig‘a qarag‘anda, ikkinchi tomonda qiltillab turg‘an Eski shaharning ma’orif sho‘rvasi[3] bu madaniyat maktablari qarshisida qaddini ko‘tarishg‘a o‘ylashar ekan. Ammo shunisi bor ekanki, anovlarda yo‘q shag‘shag‘a, anovlarda yo‘q dabdaba bizning ma’orifning sho‘rvasidan topilur ekan!.. Bul ham bir dardi bedavo!..
* * *
Biznikilar «Bo‘rk ol!» desa, bosh olishg‘a hozir, bir mablag‘lar desang, ehtimolki, nishka tushkan[4] bo‘lurmiz. Ot bilan eshakka soliq solinibdur, xayr, solinsa solinibdur; bu orada bir eshakchi kambag‘alning eshagi ochliqda harom qotibdur; xayr, qotsa qotibdur.
— O‘lgan eshagingning solig‘ini beraverasan!
— Bechora eshagim marhum bo‘ldi aka, bu yerda joni uzilib, mana bu yerda yuvuldi, ana u yerda janoza o‘qilib, mana bu yerga ko‘mildi, aka...
— Yo‘q, bera berasan! Eshaging beshdan kam emas!
Bechoraning eshagi o‘lgani-o‘lgan, ustiga-ustak mana bu «Bosh olg‘uchilar»ning fotihaxonlig‘i qiziq...
Bul ham bedavo dardlarning birisi.
* * *
Eski shaharning boshdan-oyog‘i, oyoqdan boshi, yetti yasharidan yetmish yashari qo‘tur... Eski shaharning afkori umumiyasi shu qo‘tur masalasi bilan mashg‘ul (Bizda afkori umumiya yo‘q deguvchilar nomaqul aytibdirlar).
Bechora xalq shu qo‘tur istibdodidan qutulmoq uchun o‘tkan-ketkandan iloj so‘rashdan bo‘shay olmaydur. Ammo berilgan doru-darmonlardan to‘qquz chaqaliq foyda yo‘q; hamon har kimni ko‘rsang: qirt-qirt, qirt-qirt... Puvvak bog‘lag‘an Yovrupo do‘qturlari nihoyat kelib-kelib bizning «qo‘tur masalamiz» ustida e’loni ixdos qildilar. «Xalq sog‘liqni saqlash bo‘limi» bu to‘g‘rida qimir etmaydir. Keyingi kunlarda qo‘turlarning hammasi «Xalq sog‘lig‘ini saqlash bo‘limi emish» degan bir rezalyutsiya qabul etdi.
Mana bul ham bizning davosiz dardlardan...
Julqunboy
«Turkiston»— 1922 yil, 14 dekabr, 36-son
[1]Mallaxonning davangidek — Turkiston xonlaridan o‘tgan Mallaxon hayvon, parranda boqishga; it, qo‘chqor urushtirishga ishqiboz bo‘lgan ekan, muallif shunga kinoya qilyapti.
[2] Dorul-junun — jinnixonalar; bu yerda muallif eski usuldagi maktablarni tanqid qilyapti.
[3] Ma’orif sho‘rvasi — «Ma’orif sho‘‘basi» demoqchi.
[4] Nish — mo‘ljal; sira, mohiyat.