OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. "Mushtum" ta'rifida (1923)

Tarixga bir aylanib qaralsa, mushtning ahamiyati zog'ora nondek bo'lib ko'z o'ngida gavdalanur. Ammo xoli hoziramizga ham ko'z qirini tashlansa, musht degani hayvoni g'ayri notiqning siyosatda podshoh, iqtisodda avliyo, fanda kimyo o'rnini ishg'ol etkanini ko'rilur. Bularni ham bir yoqqa qo'ya turib, mushtning ahamiyati muhimmasini o'zimizning manavi mahalla-kuydan qidirilsa taftishotga tag'in ham yaqinroq turilg'an bo'linur.
Mahalla-kuylarimizda bitta-bitta bo'yni yo'g'on-bo'yni g'avslar borlig'ini har bir kimsa bilur va ularning mahalla ijtimoiyotida o'ynayturg'on ro'llari ham katta-kichikka belgulikdir. Bizning tekshirish va kashfiyotimizcha asl xususiyat bo'yni yo'g'onliqda bo'lmay, uning zamiridagi mushtdadi8r va mushtumzo'rliqdadir.
lekin ta'rif jahongiz va burjuaziya faylasuflari nuqtai nazaridan bo'lib, ammo proletariatning mushtka bo'lg'on nazariyasi buning aksidir. Jurnalimiz shu keyingi qo'li qadoqlar sinfining "mushtum"i bo'lg'onliqdan uning ma'nosi ham haligi ta'rifning tamoman teskarisidir.
Bu "Mushtum"-zo'rliq mushtumi emas, haqliq mushtumidir; bu "Mushtum"-zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir. Shuning uchun buning ma'nosi ham boshqachadir.
-Hammanikiga do'lona yoqqanda, biznikiga devona yog'di!
- Qovun, deb ekkanimiz shung'iya bo'lub chiqdi!
-Oltun qo'ng'uz deb maqtag'anlari qora qo'ng'uz ekanki, ro'molcha bilan burunni o'rashg'a majbur bo'ldiq...
-Bog'dan gapirsak-tog'dan keladilar!
-Ali, desak-bali, deydilar...
-Shu yo'sun: gulshan razolatda, gulzor safohatda, bozor siyosatda, maydon hamoqatda, boyimiz, mullamiz, eshonimiz, yoshimiz va moxovimiz, pesimiz sayru guluston etmoqda va jununi ma'rifat, fununi shaytanat vodiylarida masti-loya'qil kezmakdalar...
Mana, shunday "ovoni saodat"larda to'rt tomondan mo'ralab, el ichiga oralab, haqiqatni qoralab, yaxshidan yomonni saralab; shaxsiy g'arazdan sof, to'g'ri yurmaganga bop bir "mushti purzo'r"ga ehtiyoj sezildi va uzoq o'ylab turilmay uzoq-yaqin, do'st-dushmanlarimizning ko'maklari umidida ushbu "Mushtum" jurnalining nashriga ham qaror berildi.
Tumshug'ingiz ustiga yangi mehmon muborak bo'lsin, afandilar!

Julqunboy, "Mushtum"-1923-yil, fevral, 1-son, 2-bet.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.