Buxoro ulamosini, asosan, ikki firqag‘a taqsim etish mumkindir. Biri Buxoro va uning tevarakindan to‘planib tahsil qilaturg‘an buxoriylar, ikkinchisi Buxoro xonlig‘ining Sharq tarafindag‘i Ko‘lob degan tog‘liq yerdan kelgan ko‘lobilar. Tarixi islomdakisi bani Hoshim[1] bani Umaviya[2] o‘rtasida bo‘lg‘ani kabi Buxoro ulamosi va ko‘lobilar orasinda eski bir dashtlik[3] bordir. Bu dushmanlikning bosh sababi hozirgi Buxoro qozikaloni bo‘lg‘an Burhoniddinning bobosi qozi Sadriddin Mulla To‘xmaq o‘g‘li[4] degan zotdir.
Qozi Sadriddin(dan) burun bo‘lg‘an Buxoro mullalarining barchasiga bir ko‘z qarab har birig‘a mustahiq[5]buydigi ilmiy mansablarni bera(r) ekanlar, Mazkur Mulla Sadriddin Mulla To‘xmaq o‘g‘li Buxoroda qozikalon o‘lg‘ach, ishi tezlashib ketgan. Bu odam avval Buxoroning vaqflarig‘a va boshqa ishlarig‘a buyuk xiyonatlar qilgan: xalq ustiga «aminona»[6] degan bir solug‘ki yolg‘ondan shar'iy deb yuklag‘an, ko‘b vaqt yerlarini, vaqf oqchalarini hukumat xazinasiga og‘darg‘an, shu yo‘llar bilan amirni(ng) o‘ziga tobe' qilib olg‘andan keyin Buxoroning yog‘li mansablari (ki) o‘z ko‘lobilariga olib bergan.
Bu odam diniy ilmlardan (Qur'on va Hadisdan) butun xabarsiz bir odam ekan. Bir kun buyuk bir ilmiy majlisda Qur'onni ochib sahifa boshindagi suradan ibtidosi bo‘lgan «hamasi»[7] jumlayi sharifini «ham ishq» o‘qudigi Buxoro ulamosi orasinda mashhurdir. Uning bu hollari buxoroli ulamoning nafratlarig‘a sabab bo‘ldi. Qozi Sadriddindan necha yil keyin o‘g‘li Badriddin qozikalon bo‘ldi. Bu odam daxi otasining yo‘li bilan yura boshladi. O'zi ilmsiz bir kishi edugi uchun ma'lumotli ulamodan qo‘rqar va unlarni ish boshindan tushura edi.
O'z ko‘lobilari orasindan johillarini saylab Buxoroning buyuk ilmiy mansablarini shunlarg‘a bera edi.
«Buxoroli ulamo» ilmiy mansablardan mahrum bo‘ldilar. Buxoroning tubchaklari[8] bosh ko‘tara olmay qoldilar. Badriddinning bu ishlarindan g‘ayratli necha ulamolar hayajonga keldilar va unga qarshu bir varaqa chiqardilar. Bu varaqaning boshinda g‘ayratli ulamolardan samarqandli marhum Mufti Burhoniddin tura edilar. Qozi Badriddin yolg‘on xabarlar chiqorib, mufti Burhoniddinni Buxoro amirining doimiy g‘azabiga uchratdi. Mufti Burhoniddin shu ilm bilan dunyodan o‘tdi.
Bu zot o‘rnig‘a firqa boshinda ustodim marhum Oxund Mulla G'iyosiddin hazratlari o‘tdilar. Marhum ustodim diniy va shar'iy ilmlardan boshqa ilmi kalom va eski yunon falsafasindin tamoman voqif bir zot bo‘lub, so‘zga ham ko‘b usta edilar. Shuning uchun qozi Badriddinni bosh ko‘tararga qo‘ymas edilar. Ko‘b vaqtlar qozi Badriddinning og‘usi bilan amirning g‘azabig‘a uchrasalar ham parvo qilmasdan o‘z niqoblarig‘a davom etib, dunyodan o‘tdilar.
Bu zotning o‘runlarig‘a qozi Badriddinga qarshu bo‘lg‘an firqaning boshig‘a uch zot keldilar, bunlar marhum shayxulislom Baqoxo‘ja hazratlari, marhum ustodimning ukalari Masnaf va Buxoroning olim qozikaloni bo‘lg‘an qozi Abdushukurning o‘g‘illari Sharifxon maxdum edilar[9].
(«Hurriyat», 1917 yil, 48-son)
[1] Bani Hoshim - Quraysh qabilasining Hoshim ibn Abdumannofdan tug‘ilgan farzandlari, ya'ni uning avlodlari bani Hoshim nomi bilan yuritiltan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham shu urug‘dan bo‘lib, to‘rtinchi bo‘g‘inni tashkil qiladi (Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdumutallib ibn Hoshim). Hoshim ibn Abdumannof o‘g‘lining farzandi Abdumutallib vafotidan so‘ng urug‘ ichida o‘zaro nifoqlar ko‘chayib ketadi. Ayniqsa, bani Hoshim avlodlari bilan Abu Sufyon avlodlari o‘rtasida nifoqlar keskin janglarga aylanib ketgan. Buning birgina misoli Badr g‘azotidir.
[2] Bani Umaviya - Abu Sufyon avlodlaridan bo‘lib, Payg‘ambarimiz va chahoryorlardan so‘ng xalifalikka musharraf bo‘lgai Muoviya ibn Sufyondir. U Imom Hasan iste'fosidan so‘ng xalifalikka muqarrar bo‘lgan bo‘lsa, xalifalikda nasliy sulolani rasm qildirdi (bungacha xalifalik Payg‘ambarimizdan boshlab bir kishining haqqi emas edi, musulmonlar kimni saylashsa o‘sha xalifa bo‘lar edi). Dastlab, uning o‘g‘li Yazid, so‘ng Valid binni Abd al-Malik va sulolaning oxirgi bo‘g‘ini Marvon binni Muhammad bo‘lgan.
[3] dashtlik - dushmanlik, nifoq ma'nosida. Yuqoridagi sulolalar o‘rtasidagi nifoq kabi buxorolilar bilan ko‘loblilar o‘rtasida ham nifoq bo‘lib, ma'lum ma'noda mana shu nifoq XX asr boshlaridagi Buxoroning tanazzulini keltirgan sabablardan biridir.
[4] Sadriddin Mulla To‘xmaq o‘g‘li - Buxoroning amir Muzaffariddin va amir Abdulahadxon davridagi qozikalonlaridan. Shu kishining say'-harakatlari bilan qozikalonlik Buxoroda nasliy shakl olgan. Shundaylardan biri uning nabirasi Burhoniddin edi.
[5] mustahiq - loyiq, sazovor.
[6] aminona - Buxoro amirligidagi soliqlardan bir turi; yerdan olinadigan soliq bo‘lib, vaqf yerlaridan tashqari shar'iy diniy masalalarda foydalanish uchun amirning haqqi deb belgilangan soliqlardan. Qozikalon Sadriddin davrida urf bo‘lgan.
[7] Qur'oni karimning «Al-Baqara» surasidagi jumla.
[8] tubchak - tub aholisi, asil buxorolilar nazarda tutiladi.
[9] Maqola so‘ngida «Boqiyasi (ya'ni davomi) bor» iborasi keltirilgan. Biroq ayni shu nomdagi boshqa maqola chop etilmagan.